Sirojiddin Sayyid 1958 yil, 30 oktyabrda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Kundajuvoz qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (2006). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1979). Ilk she’rlar to‘plami — «Ruhim xaritasi» (1985). Shundan keyin uning «Salqin xarsanglar kaftida» (1987), «Sevgi mamlakati» (1989), «Asragil», «Mehr qolur, muhabbat qolur» (1990), «Kuydim» (1994), «Vatanni o‘rganish» (1996), «Vatan abadiy» (2001), «Ustimizdan o‘tgan oylar» (2003) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. A. Voznesenskiyning «Mangu rizq» (1990) asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan (1999).
* * *
Yashinlar yoritgan, ey olis uyim!
Shuncha yillar kuyib,
Qancha qismat kechib,
qancha o‘yu firoq,
Hikmat ko‘rmadim men sendan buyukroq!
* * *
Sen ma’sud dunyoning borini
O‘ylading. Yashading. O‘tkarding.
Berding qorachiqlar umrini,
Tunlarni kiprikda ko‘tarding.
Farzandlar ketdilar har taraf,
Sokin qoldi uying – anglading.
Sog‘inding.
Sog‘inch-la yo‘l qarab
Bir vujud sog‘inchga aylanding.
U kunlar yodi ham senga shon!
Tunlar xotirasi boqiydir.
Salomlar abaddir, onajon,
Vidolar foniydir!
Foniydir!
ILINJ
Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan,
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan.
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim,
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.
Almashdilar seni nomu rutbalarga,
Munglug‘ bo‘lib qolding botib shubhalarga.
Hilollaring qaytar yana qubbalarga,
Moziylarga so‘ylab-so‘ylab zorlaringdan.
Menga qadim minorlardan bir sas yetar,
Shul sas mening ko‘nglim oxir serfayz etar.
Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan.
Oqsaroyga qay kunki yuz burgandim men,
So‘nmish shonu shavkating deb kuygandim men.
She’r aytishni sal-palgina o‘rgandim men
Chinorlarda yig‘lab yotgan barglaringdan.
Bu dunyoda ko‘ngillarga chirog‘ yoqsam,
Mozorlaring sukutidan saboq olsam,
Tiniqqina buloq bo‘lib oqib qolsam
Olloyorlar nazar qilgan jarlaringdan.
ALAMLI DUNYoDA
Qo‘llarim shoxlarday zor qolgan kunlar,
Dil ketib, valekin or qolgan kunlar
Sen ketding, muzladi o‘ng ila so‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Suvlarda sadosiz sindilar oylar,
Afsunday jim, sokin okdilar soylar.
Tugunlarin ochib yillar va oylar
O‘tdilar, sen hamon tili tugunim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Sendan so‘ng ko‘nglimni beomon yanchib,
Ne suluvlar o‘tdi o‘zicha ranjib,
Baland poshnalarin ko‘ksimga sanchib,
Bevaqt so‘ldirdilar sehru jununim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Mung‘ayib qoldilar umid bog‘lari,
Mangu zirqiraydi bag‘ir dog‘lari,
Bog‘larning dudlari hamda zog‘lari
Mening fig‘onimdir ham mening kulim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Bu holim ko‘rganlar taqdir, deydilar,
Taqdir azal-azal hakdir, deydilar,
Chin qalblar hamisha toqdir, deydilar,
Qanday san’atdir bu, qandayin ilm?
Alamli dunyoda alamli gulim.
Senga shamim shomlar munglar keltirib,
Menga tiriklikdan aytib, bildirib,
Kuygan ko‘klamlarning o‘rnin to‘ldirib,
Ko‘ksimda yashaydi eng go‘zal o‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
* * *
Teskariga oqqan daryolar qaytdi,
Tog‘larda yo‘qolgan sadolar qaytdi,
Meni izlab ketgan nidolar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Somonlar yanchilmay qolgan kuz payti
Adirlar za’faron alvido aytdi.
Meni olib ketgan podalar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Bu ko‘cha, bu hovli, bu uy, bu tandir
Bir kun seskanadi, sassiz siqtaydir:
O‘n yil g‘oyib bo‘lgan olapar qaytdi!
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qoldirib ketdimmi uni dashtlarga?
Yoki topshirdimmi shiddat, shashtlarga?
Bo‘zlab chorlasam-da, bitib xatlarga
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qaldirg‘ochlar qaytdi. Toylar ot bo‘ldi.
Yurtning tog‘u toshi menga yod bo‘ldi,
«Uh» deganim mening xotirot bo‘ldi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi…
PAHLAVON MAHMUD
Sening hasratlaring uzun,
She’rlaring qisqa.
Ne-ne gado ko‘rding,
ne sulton ko‘rding.
Nuh ming yil yashadi –
Ko‘rdi bir to‘fon.
Sen
Nuh bo‘lmasang ham,
ming to‘fon ko‘rding.
Birovdan taxt qoldi,
Birovdan – daraxt.
Sendan meros qolmish baytlar –
tug‘yoning.
…Gar ko‘ylak tiksalar armonlaringdan,
Egni but bo‘lardi yupun dunyoning.
* * *
Birodar!
Qo‘lda jom, ko‘zda yosh nadir?
Savdolar ichinda yolg‘iz bosh nadir?
Nasihat nimadir?
Bahs-talosh nadir?
Fano darvozasi abad yopilmaydi.
Dunyo topiladi,
Odam topilmaidi.
Birodar!
Oshiqlik bahordir – o‘tgay.
Bu toshqin tuyg‘ular daryodir – o‘tgay,
Goh ko‘ngil berganing xatodir – o‘tgay,
Umid g‘unchalari doim ochilmaydi,
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.
Birodar!
Umrni farzona etgil.
Neki dardmandliqdir darmona etgil,
Neki armonliqdir tarona etgil,
Har dil ham she’r bo‘lib nur socholmaydi,
Dunyo topiladi…
Odam topilmaydi.
Birodar!
Dunyodan nechun shikoyat?
Nechun bu tuganmas mahzun hikoyat?
Tiriklikning o‘zi buyuk inoyat.
Shudir o‘tganlarning eng komil bayti:
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.
* * *
Men ishq elining nolayu afg‘onida kuydim,
Ko‘ngil uyining otashi armonida kuydim.
Mehrin tilabon o‘tsa agar oshiqi zorlar,
Mehrimni berib men esa tovonida kuydim.
Mushkul edi yo‘l, ranj ila izhoriga yetdim,
Sizlar ko‘yida, men esa domonida kuydim.
Do‘st kim, raqib kim, haq birla hakim kim, –
Bilmay aslin lol ila hayronida kuydim.
Har yon sado berdi maning zori dilimga,
Intildimu lekin dag‘i har yonida kuydim.
Dunyoyi azalning g‘azaliy matla’i buldur:
Boshlab hama ishni ani poyonida kuydim.
Ham maksadu, ham matlabu, ham dardu va ham ishq,
Ham ishq elining nolayu afg‘onida kuydim.
* * *
E, Xudoyim, dushmanim mard bo‘lsa bas,
Ko‘ksim ichra otashin dard bo‘lsa bas.
Kiprigimga Mavlaviydan bir g‘ubor,
Yassaviydan zarra bir gard bo‘lsa bas.
* * *
Umr desang, obu gil kuyar, ey do‘st,
Bir onda ne oyu yil kuyar, ey do‘st.
Ko‘kdan yulduz uchsa, yelkang kuygaydir,
Erga bag‘ir bersang, dil kuyar, ey do‘st.
Umr va ayyom fardlari
Umr nedir? Kecha – o‘tdi. Ertani qo‘y, kul bugun,
Baxt nedir? Ul – bugundir, ul bugundir, ul bugun.
* * *
Qancha armon bo‘lmasin kechmish zamondoshu zamon,
Chin zamoning shu zamondir, shu zamondir, shu zamon.
* * *
Aytmangizkim, necha bir yaxshi-yomonlar o‘tdilar,
Asli gulduros solib davru zamonlar o‘tdilar.
* * *
Ma’rifat osmonida mangu yonar qandillarim –
Naqshbandiylar, Buxoriylar, Samarqandiylarim.
* * *
Sen Vatanga Termiziylar ko‘zi-la solib nazar,
Ta’lim olsang, bo‘lgung oxir bir kuni sohibnazar.
* * *
Ketmasin boshingdan aslo Haq taolo ko‘lkasi,
Ey, valiylar maskani, sohibqironlar o‘lkasi.
* * *
Shahrisabz desam, jimirlar jonu ko‘nglim har safar,
Ey, Amir Temur qulog‘iga azon aytgan shahar.
* * *
Amir Temur demishlarki: Menga toki zafar yordir –
Yaratganning mening birlan ulug‘vor ishlari bordir.
* * *
Ikki olam — ikkisi ham garchi bo‘lak, toq saroy,
Qurmish olamda Amir Temur bobo ilk Oqsaroy.
* * *
Sen bugun qaylarda qolding, ey asrlar ohi, nur,
Hazrati Boburni ko‘rgan Kohinur, ey Kohinur?
* * *
Qanchalar yuksak va ozod bo‘lsalar yulduzlarim,
Shunchalar teran taralmish yer aro ildizlarim.
* * *
Zamona qasrdirkim, o‘z-o‘zidin bo‘lmagay obod,
Ani Me’moriyu mehru butun xalq aylagay bunyod.
* * *
Jilo ber yurt tuprog‘iga toki sayqaling qolgay,
Agarchi haykaling qolmas, yaratgan paykaling qolgay.
* * *
Bog‘ni bog‘ etguncha bag‘ring qanchalar dog‘ bo‘lgusi,
Chekma g‘am, ketsang – izingdan dog‘ emas, bog‘ qolgusi.
* * *
Bunda oftob shakliga andoza bo‘lgay har chanoq,
Chirmashib chiqqay quyosh nuriga har gul, har boshoq.
* * *
Zamona bolasiga men nechun bul kun havas qilmay,
Ul ozod qush misoli aylagay parvoz qafas bilmay?
* * *
Har kishikim pokdilu pokro‘yu poktiynat bo‘lur,
Avvalambor o‘z tug‘ilgan yurtiga ziynat bo‘lur.
* * *
Ko‘cha-ko‘ylar, bu ravon yo‘llar muhabbat paytidek,
Har biri hazrat Navoiy she’rining bir baytidek.
* * *
Har binokim, tiklamishsan misli dilbanddir senga,
Bu umrning o‘tishi hikmat ila panddir senga.
* * *
Aytdi yuz yoshlardan oshgan mo‘ysafid aylab shukur:
Ko‘z yumib ochguncha suvdek o‘tdiyu ketdi umr.
* * *
Yigitlikda qarilarning rizosidin g‘izo olgil,
Qarilikning asosidin asosingga aso olgil.
* * *
Bu dunyoda fanoying gar binoyingdir,
Fikr qilg‘il – binoying ham fanoyingdir.
* * *
Umrdin oyu yillar sarf bo‘lgay,
Aning har oni dolu zarb bo‘lgay.
* * *
Har kishiga har kecha yer ichra ayvoni bilan,
Charx go‘yo choh qazgay oyni ketmoni bilan.
* * *
Yoshligu ishq fasliyu vaslu firog‘im ortibon,
Qaldiroqlar singari o‘tmoqdadir davru zamon.
* * *
Ishq, dasturxoning armondin tuzay,
Oshu nonin dil bila jondin tuzay.
* * *
Uzoring istab, ey, yor, xo‘b oh-zor qilibman,
Bu bog‘zor ko‘ngulni men dog‘zor qilibman.
* * *
Qachonkim, ishq sening urfing bo‘libdir,
Dilimning qulfi qo‘sh zulfing bo‘libdir.
* * *
Ikki nooshno ko‘zing aylar meni begonaroq,
Xoling uzra ag‘nagan zulfing qilur devonaroq.
* * *
Yillar bo‘yi boshimga ne zeru zabarlar kelmadi,
Sendin xabarlar kelmadi, sendin xabarlar kelmadi.
* * *
Nozaninlar ul zamonkim inja ko‘ylak kiydilar,
Barcha oshiq ahlining qatlini bo‘lak kiydilar.
* * *
Qancha o‘t birlan olov qalbu nigohdin o‘tdilar,
Ikki yong‘in — ikki yor bul kech nikohdin o‘tdilar.
* * *
Qanchalar boy bo‘lmasin ko‘rku husnda nozanin,
Ishq eliga shunchalar mehru vafosi oz aning.
* * *
Gulni gul ko‘ylak qilibdur gul badanga ul badan,
Gul badanga tegdimu yo gulga tegdi gul badan?
* * *
Nigorimkim, kamar birlan belini band-band taqmish,
Bu kech oppoq bulutdin mohtob ham siynaband taqmish.
* * *
Nasib etganda fasli navbahoru lola diydori,
Kishiga yaxshidir yonida bo‘lsa lolaruh yori.
* * *
Shu’la sochgung bu hayotga kechasi ham kunduzi,
Sen – Surayyodirsanu ko‘zing – Surayyo yulduzi.
* * *
Gohi lab ustindayu gohida lab ostindadir,
Bu sanamning ikki xolin dog‘i qalb ostindadir.
* * *
Har zamonkim ko‘zlarim ikki qoshing “yo”sin o‘qir,
Tishlaringning sini qatlim istabon Yosin o‘qir.
* * *
Qilibman ko‘zyoshimga jom tomog‘im ham qaboqlardin,
O‘shal bodom qaboqlardin, o‘shal oppoq tomoqlardin.
* * *
Gul bilan bulbulning asriy bahsidin aylay naql:
Qancha gul befahm erkan, qancha bulbul beaql.
* * *
Lolalar har yon ochilmish bag‘ri dog‘u bargi qon –
Layli birla Majnun o‘tmishlar bu yerdin bag‘ri qon.
* * *
Qancha dog‘lar qoldiribmish yoru ag‘yoru habib,
Chekmagil g‘am, barchasiga hazrati vaqtdir tabib.
* * *
Bo‘l ogohkim, agar senga yetar bir ayyom har dam –
Kelar bir ayyom har dam, ketar bir ayyom har dam.
* * *
Bu hayot bazmi agar sen bo‘lmasang – kam bo‘lmagay,
Sen agar bu bazm aro borsan – u but ham bo‘lmagay.
* * *
El aro doim ziyo birlan maorif bo‘lgusi –
Bitta farzandi agar Abdulla Orif bo‘lgusi.
* * *
Gar o‘zingcha bu hayotning qasr ila qo‘rg‘onisan,
Asli tan qo‘rg‘onining besh kechalik mehmonisan.
* * *
Ko‘nmadi raftoringa charx, ko‘ngil, ey ko‘ngil, dedim,
Charx raftoriga endi, ey, ko‘ngil, ko‘ngil, dedim.
* * *
O‘tmasin desang umrning subhu shomi besamar –
Sen o‘zingdan to o‘zing shomu sahar qilg‘il safar.
* * *
Ul bulutlarkim yuzarlar ko‘kda olis, oqu oq –
Esdaliklardirki mendin ancha tushmishlar yiroq.
* * *
O‘tdi ellik chog‘ umrdin, kuzga yetdi endi ish,
Bog‘lar ortidan og‘ir-og‘ir yaqinlashmoqda qish.
* * *
Odamizotga bahor faslida buldir hasbi hol:
Ul ham o‘tgay bu hayotdin abri naysonlar misol.
* * *
Ko‘rdik, ey, do‘st, bir tanob yer-chun azobingni sening,
Er o‘zi tortib qo‘yar bir kun tanobingni sening.
* * *
Nurar umr binosi, yo‘qdir buning fanosi –
Turur to qiyomat So‘z ila She’r binosi.
* * *
To bu olamning balandu pastin idrok ayladik,
Olam ahlidin yuvib qo‘l, dilni ham pok ayladik.
* * *
Ko‘ksing ichra bulbulu qumring o‘tar,
To ular bir sayrayur – umring o‘tar.
* * *
Aylanur tun-kun falakning ko‘hna taqsimkosasi,
Kimga tekkay kosasi, kimlargadir nimkosasi.
* * *
Sen O‘zingsan olamu, oh, sen O‘zing kavnu makon,
Sen O‘zing davru zamonsan, sen O‘zing davru zamon.