Tilak Jo‘ra (1947-1994)

Tilak Jo‘ra 1947 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyot qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1972). «Rayhon» (1977), «Olam ostonasi» (1980), «Yulduzlar tabassumi» (1981), «Chorrahadagi uy» (1983), «Sanduvoch» (1988), «Ruhiyat» (1990) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Hozirgi turk she’riyati», «Nozim Hikmat va O‘zbekiston» singari ilmiy asarlari ham bor. 1994 yil Toshkent shahrida vafot etgan.


ONA NIYaTI

Ot choptirib chiqding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim!
Qo‘lingdagi jiloving kabi
Erking bo‘lsin o‘zingda doim.

Mayli, meni o‘ylama, bolam,
Topganingni sarf qil o‘zingga.
Lek birovga bo‘lmagin qaram,
Nam tegmasin sira tizingga.

Ulg‘aytirdim polvonim deya,
Toliqqanda darmonim deya.
Shamol kabi yelib borasan,
Olisdagi osmonim deya.

Osmoningni olib qayt, bolam,
Qolib ketma osmon vaslida.
Otang qurgan bu kichik hujra
Osmondan ham kengdir aslida.

Ot choptirib chikding uyingdan,
Ot choptirib qaytgin, ilohim!
Qo‘lingdagi jiloving kabi
Erking bo‘lsin o‘zingda doim.

* * *

Kel, ey, ko‘ngil, sharobday quyil
Qaqrab qolgan qaqroq labimga.
Mast bo‘layin, mayliga butkul,
Malham bo‘lsang sog‘inch dardimga.

Tuyg‘ulardan ko‘zim qamashib,
Uzoq yillar kuyladim oyni.
Ilon kabi ul ham chirmashib,
Tuyg‘ularday avradi meni.

Oy ham bugun begona menga,
Begonadir osmon ham axir.
Umidimday suyandim tongta,
Bu tonglarki yilt etgan shamshir.

Mast aylardi shudgorning hidi,
Zamin bugun dimiqib yotar.
Chigirtkalar sasi ham tindi,
Sukut yuragimga nashtarday botar.

Umr o‘xshar egik daraxtga,
Belin bukar buyuk bir sog‘inch!
Men hushimda o‘xshab karaxtga,
Tushlarimda yashayman notinch.

Shovullagan soyni kuyladim,
Oqizdirmas hatto soyamni.
Men hamisha baxtni o‘yladim,
Chaqmoqlarga sanchib miyamni.

Yo‘q! Tugamas ko‘ngil safari,
Bo‘lmasa ham armonning vasli.
Bo‘l hayotning g‘olib askari,
Qalbim sendan topdim tasalli!

Kel, ey, ko‘ngil, sharobday quyil
Qaqrab qolgan qaqroq labimga.
Mast bo‘layin, mayliga butkul,
Malham bo‘lsang sog‘inch dardimga.

RUHIYaT

Bir yalanglik bo‘lsa,
To‘yib-to‘yib baqirsang,
So‘nib qolgan ruhingni
Qalqib-qalqib chaqirsang!..
Titrasa tovushingdan
Dimiqqan bag‘ring, tanang,
Sochilib dil g‘ubori
Qoyadagi maysaday
Silkinib tursa shonang.
Oh, desang, ohlar desang,
Bu qanday chog‘lar desang,
Elkamni tog‘day bosgan
Bu qanday dog‘lar desang!
Qo‘l butun, oyoq butun,
Dil nechun og‘lar desang,
Bu qanday imkon, oxir!
Qo‘llarim bog‘lar desang,
Bu umid qanday umid,
Dilda jon saqlar desang!
Oh ursang, ohlar desang,
Bu qanday zamon, oxir!
To‘yib-to‘yib baqirmoq,
Yonib-yonib chaqirmoq
Endi bir armon desang.
Bir yalanglik bo‘lsa,
Aytib-aytib shularni,
Uchirib
Gala-gala qushlarni
To‘yib-to‘yib baqirsang,
Kuyib-kuyib chaqirsang?!

* * *

Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yogsin,
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari,
Sevinch yomg‘irlari, ishonch yomg‘irlari,
Yog‘sin-ey, mayliga, sog‘inch yomg‘irlari,
Sog‘inib-sog‘inib kelgan bu elga,
Suyanib-surinib kelgan bu elga,
So‘kilib-sovrilib kelgan bu elga,
Suqlanib-sarg‘ayib kelgan bu elga,
Yog‘sin-ey, mayliga quvonchlar yog‘sin.
Borini berib ham, bo‘htonlar olgan,
Zorini aytib ham, zorlanib qolgan,
Somonday sarg‘ayib, har yon sochilib,
Tola-tola bo‘lib, toliqib tolgan
Bu elga quvonchlar, ishonchlar yogsin!
Bu qanday zamondur, bu qanday davron,
Umrim, o‘z holingga o‘zingsan hayron,
Ne xatolar qilding, aytsang-chi, axir,
Ko‘ngil-da vayrondir, imon-da vayron.
Sarg‘aygan qamishday sarg‘aygan go‘dak,
Sendan qadrlimi bir dona ko‘sak?
Dardim daryo bo‘lib oqizmas meni,
Elkamda ko‘tarib ketsam men seni.
Seni qanday asray, ko‘zi qaroliq,
Qo‘llarim cho‘zarman, qo‘llarim bog‘liq,
Bu dunyo gumrohdir, gumroh odamlar,
Jilmayib boqarlar, yuraklar dog‘liq!
Ko‘klikdan ko‘karmay, sarg‘aygan sohil,
Ummoning qaydadir, gumoning qayda,
Seni ham kul qildi, kul bo‘lgan hosil,
To‘foning qayda hey, suroning qayda?!
Oh urib, ohimni men kimga aytay,
Qani, u tush bo‘lsa, jimgina yotay.
Lek, ruhim tirmalib, sanchilar sanchiq,
Qarog‘im qichqirsa, men qanday yotay!
Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yog‘sin,
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari.
Bahorday borliqni quvonchga qorsin,
O‘zlik yomg‘irlari, o‘z yomg‘irlari…

SARATON

1. Chaylaga osiqlik chakki xaltadan
Chak-chak tomadi
Sarg‘ish tomchilar.
Chaylaga suyangan katda
Chol mudrar
Sochiq-la quvlab uyquni.
Butun poliz mudrar,
Itning qulog‘iday
Palakning bargi osilgan…

2. Yaproqchalar jimgina boqar,
Qoratolning shoxi qayrilib.
Irmoqcha ham erinib oqar,
Tolning soyasidan ayrilib.
Tol shoxida qushcha bemajol,
Halqumida tipirchilar jon.
Tol tagiga berkingan shamol,
O‘z hukmini o‘qir saraton.

3. Palaklarda parchalanar ko‘k
Tarsillagan qovun sasidan
Ko‘saklar ham tinmay otar o‘q,
Oppoq tishlar chiqar qafasdan.
Dami qisib kelar harsillab,
Oftobbardor kunduzlar shitob.
Qoshlaridan o‘smasin yalar
Horg‘in qizlar yelpigan oftob…