O‘ktamoy (1960)

O‘ktamoy (O‘ktamxon Xoldorova) – 1960 yili Namangan tumani, Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. Namangan Dav­lat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Sog‘inch qushlari”, “Sabrga suyanib”, “Oqqush izlari” she’riy kitob­lari nashr etilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Hozirda “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi” jurnalida bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

KO‘KLAM

O‘ngu so‘lim gul-chechaklarga,
Iforlarga ketdi qorilib.
Endi yurak qayg‘ulardanmas,
Hayratlardan ketar yorilib.

Sollanadi nozanin gullar
Boshim qo‘ysam yelkalariga.
Tashrif etmish bu go‘shamizga
Qay go‘zallik o‘lkalaridan.

Bir seskanib tushadi sabo
Maysalarning qiyqirig‘idan.
Tomayotgan yashil tomchilar
Kunning yashil tuyg‘ularidir.

Ko‘z-ko‘zlaydi xinolarini
Kaftlarini ochib g‘unchalar.
Shovullagan terak shoxida
Raqsga tushar yaproq – qushchalar.

Ol gullarning yanoqlarida
Bazm qurar bir to‘p farishta.
Uch oy ishlab horigan ko‘klam
Dam olgani ketar xorijga.

* * *

Ko‘zlaringda chayqalar dengiz
Orom olsam salqinlarida.
Chorlar meni eshkakli qayiq
Ola ketar oqinlarida.

Sohillarni kuzatmoq gashtli,
Lek to‘lqinlar ko‘nglim g‘ashlaydi.
Bilolmasman bu sirli qayiq
Qay sohilga eltib tashlaydi.

Ko‘zlaringda chayqalar dengiz.

* * *

Chuldiraydi uyg‘oq jilg‘alar
Tinmay chopar botgancha terga.
Iforlardan mast-alast bu tun
Yotib olar chalqancha yerga.
Jambil siqimida mushklarin
Dimog‘larga yuborar sochib.
Betakalluf kiradi yellar
Darichalar ko‘ngilday ochiq.
Chumolilar uchishar yayrab
Majnuntolning arg‘imchog‘ida.
Ko‘kdan tushgan olifta nurlar
Cho‘milishar anhor bag‘rida.
Tun ko‘ksini yorgan chaqmoqning
Aravasi kelar qaldirab.
Hozirgina ko‘z ochgan gulni
Qo‘rqitadi momoqaldiroq.

* * *

Ishonch, seni qo‘ydim yo‘qotib
Tun bag‘riga singding naysonday.
Paypaslayman, barmoqlarim qon
Topamanmi seni qaytadan?
Qay bekatda seni yo‘qotdim,
Dunyoimdan ketdingmi badar?
Izlayapman olchoq dunyoning
Zarrasidan ko‘nglimga qadar.

* * *

Jimirlaydi suvlar sayhonda,
Topilmaydi ko‘ngilga ovunch.
Viqoringiz meni payhonlar,
Yuragimni cho‘qiydi sog‘inch.
Sochim shamol arg‘imchoq qilar,
Suvga tashlar oy ko‘zgusini.
Oy-ko‘zguga qarayman behol
Sezdirmasman dil sezgisini.
Dardlarimni oqizib ketar
Anhor – mening eski tanishim.
Qay go‘shada bo‘zlab chiqarkan
Dardkashi yo‘q yolg‘iz bolishlar.

* * *

Em bo‘ldim zaminning qiyoqlariga
Vaqt-duldul yanchidi tuyoqlarida.
Osilib turnaning oyoqlariga
Men keldim, ey osmon, eshigingni och.
Ko‘k toqidan kelar behishtning isi
Ko‘zimda aylanar bulutlar to‘zib.
Yurakda bosilgan oyoqlar izi,
Men keldim, ey osmon, eshigingni och.
Sochlarim gullaydi bodomday oppoq,
Ko‘nglim qiyqim-qiyqim , orzular yamoq,
Miskin xayollarning tanida titroq,
Men keldim, ey osmon, eshigingni och.

* * *

Devorda osig‘liq
gullar suvrati,
Derazam ochaman,
havo dimiqqan.
Yugurar xonamga
kuzak shamoli,
Gullar chayqaladi,
gullar zerikkan.
Ifordan xonamning
aylanar boshi,
Shamol tortib uzar
gullar yaprog‘in.
Maysalar ostidan
mo‘ralab g‘uncha
Yovvoyi hislarga
ochar quchog‘in.
Payhonlanar gulzor,
cuvratda gul yo‘q.
Xona devorlarin
qaddi bukilgan.
Muattar gullarni
olib ketmish yel,
Uzilgan gullar-chi
polga sochilgan.

* * *

Men sizsiz hech kimman,
Yopishdim mahkam
Sovuq nigohingiz
Etaklariga.
Azoblar ulg‘aytdi
Tushib qoldim so‘ng,
Sig‘masdan sog‘inchning
Cho‘ntaklariga.

* * *

Uyg‘onib ketadi
namozshomgullar
Tun kavshining g‘irch -g‘irch
tovushlaridan.
Oy nurin yutoqib
ichadi ular
Tunning qora
hovuchlaridan.