O‘ktam Mirzayor 1956 yilda tug‘ilgan. Shoir ijodidan namunalar o‘tgan asrning 80-yillaridan e’tiboran markaziy nashrlarda chop etila boshlagan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Ogoh ko‘ngil”, “Yaxshi kunlar quvonchi” deb nomlangan she’riy to‘plamlar muallifi.
BAXTGA ChIZGILAR
Har kuni mehmonga keladi Oftob,
Har tuni yulduzlar bazm quradi.
Subhidam ko‘k choyni shopirib kampir,
Choliga iymanib kulib turadi.
Nevara, chevara, qo‘yu-qo‘zilar…
Tandirdan shirmoyi nonlar uzilar.
Er-xotin qo‘yishib boshni bolishga,
Bo‘lajak to‘ylarga reja tuzilar.
Karnay surnaylarning sadosi kelar,
Qaldirg‘och vijirlab uyg‘otar tongda.
Sahardan boshlanar bir shirin tashvish,
Har kuni to‘y bo‘lar O‘zbekistonda.
DEHLIDAGI SOG‘INCh
Oy ko‘rsatdi jamolini dunyo bilan,
Zar kokili jilvalanib hayo bilan.
Zuhro yulduz ishvalanar ibo bilan,
Keltiribmi bizga yurtning shamolini…
Vatan dilda, biz Vatandan firoqlarda,
Xush ko‘rdik ey, qadrdonlar yiroqlarda.
Sog‘inch o‘rtar, kipriklarim titroqlarda,
Qalb qiynalib, beraverar savolini…
Gang bo‘yida o‘z-o‘zimga tilab sabr,
Izlaringiz izlagandim Mirzo Bobur.
Topdim, ammo sog‘inchingiz dilda — og‘rir,
Dardlaringiz buncha og‘ir, buncha og‘ir?!.
YoRUG‘ XOTIRA
Tunda keldim, dovon oshib,
Beboshman-da,
Halovatin buzmay, deya devor oshsam.
Fayz to‘kilgan, oydingina xonam yorug‘.
Ko‘rpa to‘shak, tayyor non-osh, nozu ne’mat,
O‘z uyimda o‘z onam bor — olam yorug‘.
O‘zim bilan ovvoraman, zahmatim yo‘q,
Erta turib, kech yetsam-da, qursog‘im to‘q.
Hilpiraydi dorda oppoq ko‘ylaklarim,
Supurilgan, sidirilgan yo‘laklarim.
Supam cheti gulzor — qizil, oqu sariq.
Bog‘bonginam jilmayadi. Yuzi yorug‘.
Hayot shunday to‘kis, debman bilmay, esiz,
Umri o‘tdi, yaxshiligim ko‘rmay, esiz.
Ko‘z o‘ngimda kutar hamon intizorim,
Endi abad qaytmas bo‘ldi g‘amgusorim,
Rozi bo‘lsin, bergan nonu tuzi yorug‘,
Ortlarida qolib ketgan izi yorug‘.
QIZG‘ALDOQLAR UNGAN YeRLARDA
Qizg‘aldoqlar ungan yerlarda,
Muhabbatdan kuylaydi yurak.
Baxt entikar qir-adirlarda,
Yugurgilar ortidan tilak,
Qizg‘aldoqlar ungan yerlarda.
Gul-lolalar qo‘zg‘ar hislarni,
To‘zg‘ib ketar tuyg‘ular har yon.
Yodga solib tanish izlarni,
Qalb sevgiga bo‘lgandi nishon.
Gul-lolalar qo‘zg‘ar hislarni.
Koshonalar do‘ngan yerlarda,
Yurt bor uchun bo‘libdi chaman.
Baxt silkingan qir-adirlarda.
Uyum-uyum ko‘milgan armon
Kapalaklar qo‘ngan yerlarda…
PARKENT UZUMLARI
Parkent uzumlari, Parkent uzumlari,
Oftobi, muskati, chillaki, xolli,
Qizbarmog‘in toti hayotday bolli,
Parkent uzumlari, Parkent uzumlari.
Orifxon kuychining dilkash baytlari,
Do‘stlar davrasida masrur paytlari,
Boladay qiyqirgan hayyo-haytlari,
Parkent uzumlari, Parkent uzumlari.
Dasturxon ziynati, bog‘bon himmati,
Tong-la shudringlarda cho‘milgan charos,
Toza havosida balqar ehtiros,
Parkent uzumlari, Parkent uzumlari.
Meni shaydo qilgan sarosar baytmas,
G‘animat lahzalar — eh ular qaytmas,
Shoir yonmasa gar shunchalar aytmas,
Parkent uzumlari, Parkent uzumlari.
SINFDOShLARGA
Jo‘ra-jo‘ra bolalik,
Quvnoq qizlar jamoli.
Entiktirar yurakni,
Ilk muhabbat shamoli.
Unutib bo‘larmikan,
O‘sha chaqnoq ko‘zlarni.
Partalarda o‘yilgan,
“Sevgi” degan so‘zlarni.
O‘tib bormoqda umr,
Ko‘rinmaysan sinfdosh?
Yoki duch kelmoqlikka
Hamon topmaysan bardosh?
Bu sinoat ne ekan
Sochga ham qo‘ndi qirov.
Ammo yurak to‘rida
O‘ksib yotar bir so‘rov:
Bormisan — buvimisan,
Farzand, nabira suygan.
Men-chi, ko‘nglim o‘shayu
Boboman — dili kuygan…
ZAMONDOShLARGA
Vatan — mening ko‘nglim,
Vatan — sening ko‘ngling,
Vatan obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!
Tobora yuksalar,
Orzular narvoni.
Tinch bo‘lsa, yashnasa,
Vatan qo‘rg‘oni.
Belingni bog‘lagin,
ko‘nglingni chog‘la.
Mehr qo‘y Vatanning
har giyohiga.
Vatan obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!
Do‘stim, yelkadoshim,
Saflarda bor bo‘l.
Ulug‘ Istiqlolga
Boshladi Sarbon.
Ko‘nglimizda hurlik,
elkamizda hurlik.
Istiqlol tug‘ini
ko‘tardi karvon.
Bizlar karvon bo‘ldik,
Safdosh— bearmon!
Obod vatanlarda
obodlik — bayram.
Ozod vatanlarda
ozodlik bayram.
Chehrangda tabassum
Ko‘rsam, zamondosh,
ko‘nglimda bayramdir,
ko‘nglimda bayram.
Baxting shu — Istiqlol
Oftobi boshda.
Qalbingdan taft olar
hatto quyosh-da!
Minnat yo‘q,
eganing-bir cho‘qim osh-da,
Vatan obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!
G‘ALABA
Shamol turdi,
Davrin surdi.
Yomg‘ir yog‘di.
Sabr qildi yer.
Shamolning ko‘ziga
Tuprog‘in sochdi.
Bulutga ko‘ksini kerdi, bepisand.
Yomg‘irni irmoq qildi ayamay,
Bardosh bilan yer.
Asradi gullarni sag‘rida,
Ana, ko‘ring, qizg‘aldoqlar —
To‘p, to‘p qizaloqlar.
Qiqir-qiqir entikar,
Onasining bag‘rida.
ER
Er, o‘g‘limsan, bo‘zatoyimsan,
Quchog‘imga sig‘magan bolam.
Er, qizimsan, gulchiroyimsan,
O‘zing bo‘lib ko‘rinar olam.
Qani, jilg‘a bo‘lsam-da chopib,
Yuzlaringni yuvsam erkalab.
Qani, bir bor imkonin topib,
Peshonangga qo‘ya olsam lab.
Tumorimsan, yurakka osgan,
Ardoqlovchi dil oromimsan.
Horib kelsam, bag‘riga bosgan,
Er, onamsan — mehribonimsan.
YuRAK
G‘alaba nash’asi baribir shirin,
Ayovsiz kurashdan tolib chiqsang ham.
Atrofi burqsigan fasod dunyoda,
Tuhmat, malomatga qolib chiqsang ham.
Burchak-burchaklarda o‘ynab turar musht,
Nega sen yetimsan, bechora, sag‘ir?
Har qadam poyingdan chalar beimon,
G‘alaba, bunchalar yo‘llaring chag‘ir?!
Pichog‘ini qalbga sanchib turar vaqt,
Bardoshim yetgancha oyoq tirayman.
Qaddimni rostlaydi vujuddagi shahd!
Manfur hujumlarga shunday yarayman.
Bir bora, o‘n bora — yurakda sanchiq,
Yolg‘izgina umid unga suyanchiq…
Bilaman, g‘oliblik nash’asi shirin,
Ko‘ksim tog‘lar kabi qudratli, yuksak.
Osmonning toqiga tegadi boshim.
Yana bir qaddimni ko‘tarsam beshak!
…Toza havolarda yayra ey, yurak!
Gupirib, yuzimga berolding sayqal.
Ko‘ksimda mardona urganing uchun,
Ushbu satrlardan qo‘yaman haykal!
VARRAKChA
(Bolalik taassurotlaridan)
Hov bolalik, bolalik-a,
soddagina bolalik.
Shokilasi jilvir, jilvir
Varrakchalar yasadik.
Quvnab-quvnab orzumizni
samolarga chog‘ladik.
Varragimiz iqboliga
Umidimiz bolalik.
Uchdi bizning varragimiz,
Hammasidan zo‘r, baland.
Viz-vizagin vizillatib,
Dillarimiz qildi band.
Ermak bo‘lib qoldi sho‘rlik
Elvizaklar qo‘lida.
Endi uning ovozini
Eshitamiz yo‘liga…
* * *
Shamol — bahorning dugonasi,
Yomg‘ir — oshiqlarning devonasi —
Sharros izhor etar ishqini.
Lovullaydi bahorning yuzlari,
Yalpizlar — mahallaning qizlari.
Sevgining suvrati shundaydir —
Shamol bahorni yetaklab daydir.
Shov-shov yomg‘ir izg‘iydi ko‘chada —
Yolqinli hislari qalbida.
Duv-duv gap ariqlar labida.
ONAI ZORIM
Yosh qo‘shilib yoshimga,
Qirov qo‘ndi boshimga.
Qaytmas umr tulpori,
Ul navqiron yoshimga.
Istaganim ne o‘zi?
Istaganim diydormi?
Orangizda onamday
Sodda, mehribon bormi?
Dunyo to‘kilib borar,
Ko‘z o‘ngimda chokidan.
Onajonim, aylanay,
Sochingdagi oqingdan.
Biz uchun keltirganing
Anduhlar endi yormi?
Qavmu qarindosh ichra,
O‘zingdek tabon bormi?
Armonning achchiq chashmi,
Yuzlarimni tildiyo.
Egilgan kezda qaddim,
Qismat yukin ildiyo.
Oromijon suhbatlar
Endi abad xumormi?
Kezib, derman olamni,
“Nuri jahonim, bormi?”
“Yo‘q”, shovullar ko‘zda yosh,
“Yo‘q”, ko‘ngilda qotdi tosh.
Qiyomatgacha bardosh,
Etarmikan, qarindosh?
Izlariga qo‘ydim bosh,
Ko‘ngil mehrga zormi?
Chashmai qalbim mening,
Yo‘limda intizormi?