Shahnoza Abdukarimova

Shahnoza Abdukarimova Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti talabasi.
“Tuyg‘u” nomli she’riy to‘plami chop etilgan (2012). “Istiqlol nuri”, “Sug‘diyona”, “Sado”, “Sinfdosh” nashrlarida she’rlari, maqolalari chop etilgan. Hozirda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida faoliyat olib bormoqda.

AYoL MANZUMASI

(Ustoz Sirojiddin Sayyid she’riga nazira)

Bu diyorda or-u nomus,
sha’nu shavkatdir ayol,
Mehru shavqatdan yaralgan,
mehru shavqatdir ayol…

Asli barcha sirlar ichra
sirli hilqatdir ayol,
Qalbidan ziyo taratgan
tengsiz ibratdir ayol.

U opamdir, u singlimdir
mehribon onamdir ayol,
Qalb dunyosi sarxad bilmas
bepoyon olamdir ayol.

Mehrdan libos kiydirgan
qo‘li gul sanamdir ayol,
Jonidan hayot ko‘chirgan
zebo, gulsanamdir ayol.

Tong sahar kun oftobida
kuygan, nurbadandir ayol,
Dilni dardi tilsa xamki,
kulgan gulbadandir ayol.

Poyida ekanki jannat
Qadamidan unarkan gul,
Ashkidan yuvilar zulmat –
Jannatga bog‘bondir ayol!

***

Yig‘lar yurak, og‘rinar yurak,
Sensiz o‘tgan lahzadan kuyib,
Ohlar yutib, sog‘inar yurak,
Siniq, jonsiz surating quchib…

Oqqushlari oppoq oyko‘lning,
Shu’lalari hayolim olar.
Kokillari oppoq oy ko‘lning,
Mavjlarida to‘zg‘alib yotar.

Go‘zallikning sayyodi oqshom
Tim qoraga bo‘yar har yonni.
Faqat shu ko‘l bag‘rida har shom
Unutaman shubha gumonni.

Ortaverar hayotga ishqim,
Chorlayverar tubsiz sokinlik,
Uchaverar hayolotga jim,
Meni egarlagan miskinlik.

Qancha soat, qancha vaqt o‘tdi,
Yillar mingdi, hayhot, boshimga,
Umr meni tiriklay yutdi,
Rahm qilmay nihol yoshimga.

Yolg‘iz shu ko‘l biladi,qara,
Majnuntollar mushtoq yo‘lingga
Sen kelcang bas, kelgin bir bora ,
Kipriklar zar bo‘lsin yo‘lingga.

Sukunatni buzadi shamol,
Hamma yoqni to‘zg‘itar otib.
Bir vaqtlar taqdir bezabon,
Bizni shunday ketgan ajratib.

Mana keldi… kutganim – diydor
Ko‘zlaringni qadaysan ko‘kka,
Mag‘rurliging qo‘yasanmi, yor?
Rahming kelsin qaysar yurakka…

VAQT

Lahzani kuydirib yoqmoqda zamon,
Olov satrlarda qovjiraydi vaqt.
Daqiqa sukutni qo‘ymagay omon,
Beshafqat xukmini o‘qimoqda vaqt.

Soniya, lahzaning qadrini tuyib,
Xar zarra qonimda qaynamoqda baxt.
Sening kaftlaringda dunyoga kelib,
Sening nafasingda o‘layapman vaqt.

Soqov yuragimda unsiz ohlarim,
So‘zimda bor dardim, alamim manim.
To‘kilib bitganday bor gunohlarim,
Toki qo‘limda bor qalamim manim.

Yil o‘tar, umrlar, asrlar o‘tar
Tuproqqa qorishib ketadi tanim.
Bir kun vaqt mendan ijozat tilar –
Qo‘limda bor ekan qalamim manim!

***

Ming yilki, yurakni muz bosgan
Unutgan tuyg‘uning ismini
Qaqragan dilimni tuz bosgan,
Olib ket qayg‘umning jismini.

Shamollar uchirib, o‘ynaydi
Yurakda qolgan xas, qumlarni,
Hayollar qiynaydi, qo‘ymaydi,
Qo‘msaydi baxtiyor kunlarni.

Sog‘inchim sahrodek qaqragan
Visoling mujdasi dilimda,
Ko‘zlarim yo‘lingga qadalgan
Kel, yomg‘ir bo‘lib yog‘ dilimga!..

***

Qol bugun yodimda bir kecha…
Qol bugun yodimda bir kecha
Hayolim sen bilan sirlashsin.
Ilojsiz ishqimga shu kecha
Eng toza tuyg‘ular birlashsin.

Havoga uchyapti gul umrim,
Charchadim… kutmoqdan charchadim.
Samoga uchyapti ilinjim,
Shunda ham ishqimdan kechmadim.

Qol bugun yodimda bir kecha,
Tun bo‘lsin visolga bir guvoh
Diydorsiz kunlardan zerikdim,
Tush bo‘lsin, mayliga bir gunoh…

Qol bugun yodimda bir kecha,
Bu so‘nggi iltijo, so‘nggi so‘z.
Bilaman… Hayoling mengacha
Band etgan o‘zga bir qora ko‘z.

So‘rayman ruhingni quchgancha…
Qol bugun yodimda bir kecha…

***

Vaqt yurakni yuvib turadi
dog‘lari-yu, yaralarini
U bor – ko‘ngil ko‘raveradi –
Hayotning oq qoralarini

Dilning ochiq yaralari ko‘p
Achishtirib o‘yar alamlar
Tilning achchiq yarog‘lari ko‘p
Bilmay sanchib qo‘yar odamlar

O‘zingniki o‘zingga g‘anim
Yo birovlar yaqin jigardan
Do‘st-u yorim, borim berganim
Paytin poylab boshim etar xam

Vaqt o‘tadi, o‘tgan, o‘tmoqda
Bitar oxir dil yaralari
Har kim ekkanini o‘rmoqda
Bormi boshqa bir choralari?

Mehr nihollari ko‘kargan
Ko‘ngillarda hamisha bahor,
G‘araz dil – hazonday to‘kilgan
Bir zulmatki, qaqshagan, behol

Ezgu amal, ezgu so‘z, fikr
Buyuk me’rosdir bobolardan
Ezgulik bor – dunyo tirikdir
Asrar bizni ming balolardan…

Ketmoqdamiz… Manzillar turfa
Har fursatdan hikmat teraylik
Hayot bizga berilgan tuhfa
Yaxshilikni istab yashaylik!

***

Salqin saharlarda saraton sayli,
Sokin sabolardan seni so‘radim.
Sarsonman surating sog‘ingan sari,
Sog‘inch-la sirlashib, sevgim so‘yladim.

Sokin soniyalar, so‘zsiz so‘roqlar,
Sadoqat sabog‘in sipqordim. Sevdim.
Sukunat sog‘ili sog‘inchim sezar,
Sen-chi,Sen… Sog‘inchim sohibi – sevgim?!

So‘rama, so‘zlama, sog‘inma, suyma,
Sen sabab saroman sahrolarimda.
Sog‘inib, soniya sanama, sevma,
Sayyodman sensizlik samolarida.

Sog‘indim…
So‘zsiz
Sog‘indim!

KEChIR

Hasratimdan bo‘g‘ilar osmon
Uvillaydi shamol ohlari
Bugun seni sog‘indim yomon
Bo‘m-bo‘sh…
yuragimning honaqohlari…
Olib qochding mendan dunyoni
Lomakonda qoldim bevujud
Ruhim kabi xasta ro‘yoni
Kuzatib…
jim saqlayman sukut…
Sargashtalik… bemanzil maskan
Eshitilmas xech yo‘q biror sas
Qora quyun qa’rida bir tan
Sening isming takrorlar elas…
Muhabbat… Muhabbat…
Bo‘g‘izimga tiqildi nafas
Ko‘zlarimni yutoqib ochdim
Ruhim ingrar xonada lohas
Nahot… men seni
yo‘qotdim?..
Bomdod mahal…
azon yangraydi…
Suratingni oldim qo‘limga
G‘urur qurg‘ur xisob so‘raydi
Egma deya, boshingni unga…
boqmay deyman hech suratinga
lekin ko‘zim uza olmayman
Bir hayolim uchadi senga
Birin esa ko‘ndirolmayman…
Ana… jiringladi telefon
Tanidim.. bu sening nafasing…
dil yarasi qiynarkan yomon
Sog‘inganda shirin ovozing…
So‘z deyishga g‘urur qo‘ymaydi
Kechir, bedor tunlar xurmati
Jimjitlikda dilni o‘rtaydi –
Nafaslarning sokin suhbati…

***

Xar oqshom shoshaman… yo‘l uzoq
Sog‘inchim sig‘maydi ichimga
Qancha olis bo‘lsam, shuncha azizroq
Oilam kutadi uyimda

Suyansam, tog‘ kabi salobat bilan
Ikki ukam dilkash, g‘amxo‘r, mehribon
O‘ylasam, azizroq biri biridan
Boshimda soyabon, ko‘ksimga qalqon

Xokisor, kuyunchak, yuragi osmon
Tomchi yosh yuqtirmas yuzimga
Har ishda maslakdosh, xar ishda qanot
Jon kabi yaqinim Singlim o‘zimga!

Shoshilib boryapman… yo‘l uzoq
Sog‘inchim sig‘maydi ichimga
Dunyoda har nedan azizroq
Oilam kutmoqda uyimda!

***

Buncha sog‘inch bilan qanday yashayman?!
Bu qadar g‘am meni egib qo‘yadi
Kunduz hayolimda, tunlar yodimda
Nigohing ishqimni yengib qo‘yadi…

Na tushda halovat va na uyquda
Daqiqa changallab yeldim, yugurdim…
Go‘yo qarigandek vaqt ko‘z o‘ngimda
Men-chi? Bir chetta kuzatib turdim…

Elkasiga tunni mingdirib olib
Hislarim tentirab yuribdi alxol
Ko‘z yosh yomg‘irida ivib, to‘lg‘onib
Muhabbat qadamlar ostida behol…

Sening ko‘zlaringda mehr shu’lasi
Sening yuzlaringda quyosh tafti bor…
Sening so‘zlaringda bahor jilvasi
Titroq nafasingda ishqning dardi bor.

Qaydasan? Ey, zolim! Vaqtlar o‘g‘risi
Shuncha umr kamlik qildimi senga?
Ming bir yil kuttimu, endi to‘g‘risi
Charchadim!.. umrimni qaytib ber menga!

Daqiqa sanayman… soat sanayman
So‘ng yillar, keyin asr sanayman…
Sening ro‘parangda zabonsiz jondek
Sen ketgach, xotirlab, anduh sanayman…

Yomg‘irda, qordami, loyga belanib
Hamon oyoqosti o‘sha muhabbat…
Taqdir qo‘llarida qumdek elanib
O‘ziga beo‘xshov… o‘sha muhabbat…

***

Qachonlardir…
Berganding va’da.
Kelaman, deb ketgan eding, oh!
Qancha vaqtlar o‘tdi bir qara
Men deb zarra chekkanmiding oh?
Menga ravo ko‘rgan taqdirni
Gul umringga ko‘rarmiding ep?
Yo‘lingga zor…
o‘tgan umrimni
Otashlarda yoqdim seni deb.
Ming yil emas,
million yil so‘ra
Kutay, mayli,
behisob,
beun…
Ko‘rmaysanmi, ko‘nglimni – go‘lda!
Yolg‘on ishqqa, sarobga maftun…
Ishonmaydi, kelmaydi, desam.
Vaqt aylanib, yana uchrashsak.
bir kun kelar shunday kun, qasam –
O‘shanda sen kutasan beshak!
O‘shanda men ketaman tashlab…

***

Urmay qo‘ydi yuragim yana,
Ruhim yashab yuribdi betan.
Yana kuydi yuragim…yana,
Kel, ko‘ksingdan topayin vatan…

Tomog‘imga tiqilgan qayg‘u,
Bo‘g‘ayapti ojiz tanamni.
Ko‘zlarimga tikilgan tuyg‘u,
Duo o‘qib, haydaydi g‘amni

Ishq surasi tomirlarimda,
Sening yoding ila hamoxang.
Ko‘z yoshlarim yomg‘irlarida,
Soyabonsiz qolgan xotirang…

Derazamning ortida oq tun,
To‘lin oydek yakkaman, qara!
G‘animiga — g‘amimga tutqun,
Men yodingga asir bir banda.

Kel, ko‘ksingdan topayin vatan…

***

Shoshayapman…
Masofa uzoq.
Tomchilar tomchilar betinim.
Sog‘inchim yo‘limga bir tuzoq,
Qarayman atrofga –
Xamma jim…
Yo‘l bering, odamlar
bir lahza
Hayallab qolmoqqa haqqim yo‘q.
Sanchisam, kul bo‘lar olamlar
Mehrdan yasalgan ishqim – o‘q!
Ko‘nglimga teginmang…
Ko‘nglimga!
O‘zimni muhrlab bo‘lganman.
Qasamlar ichirib o‘zimga
Ko‘nglimni nikohlab qo‘yganman.
Shoshyapman…
Diydorga intizor
Shamollar xayrixoh shaxdimga.
Uzoqdan ko‘ryapman sizni, oh
Bunchalar o‘xshaysiz baxtimga!..