Shavkat Jo‘rabek 1983 yil Buxoro viloyati Kogon tumanida tug‘ilgan. Uning “Ikkimizdan qolgan xotira” nomli ilk she’riy to‘plami nashrdan chiqqan. She’rlari Respublika gazeta va jurnallarida chop etilib kelinmoqda.
BIRINChI KITOB
Birinchi kitobim.
Havasdir?
Balkim?!
Undan bir toza so‘z topgim keladi.
Birinchi kitobim,
Xatoim manim,
Goh uni tandirda yoqqim keladi!..
Birinchi kitobim,
Sevgi, ehtiros,
Arzir-arzimasga yozaverganim.
Birinchi kitobim —
Hayf ketgan qog‘oz,
To‘pori —
Behuda to‘zaverganim.
Qo‘limga oliboq kitobim shu on,
O‘zimga taskin-la aylayman xitob:
Birinchi kitobim, yaxshimi, yomon,
Menga shoir nomin bergan ilk kitob.
Birinchi kitobim — birinchi kitob!
VATAN
Gar sendan nolisam uvoldir umrim,
Sen bilan paydodir qudratim, qurbim,
Har qarich xokingni ko‘zimga surdim,
G‘ubor-gardlaringni sevaman, Vatan!
Toza tuprog‘ingga yo‘lamas xatar,
Ozod osmoningda porlagay qamar,
Navoiydan Orif Abdullo qadar
Bayot-baytlaringni sevaman, Vatan!
Bobolardan meros — nomus, or, g‘urur,
Bizdan avlodlarga eltasan surur,
Toleingga mudom baxsh aylagan nur
Yorqin manglayingni sevaman, Vatan!
Chora axtarmasman o‘zimga chetdan,
Istiqloling murod-maqsadga yetgan,
Har bir nafasimga hayot baxsh etgan
Tirik dardlaringni sevaman, Vatan!
ShUKRONA AYT!
Sajda ayla! Cho‘k muqaddas tuproqqa tiz,
Qoldir ko‘ngil ko‘chasida nurafshon iz,
O‘zligingni qilmoq uchun bir lahza his,
Shoshil, do‘stim, shukrona ayt, shukrona ayt!
O‘tgan kuning, bugunga boq, ertangga boq,
Yo‘llaringda yonsin umid yanglig‘ chiroq,
Toki olam ichra bordir vaslu firoq,
Shoshil, do‘stim, shukrona ayt, shukrona ayt!
Kin, g‘arazlar qalbni aylar nochor, yupun,
Iymoningni iblislardan asra butun,
Muqaddas yurt kelajagin ko‘rmoq uchun,
Shoshil, do‘stim, shukrona ayt, shukrona ayt!
Bolam deya, yurtim deya kuygan bu el,
Danagidan mag‘zin ustun qo‘ygan bu el,
Millatini, o‘zligini suygan bu el,
Shoshil, do‘stim, shukrona ayt, shukrona ayt!
Osmonimiz o‘rtanmasin dard alamda,
Ona Yerni suydim, jon bor to tanamda,
Bundan ortiq ne kerakdir? Har qadamda,
Shoshil, do‘stim, shukrona ayt, shukrona ayt!
SAFARI QARIDI XAYoLLARIMNING
Ilohiy sururdan chunon zavq olib,
To‘rt misra she’r yozmoq etdim ixtiyor.
Vujudim ruhlanib, ruhim jonlanib,
Zavqu shavq hushimni etdi beqaror.
Jannatiy bog‘larda kezib yuragndi,
Tuyg‘ular parqini chiqarib qanot.
Taassuf, bir shirin tush edi bari,
Nogahon egardan tushdi xayolot.
Safari qaridi xayollarimning,
Ul behisht manzilgan qaytmas, ehtimol…
Cho‘chitib qo‘ygandi ilhom pariysin,
Nogahon eshikni keng ochgan shamol.
ChUMChUQLAR…
O‘troqi qushlarga qilaman havas,
Izg‘irin, sovuqdan ketmaslar uchib.
Oshyonin bilishar cho‘ng va muqaddas,
Yasharlar osmonu falakni quchib.
Xiyonat qilishmas o‘lgunicha to,
Sha’niga tushirmas zarracha bir dog‘.
Malomat toshini otishmas, illo
Ular bir-biriga qazimaydi choh.
Tariqsiz o‘tsada, kunlari – beg‘am,
Toqatda sabrli, nafsiga sobit.
Shu jikkak jussada, shijoat bilan,
O‘z inin asrashga turishar zobit.
Naqadar beozor, mo‘jaz mavjudot,
Shu qadar fayziyob… hayratim oshar.
Chumchuqlar maqsadsiz qoqishmas qanot,
Chumchuqlar behuda chirq etmay yashar.
Tong-sahar chug‘urlab kuylashar qo‘shiq,
Qalbimni mahliyo aylar shirin sas.
Havasim kelmasin, aytingiz, nechuk.
O‘troqi qushlarga qilamayin havas?..
SADOQAT
Sadoqat — quvonchdir!
Titragan dil, lab,
Mehr-muhabbatga erishmoq, visol.
Sadoqat shundayki, Miliard yillab,
Qorni quchib turgan cho‘qqilar misol.
Sadoqat — ishonchdir!
Yo‘qlamas kinni,
Hayotning rangba-rang nafasi, ta’mi.
Sadoqat shundayki, Ona zaminni,
O‘rab avaylagan ozon qatlami.
Sadoqat — bahordir!
Gullar erta-kech,
Insonning beg‘ubor bolaligiday.
Sadoqat ko‘ngildan ayrilmaydi hech,
Et bilan tirnoqning oralig‘iday.
Sadoqat — Quyoshdir!
Samo gulxani,
Nuridan ungan yer tuprog‘i, toshi.
Sadoqat — go‘yoki to‘lgan oy kabi,
Tugab borayotgan yerning bardoshi…
KUZ VA BAHOR ORALIG‘IDA…
Vafo FAYZULLOga nazira
Yurak ishqdan tag‘in quvondi,
Kuygan edi avval dog‘ida.
Qalbda tanish hislar uyg‘ondi,
Kuz va bahor oralig‘ida.
Shabbodalar behadik yeldi,
O‘zni toblab oftob tig‘ida.
Oq orzular qopladi yerni,
Kuz va bahor oralig‘ida.
Zulmat yodi uyg‘onmas, karaxt,
Oymomaning pora dilida…
Kurtak otdi barg to‘kkan daraxt,
Kuz va bahor oralig‘ida.
Armon o‘zin oshkor etgandi,
Xotirotlar qorachig‘ida.
Qalbda qorlar erib ketgandi,
Kuz va bahor oralig‘ida.
Sog‘inch ezar ma’yus ko‘ngilni,
Qo‘shiq boshlab qushlar tilida.
Ko‘rganmisiz gullagan gulni
Kuz va bahor oralig‘ida?..
* * *
Ko‘rdim, borardi bir chumoli behol,
Tashirdi bir bug‘doy donasin qirdan.
Bosib olmoqlikni qilgandim xayol,
Ollohning qudratin esladim birdan.
Rizqim ilinjida chopsam behadik,
Talpinsam har lahza luqma, donimga.
Nogoh xatar yetsa chumolichalik,
Kimdir achinarmi maning jonimga?!.
OQShOM SEHRI
Shamol daraxtlarning yaprog‘in silar,
Chayqaladi shoxlar o‘ng-u so‘l tomon.
Quyosh nuri tekkan barglar qaltirar,
Osmon jismi ichra jimirlaydi jon.
Chaqmoqlar qamchilar bulut galasin,
To‘kiladi yerga undagi ko‘z yosh.
Adrlar ustida yomg‘ir to‘dasi,
Ko‘lmakni oynadek yoritar Quyosh.
Ko‘k uzra saf tortar turnalar qator,
O‘sma tortgan qizning qoshiday yoli.
Quyosh ham cho‘kadi pastga beqaror,
Qizaradi ufq tandir misoli.
Sut emgan go‘dakdek to‘yinar dala,
Shodon chug‘urlashar nag‘magar qushlar.
Allalaydi oqshom kun botgan palla,
Er uyquda ko‘rar samoviy tushlar…
* * *
Tongga peshvoz chiqdi ona Tabiat,
Yomg‘ir yog‘ar edi mayin, bejirim.
Tomirida kezib yashnoq bir niyat,
Maysalar sochini silkitardi jim.
Solih banda kabi qiroat etib,
Shivirlar musofir, g‘arib shamollar.
Xotiralar uzra mahzun bosh egib,
Fursatni titkilar sarg‘ish xayollar.
Quyosh goh berkinib, goho nur sochib,
Kechayu kunduzni bir-bir varaqlar.
Mehnatkash qo‘llarin duoga ochib…
Bomdodni qarshilar mo‘min daraxtlar.
Ayriliq izlari qolgan ko‘chalar
Yurakka ulaydi yo‘lning so‘ngini.
Er rahmat suviga bag‘rin bo‘shatar,
Bulutlar bo‘shatar to‘lgan ko‘nglini…
SEVAMAN DENG
Pinhon sevib, sanaysiz kunni,
Avrab dilda qo‘pgan jununni,
Ba’zan, tongga ulaysiz tunni…
Sevaman degan, hali kech emas!
Muhabbatning ko‘ngil pok, nafis,
Dilda hijron qoldirmasin iz,
O‘tinch ila boring, cho‘kib tiz
Sevaman deng, hali kech emas!
Soching dildan taralgan nurni,
Xor aylamang baxtu sururni,
G‘am yutgancha, yengib g‘ururni
Sevaman deng, hali kech emas!
Orzu aylang bedor bo‘lmakni,
Daryo bilmang jimjit ko‘lmakni,
Zaxga berib yotmang ko‘krakni,
Sevaman deng, hali kech emas!
Ishq ahliga yor ekan armon,
Bahoringiz bo‘lmasin xazon,
To bor ekan tanangizda jon,
Sevaman deng, hali kech emas!
YuSUF ALAYHISSALOM QISSASI
Otasi suyardi kenja o‘g‘lini…
Hajrida yosh to‘kib yig‘lardi yum-yum.
So‘ndirmoq bo‘lishdi dilda cho‘g‘ini,
Biroq, umidini uzmadi bir zum.
O‘ldirmoq bo‘lishdi uni og‘alar,
Badjahl, badniyat, iymonlari qulf.
Olloh amri bilan chekindi xatar,
Yana tirik qoldi payg‘ambar Yusuf.
To‘zg‘itib zulmatning g‘aliz pardasin,
Nogoh yetib keldi qandaydir panoh.
Garchand tashna edi qonga g‘araz, kin,
Garchand tubsiz edi Yusuf yotgan choh…
So‘ngra payg‘ambarni quldek sotdilar,
Parvardigor edi bu sirdan ogoh.
Og‘alar g‘ariblik zahrin totdilar,
Yusuf o‘zga yurtda bo‘ldi shahanshoh.
Ushaldi umidga burkangan orzu,
Farzandin xush atri bo‘lganda ravo.
Yusuf diydoridan taralgan yog‘du,
Ya’qubning ko‘zigan nur etmish ato…
Derlar: kushoyishlar kaliti – sabr,
Tiriklik sabr ila yorishgan kundir.
Bandasi qanchalar qilmasin makr,
Ollohning tadbiri undan ustundir!..
NIMA QILAMIZ?
Bolday tuyuladi – ichsak ham zahar,
Har kun g‘ayb mulkidan kutgaymiz xabar,
Beg‘amu beorlar uchrasa agar,
G‘ashlaymiz ko‘ngilni…
Nima qilamiz?
Bo‘ysunmas zamonning rasmu rusmiga,
Intilar zulmatdan sog‘inch subhiga,
Hamisha toshbag‘ir taqdir hukmiga
Tashlaymiz ko‘ngilni…
Nima qilamiz?
Toki tan o‘lsa ham qaytsin hayotga,
O‘lguncha talpinar Yolg‘iz najotga,
Yovuz aql bilan qirg‘inbarotga
Boshlaymiz ko‘ngilni…
Nima qilamiz?
Biri ikki bo‘lmas, doim biri kam,
Ikki dunyo bo‘lar, ba’zan bir qadam,
Chil-chil singanda ham, bo‘shaganda ham
Asraymiz ko‘ngilni…
Nima qilamiz?
* * *
Oy nurin kulbaga erinib
Taratar,
Sukunat hukmron.
Termulib olovli jilvaga
Hasratin to‘kadi bir juvon.
Juvonning za’faron rangin jim
Yoritar sham nuri qiynalib.
Sizardi olovli ko‘zidan
Shamning ko‘z yoshlari iymanib.
Deraza tomondan shabboda
Kezardi uy ichra ohista.
Titkilar xotira daftarin
Eng shirin tuyg‘ular olisda.
Xotira jonlanar bir nafas,
Ajib his jumbushga keladi.
Sham nuri juvonga raqs etar,
Kulbada yorug‘lik kezadi.
Bu kulba ichida armon bor,
Bor juvon qalbida bir savol.
O‘ltirar kelgandek dunyo tor —
Kulbaning ichida bir ayol…
* * *
Kutilmagan bir falokat sodir bo‘lganday,
Har g‘animat ko‘ngil yig‘lab, oh chekar beun.
Bu valangor muhit ichra nechuk o‘rtanmay?
Bu qoraygan arosatda kuyinmay nechun?
Egik boshlar ko‘tarilmas bir zum balandga,
Har qadamda kezib yurar sovuq nafaslar.
Xusumatlar puchmog‘ida olar alanga,
Jismimizni yondirguvchi hoyu havaslar.
Chorasizlik qurshovida qolgan choralar
Haroratsiz go‘shalarda jimjit surar o‘y.
Ildizidan judo bo‘lgan nochor novdalar
Bexavotir samolarga cho‘zarmikan bo‘y?
Hanuz g‘araz, nafs qaqshatar dilni, suyakni,
Hanuz iblis tuzog‘ida tipirchilar qalb.
Shovqinzorga odatlangan yolg‘iz yurakni
Sukunatning sokin bag‘ri aylarmikan jalb?
Vayronaday to‘zg‘ib yotar arzu samoda
Kuli ko‘kka sovurilgan boqiy tarannum.
Mehr qo‘li ham muallaq qolmish havoda,
Qayda qoldi soxtalikdan bezgan tabassum?
Qani ko‘ngil maqomiga borib yetganlar,
Haq hukmini har narsadan bilguvchi aziz?
Dimog‘lari g‘aliz hidga to‘lib ketganlar
Pok, ilohiy ishq atrini etolgaymi his?
Oqibatni ko‘rolmagan umrimiz aro
Bir kun yuzlar qibla tomon qaratilgaydir.
Har savolga G‘aybdan kelar o‘tli bir nido:
“Poklik, faqat, poklar uchun yaratilgaydir…”
* Oxirgi satr Qur’ondagi bir oyatga ishora.
SOG‘ KO‘NGILDA XUDO YaShAYDI…
Nogironlik nadir?
Mendan so‘r,
Ne nuqsonlar ko‘zlardan nihon.
Kimlarningdir ko‘zi ochiq — ko‘r,
Kimlarningdir qalbi nogiron.
Hayotida nur ko‘rmagandek,
Qalbi ko‘rlar qilsinlar armon.
Bu dunyosi naqshinkordir, lek,
U dunyosi vayrondan vayron.
Ko‘rmaysanmi yon-atrof — zabun,
Shaytonqiliq, to‘ng‘izfe’llardan.
Ko‘ngli sog‘lar borligi uchun,
Bahor qaytar olis yerlardan.
O‘zni noqis bilma hech qachon,
Dunyo shudir — doim biri kam.
Oshiq dillar majruhdir azal,
Dardsiz bo‘lmas shoir zoti ham.
Haq nuri bor g‘amgin dillarda,
Suyganiga dard bergay Xudo.
Qo‘l-oyoqdan ayirganda ham,
Sog‘ ko‘ngildan qilmasin judo.
O‘kinmagin, toqating to‘lsa,
Dilga bir kun baxt gul qadaydi.
Sog‘lom tanda sog‘ aql bo‘lsa,
Sog‘ ko‘ngilda Xudo yashaydi…
SEVARMAN
Bir-bir terdim Xudo bergan rizqimni,
O‘zimni yo‘qotib topdim ishqimni,
Shavkat deb atarlar garchand ismimni,
Men Sizni shonimdan ortiq sevarman.
Gulzorni ta’riflab bo‘larmi gulsiz?
Kim cho‘g‘ni tutolgay kaftida kulsiz?
Fursatlar qoshida horg‘in cho‘qib tiz,
Sizni har onimdan ortiq sevarman.
Axtardim ko‘nglimda o‘sgan bir hisni,
Novdaday har nafas tuydim ildizni,
Dunyoda eng yorug‘ dunyoday Sizni
Ikki jahonimdan ortiq sevarman.
Junun sahrosida kezdim beqaror,
Borlig‘im siz tomon talpinar, ey, yor,
Sizni ko‘nglim holin aylagan oshkor
Baytu bayonimdan ortiq sevarman.
Umrim poymonasi bir kun to‘lsa ham,
Ruh mangu yashaydi vujud so‘lsa ham.
Bir jonga bir o‘lim, shirin bo‘lsa ham,
Men sizni jonimdan ortiq sevarman.
* * *
Sevgi o‘tkinchidir, ohlar — omonat,
Jarohat, alamlar, dog‘lar — omonat,
Dilni ishq o‘rtagan chog‘lar — omonat,
Siz menga do‘st kabi yoqasiz, xolos.
Muhabbat yo‘llari tuyulgay yiroq,
Ozor bergay oniy ayriliq, firoq,
Sizni ko‘rgim kelar har lahza, biroq
Siz menga do‘st kabi yoqasiz, xolos.
Do‘st mehri eng so‘nggi panoh emasmi?
Beta’ma nigohlar guvoh emasmi?
Do‘stlikdan ortig‘i gunoh emasmi?
Siz menga do‘st kabi yoqasiz, xolos.
Garchi bo‘ysunamiz yurak amriga,
Xiyonat begona ko‘ngil ahliga,
Do‘stona muhabbat bo‘lsa, mayliga,
Siz menga do‘st kabi yoqasiz, xolos.
Huda-behudaga qilmasmiz araz,
Dilda qaror topmas o‘tkinchi havas,
Ko‘ngillar ko‘ngilga yaqin, har nafas
Siz menga do‘st kabi yoqasiz, xolos.
Do‘stlik muhabbatga aylansa agar,
Do‘st bo‘ldik bizlar to‘y o‘tgunga qadar,
Bosh egib aytasiz har shomu sahar:
— Axir, biz do‘st edik, do‘st edik, xolos…
KO‘NGIL QARIMAYDI…
Dildan qayg‘u, quvonch arib ketsa ham,
Fursat borimizni g‘ajib ketsa ham,
Biz ko‘ngil qo‘yganlar qarib ketsa ham,
Ko‘ngil qarimaydi, ko‘ngil qarimas!
Haqiqat axtarar, ba’zan, xatodan,
Qaro yerda turib so‘ylar samodan,
Bizga me’ros o‘shal Odam Atodan
Ko‘ngil qarimaydi, ko‘ngil qarimas!
Orzu-armon erur Yorning visoli,
Ishqning goh to‘lin oy, gahi hiloli,
Ummon tubidagi durlar misoli
Ko‘ngil qarimaydi, ko‘ngil qarimas!
Ishqu muhabbatdan bo‘lgandir paydo,
Tinmay boshimizga yog‘dirar savdo,
Hatto, maloikni aylagan shaydo
Ko‘ngil qarimaydi, ko‘ngil qarimas!
Tosh uzra o‘yilgay bir kun ismimiz,
Zero, biz Butunning bitta qismimiz,
Qartayib ketsa ham butkul jismimiz,
Ko‘ngil qarimaydi, ko‘ngil qarimas!
AGAR SIZ OLLOHGA ShUKR QILSANGIZ
Ey, mo‘min-muslimlar, Odam avlodi,
Osmonga yetgaydir olam faryodi,
Xayoldan o‘chmagay jannatning yodi,
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz.
Sajdaga bosh qo‘ying, yosh to‘lsa ko‘zda,
Yurakda bori aks etadi so‘zda,
Tangrining qudratin his etib o‘zda
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz..
Bedorlik baxsh etar Qadrning tuni,
Sabrdan sabotni izlang har kuni,
Minalhaq desangiz topgaysiz Uni,
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz.
Dilni poklaguvchi azobingiz bor,
Gunohdan yuz burgan savobingiz bor,
So‘nggi kun hukmiga javobingiz bor,
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz.
Sabru toqat aylang, kamdan nolimang,
Xastalik kelgan har damdan nolimang,
Haq ato aylagan g‘amdan nolimang,
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz.
Gar balo yog‘ilsa iymondir qalqon,
Jonlar arosatda bo‘lmagay sarson,
Haqdan “labbayk” kelar, “Yo, Rab” deb har on
Agar siz Ollohga shukr qilsangiz.
* * *
Bir qarasang — farosatdan so‘zlaydi u,
Bir qarasang — ibodatdan xoli iymon.
Tug‘ilganda qadam bosib ulg‘aydi-yu,
To o‘lguncha tili bilan chopar inson.
Hecham pastlab yurolmaydi dor o‘lgurdan,
So‘zi g‘iybat, o‘zi g‘iybat, kibri osmon.
Gar boshiga balo kelsa til qurg‘urdan,
Oyoqlarin qo‘lga olib qochar inson.
Ezgu zotlar bir-birini izlab topmas,
Nobakorlar bir-biridan topgay nishon.
Kir ko‘ngillar mulki ichra tonglar otmas,
Bir-biriga to hanuz tosh otar inson.
Goh qon so‘rgay, goh non so‘rgay, ko‘ngil so‘rgay,
Savobini oshkor qilgay, aybin nihon.
Umr ko‘rgay, huzur ko‘rgay, jafo ko‘rgay,
Bosar yo‘lin ba’zan ko‘rmay qolar inson.
Go‘zal mehru oqibatlar bo‘lsa uvol,
Bilmas nadir yaxshi-yomon, foyda-ziyon.
Orom olmay, goh qo‘liga olgay qurol,
Ammo, odam nomin qachon olar inson?!.
QANAQA ZAMON BU?..
Vodarig‘, sadaqa tilagan qo‘lmas,
Sadaqa uzatgan qo‘l qaltiraydi.
Odil IKROM
Qanaqa zamon bu?
Haqiqat bilmas,
Tovonga suqulib qil qaltiraydi.
Deydilar:
Haqiqat bukilar, sinmas,
Haqiqatni so‘zlab til qaltiraydi..
Qanaqa zamon bu?
Zaif hukmron,
Ayolning makridan yer qaltiraydi.
Yo balkim keldimi oxira zamon,
Ohuning oldida sher qaltiraydi?
Qanaqa zamon bu?
Mag‘rurlik so‘lsa,
Qoyadan dumalab tosh qaltiraydi.
Erkaklar ayolning ishini qilsa,
Hatto-ki samoda arsh qaltiraydi.
Qanaqa zamon bu?
Uch quyrug‘i yo‘q,
Havo, suv, otash va gil qaltiraydi.
Olimlari tanbal,
Shoirlari to‘q,
Bema’ni so‘zlardan dil qaltiraydi…
YIROQ BO‘LSIN, MAYLIGA, OSMON…
Goh yuksaklik meni aylar lol,
Goh mag‘rurlik tang qilgay holim.
Jismim yerda sudralar behol,
Osmonlarda kezar xayolim.
Talpinaman jannatiy nurga,
Falak menga ato aylar rizq:
Yuragimning osmoni uzra
Tinim bilmay qanot qoqar ishq.
Erda yursam — og‘rib ketar jon,
Tovonga yer botar tosh yanglig‘.
Yiroq bo‘lsin, mayliga, osmon,
Ammo, nega yer buncha qattiq?!..
IShQ HAQIDA YoZMAY QO‘YGANMAN…
Sovuq kundan bahor so‘ramang,
Qaro tundan nahor so‘ramang,
Ko‘ngil so‘rang, ash’or so‘ramang,
Ishq haqida yozmay qo‘yganman.
Dilda ne bor, to‘kay borini,
Tinglang qalbim ohu zorini,
Yozayin deb dil xumorini,
Ishq haqida yozmay qo‘yganman.
Subhidamdan saboni so‘rang,
Shamollardan sadoni so‘rang,
Gunohlardan jazoni so‘rang,
Ishq haqida yozmay qo‘yganman.
Ayriliqqa ko‘nmagay ko‘ngil,
Biryon edim zulmidan — bedil,
Yurak sindi hajrida chil-chil,
Ishq haqida yozmay qo‘yganman.
Yuragimni o‘yganman — ezib,
So‘ng qog‘ozga qo‘yganman yozib.
Sevishimni qolmang deb sezib,
Ishq haqida yozmay qo‘yganman.
AYoLI BOR UYNING…
Xotiring jam bo‘lar kirgan zahoting,
Dilingda halovat topadi qaror.
Gullarga burkanar umring, hayoting,
Ayoli bor uyning farishtasi bor.
Arzigay — joningni aylasang fido,
Qishda ham ko‘nglingda yashnasa bahor.
Baxting kamalakday bergusi jilo,
Ayoli bor uyning farishtasi bor.
Kimdandir mehringni tutmasang darig‘,
Lek ayol mehriga — yetti iqlim zor.
Zulmatni nurafshon etgan nur yanglig‘,
Ayoli bor uyning farishtasi bor.
Xom xayollar bilan ko‘ngil to‘lmaydi,
Toki ko‘ngil ichra ko‘rinmagay yor.
Ayoli yo‘q uyning fayzi bo‘lmaydi,
Ayoli bor uyning farishtasi bor.
Orzularing ko‘kda parvoz etmaydi,
Yo‘ldan urolmaydi shayton — nobakor.
Xudoning bergan eng ulug‘ ne’mati —
Ayoli bor uyning farishtasi bor.
HAQDAN KAROMAT BO‘LMASA
Ko‘ngil ko‘zi bo‘lgay xira,
Insof, adolat bo‘lmasa.
Rizqing ulug‘masdir sira,
Senda saxovat bo‘lmasa.
Har damlaring nursiz, — beun,
Sog‘lik, saodat bo‘lmasa.
Bo‘lmas sira baxting butun,
Dilda halovat bo‘lmasa.
Qalbingni ezmas dard-alam,
Kiynu adovat bo‘lmasa.
Qo‘lga ololmassan qalam,
Haqdan karomat bo‘lmasa.