Sirojiddin Rauf (1967)

Sirojiddin Rauf 1967 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini (1992), Toshkent davlat yuridik institutini bitirgan (2002). «Yig‘layotgan oy» (1994), «Ko‘k gumbaz» (2001) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

YuRTDAN OLISDA

O‘zimda emasman. Ichikdim,
Ko‘nglim bu dam — mulki vayronim.
Oh, sensiz men Oyda ham hech kim,
Ona yurtim, ota makonim.

Derlar bunda: «Gospodin», «Mister»,
Yangrab qolar ba’zan: «Efendim».
Men esa jon-jonimga tatir
«Oshna» degan so‘zni sog‘indim.

Qayda bo‘lmay, London, Parijda,
Haybati, hayrati cho‘t emas.
Ne tong, bugun kibor xorijda,
Toshkent, Termiz, Andijon havas.

Shubha nechun?
Taqdir zayli bu:
Shunday bo‘lgan, shunday bo‘lajak.
Milyon-milyon yurak mayli bu,
Buyuk o‘tmish — buyuk kelajak!

Qaysi el iymonda poyidor,
E’tiqodda sobitdir birday
Unga Olloh o‘zi bo‘lib yor,
Ulug‘larning ruhi qo‘llagay.

Yon bermasak turfa kazzobga,
Kim ham bizga yomonlik o‘ylar.
Nogahoniy ofat-qazoga
Balogardon Naqshbandiylar.

Bu shundayin yurt — jannatmonand,
Osoyishta yeru osmoni.
Ezgulikka dillari payvand
Odamlari odamning joni.

Qad rostlaydi bog‘i Eram, chin,
Qay tomonga nigohing toysa.
Noxos bilmay bosganing uchun
Kayfiyating buzmaydi maysa…

Shu dam yurtim toshu giyohin,
Har kimga maqtanib tolaman.
Bayon etsam holu siyoqim:
Ona deb ichikkan bolaman!

ShOIR

U ham hamma kabi oddiy bir odam,
Birovdan kam emas, birovdan ortiq.
Dunyoga kelganda Yaratgan egam
Lek shoir yuragin aylagan tortiq.

Shundanmi, suratda sokindir har on,
Siyratida isyon, to‘fon yashirin.
Turmush zardobini sipqorib pinhon,
Munosib qarshilar mas’ud onlarin.

Uni o‘ylantirar turfa muloqot,
Go‘yo Gulxaniyning «Zarbulmasal»i.
Har yon nafs domiga botgan maxluqot,
Famzada ko‘nglida umid, tasalli.

Hayot bu — oq-qora, qayg‘u va xanda,
Rostu yolg‘on demak, bundan kim tonar?
Ko‘plar haqiqat deb laqqa tushganda,
U-chi — aldanishin bilib aldanar.

Osmonlarga bo‘ylar ruhi ravoni,
Bedard davralarning guli bo‘lmaydi.
Muhabbat yo‘liga baxsh etar jonin,
Ammo muhabbatning quli bo‘lmaydi.

Tumonat do‘stu yor qurshovida ham,
Yolg‘izlik zahmidan chok-chok so‘kilar.
Makon va zamonni unutib har dam,
Rizvon olmasiday duvva to‘kilar.

Orziqib yashar u,
Intiqib yashar:
Odamzot qalbida nish otsin chechak,
Shoir yuragiga sanchilib nishtar,
Zaminni chulg‘asin ohanglar chak-chak…

SEVGI

Hajringda hasratim haddin oshgandi,
Ko‘zimga dunyolar bo‘lib qorong‘i.
Birdan… Hayotim nur, gulga burkandi,
Va zumda to‘zg‘idi, chiqmadi dong‘i.

Ko‘zimga dunyolar bo‘ldi qorong‘i,
Shunchalar oniymi, axir, muhabbat?
Samoviy sevgi deb adashdik chog‘i,
Betizgin xayolning bag‘ri bahaybat.

Hajringda hasratim haddin oshgandi,
Bir ezgin halovat bor edi biroq —
Ertaning orzusi bor edi tanti,
Ko‘ngil zulmatiga yashil shamchiroq…

Tan bermoq og‘irdir, hayhot, negadir,
Garchi o‘tgan onni bo‘lmas qaytarib.
Taqdirga yukinmoq kerak begidir,
Taqdirning va’dasi — umid axtari.

Taqdirning va’dasi — umid axtari!..

II

Ko‘nglingni to‘lmog‘i mushkul tobora,
Domiga tortarkan o‘tkinchi havas.
Nahot senga qalbim, ishqim chikora,
Izlaganing nahot muhabbat emas?!

Bag‘rimga sanchilar savolning tig‘i,
Nahot izlaganing muhabbat emas.
Ko‘zlaring tubida nahot bor-yo‘g‘i,
Meni bandi qilgan ummon—keng qafas?

Ko‘nglingni to‘lmog‘i mushkul tobora,
Olaquroq tuyg‘u, hislar, sezgilar
Ko‘ngil oromiga bo‘lolmas chora!
Sevgingni maydalar mayda sevgilar…

Olaquroq tuyg‘u, hislar, sezgilar,
Vujud orzusiga yovuqdir garchi —
So‘nggi dam sadpora ruhingni gizlar
Omonat umrning xiyonat xarji!

Sevgingni maydalar mayda sevgilar…

III

Tilimda aylanar bir vido,
Palaxmon toshidek zalvorli.
Bo‘g‘zimda qotadi ul nido…
Ko‘kka o‘rlar muhabbat zori.

Ko‘kka o‘rlar muhabbat zori,
Bir bor ortga qo‘ymadim qarab:
Nasib etgan edi visoli,
Ne balolar qilichin qayrab.

Yurak teran ishqqa g‘arq edi,
Cho‘ktirgudek har qanday devni…
Ishq sharobi hayhot talx endi,
Xarob etar injigan sevgi.

Bo‘g‘zimda qotadi ul nido,
Axiyri bir kuni otilar.
Alvido, sevgilim, alvido,
Tilim tanglayimga tortilar.

Xarob etar injigan sevgi…

* * *

Barglarida shabnamni tutib,
Nafisgina chayqalgan gullar
Iforini o‘g‘irlab ketib
Sahrolarda yitarkan yellar

Vaqt chaladi besas qo‘ng‘iroq.

Bosh olib ketolmas, tun yaqin,
Azob chekar quyosh hoynahoy.
U-ku tongda qaytadi tagan,
Zaminda turgaymi shu chiroy?!

Vaqt qo‘ngarog‘in chalaveradi…

Go‘zallik bo‘lsa-da matlabi,
Qoniqolmay lahza umridan
O‘tayotgan kapalak kabi
Yoshlikka ham qo‘nim yo‘q ekan.

Sen qaydasan?..
Kuyadi dilim,
Vasling istab, bo‘zlayman zor-zor,
Rayhondan-da muattar gulim,
Shabnamdan-da pokiza nigor!..

TAZARRU

Yugurib charchadim, yetar, endi xo‘p,
Yurganim ko‘nglimning yetaklariga.
Zor qaqshab topgandan yo‘qotganim ko‘p
Yopishib dunyoning etaklariga.

Holbuki, birovdan kamim yo‘q edi,
Hoyu havaslarin ko‘rdim olamning.
Ta’qib etaverdi armonning hidi –
Sajdada o‘tmagan umri odamning.

Kimdan yuz o‘girib, kimga tikildim,
G‘addor nafs pardasi to‘sib ko‘zimni.
Ishvalar poyiga tutdek to‘kildim,
O‘zimni unutdim o‘ylab o‘zimni.

Ne ko‘rsam lol bo‘ldim mahobatiga,
Baridan tutmadim har dam ilmni.
Endi zor turibman inoyatiga,
Himmatning qo‘riga toblab dilimni.

Jonimga azoblar so‘rarman behad
Va ishqi ko‘yida xorlik, adolik.
Jamolin ko‘rsatsa bir kun haqiqat
Anglarman: ne sharaf ushbu gadolik!..

SONET

Kiprikka ilinmas uyquning to‘ri,
Uzun tun ko‘ksimda orziqish, hovur.
Xayoling habibim to tongga dovur,
Subhidam sezilar hasratning zo‘ri.

Oftob g‘amzasida mujda ko‘rinur –
Ro‘yoni chilparchin qilgan haqiqat.
Sen – ko‘nglim ko‘shkida ko‘hlik ko‘hinur,
O‘ngammi-tushimmi, tark etma faqat!

Zero, ishq so‘qmog‘in bor-yo‘g‘i jafo,
Undan yuz o‘girmak xurofot, bid’at.
Oshiqqa hamisha taxayyul ravo.

Umidvor ko‘ngalda boqiy muhabbat,
Ishqsiz umr g‘arib, dillar benavo.
Mudom o‘yimdasan, ilohiy tal’at!

* * *

Maysani maysadek ko‘rdim men,
Xarsangni xarsangdek, gilni – gil.
Yomg‘irni bulutdan so‘rdim men…
Tanfim, ko‘rligim-chun kechirgil!

Oftobga toblanib yayradim,
Zilol suvdan simirdim qona.
Tilimni sanoga qayradim,
Dahri dunga bokdim hayrona.

Asriy tog‘lar haybatin tuyib,
Aklu hushim tamom adashdi.
Kiyimlarin irgatib, kiyib,
Tefamda yuz fasl almashdi.

Hayrat bo‘ldi daraxtda bitgan
Rizq ham hatto yashirmam, e voh.
Mo‘jizangdan mo‘jiza kutgan –
Men g‘ofilni kechirgan, Alloh!

Voh, sajdaga boshimni egdim,
Seni bilmas bandalar miskin.
Ko‘p takabbur, ko‘p dahriy edim,
Biroq rahming ko‘ngilga taskin.

Haq deb yashash – ulug‘ hidoyat,
Ro‘y berajak birdamas-birda:
Ishqing tug‘yon urgay nihoyat,
Yo Rab, uch yuz oltmish tomirda.

Bu olamni etolsa g‘orat
Majnunligim ovozalari.
Ujmoh sari ochilgay shoyad
Asl Vatan darvozalari!..

* * *

Sen ketding,
Bulbulning ko‘zidek yog‘du topmadim,
Shabiston ko‘nglimni yoritmoq istab.

Sen ketding,
Yutib yubormadi meni yolg‘izlik –
Ko‘kragam ichiga berkinib oldi.

Sen ketding,
Qaqroq tillarini bigizdek sanchib,
Jonimni ichadi so‘ngga pushaymon.

Sen ketding,
Muqarrar ajaldan suvlari zilol
Taxayyul tubiga cho‘kib qutuldim:
(O, qaytding xayriyat, xayrr…)