Talant Bek (1985)

Talant Bek 1985 yil 7 iyunda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. “Feruza osmon”, “Ilohiy qo‘shiq”, “Mangu afsona” she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Yurganmisan…

Yurganmisan, ayt, suv yoqalab,
Oyning oydin yog‘dularida?
Egatlarning boshini tarab,
Yotganmisan maysa bag‘rida?

Bilarmisan yulduzlar – tanga?
Tingladingmi yaproq tovushin.
Botganida tuproqqa, changga,
Kiyganmisan qoqib kovushing?

Ichganmisan namxush havodan,
Dimog‘ingni to‘ldirib, to‘yib?
Titrab-titrab yengil sabodan,
Ketganmisan dunyoni suyib?

Ketmon chertib kuylaganmisan?
Yopganmisan ustingga beda?
Shirin-shirin o‘ylaganmisan,
U haqida, o‘sha haqida?..

* * *

Betxovendan olar andaza
Supurgining siniq ohangi.
Yuragimdek ochiq deraza,
Darpardada shamollar jangi.

Oqaverar ariq jimirlab,
Tolnovdalar mastdir kuyiga.
Derazaga bosishadi lab
Tuvakgullar yetib bo‘yiga.

She’r yozaman kechalar jo‘shib,
Ko‘zlarimda kechadi tunlar.
Derazadan taralar qo‘shiq –
“Sumbula”yu “Beqasam to‘nlar”.

Derazada mangulik chiroy,
Derazaga urilar qushlar.
Derazadan mo‘ralagan Oy –
Uy supurar sochini ushlab…

Lift

Chaqirsang darrov keladi,
Bag‘riga oladi seni ham,
Do‘stlaringni ham.
Xohla, bag‘rini o‘y,
Xohla, tepkila,
Bajaraveradi xizmatingni beminnat,
Qishloq bolasiday sodda,
Qishloq bolasiday bag‘rikeng,
Shaharga qamalib qolgan bechora…

So‘z ekan

Yozdim bayot – so‘z ekan,
Jami hayot – so‘z ekan.
Go‘zal pari – so‘z ekan,
Bildim bari – so‘z ekan.

Elvizak-ay bir mayin,
Elpib o‘tar yuzimni.
Yumganimcha ko‘zimni,
Senga she’rlar aytayin.

Muhabbatga kim doir,
Yulduz ko‘kda chegadir.
Ishqdan kuyganki – shoir
Maqomiga egadir.

Yonib turay, kul bo‘lmay,
Bandasiga qul bo‘lmay.
Har lahzasan, har onsan,
Tangrim, o‘zing sultonsan!

Quloq solgil nolamga,
So‘zlar qo‘shgil jolamga,
So‘zlar bergil bolamga,
So‘zlar bersin olamga…

Talpinaman…

Talpinaman,
Adog‘ing yo‘q –
Ko‘kka tutashgan.

Bu dunyoda tengsizim,
O, ko‘zlari dengizim –
Sohilda qoldim yolg‘iz qamishday…

Shamollar uvillar.
Ishq ulg‘aygan sari
Borayapti ichim huvillab…

Bog‘ ichida…

Bog‘ ichida,
Daraxt tagida
Unutilgan qandaydir kitob.
Ochiq yotar,
Yotar behuda.
Harflarini emadi oftob,
Varaqlarin varaqlar shamol,
O‘z-o‘zini o‘qiydi kitob…

Tong. Aravada…

Tong.
Aravada quyoshni sudrab
kelyapti o‘tin ortgan chol.

Qorning ohanglarini
kuylar qadami.

Quyosh cholning yelkasiga
mingashdi.

Bo‘m-bo‘sh halinchak…

Bo‘m-bo‘sh halinchak
yong‘oq daraxtining bo‘yniga osilib
tushgisi kelmaydi yerga.

Sollanadi shamol qo‘llarida
Bo‘m-bo‘sh halinchak.
Yaqinlashtirar ko‘zlarimga seni.

Bo‘m-bo‘sh halinchak.
Bizni olib ketolmadi osmonlarga.

Jin chalgan yong‘oq daraxti qiqirlayapti
baxtdan entikib…