Shahribonu (1974)

Shahribonu 1974 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Shoiraning “Tanish so‘qmoqlar”, “Lahzadagi mangulik”, “Hislar kamalagi” she’riy to‘plamlari chop etilgan. Ayni paytda, “Diydor aziz” gazetasi muharririyatida faoliyat yuritmoqda.

* * *

Yurakning har bitta zarbi soniya,
Sog‘inch daqiqasi asrlarga teng.
Quyosh mo‘ralagan nurli oyina,
Sening qalbing uyi qasrlarga teng.

Sen bir kun kelasan qushlar ortidan,
Shamollar qo‘lingdan yetaklagancha.
Men berkingan tomon G‘irot otida,
O‘shanda qor yog‘ar elaklagancha.

Xuddi oy misoli ko‘kda toblandim,
Taskinlar izlayman, dilim qovjirar.
Ishq qushin ovlashga chiqqan ovchiman,
Muhabbatsiz, sensiz asli yo‘qman, men.

Ko‘ksimda gul ochdi hijron urug‘i,
Sen bo‘ychan tog‘lardan azim va ulkan.
Men qayga irg‘itay g‘urur qurg‘urni,
Sezdirmay ming bora seni yo‘qladim.

To‘lqinlar o‘ynoqlab, dengiz toshganda,
Sen uchun ochilsa ochun aro rax.
O‘shanda tog‘ oshib, kelgay shoshgancha,
Derazamni chertib, sochi oppoq baxt.

TALPINISh

Ortimga boqmayman, ortimda xayol,
Sochlari o‘rilgan tollar raqs etar.
Maysalar yaprog‘i yoshlanar xiyol,
Ko‘ylagimni o‘ynab yellar qasd etar.

Ortimga boqmayman, suvlar qoqilar,
Serbarg daraxtlarning titrar soyasi.
Yurak piligiga olov yoqilar,
Eriy boshlar sekin muz tog‘ qoyasi.

Ortimga boqmayman, xayol parishon,
O‘tkir nigohlaring sirg‘alar, kular.
Saslar dunyosidan qolmagay nishon,
Ortimdan ketadi oshiq bulbullar.

Yo‘lim kesib chiqar gullar ifori,
Ortga boqmam: yog‘sa tosh, muzli do‘llar.
Sirg‘alar labimdan sevgi izhori,
Mendan o‘zib, oldga yugurar yo‘llar.

ODDIY ARIFMETIKA

Hayot o‘zi oddiy arifmetika,
Hisob-kitob, qo‘shish, bo‘luv, ayiruv.
Sodir bo‘laverar necha karralar,
Siniq chiziq o‘rtasida keskin qayiluv.

Dillar qovushmasa, qo‘shuvdan ne naf,
Chigallashib borar go‘yo yechim yo‘q.
Sinus, kosinuslar o‘ngimda saf-saf,
Bitta chiziq bo‘ylab aylanmaydi o‘q.

Bo‘luv titratadi, vujudim tilka,
Og‘ir masalani yecholmay halak.
Go‘yo hammasini oldindan bilgan,
Joy-joyiga taxlab qo‘yganday falak.

Oraliq masofa buncha uzundir,
Axir, men emasman unga barobar.
Hayotingdan ketmoq menga lozimmi,
Formulalar buncha boshim og‘ritar?!

Tushunmayman menga yot bu “pi” sonni,
Tenglama tenglashmas, toq terib qo‘ydim.
Chamalab ko‘rmabman oddiy hisobni
Bilmaganim menga pand berib qo‘ydi.

BAHOR

Bahor bo‘y taratdi atirgul atri,
Mastona kuladi shamol jilvagar.
Seni ko‘rganmidim aytgin ilgari,
Dimog‘imga kirdi bo‘yi nastarin?

Shivirladi osmon yomg‘ir tilida,
Yurak qat-qatiga singdimi ishq?
Ayt, axir men uning tengimidim ishq,
Qaqragan cho‘lligim yomon bilindi?

Maysalar bo‘yidan mast-alast shamol,
Muhabbat deb kuygan yorga o‘xshaydi.
Sen ham sezdingmi dil, axir o‘shaydi –
Nigohlari o‘t ul, lablarida bol?

Xuddi soy misoli tug‘yonda yurak,
Ko‘nglimga mo‘ralar shu’lalar zarrin.
Shunda men angladim soniya qadrin,
Bahor bilan birga uyg‘ondi yurak.

* * *

Bugun ham sen uchun katta tantana,
So‘nggi dam sinadi olmos qilichim.
Til uchida alqab noshud ilinjni,
Men mag‘lub bo‘laman yana va yana.

Olovga burkandi har bir qarichim,
Ikki o‘t izmida ishqim jontalash.
Og‘irdir barini boshidan boshlash,
Er – parchin, dil – parchin, yuragim – parchin.

To‘lqinlar misoli mangu evrilish
Dilni tilkalovchi sog‘inch tuyg‘usi.
Yor vaslin umidi, hijron qayg‘usi,
Sevish – mag‘lub bo‘lmoq, yengilmoq – sevish.