To‘lqin (1938-1996)

To‘lqin 1938 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Jilg‘alar”, “Sevgim”, “Buloq qo‘shig‘i”, “Yuragimni izlangiz”, “Yulduzlar to‘kilmaydi”, “Umrdan hadya”, “Sochilgan sirlar”, “G‘unchalar” kabi kitoblari nashr etilgan. Shoir 1996 yilda vafot etgan.

SAVOLLAR GIRDOBI

Har oqshom uxlashing oldidan bir dam,
O‘zingga o‘zing ber bir necha savol:
Qoldimi shu kundan zalvorli qadam,
Amalga oshdimi bir kunlik xayol?

Erta tong ishingga ketayotgan choq,
Kimnidir qo‘lidan ushlab ketdingmi?
Sendan xursand bo‘lib qoldimi o‘rtoq,
O‘ylaring tubiga bir on yetdingmi?

Elkang ko‘tardimi xalqning yukini,
Zavqlana oldingmi yurt chiroyidan?
Tog‘larga berdingmi ko‘ngling suqini,
Tashnang qonoldimi bir dil soyidan?

Tezkor bu zamonda shoshilib yana
Ko‘rmasdan o‘tganing yo‘qmi do‘stingni?
Uyingda intizor otanggu ona,
Ularning mehriga to‘yib o‘sdingmi?

Savollar,
Savollar chulg‘asin, oshna,
Ularga: “Ha!” deya javob topsang gar,
Uyqung tinch, ertaga bo‘lasan tashna,
Indining yana ham boqar jilvagar.

* * *

Nima shirin dunyoda,
Shirinlikda ziyoda?!

Balki, xayol shirindir,
Ne-ne sir yashirindir.

Balki, shirin kulgidir,
Balki, shirin tuyg‘udir.

Yashamoqning o‘zi ham
Shirinlikda bir olam.

Bari shirindir, biroq,
Visol oni shirinroq.

TINIQLIK

Tip-tiniq suv,
Tip-tiniq osmon.
Tip-tiniq ko‘z –
Tip-tiniq ko‘zgu.
Tiniqlikni tilaydi zamon,
Tiniqlikni qilamiz orzu.

O, tiniqlik qanchalar zarur,
Yasharkanmiz yelkama-elka.
Tiniq quyosh sochib tursa nur,
Tiniqlikdan qochar ko‘lanka.

Tiniq bo‘lsin qizlar boqishi,
Hatto do‘stlik so‘rar tiniqlik.
Gul hayotda sof bo‘lsa kishi,
Shunda uni o‘rar tiniqlik.

O, tiniqlik qanchalar kerak,
Kulgularga kerak tiniqlik,
Tiniq bo‘lsin har kimda yurak,
Tuyg‘ularga kerak tiniqlik.

O, tiniqlik!
Izlaganim sen,
Doim ko‘ray do‘stlar dilida.
Baland tutay boshim uzra men –
Sen hamrohim hayot yo‘lida.

O, tiniqlik qanchalar kerak?!.

TILAK

Umid bilan yashaydi odam,
Bir-biriga tilaydi tilak.
Deyman: doim yashnasin olam,
Urib tursin orzumand yurak.

Do‘stga bo‘lsin bor vaqtichog‘lik,
Boshlaridan arimasin nur.
Bobolarga tilayman sog‘lik,
Momolarga tilayman huzur.

Oshiqlarga yorning visolin
Va tilayman bir bo‘sa bu dam.
Bolalarga arining bolin,
Go‘daklarga birinchi qadam.

Qo‘shnilarga yelkadoshligu
Qarindoshga tilayman omad.
Yosh qizlarga gul, quyoshligu
Yigitlarga mag‘rurlik, qomat.

Bulut betin ko‘rmasa osmon,
Tong bo‘lsayu hech bo‘lmasa kech.
Tilak qildim, doim sof inson –
Davralardan ayrilmasin hech.

Do‘stlar, dilda bo‘lsa gar orzu,
Kamalakning ranglarin tilang.
Tabiatning sokinligiyu
Yana ming-ming tonglarni tilang.

Umid bilan yashaydi odam…

* * *

Bir kaftda yer, bir kaftda quyosh,
Koinotda kezasan shodon.
Sayyoralar yelkangda sirdosh
Boshing uzra tip-tiniq osmon.

Ona tuproq ardoqlar sani,
Ona eling qo‘ygan muhabbat.
Yuragingda sevgi to‘foni…
Bir qizgina bilmaydi faqat.

OSTONA

Cho‘g‘dek tiniq ko‘zlar to‘lar ziyoga,
Uchragan kishiga boqib do‘stona.
Axir, kirib keldik ulkan dunyoga,
Kichik uyimizdan hatlab ostona.

Aziz yurt qalblarni qo‘yadi bog‘lab,
Bog‘larga boqamiz tashna-mastona.
O, ulkan chiroyni olsang quchoqlab,
Shunda, bir qoyadir ortda ostona.

Ostona – bu bizning ilk qadamimiz,
Baland cho‘qqilarga birinchi zina.
Oyga muhr bossa gar odamimiz,
Ostona xizmati bordir ozgina.

Ostona – bu yangi uylar eshigi,
Yangi iqbollarning bag‘ishlovi u.
Ostona – kelajak ishqin beshigi,
Ostona – kuzatib qoluvchi orzu.

Kichik uyimizda bosib ostona,
Biz kulib boqyapmiz ulkan dunyoga.
Hayotga boqamiz tashna, do‘stona,
Shuning uchun ko‘krak to‘la ziyoga.

Ostona bo‘lsaydi mening qalbim ham…