Temur Ubaydullo (1948-2023)

Temur Ubaydullo 1948 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Ijodkorning “Yulduzli marjonlar”, “Tong shavqi”, “Ishq bizga yordir”, “Sohibqironnoma”, “Subhidamda onam uyg‘ondi” ­singari to‘plamlari nashr etilgan. 2023 yili vafot etgan.

IZLARIM

Odimlab boraman bilmasdan tinim,
Olis cho‘qqilarda har vaqt ko‘zlarim.
Ortimda qoladi uzundan-uzun,
Goh yomg‘ir, goh do‘lda bosgan izlarim.

Izlarim sira ham topmaydi zavol,
Barchaning ko‘zida bo‘lar namoyon.
Uchirib ketolmas ularni shamol,
Quyun, to‘fonda xam qoladi omon.

Izlarim osmonga talpinib mudom,
Parvozga intiqdek ko‘kka shaylanar.
Men yurib boraman, sergak, beorom,
Izlarim ohista qushga aylanar.

Biri boyqush bo‘lib aytsa magar roz,
Tanho zabunlikni alqab damodam.
Biri bulbul bo‘lib sayrar xushovoz,
Oshiq yuraklarga qo‘yadi malham.

Faqat bitta jumboq qiynaydi mani,
Bulbullari ko‘proq bo‘lsaydi, qani?

KO‘Z OChDIM

Yashnasam nur emgan giyohdek sara,
Ranglarim bo‘lmasin siyohdek qora,
Bo‘lmasin yo‘qlikdan jigarim pora,
Ko‘z ochdim tongimdan umidvor bo‘lib.

Go‘dak ko‘zlarida jahon kulsaydi,
Onalar mehriga dunyo to‘lsaydi,
Xiyonat abadiy mahv bo‘lsaydi,
Ko‘z ochdim tongimdan umidvor bo‘lib.

Yaxshiga yaxshilik yog‘ilsin mudom,
Yomonning bo‘g‘zida qotsin har kalom,
Quyoshga qo‘r bersin samimiy salom,
Ko‘z ochdim tongimdan umidvor bo‘lib.

Temur, shirin gaping non-tuzing bo‘lsin,
Poklik bahor bo‘lsin, gul yuzing bo‘lsin,
Bugunim umrimning yulduzi bo‘lsin,
Ko‘z ochdim tongimdan umidvor bo‘lib.

ISSIQ NON

Yo‘qlab mehmon kelsa, tuzab dasturxon,
Issiq non ushatib qo‘yamiz darhol.
Shodlanaqolsin deya, bo‘lib chin mezbon,
Sidqidildan unga tilaymiz iqbol.

Qadimdir, do‘stlarim bu ezgu odat,
Nasldan-naslga kelar bir qasam.
Do‘st deb, har tilakni etdik ijobat,
Nondek aziz turar bizda do‘st – odam.

Sababki, bir tishlam nonni Xudoyim,
Ajr etmish sadoqat, diydor belgisi.
O‘zbek ayolidan, ne ajab, doim,
Ufursa tandiru issiq non isi.

Do‘st odam qayerdan kelsa ham agar,
Suyub totinadi issiq nonidan.
To‘kson besh choyidan miriqib ho‘plar,
Rohatlar tuyadi joni-jonidan.

Topgani buyurgan hamisha to‘yga,
O‘zbegim, ta’zimim sengadir har on.
O‘zing sig‘masang ham ijara uyga,
Quvonib-quvonib kutasan mehmon.

Azizlar, issiq non xalqimning qalbi,
Qo‘sh-qo‘llab tutadi do‘stga doimo.
Issiq non qo‘limda bobolar kabi,
Menga do‘st kerakdir, keling, marhabo!

ONA TILIM

Gulshandagi gullardan a’lo,
Ohanglari jannatul ma’vo,
Har so‘zida ming bitta ma’no,
Dilga quvvat, malham doimo,
Yashar jismim aro jon bo‘lib,
Ona tilim, chin darmon bo‘lib!

Dushman etmoq bo‘ldi seni xor.
O‘tlar aro yonding necha bor,
Tuproqlarga ko‘mganda ag‘yor,
Samandardek tirilding takror,
O‘tdan chiqding yonmas jon bo‘lib,
Ona tilim, chin polvon bo‘lib!

Qoshg‘ariyning “Devoni”da – sen,
Farobiyning armonida – sen,
Beruniyning imkonida – sen,
Bobodehqon osh-nonida – sen,
Zar terasan, Ko‘ragon bo‘lib,
Ona tilim, kitobxon bo‘lib!

Sinodayin sinchi tabibim,
Navoiydek dono habibim,
Saroymulkdek go‘zal – Xonbibim,
Jon tomirim, o‘zing jon ipim,
Shundoq yashar davr-davron bo‘lib,
Ona tilim chin iymon bo‘lib!

“Xamsa”larni bulbuldek kuylab,
Imkoningni el aro so‘ylab,
Istiqlolni yashaysan bo‘ylab,
Har yil seni suyib, to‘y-to‘ylab,
Aytsam, madhing bir jahon bo‘lib,
Ona tilim, chin mezbon bo‘lib!

Etib keldi fayziyob onlar,
Maqom olding, olding nishonlar,
Mangu yordir senga imkonlar,
Istiqlolga sharaflar, shonlar,
Deymiz yonib, dil xushxon bo‘lib,
Ona tilim, bir jahon bo‘lib.

Gullar misol yashnab turgaysan,
Yashnagaysan, qulf urgaysan,
Mudom xushbaxt zamon ko‘rgaysan,
O‘zbek ila birga yurgaysan,
Balq, ozod O‘zbekiston bo‘lib,
Ona tilim, chin doston bo‘lib!