Shuhrat Shokir 1987 yili Tojikistonning Leninobod viloyati, Isfara rayonida tug‘ilgan. Xo‘jand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil olgan. Hozir o‘qituvchilik qilyapti.
«O‘RIK GULLARI» TURKUMI
Durdonaga bag‘ishlayman
Endi to‘kilmasman, zavol bilmasman
Yashillik axtarib yurmasman bekor.
Tunlarni sipqorib, tongda o‘lmasman
Ostonamga yo‘qlab kelibsan takror.
Kelgindi bahorlar poyida mulzam
Tiz cho‘kib turmasman baxtim so‘roqlab.
O‘rik gullariday to‘zg‘imasman ham
Tiyiqsiz shamollar kelganda yo‘qlab.
Endi baxt yetti yot begona emas,
U bizning kulbadan ketolmas hatlab.
Axir bu gal munis bahor senimas,
Sen munis bahorni kelding yetaklab.
* * *
Umidlar uzildi,
Ko‘ngil buzildi,
Bilmaysan mening ham ahvolim yomon.
Seni ranjitganim zo‘r gunoh bo‘ldi,
Bir qoshiq qonimdan kechgil, singiljon.
Niyatlar oq edi,
Men qaro qildim,
Bir butun ko‘ngilni ne balo qildim?
Hech kim yo‘qlamagan g‘arib boshimni
Ming bitta baloga mubtalo qildim.
Men kimman,
Men bitta darbadar xolos,
O‘rik gullariga qarayman ma’yus.
Seni telbalarday sog‘inganim rost
Yupun orzulardan kecholmay hanuz
Kechir, deyolmadim
Qo‘lingdan tutib,
Bilmaysan, mening ham tosh ko‘nglim yarim.
Ertaga yig‘layman ko‘zimga surtib
Bahorning norasta shabbodalarin.
Endi mening umrim
Bir tugal armon,
Yupun kuz oralab kechar yo‘llarim
Bir kun meni ado qilar, singiljon
Tushlarimga kirgan o‘rik gullari.
* * *
Kuz ham ketayotir
Qaygadir shoshib,
Uning sho‘rishiga quloq solmadik.
Loaqal xazonday vido aytishib,
Bir qadar erkinroq yig‘layolmadik.
Men ilg‘ay olmadim,
Yo‘llarim tuman,
Meni sog‘inganlar qanday so‘ldilar.
Kun kecha boshimda qiyg‘os gullagan
O‘riklar xazonin to‘kib bo‘ldilar.
Qayga eltar meni
Tuman yo‘llarim,
Bu sho‘r g‘avg‘olardan to‘ygan bandaman.
Yigirma yil kechdi, dil hanuz yarim,
Umrimni behuda sovurgandayman.
Sensiz bu bog‘larda qoldim telbaday,
Hech kimsa men uchun qayg‘urmas tayin.
Mayli, xazon terib
Yig‘lasam yig‘lay,
Xazonlarni quchib o‘lsam o‘layin.
* * *
Men tirildim,
Endi faryodim taqir
O‘riklar umidvor gullayotgan payt.
Endi o‘lmoq qiyin,
Yashamoq og‘ir,
Sen jonimga ora kirasanmi, ayt.
Sargardon shamollar qichqirgan tuni,
Bechora jonimni hovuchlayman jim.
Darbadar umrimda men yolg‘iz seni
O‘rik gullaridan ortiqroq suydim.
Yashayman, tegramda bir sur olomon,
Bitta ham daryodil yo‘qdir, o‘ylasam.
Daryoday bosh olib ketarman sarson,
Bu xarob maskanda itday o‘lmasam.
Ketarman,
Yo‘limdan chiqar qahraton.
Jonimga ko‘z tikar sovuq bir tahqir.
Yozg‘irib alvido aytganim yolg‘on,
Men seni sevaman, sevaman axir.
Ishq hanuz to‘kmagan ko‘z yoshing sening,
Men hanuz ichmagan zahrolud qasam.
Sen baxtli emassan, baxtsizim mening,
Men baxt qo‘shig‘ini o‘ksib tinglasam.
* * *
Men ketay,
Sen ketgil yo‘llarni buzib,
Bizga kun tug‘magan tunlardan nari.
Biz ketar yo‘llarda parishon to‘zib,
Behol to‘kiladi o‘rik gullari.
Men ketay,
Sen ketgil panoh axtarib,
Uchragan har jondan jon haqin so‘rab.
To‘rvasin yo‘qotgan gadoday g‘arib
Boshi berk ko‘chalar turar dovdirab.
Men ketay,
Sen ketgil beqaror, sarmast,
Yo‘llar bamisoli so‘nayotgan sham.
Bir biridan ayro ikki mayparast
Ichganimiz ishqmas, ming yillik qasam.
Men ketay,
Sen ketgil, parishon to‘zib,
Tuproqqa qorishar o‘rik gullari.
Ketamiz men sendan, sen mendan bezib,
Bizni kutmayotgan manzillar sari.
* * *
Seni o‘zim uchun
Asray olmadim
Dunyoning o‘ziday qadimiy g‘ussam.
Senga aytar bo‘lak so‘zim qolmadi,
Xafa bo‘lmaysanmi unutgil desam?
Endi seni o‘zi asrasin Xudo,
Tashla,
Er ko‘tarsin dardlaringni ham,
Sen mening kaftimdan to‘kilgan duo,
Ijobat bo‘lmagan tilovatimsan.
Men esa tekinga sotilgan sirman,
Bu noraso umrim bir chaqaga teng.
Sensiz ko‘chalarda bir musofirman,
Sensiz ertaklarda jolugarman men.
Bilmaysan,
Men hanuz g‘urbat chekarman
Yolg‘onlar bo‘g‘zida qotgan firibgar.
Lablaring ta’mini olib ketarman
Qaqragan labimda qiyomat qadar.
Bo‘lganicha bo‘ldi,
Etmaydi sabrim
Qilgan gunohimni yuvmoqlikka ham.
Munglig‘ munojotim, bedavo dardim,
Baxtli bo‘lasanmi seni unutsam?..
* * *
Osiymiz, gumrohmiz
Bir xudo guvoh,
Sen ketding, men kechdim baridan atay.
Bir kun boshimizdan to‘kilgay gunoh
Kech kuzning toliqqan xazonlariday.
Yig‘lama farishtam,
Boshimiz omon,
Duolar ijobat bo‘lar bir kuni.
Mayli unga qadar bo‘zraysin osmon,
Oftob unutgandir oftobligini.
Bilmadim,
Qaydadir hatto bizga ham
Bir kuni tong chog‘i baxt burgay yuzin.
Faqat unga qadar topolsak chidam,
Faqat unga qadar tilolsak to‘zim.
Bahorga eng avval kim yetar gumon,
Kim esa qismatga ko‘nikkay badar.
Ko‘zlaridan o‘pgil tavof qil chunon,
Baxtga mendan oldin yetolsang agar.
* * *
Mening bisotimda
To‘lmagan ko‘ngil,
Bir chaqaga qimmat tuyg‘ularim bor.
Turgan bitganim shu, duoyi bad qil,
Qo‘lingdan kelmasa, Xudoga yolbor.
Xudoga yolborgin,
Xudo bo‘lgay yor,
Ko‘zlaring kulmasa, toleing kulsin.
Mening kechib bo‘lmas gunohim bisyor,
Sen kechirgin, Xudo mag‘firat qilsin.
Bahorni sog‘inib
Yashadim dildan,
Surdim baxt haqida bir shirin o‘ylar…
Umidimni uzdim, desam ortimdan
Yovqarash qildilar karomatgo‘ylar.
Umidimni uzdim,
Ketarman zimdan,
Meni suyganlardan kecharman atay.
Boshi ochiq qolgan daraxtlar bilan
So‘zlasha boshlayman tug‘ishganimday.
Hali bir bokira
Kunlarim kelgay,
Afsonalar aytar o‘rikzorlar ham.
Shoir bo‘lolmasa bir daraxt bo‘lgay
Daraxtlarni quchib yig‘lagan odam.
Mening bisotimda
To‘lmagan ko‘ngil,
Hech kim tushunmagan tuyg‘ularim bor.
Turgan bitganim shu, duoyi bad qil,
Qo‘lingdan kelmasa, Xudoga yolbor.
* * *
Ertaga ertagi bitadi ishqning,
Tug‘yonlar to‘g‘onin buzar ertaga.
Qaqragan bo‘g‘zimdan sizmagan bo‘zlar
Ko‘zlarim qatidan sizar ertaga.
Ertaga yaproqlar titrar tilaksiz,
Tomirlarim yorar mashrabiy qonim.
Bu tor yo‘llarimga sig‘may tentirar
Ko‘ksimga sig‘magan bir hovuch jonim.
Ertaga munojot ingrar menimday,
Sukunat ko‘ksini tirnab telbahol.
Mosuvo ishq haqda to‘qib bir alyor
Mohtob samolarga keltirar malol.
Dunyolar dunyoga sig‘mas ertaga,
Tunning qarog‘ida diydirar shabnam.
Ertaga ertagi bitadi ishqning,
Ertaga ertagim bitar mening ham.
* * *
Bu kecha tilandim, baridan kechib,
Ma’yus ko‘zlaringga ko‘milsam bir zum.
Ko‘z yoshing sipqorib sarxush o‘lardim,
Og‘ushimga singib yig‘lasam yum yum.
Muslima, ko‘zlaring qaro tilsimdir,
Necha asr yig‘lay poyingda mulzam.
“Do‘stmiz”, degan shivir ko‘nglimga sig‘mas,
Do‘stparast emasman bilsang juda ham.
Yarim tun. Xonamda kezar zamharir,
Sukunat tovshidan topmadim orom.
Soniyalar tig‘i gunohkor qulday
Umrim lahzalarin aylar qatli om.
Men esa… men esa baridan kechib,,
Ma’yus ko‘zlaringga ko‘milsam bir zum.
Ko‘z yoshing sipqorib sarxush o‘lardim,
Og‘ushimga singib yig‘lasang yum yum.
* * *
Sen ketma,
Sen ketsang dunyoning yarmi qahraton,
Yarimisi Cho‘li Iroqdir.
Sen ketma,
Azizam, mendan ham yomon
Dunyo senga dilintiqroqdir.
Sen ketma,
Sen ketsang har nafasimdan
Taralur ming bitta darvish suroni.
Sening ketishingga ko‘nikmasimdan
Bahor ham yig‘moqda ko‘chu ko‘ronin.
Sen ketma,
Bizni deb bir chaqaga teng
Dunyoda gunohlar gullasa nima.
Baxt qushim, beozor musicham mening,
Dil toshim, ko‘z yoshim singlim Nasima.
Sen ketma,
Sen ketsang fasllar ketar almashib,
Yaproqlar to‘kilar kuni bitmasdan.
Kuz ham ko‘r gadoday ketadi shoshib
Bog‘larga qahraton yetib yetmasdan.
Sen ketma,
Sen ketsang, ketarman giryon,
Izlaringni ko‘mib bitmaguncha qor.
Mayli, bu bog‘larda kulsin qahraton,
Mayli, bu bog‘larga qaytmasin bahor.
* * *
Yarim tun qalqiydi mung‘aygan ko‘ngil,
Ruhimda ko‘z ochar sarbador junun.
Shoshilma sukunat so‘ylagan g‘amgin
Ming birinchi ertak bitmasdan burun.
Nasima, boq tunning ko‘ksini yorib,
Mohtob ikkimizga ko‘z solar zimdan.
Men kechsam kularmi kimningdir baxti
Ming birinchi kecha topgan baxtimdan.
Gizlaydi sarosar tomirda xunim,
Qatog‘on qilinar qalbimdan surur.
Xotir kulbasidan ketmas bu tunlar
Tepamda Isrofil chalmaguncha sur
Mayliga, ishq haqqi kecharman ishqdan,
Ruhim tirnasada sarbador junun.
Faqat ket ko‘ksimda tug‘ilgan faryod
Nochor ko‘zlarimga ko‘chmasdan burun.
Nasima…
* * *
Namxush sochlaringa dafn ayla meni,
Rixlat mayin ichsam ko‘zing yoshiday.
Tashna lablarimga bos qo‘llaringni
Poyingga tiz cho‘ksam jon taloshida.
Subhidam ko‘z ochsa saharxez sabo,
Tun qaro chodrasin sudrasa holsiz.
Sening nafasingdan topardim to‘zim,
Qoshimda yaproqday titrayotgan qiz.
Sarpoychan dunyoda to so‘nggi nafas
Yozg‘irdim, tonglarga boqdim umidvor.
Tepamda arg‘imchoq misol tebranar
Umidim osilib o‘layotgan dor.
Namxush sochlaringga dafn ayla meni,
Rixlat mayin yutsam ko‘zlarim yumib.
Subhidam ko‘z ochsa saharxez sabo,
Muattar hidlarga yotay ko‘milib.
Namxush sochlaringga dafn ayla meni…
DO‘STIM OZODGA
Qulamasdik og‘ochday giryon,
Xiyonat qurtlari o‘lsaydi.
Do‘st degan tuproqday mehribon
Tog‘larday ustuvor bo‘lsaydi.
Zalolatdan bo‘lmasdik zada,
Qalblarga diyonat to‘lsaydi.
Shaytoni lainmas, o‘rtada
Faqatgina Xudo bo‘lsaydi.
Iddao
Nafratlanib boqmang,
Garchi osiyman,
Yomonlik tilamang, Xudo barhaqdir.
Boshingizga balo bo‘ldimi deyman
Mening manglayimga bitilgan taqdir.
Har nechuk men sizdan
Ko‘proq o‘kindim,
Erkinroq so‘zladim sizdan bir qadar.
“Kimsan?” deganlarga “Shoirman, dedim,
“Men Shuhratman”, dedim, mag‘rur darbadar.
O‘tinch
Bo‘g‘zimda shamolning yozg‘irig‘iday
Bir nido uyg‘onar, otashin nido.
Ovozimni bo‘g‘mang bir bor qichqiray,
Mening yo‘qsil qalbim bo‘lmasin ado.
Qo‘rqmang, sokin osmon ketmaydi titrab,
Yulduzlar to‘kilib ketmaydi noxos.
Yirtilsa qaqragan bo‘g‘zim yirtilar,
Yirtilsa sukunat yirtilar xolos…
Orzu
«Muslim daraxtlar» turkumi
Shamollar chinqirar yurakni ezib,
Nochor vahmlardan to‘ladir qalbing.
Suronlar ichinda boryapsan to‘zib,
To‘zyotgan muazzam tuproqlar kabi.
Qul eding, qul bo‘lding,
Hanuzam qulsan,
Nokaslar qo‘liga qararsan mulzam.
Qarg‘ishlaring qolib ketdi muallaq,
Ijobat bo‘lmadi duolaring ham.
Shamolday bir umr kezding darbadar,
Ko‘rgan- kechirganing Xudodan ko‘rib.
Janozang o‘qiydi muslim daraxtlar
Jon bersang sajdaga boshingni qo‘yib.
Iqror
Ko‘zlarim ko‘rmidi,
Haqni ko‘rmadim,
Gunohlar yoqamdan tutgunga qadar.
Endi tinglayurman darddan to‘lg‘anib
Munojot aytganin muslim daraxtlar.
Toqatlar to‘zg‘igan
Beorom kunlar,
Bedor o‘tgan tunlar zahmatin tuydim.
So‘ldilar qanchalar nafarmon gullar,
Nafarmon orzular gulday to‘kildi.
Ruhimda takbirlar suroni tindi,
Nur so‘ndi qalbimning qat qabatida.
Halovat axtarib tunlar kezindim
Harom og‘ushlarning saltanatida.
Sudradim qashqirlar g‘ajib tashlagan
O‘laksa misoli manfur jismni.
Qasam ichdim, ming bor buzdim qaytadan
Anglab yetgunimcha muslimligimni.
Angladim nokaslar toptagan dunyo,
Bu g‘addor dunyoda bir nur borligin.
Tazarru ayladim, kechirgin, Xudo,
Kuyib ketmoqdadir butun borlig‘im.
Tazarru ayladim ko‘zlarim giryon,
Fitratimda bordir Haqning siyrati.
Ruhimda takbirlar solgaylar suron
Jismimga tuproqlar to‘kilgan payti…
Ko‘zlarim ko‘rmidi
Haqni ko‘rmadim,
Gunohlar yoqamdan tutgunga qadar.
Endi tinglayurman darddan to‘lg‘anib
Munojot aytganin muslim daraxtlar.
Buzulg‘on o‘lkaga
Daraxtlar tilovat
Qilar to‘lg‘onib,
Oyatlar o‘qiydi tuproqlar barhaq.
Tosh qotib uxlaydi baridan tonib
Xudoning qahriga uchragan bu xalq.
Gunohlar ko‘z yorar zulmat taftidan,
Sharorat bo‘y cho‘zar osmonga qadar.
Qolib ko‘r kaslarning kasofatiga,
Tunlar harom bo‘lar kunlar besamar.
Bunda xiyonatlar
Topgaydir rivoj,
Bunda muzaffardir shayton lashkari.
Xotinlari kezar yarim yalang‘och,
Da’yusga aylanib borar erlari.
Qonida jo‘sh urar shahvoniy junun,
Nomahram yuzlarga boqar hirslanib,
Hatto oy- yuzlari to‘lmasdan burun,
Ismatidan judo gulro‘y qizlari.
Alplarin ko‘r qilar
Fisqu fujurlar,
Ayshu ishratlarga tikar jonini.
Mudraydi shuuri, vijdoni o‘lar,
Aroqqa alishgay xonumonini.
Zalolat tegrangda qilarkan xanda,
Bir zum bosh ustingdan arimas xatar.
Tuproqlar to‘lg‘onar bu xor maskanda,
Zor qaqshab yig‘laydi muslim daraxtlar.
Tavba
Tug‘ilgan edim men
Yorug‘ yuz bilan,
Muslimlik bor edi fitratim aro.
Ming yildir tazarru qilmadim dildan,
Ming yildir yashadim Ishqdan mosuvo.
Gunohlar gulladi boshimda manim,
Mustahiq bo‘ldimmi qahringga, yo Rab,
Harom og‘ushlarda bulg‘andi tanim,
Ko‘r bo‘ldim kasofat kaslarga qarab.
Kimlarni suydimu,
Qildim iltijo,
Kimlarning yuziga boqdim surlanib,
Toqatlarim to‘zib bo‘lganda ado,
Chalajon loshimni bazo‘r sudradim.
O‘ldi Ishq,
Yuraklar urhosi tindi,
Ko‘ksimda nafarmon gullar so‘ldimi,
G‘ayurlar ichinda
G‘ayurlik qildim,
Nokaslar ichinda nokas bo‘ldimmi?..
Bilmadim,
Zalolat, zulmatlar aro
Qalbimni tark etdi iymon nurlari.
Bir so‘z izlayurman men motamsaro,
To‘rvasin yo‘qotgan ko‘r gado kabi.
Gumrohlik anqigan tunlar qa’rida
Bir najot axtarib o‘rtanar qalbim.
Taborak surasin oyatlariday
Tabarruk bir so‘zni topmadim, Tangrim.
Endi ko‘z o‘ngimda
Qartayar kunlar,
O‘layotgan gadoday yuraklar yupun.
Endi qaytarmikan ul yorug‘ nurlar
Ko‘zimga tuproqlar to‘lmasdan burun…
Shukroni ne’mat
Yaxshiyam xalq bordir,
Bir daydi
O‘qqa uchrab yiqilsang agar.
Go‘shtingni qashqirlar yemaydi,
Ko‘zingni cho‘qimas qarg‘alar.
Jannatdan quvilgan Odamday
O‘z uyingga sig‘massan biroq
Yaxshiyamki, bordir shu damda
Jasadingni sig‘dirgan tuproq.
Umidsizlik
Xo‘rliklar bitmadi, bu purg‘am
Tuproqqa badduo tekkanday.
Chidar endi qirq biriga ham
Qirqiga bardoshi yetganlar.
Erkni orzu qilmas og‘uday
Qashshoqlikni sipqorgan erlar.
Qullar chiqar o‘z tuprog‘ida
Qorni nonga to‘ymagan eldan.
Munojot
Tangrim, afu etgil,
Alamzadaman,
Bir xunuk g‘am yetdi dilning tubiga.
Barchaga tik boqib o‘sgan bandaman
Nokaslar yurtida,
Xorlar yurtida.
Ruhimni bodlarga chulg‘ab yashadim,
Daraxtlar dardini ilg‘asin bir dam.
Boshimdan ziyoda bo‘lsa ham dardim,
Harom og‘ushlarga bo‘lmadim mahram.
Ba’zan gunoh qildim,
Quloq solmadim
Ko‘ksimda titragan dil faryodiga.
Tavba qilsam faqat o‘zingga qildim,
Yolvorsam, yolvordim sening poyingda.
Bukun erta tongdan
Hasratga to‘lib,
Chorladim yetti yot halovatlarni.
Kimga tashlay axir boshimdan olib,
Boshimga yog‘ilgan malomatlarni?..
Tangrim, afu etgil
Alamzadaman,
Hech kimga ishonmay dil faryodini,
Barchaga tik boqib o‘sgan bandaman
Faqat senga aytib munojotimni.
* * *
O‘zim bilan o‘zim
Qoldim daf’atan,
Meni tushunganlar yo‘qoldi izsiz.
Evoh, aftodahol turgan daraxtlar,
Hech qachon siz meni anglayolmaysiz.
O‘zi nima gunoh qildim,
Erta kech
Bir butun ko‘ngilni qilgandim orzu.
Xudodan o‘zgaga sig‘inmadim hech,
Hech kimga yomonlik sog‘inmadimku.
Ko‘ksimni titratgan bir dardchil sado
Bo‘g‘zimni kuydirdi, mardona turdim.
Bir sohibi ko‘ngil bo‘lsaydi, hatto
Etagida ming yil namoz o‘qirdim.
Tobora tubanlab
Bormoqda qadrim,
Nechun yasholmadim bir zum xotirjam.
Men uni hammadan ko‘proq sevardim,
Uni deb o‘ksinib yig‘lolmasam ham.
Bir ko‘ngil qolmadi
Borsam daraklab,
Ko‘ksimga boshini qo‘yguvchi so‘zsiz.
Evoh, aftodahol turgan daraxtlar,
Hech qachon siz meni anglayolmaysiz.
* * *
Tirildim
Tuproqning qat qabatida
Ildizlar to‘lg‘onib ko‘z yorar kunlar.
Kechdim bir umrlik halovatimdan
Qalbim chulg‘aganda muazzam nurlar.
Tirildim,
Yuragim ulg‘ayar, yo Rab,
Titroqqa to‘ldirar jonu jismimni.
Bedor kechayotgan tunlarga qarab,
Eslayman darbadar, ko‘r kechmishimni.
Bu ko‘zlar bunchalar g‘amgindir,evoh,
Osoyish topmasman
Endi tuproqday.
Suydim bu ko‘zlarni
Xudoyim guvoh
Ildizlar to‘lg‘onib ko‘z yorar chog‘da.
Endi yurak yutib, icharman qasam,
Takrorlab muazzam daraxtlar ismin.
Qiyomatga qadar umid uzmasman,
Umid uzilguncha jonim uzilsin.
Boqarsan,
Ko‘zlaring giryon bu darddan,
Lablaring shivirin tinglayurman jim.
Sen yig‘lama,
Shahvat, sharoratlardan
Zada bo‘lgan manim qalbim yig‘lasin.
Bu nurlar pokdomon,
Bu nurlar alvon,
Yiroqdir g‘ayurlar,
Yot nigohlardan.
Qonimda gizlamas endi qahraton,
Xalosman urholar ohu vohlardan.
Endi o‘lmay turib
Ketmasman yiroq,
Mayli halovatsiz kechsa ham tunlar.
Qiyomatga qadar porlasin biroq
Qalbimni yoritgan muazzam nurlar…
* * *
Har nafas musulmon millatim dedim.
Shavkat Rahmon.
Qiyomatni kutar tuproqlar unsiz,
Ishqdan ayro tushgan yuraklar o‘lgan.
Birgina begunoh bordir shubhasiz,
Birgina Qudrat bor pok Yazdon degan.
Qurtu qumursqalar urchigan kunda
Iymon gavharlari xomtalosh bo‘lgan.
Gumrohlar avliyo bo‘lgan zaminda
Birgina Hikmat bor Al Qur’on degan.
Xudodan bexabar bechoralar bor,
Millat deb bir- birin go‘shtini yegan.
Kezi kelsa ayting u nokaslarga
Birgina Millat bor Musulmon degan.
OPAM NAFISAGA
Umidimni yetaklab keldim,
Ostonada turibmiz birga.
A.Qutbiddin
Mening borim
Sening ko‘zlaringga teng,
Bugun borayapman baridan hatlab.
Quvon, eshigingni qoqib borsam men,
Tiriklikni nodon do‘stday yetaklab.
Quvongin, sen mening dardimni tuyma,
Mayli,
Dorilomon kezar ko‘zlarimda mung.
Mushtiparim mening holimga kuyma,
Qadrimga yig‘lama, azizam mening.
Qadrimga yig‘lamay qo‘yganman,
Hamon
Ko‘z yoshim qadrlab she’rlar to‘qiyman
Endi gunohimni yuvgali har tong
Etagingda namoz o‘qiyman.
O‘z baxtimni so‘rayman shunda,
Bermasman hech taqdirimga tan.
Men bilaman, eng og‘ir kunda
Birov kechirmasa, sen kechirgaysan.
Karomat qilgaysan
Mening baxtimdan.
Mening toleimdan so‘ylaysan ertak.
Men ham ishonaman quvonib zimdan,
Har holda baxtga yor bo‘lolsam kerak.
Mening baxtim
Sening ko‘zlaringga teng,
Bukun borayapman baridan hatlab.
Quvon, eshigingni qoqib borsam men
Tiriklikni itday yetaklab…
* * *
Qayga ham ketardim,
Va sensiz kimning
Oshiyon etardim ko‘ngil to‘rini.
Seni izlab, sendayin muzlab,
Men o‘tkazdim sarson umrimning,
Sargardon umrimning salkam yarmini.
Men hamon izlayman ikki qatra nur,
Zulmatlar oralab sen nega jimsan?..
Sen menga oy kabi qadrdon axir,
Sen mening tuproqday mehribonimsan.
Bu kecha to‘kilar eng so‘nggi xazon,
Halovatsiz tunlar dastidan nolib.
Mudragan bog‘larni o‘rar qahraton
Kiftidan to‘zg‘igan choponin olib.
Bu kecha ming yillik toqatlar bekor,
Iblisday qoraygan osmonlar g‘anim.
Bu kecha darbadar umrimda ilk bor
Qo‘rqaman zulmatda yolg‘iz qolgani.
Qayga ham ketardim,
Mudragan bog‘da
Meni chorlayotgan qaynoq nafasdan.
Men kelaman bizga tanish so‘qmoqdan,
Men kelaman hatto bahor kelmasdan.