Adabiyotshunos olim Sultonmurod Olimov 1954 yili Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Qirg‘izon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1993 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida laborant, katta laborant, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, doktorant, Tashqi ishlar vazirligida «Spich rayter» guruhi rahbari, bo‘lim mudiri o‘rinbosari, tahririyat mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida konsultant, yetakchi konsultant, bosh konsultant, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Hozirgi paytda «Naqshbandiya» jurnali bosh muharriri.
* * *
Ko‘ngilga bir dard tushdi,
Dardmand qani-kay?
Jism uyidan hush uchdi,
Uchar u tokay?
“Qur’on” o‘qiyin desam,
Ustod topilmas.
O‘qimayin desam, u
Sira yopilmas…
* * *
Xush bo‘ylarin tuyar edim bahorning,
Nafasidan to‘yar edim nahorning.
Kunduz zilol ko‘rinardi loyqa suv,
Tunlar kulib boqar edi Oy — suluv.
Na hidini sezdim bu yil bahorning,
Na nafasin to‘yib so‘rdim nahorning.
Tiniq suvning tinganini tuymadim,
Hatto, qoshga gul inganin suymadim.
Yo ko‘zlarim to‘sib olgan bir riyo,
Birga-birga qaridi yo bu dunyo?..
O‘G‘LIMGA
She’r yozsang, so‘zlarni so‘zlarga yedir,
Ko‘nglingni gulga yo bulbulga dedir.
So‘z topmay qiynalsang, bilganim aytay:
“Buxoro” so‘zining o‘zi bir she’rdir.
BEShLIKLAR
SOG‘INCh
Mayli, ista, ko‘zlaring bo‘lay,
Aytolmagan so‘zlaring bo‘lay,
Suvlar tutay, hovuching bo‘lay,
Hassang bo‘lay, kovushing bo‘lay —
Tushimga kir, ona, onajon!..
OMONAT
Qo‘l yuvib kelguncha kosamni yalab,
Ichiga tosh solib qo‘ysalar, axir,
Qo‘liga topshirsam Mo‘min Mirzoni,
To‘rvaga bosh solib qo‘ysalar, axir —
Men kimga ishonay omonatimni?..
SIRDARYo
Sirdaryo, otamday qariding,
Ingichka ilonning iziday.
Ne bo‘ldi senga, ey Bobosuv,
Chuquring chaqaloq tiziday —
O‘zanda so‘zondir Qizilqum.
XORAZM
Bu asriy qumliklar aro Xorazm,
Gohida xor bo‘ldi, gohida — azim.
Harchand yig‘lasam ham, ko‘zyoshim yetmas,
Samolyotdan turib solganda razm.
Ko‘zing och, atrofda qum qilar bazm.
QORAQALPOG‘IM
Tubi — bir va lekin shoxi ming bo‘lar,
Millat deganining, bilsang, qarog‘im,
Senda Pomir tog‘i yuksak ruhi bor,
Orolim, qardoshim, qoraqalpog‘im —
Yuzingni tog‘ sari burmasang — bo‘lmas!
UMR
Umrim mening shunchalar qisqa,
Vaqt topmasman boshim qashlashga.
Ne-ne quyuq ziyofatlar ham
Sabab bo‘lar ko‘ngil g‘ashlashga —
Uzayarmi o‘tganimdan so‘ng?
G‘AShLIK
Bu qishloqqa ne bo‘lgan o‘zi —
Odamining ko‘zida zavq yo‘q?!
Topganini bir shisha mayga
Etkazishdan boshqa bir shavq yo‘q.
Bu qishloqdan ketaylik, ko‘ngil!
KIMGA QIYIN?
Kimga qiyin bu dunyoda,
Kimga oson — bilmadim.
Mushkulotning qaysi og‘ir —
Buni shoyon qilmadim.
Xulosaga keldim oxir,
Aytgan emas bir noqil:
Beaqlning ishlarini
Ko‘rib tursa bir oqil —
Shundan og‘ir azob bo‘lmas,
Bundan dushvor sazo yo‘q,
Aqlliga mukofotu
Beaqlga jazo yo‘q.