Shukur Sa’dulla 1912 yilning 15 yanvarida Jizzax shahrining Toshkentlik mahallasida xizmatchi oilasida tug‘ildi. U 7 yoshga to‘lganda mahalladagi eski maktabga boradi va u yerda tez savod chiqaradi, so‘ngra yangi tashkil etilgan Narimonov nomli maktabda o‘qishni davom ettiradi. 12 yoshida maktabni bitirgach, bilimini yanada oshirish maqsadida 1924 yilda Samarqand shahriga kelib, Pedagogika bilim yurtiga kiradi. Xuddi shu maskanda adabiyotga bir umr bog‘lanadi, she’r mashqiga jiddiy beriladi.
Sh. Sa’dullaning dastlabki she’rlari, asosan, kattalarga mo‘ljallangan. Ular shoirning o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hodisalardan olgan taassurotlarining ifodasi tarzida bunyodga kelgan. Shoirning ana shu mavzudagi she’rlari 1932 yilda „Hayqiriq“ nomi ostida maxsus to‘plam shaklida Toshkentda chop etilgan. O‘n bir she’r va bir kichik poemani o‘z ichiga olgan bu birinchi kitobning nomlanishi ham ramziy xarakterda edi. Bu davrda Samarqandda (1929 yilning boshida) bolalar adabiyoti to‘g‘risida kengash bo‘lib o‘tadi. Kengash Sh. Sa’dullaga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Unda quvnoq bolajonlaming baxtiyor hayotini ifodalash tuyg‘usi kuchayadi.
Toshkent va Buxoro o‘quv yurtlarida taiim olayotgan Zafar Diyor, Ilyos Muslim, Sulton Jo‘ralar bolalar uchun yozish an’anasini boshlab bergan edilar. Sh. Sa’dulla ular bilan bir safda turib, ijod qila boshladi. 1931 yilda O‘zbekiston Davlat nashriyotining bolalar va yoshlar adabiyoti bo‘limiga muharrirlikka ishga taklif etiladi.
1950-yilda Sh. Sa’dulla I. Muslim bilan hamkorlikda bolalar shoiri S. Marshakning „She’r va ertaklar“ asarini o‘zbek kitobxonlariga tortiq etishdi. Shuningdek, Sh. Sa’dulla daniyalik mashhur ertakchi G. X. Andersen, rus yozuvchisi N. A. Nekrasovning asarlarini, L. Tolstoy va B. Jitkovning hikoyalarini, bolalar shoirlari M. Kvitko, A. Barto, M. Mirshakar, O. Bedyorov, M. Fayzulina she’rlami, V. Lebedov-Kumechning yoshlik taronalarini, B. Gorbatovning „Bo‘ysunmaganlar“ (1953), V. Oseevaning „Vasyok Trubachev va uning o‘rtoqlari“ (1954) povestlarini, Korney Chukovskiyning „Doktor Voyjonim“ (1966) asarini ona tilimizga tarjima qilgan.
AYIQ
O‘rmonda bo‘lganmisiz?
Ayiqni ko‘rganmisiz?
Ustida po‘stini bor,
Pisand emas unga qor.
Men uning naslidanman,
Ayiqning aslidanman.
Otamdan qoldi po‘stin,
O‘sha po‘stin menga to‘n.
Farqim shu: men qo‘g‘irchoq,
Bolalarga o‘yinchoq!
BUZOQ
Men buzoqman, buzoqman,
Shoxim chiqqan — suzoqman.
Lekin yumdalab tortmang,
U yon-bu yonga otmang.
Iflos yerga yo‘latmang,
O‘yinchoqman, qulatmang.
Buksangiz qayrilaman,
Oyoqdan ayrilaman.
Sigir bolmayman unda,
Qaymoq bermayman kunda.
Mayli, o‘ynang erta-kech,
Lekin ozor bermang hech!
TOYChOQ
Toychog‘im bor — uchqur ot,
Quralay ko‘z —tulpor zot.
Egar-jabduq uraman,
Minib, olg‘a suraman.
O‘zi yog‘och, yoli qil,
Ovunchog‘im, olg‘a yel!
ULOQChAM
Kichkina qora — uloq,
O‘ynar oshib umbaloq,
Men bilan inoq, o‘rtoq.
Ko‘kat bersam yamlaydi,
Orqamdan hech qolmaydi.
Kappalaydi o‘t bersam,
O‘ynaydi quloch kersam,
Suzadi musht o‘qtalsam.
Boshchasida shoxi bor,
Dumchasida oqi bor.
MITTI
Mitti degan mushugim,
O‘taketgan olg‘ir, shum.
Mitti poylab turadi.
Sichqonvoyni ko‘radi.
Sichqon mushukni ko‘rib,
Qochar teshikka urib.
Sichqon qochib qutular,
Mushuk esa tutilar.