Shermurod Subhon 1966 yilda Buxoro viloyati, Mohi-Xossa qo‘rg‘onida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tugatgan. 1992-1996 yillarda Istambul universitetining adabiyot fakulteti magistraturasida tahsil olgan. “She’riyat iqlimi” kitobi muallifi. “Guliston” jurnalida ishlaydi.
ISTAK
Istar edim yonimda bo‘lsang
Chiqmagan kabi yodimdan aslo.
Istar edim sog‘inib yasha
Qo‘msagan misol men seni intiq.
Istar edim men uchun bor bo‘l
Yashaganimdek men seni deya.
OLQISh
Kunning avzoyi buzuq
G‘oyib bo‘lmish quyosh qaygadir
Chaqmoq chaqa boshladi mana.
Talvasaga tushdi ko‘k
Taraddudda qoldi bulutlar
Va yomg‘ir quydi nihoyat.
Derazalar yopildi, yopildi eshik
Kimdir tong qotar ko‘chaga boqib
Kimdir titraydi dir-dir.
Ajib tomosha: ichkarida qish,
Tashqarida esa
Gulduros qarsak yog‘ar…
TUN
Tun.
Kezaman yolg‘iz.
Boshim uzra ko‘k
Elar qorini.
Na bir sharpa tasalli,
Na bir shitir taskindir.
Ko‘z tekkanga o‘xshaydi
Oyga bu kecha.
Tun-qizg‘anchiq malak.
Quyoshni yerga ko‘mib,
Yashirding ayt
Ul oyni qayon…
OYNA
Qani edi oynang bo‘lsaydim o‘sha:
Har tong turib qarab qo‘yganing,
Yokim yoningda olib yurganing.
Qani edi oynang bo‘lsaydim o‘sha:
Ko‘zlaringga,
Yuzlaringga,
Lablaringga yaqin tutganing…
QOR
Qor yog‘moqda, raqqosa qor,
Tushayotir ko‘kdan farishta.
Behudamish chopqillamoq,
Behudamish quvonchim.
Silasam-da boshini,
Suyib har qancha,
Ko‘nikolmadi u
Qo‘lim taftiga…
GO‘ZALLIK IFODASI
Go‘zallik — quroling sening
O‘ldirmoqqa shay.
Qiynar meni
Firoq emas
Husnu jamoling.
Ruxsoringga
Hayron o‘zim,
Lol bo‘lmagay kim.
Ta’rifingga bormi axir
Loyiq bir so‘z,
Loyiq ifoda.
* * *
Siz oy bo‘lasiz-u
Oydin tortmasmi yurak
Nigohingizdan
Sizni sevmay bo‘lurmi axir
Siz g‘am cheksangiz
Ozurdadir jon
Shodligingiz shod etar meni
Behudagami sizdan
Kutganim vafo
Kimga atalmish mehru
Muhabbatingiz
Quvonch yetar ko‘pga sizdan
Menga-chi ozor…
* * *
Qiziq — deding — bunchalar g‘alat
Yoningda tursamda men
Ayriliq haqda yonib
She’rlar yozsang sen
Qiziq — deding — bunchalar g‘alat
va yana erk deya tag‘in
She’rlar yozsang sen
Yashab turib hur —
O‘zbekistonda….
* * *
Tun o‘tmoqda
O‘tmoqda kecha
Hademay tong otadi
Kun chiqadi hademay.
Tong buyuk marradir
Ulkan bir eafar
Kimdir yetar tonggacha
Etolmas kimdir…
* * *
Tong otadi
Portlaydi sukunat
Kirib kelar asta kun
Uyqum qochadi mening
Men qochaman uyqudan
Yorisharkan tong kabi
Tobora shuur
Tong otadi
Uyg‘otar meni
Uning bu fikri…
* * *
qoyil senga ey oyna qoyil
beminnatdir surat chizmog‘ing
mohirona o‘chirmog‘ing ham…
* * *
ayt kimni ko‘rding
shoshqaloqsan nega
buncha yuragim…
ketishingni kutmagan edim
qaytishingni kutganim kutgan.
* * *
kun bo‘ldi: kun bo‘ldi tunim
kun bo‘ldi: tun bo‘ldi kunim..
* * *
xato qilding sevib bir
sevmayin ikki…
* * *
yonimda eding-ku.
kecha tushimda…
* * *
menga senga yo‘l bo‘lsin?!
* * *
o‘g‘ri kabi poylayman ko‘zing…
* * *
do‘st topolmadim soyadek sodiq
qil o‘tmas hatto oradan
menga ishonib yashaydi soya
men esa bu yurakka…
* * *
tush — navbatdagi yolg‘on
aytmasman seni hatto suvga ham
o‘ngimda uxlaydi
ul suv parisi…
* * *
siz osmonga bir boqsangiz bas
soyaga aylanar shu’la
siz oynaga boqsangiz bormi
shu’laga aylanar soya…
* * *
sen ketding
she’rkeldi
xayr, alvido!
* * *
ayriliq
qani endi bunga
ko‘nsa hech yurak…
* * *
yonib yashamoqni tun
o‘rgatadi oy
oy — tutingan do‘stim.
* * *
qor yog‘moqchi
uchqunlamoqchi
qor kabi fikr.