1962 yilda Nishon tumanida tug‘ilgan. Shifokor. Adabiyot va san’at ixlosmandi. Shoirning “Inson aziz” deb nomlangan to‘plami chop etilgan.
VATAN BO‘LMASA
Toleing so‘qirdir, baxt kulib boqmas,
Mavj urgan daryolar sen tomon oqmas.
Eng ajib navolar, sozlar ham yoqmas,
Peshonangga bitgan Vatan bo‘lmasa.
Qasrlar kulbadir, bog‘lar tikanzor,
Har qadamda o‘kinch, har yerda xor-zor.
Boyliging, davlating hammasi bekor,
Peshonangga bitgan Vatan bo‘lmasa.
Bag‘ringga bosolmaysan chinorini sen,
Ko‘zingga surtolmaysan minorini sen,
Bo‘yningga osolmaysan tumorini sen,
Peshonangga bitgan Vatan bo‘lmasa.
Tunlaring xavotir, uxlashing notinch,
Yurakda ming alam va shuncha o‘kinch,
Kunlaring o‘tmagay osuda va tinch,
Peshonangga bitgan Vatan bo‘lmasa.
Vatandosh deb senga uzatmaslar choy,
Bevatanning doim bitta qo‘li loy.
Hatto qabristondan bermagaylar joy,
Peshonangga bitgan Vatan bo‘lmasa.
Alamdan yuraging toshadi to‘lib,
Qarimasdan burun qolarsan so‘lib.
Ming marta yaxshidir ketmoqlik o‘lib,
Yashagandan ko‘ra Vatansiz bo‘lib.
NOShUKURLIK QILMA
Ko‘zlaring olamni ko‘rib turganda,
Yuraging hapqirib urib turganda,
Baxt-iqbol senga yuz burib turganda,
Ayt, yana sen nimani istaysan o‘zi,
Shunchalar so‘qirmi qalbingning ko‘zi?
Kechayu bugunni qiyoslab qara,
Orada osmonu yercha farq bor-a,
Nihoyat bitdi-ku qalbdagi yara,
Ayt, yana sen nimani istaysan o‘zi,
Shunchalar so‘qirmi qalbingning ko‘zi?
Kichkina kulbada yashab yurding sen,
Shunda ham indamay shukur qilding sen,
Bugun-chi, hayhotday qasr qurding sen,
Ayt, yana sen nimani istaysan o‘zi,
Shunchalar so‘qirmi qalbingning ko‘zi?
Bir paytlar xor edik, esiz va esiz,
Umrlar o‘tgandi nomsiz va izsiz,
Bugun dunyo birkam O‘zbekistonsiz,
Ayt, yana sen nimani istaysan o‘zi,
Shunchalar so‘qirmi qalbingning ko‘zi?
Nolishni yig‘ishtir tez, o‘rningdan tur,
Yaxshilarga qo‘shil, oldga qarab yur,
Tavba et Allohga va qilgin shukur,
Ayt, yana sen nimani istaysan o‘zi,
Shunchalar so‘qirmi qalbingning ko‘zi?