Sitora Toshmatova (1993)

Sitora Toshmatova 1993 yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. O‘zMUning xorijiy filologiya fakulteti talabasi. “Bahor ifori”, “Dunyo bolalari istagi”, “Baxt fasli” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.

ONA YuRT

Sen haqingda she’r qolmadi yozilmagan,
Satrlarga joylandi eng go‘zal so‘zlar.
Lek sening eng chin ta’rifing – bu dunyoda
Mehr bilan o‘sayotgan o‘g‘il-qizlar.

Qafasiga sig‘mayapti: yuragim – qush,
Topsam deydi eng yarashiq satrlarni.
Balki sening chiroyingdan ko‘rk olganmi,
Onam sahar turib yopgan patirlari.

Talabim yo‘q ofarinu olqishlarga,
Menga yetar bir onamga suyukligim.
Faqat bitta satr bergin ey, Xudojon,
Dunyo bilsin bu yurt qanday buyukligin.

Shoirlikka asli mening da’voyim yo‘q,
Yozganlarim bari erur dil daftarim.
Bu yuragim kattalashib borayapti,
Vatan, seni kuylab, seni sevgan sarim!

KITOB

Avval yuragimga joylading mehr,
So‘ngra xayollarga qilding oshno.
Sevmay bo‘ladimi o‘zingni axir,
Hu-u-uv ishq tomonlardan kelganmisan yo?

Sen-la unut bo‘lar dardu armonim,
Sen-la maqsad tomon aylayman shitob.
O‘zingsan chin do‘stim, eng qadrdonim,
Yostig‘im ostida uxlagan kitob.

TUPROQ HIDI

Singlim aytar, dunyoda eng yoqimlimish gul hidi,
Bobom aytar o‘y surib — og‘riqlidir yil hidi.
Novvoy peshonasidan terin artib, shunday der:
“Bu dunyoda tandir hidi, nonning hidi azizdir.”

Kim neni suysa-suysin, suygan bo‘yim qor hidi,
Bodomning gullariyu, nimyashil bahor hidi.
Jazirama saratonda, yoz avjida bo‘lgan chog‘
Sarishta qiz suv sepganda tuproq hidi shirinroq…