To‘lan Nizom 1939 yil 17 avgustda Andijon viloyati, Bo‘z tumanidagi Beshgul qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1998). Andijon pedagogika institutini tugatgan (1965). Birinchi she’riy to‘plami — «Sening ertaklaring» (1970). «Iftixor» (1982), «Oy qizlar» (1988), «Muqaddas ruh» (1993), «Vatan tuyg‘usi» (1993), «Chaman ichra», «Aks-sado», «Intizorlik» (1994), «Dahr bog‘i» (1995), «Saylanma» (1998) kabi she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. Doston va lirik qissalar ham yozgan («Cho‘lpon»; «Majnuntol yig‘isi»; «Ruhi ravonim», 1993; «Uch so‘z», 1995; «Botmay qolgan oy», 1996 va boshqa). «Mexnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2003).
To‘lan Nizom 2020 yilning 10 dekabr kuni vafot etgan.
DO‘ST
Qanot bog‘lab bugun uchmoqqa shayman,
Torlikda charx uchgan qushga o‘xshayman,
Haq debon sayrayman, haq deb qaqshayman.
Ilhomim favvora, shundoq yashayman,
Favvoralar ichra favvoraman, do‘st.
Manzilga intildim, yeta olmadim,
Yo, boshimni olib keta olmadim,
Yurakka borini bita olmadim,
Dovonlar bor hali, o‘ta olmadim,
Ovoralar ichra ovoraman, do‘st.
Xalqimga aytmagan sirim qolmadi,
Sig‘inib bormagan yerim qolmadi,
Faryod ko‘tarmagan she’rim qolmadi,
Boshimni silarga pirim qolmadi,
Oshkoralar ichra oshkoraman, do‘st.
Tosh kesmoq istayman, kuchim yetmaydi,
Takdirni buzmoqqa o‘chim yetmaydi,
Koinot bo‘yiga bichim yetmaydi,
Dunyo ishlariga yechim yetmaydi,
Bechoralar ichra bechoraman, do‘st.
Temuriy millatim, naslim barqaror,
Sahrolar tilsizu tog‘lar purviqor,
Tog‘lar cho‘qqisida burgutlarim bor,
Tarix maydonida ko‘p turkiy minor,
Minoralar ichra minoraman, do‘st.
Quyosh charaqlaydi, oylar to‘ladi,
Oppoq tong yulduzi – Cho‘lpon bo‘ladi,
Ulug‘bek jadvali ko‘kda kuladi,
Sayyoralar o‘lsa, olam o‘ladi,
Sayyoralar ichra sayyoraman, do‘st.
OQ TERAK
Noma’lum shoirga
Tun bo‘yi tinmading, bilmading orom,
Shoxlaring g‘iyqillab yig‘lading mudom,
Novdalar eshildi, ular ekan xom…
Sendan uchib ketdi qushlar ham tamom,
Tebranib yashaysan tokay bekalom?..
Taqdirmi, qismatmi qaydan bu in’om?..
Bugun mungli sasing meni qildi rom,
Yonbag‘irda o‘sgan bo‘ychan, oq terak.
Shamollarni to‘sgan o‘ychan, tog‘ terak.
Seni kim o‘tqazgan, yoshing nechada?
Neligingni bildim shu bir kechada…
Sening bu dardingni kim ham yechadi?
Mendeksan, g‘animlar kafan bichadi,
Derlar: bu qurmag‘ur, qachon o‘chadi?
Tek qo‘ysak, savlati olam quchadi,
Yomg‘irga og‘u qo‘sh, chanqab ichadi…
Ayt, endi holimiz qandoq kechadi?
Yonbag‘irda o‘sgan bo‘ychan, oq terak?
Shamollarni to‘sgan o‘ychan, tog‘ terak?
Sen uzoq yashaysan, ildizing mahkam,
Seni tutib turgan yer ham mustahkam,
Sen kabi beg‘ubor daraxt kamdan-kam,
Qahraton qish fasli o‘zliging ko‘rkam,
Bahoriy bargingda husn jamul-jam,
Senga nazar solib o‘tar daryo ham,
Seni ko‘rar, bilar cho‘qqilar har dam,
Dunyoda nima bor besitam, beg‘am?..
Yonbag‘irda o‘sgan bo‘ychan, oq terak?
Shamollarni to‘sgan o‘ychan, tog‘ terak?
Sen bilan bu oqshom o‘rtoq tutindim,
Nihoyat, chin do‘stga endi yetindim,
O, senga yetguncha egildim, sindim,
Qaynar buloq edim, ko‘p yillar tindim…
Allohdan tiladim, undan o‘tindim,
Ilhom deb atalgan tulporga mindim,
Ruhlarga yolbordim, yig‘lab sig‘indim,
Mehnat, zaxmat bo‘lgan Seni sog‘indim,
Yonbag‘irda o‘sgan bo‘ychan, oq terak!
Shamollarni to‘sgan o‘ychan tog‘ terak!
Faqat sen yig‘lama, bag‘rimni ezma,
Agar men yig‘lasam, kel, mendan bezma,
Hasratim anglasang aytmagil, cho‘zma,
Ochilmoq istaydur, gunchamni uzma,
Xayollarim so‘ngsiz, qo‘y, uni buzma,
Qalbim juda chuqur, dengiz deb suzma,
Men g‘arib oshiqman, suratim chizma,
Ellarga so‘ylama, she’r qilib yozma…
Yonbag‘irda o‘sgan bo‘ychan, oq terak,
Shamollarni to‘sgan o‘ychan, tog‘ terak!
BOBUR TAVALLOSI
Ishq aro yo‘l qani, yo‘ldosh qani,
Qo‘llamoqqa qo‘l qani, qo‘ldosh qani?
Dil limmo-lim, sir qani, sirdosh qani,
Birman degan bir qani, birdosh qani?
Qonga to‘ldim, she’r qani, she’rdosh qani,
Qayga boray, yer qani, yerdosh qani?
Xunxor qani, zo‘r qani, zo‘rdosh qani,
Menki o‘ldim, go‘r qani, go‘rdosh qani?
Ishqi xorman, gul qani, guldosh qani,
Boshni yorgan ul qani, ul tosh qani?
Xokisorman, qon qani, qondosh qani,
Bir o‘zimman, jon qani, jondosh qani?
ONA TOVUS NOLASI
Uch kun bo‘ldi, ona tovus tinim bilmay yig‘laydi,
Va-yoq, va-yoq deydi qaqshab, bo‘g‘ilib-big‘illaydi,
Har tomonga o‘zin urib, ketmokdikni chog‘laydi,
Hovli ichra yuguradi, to‘xtamay qoqog‘laydi,
Cho‘g‘ ko‘zlari qonga to‘lib jigarini tig‘laydi,
Bolam, deya nola qilur, yuraklarni dog‘laydi.
Uch kun bo‘ldi o‘lganiga uning uchta bolasi,
Qahratonda jon beribdi uch ma’sum zuvolasi,
Yomg‘ir kabi quyiladi ko‘zlaridan jolasi,
Qulog‘imdan ketmay qoldi uning achchiq nolasi,
Dilim og‘rir, yana bormi yig‘lamoqning cholasi,
Oqaribdi chakkamdagi sochimning bir tolasi.
Uch kun bo‘ldi farog‘atim, rohatim yo‘q o‘zimda,
Torlik qilur, turolmayman quchog‘i keng Bo‘zimda,
Bog‘imga ham sig‘may qoldim, shafqat yoshi ko‘zimda,
Kalimaga kelmas tilim, tutilaman so‘zimda,
Rahmim daryo bo‘lib oqur har tong yangi ro‘zimda,
Ko‘z tegmasin, ikki ko‘zim o‘g‘limda, ham qizimda.
Men tomosha qilar edim tovuslarim ertalab,
Uchalasi o‘ynar edi onasi-la erkalab,
Hovlimda bir chiroy edi, yurar edi yarqirab,
Ming tovlanib yonar edi, sayrar edi chuldirab,
Ko‘zim to‘ymay men bir taraf, ular esa bir taraf,
Yo ularga ajal tegdi, ko‘z tegdimi ko‘p qarab.
Vodarig‘o, ishq eliga doimo azob dunyo,
Endi bildim chin, rostini, shu bois xarob dunyo,
Muhabbatsiz telbalarga beradi sharob dunyo,
Ayriliq jomiga qonmas, ko‘z yoshga selob dunyo,
Yaxshilar bir omonatdir, yomonga niqob dunyo,
Tovusimga mozor bo‘ldi qushlarga serob dunyo.
Uch kun bo‘ldi, ona tovus tinim bilmay qaqshaydi,
Uch kun bo‘ldi, qichqiradi, ko‘ngillarni g‘ashlaydi,
Bolalarsiz bu jonivor endi qandoq qishlaydi,
Bolam, deya faryod chekur, onalarga o‘xshaydi,
Shundan ruhim tug‘yon urib, tanholikni xushlaydi,
Tovuslarim mening bilan to umrbod yashaydi.
Tovusimni bilurmikan, bilmasmikan ko‘ru kar,
Nodon kishi bilmas esa har go‘zallik chang bosar,
Eldan haydab ajdod ruhin, yurtni vayron qildilar,
Intizorlik tortib qushim to‘kar bo‘ldi bolu par,
Ahvolini ko‘rmaganlar, bag‘ri toshlar bexabar,
Oqibat shu bo‘lsa agar men ketayin darbadar.
Tovus kabi tovlanur ko‘p axdi yo‘q, do‘sti yolg‘on,
Tovussifat ming rang ila bizni aldaydi zamon,
Tovus misol ahboblarim, bormikan sizda imon,
To‘g‘ri yo‘ldan ozdirurlar, es-hushing olib shayton,
To‘lqin urib to‘lg‘onadi yuragimda bir ummon,
Jon og‘rinib chiqdi yana, bu kecha chaqdi chayon.
Bu Vatanni chohga tortur yurtfurushlar basma-bas,
Aytgil bugun, qodir Xudo, ular chin bandang emas,
Bu binoni bor aylading, qimmati shu, bo‘ldi xas,
Bebaqo taqdirni qo‘y, unga hech yo‘qdir havas,
To‘lan Nizom, bo‘zlama, hey, muncha bo‘lding o‘tnafas,
Qanchalar zorlanmagil, dunyo tovusga arzimas.