Sotim Avaz (1952)

Sotim Avaz (Sotimboy Avazov) – 1952 yil Urganch shahrida tug‘ilgan. 1991 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning “Kechikkan bahor”, “Tonggi hislar”, “Huquq”, “Nozbo‘ylarim”, “Hikmatiston”, “Dil va manzil” kabi she’riy asarlari respublika nashriyotlarida chop etilgan.
Shuningdek, “Muruvvat chog‘i” romani, “Madrahim Sheroziy”, “Temirg‘ozi to‘ra”, “Yillar va yo‘llar” qissalari muallifi.
Hozirda “Urganch oqshomi” gazetasi muharriri.


MUHABBAT

Dudog‘ingda o‘ynaydi yoqut,
Yonog‘ingda yonadi olmos.
Bu joziba bo‘lmagay unut,
Uni gizlab yashirib bo‘lmas.

Nigohlaring yoyar anduhin,
Tabassuming bo‘lar dilga band.
Nazokating uyg‘otgan ruhni
Qilib bo‘lmas sira zanjirband.

Nozingdan shavq olar siymolar,
Qahring qadga bag‘ishlar viqor.
Lutfing tutgan mehrigiyolar,
Chegarayu chek bilmas zinhor.

Keltirgaysan ko‘ngilni tobga,
So‘zingga yo‘q qolmagan qoyil.
Sen baxsh etgan shirin azobga
Iloj yo‘qdir bo‘lmasdan moyil.

Ammo, ohanrabo ismingga
Yog‘ar qonsiz kapalaklar ham.
O‘tdek yonib turgan jismingga
Ko‘z tikar ko‘rshapalaklar ham.

IShONCh

Men  senga ishondim, achinmam,
Maymunlar yig‘lasa holimga.
Senga ishonganim, do‘stginam,
Erk bermoqdir o‘z xayolimga.
Men senga ishondim, qayg‘urmam,
Xiyonatning jarlarin o‘ylab.
Senga ishonmasam, azizam,
Yurolmam o‘z yuragim bo‘ylab.

Men senga ishondim, chekinmam,
Oqibatda bo‘lmasa to‘zim.
Senga ishonmasam, mahzunam,
Sevolmayman o‘zimni o‘zim.

Men senga ishondim, g‘amim yo‘q,
Qismatimda agar qul bo‘lmak.
O‘zi mening parvona yanglig‘,
Ishonchimga shamchiroq kerak.

* * *

Bir oqshom ruh oni unutib o‘zni,
Amuni yoqalab oshufta kezdim.
Shunda samodagi ming yulduz-ko‘zning,
Go‘yoki pichirlab yotganin sezdim.

“Joningga falakdin javr yetib-elib,
Daryoday mavj urib har qancha to‘lma.
Amuning qoshiga oshiqday kelib,
Mangulikdan zarra umidvor bo‘lma”.

Og‘irligim sobit daryoga ortib,
Lol qoldim yulduzlar ham og‘ishidan.
Shunda suv go‘yoki oyoqdan tortib,
Bir zum yubormadi o‘z og‘ushidan.

Lol qoldim, Amuning xitobin yodlab,
Ajdodlar umidin uqqan singari.
Go‘yo “Suvora”ning savtiday dodlab,
Ko‘tarilib tushdi to‘lqin lablari.

“Yulduzlar necha bor aldasalar-da,
Yo‘ldan adashmagan karvon – ona yurt!
Mangulikdan sharor kutsang, ko‘zlarga
Avvalo ona yurt tuprog‘ini surt”.

* * *

Qonimning sharobga moyilligi bor,
Shahdu jahd, shitobga moyilligi bor.

O‘tlar aro kuygan jismim beaybdir,
Bag‘rimning kabobga moyilligi bor.

O‘qib uqmasalar hamki dardimni,
Ko‘nglimning kitobga moyilligi bor.

Borliqqa ustuvor yo‘qlik arodir,
Umrimning sarobga moyilligi bor.

Hamisha bezovta yurak sababkim,
Jonimning azobga moyilligi bor.

Xayollar sargashta kelajakdadir,
Tilimning shu tobga moyilligi bor.

Sotim Avaz uchun savob so‘ralsa,
Ruhimning javobga moyilligi  bor.

* * *

Xatoni men emas, tadbir qiladir,
Peshonamga bitgan taqdir qiladir.

Tabiat ko‘nglimni notabiiy deb,
Ruhimga aks ta’sir qiladir.

Kamalak sargashta ko‘zim o‘ngida,
Sarob kamandini tafsir qiladir.

Tosh tegsa ko‘zguga, ishonch ham singay,
Ko‘z gumondin mubham tasvir qiladir.

Har zamon bedardlar dardin tog‘ etsa,
Gumrohlar har lahza dilgir qiladir.

Umrim binosini yemiradir vaqt,
Hali bir kun o‘zi ta’mir qiladir.

Har qadamim asli hamdu sanodir,
Har nafasim asli takbir qiladir.

Sotim Avaz hoyu havaslariga,
Sabru shukr rasmin zanjir qiladir.

* * *

Ko‘nglima bayram kerak,
Gul kabi hamdam kerak.

Langari ishq istaram,
Dorki, mustahkam kerak.

Mehnatga sa’ydir agar,
Yolg‘iza yordam kerak.

Shodlana bilmoqqa ham,
Avvalo bir g‘am kerak.

Sharhi dil izhoriga,
Jur’ati ildam kerak.

Xotiri jamlik uchun,
Xotiri xurram kerak.

Bevafo do‘stlar hanuz,
Uzru avf, chidam kerak.

Umr o‘tib, ko‘rindi Yor,
Endi orzu kam kerak.

Tilga ko‘p vaqtlar sukut,
Ko‘zga goh-goh nam kerak.

El dardi, Sotim Avaz,
Dardinga malham, kerak.