Sayyor (1934-2001)

Sayyor 1934 yilda tug‘ilgan. Moskvadagi Adabiyot institutini tamomlagan. Ijodkorning “Qalb harorati”, “O‘ttiz yoshim”, “Fidoyingman”, “Boshsiz haykal”, “Musaffo fasl”, “Dengizdan tomchilar”, “Chorraha” singari she’riy, “Hulkar”, “Uyqudagi tosh”, “Odam borki” kabi nasriy kitoblari nashr etilgan. Shoir 2001 yilda vafot etgan.

DUNYo EKAN

Hayot yo‘llaridan
Osonmas o‘tish,
Necha sinovlar bor orzu yo‘lida.
Yosh esa:
O‘n sakkiz,
Yigirma,
O‘ttiz…
Borlig‘ing taqdirning izmu qo‘lida.

Taqdir esa,
niyat-intilish ekan,
Mehnatdan yaralar ekan u, asli.
Bahorda bog‘iga kim ko‘chat ekkan,
Mevasin terarkan, ayni, yoz fasli.

Nasiba u yoqda
yoki bu yoqda,
Terib olganimiz bizniki, xolos.
Men seni,
Sen meni,
ajib, dunyoda
Yo‘qotib qo‘ymaylik,
Shu bir iltimos…

YaXShI

Sirning sirligicha qolgani yaxshi,
Sirimni kimga ham ishonib aytay,
Sirimni o‘zimdan men nega hayday,
U ikki ko‘ngilni bog‘lagan rishta.
Soddadir,
yoddadir bir ko‘rinishda,
Ammo,
sir emasmi,
savdolari bor,
Sehrli dunyoning kaliti sevgi,
Sirimdan so‘rasam,
seni so‘radi,
Sir degan mo‘jiza qayda yuradi?
Qalbingda turgan u,
yoningda tursin,
Sirning sirligini ko‘zingda ko‘rsin.
Ammo,
yor oldida o‘zing qilma lom,
Sirning ifodasi bo‘lolmas kalom.
Siringning zarrasi tushsaydi qo‘lga,
Ko‘nglingni solardim izimga,
yo‘lga.
Sir – qalbing pinhona bezagi,
naqshi,
Sirning sirligicha qolgani yaxshi.

SENI KUTMOQDAMAN

Seni kutmoqdaman,
Soatning mili
Sakrab borayapti dam o‘tgan sari.
Visolga talpinar boladay dilim,
O‘zim tamshanaman tashna singari.

Yonimda turganlar topishib visol
Ketib borayapti qush kabi erkin.
Qalbimni etmoqda shubhalar ishg‘ol,
Kelarmi,
Kelmasmi,
Qachon kelarkin?..

Shubhalar qamraydi,
O‘rtaydi dog‘ing,
Sovuqku,
olovda kuyaman…
…Boladay yayrayman ko‘ringan chog‘ing,
Hammasin unutib qo‘yaman.

* * *

Dengiz – hayot,
to‘lqinlaridan
Olib o‘tar yelkaning bo‘lsa.
Havas bilan maqtar naridan
Agar ko‘zga ilganing bo‘lsa.

Dengiz – hayot,
umidingni uz
To‘lqin tursa, chekin, uradi.
Chalg‘imasdan qirg‘oq tomon suz,
Erga tayan,
U tinch turadi.

Hayot – dengiz,
Yo‘q, o‘ynashmadim,
Taltaymadim to‘lqin tebratsa.
To‘lqinlardan oson oshmadim…
…Xalqim mangu o‘zing ibratsan.

* * *

Jonim,
Sog‘inganman,
olisdir yo‘lim,
Uzatsam yetmaydi hech senga qo‘lim.
Sen deb yonayapman,
Sendan yiroqda,
Holim bilmoq bo‘lsang agar firoqda.
Oydin tun,
Osmonga qaragin dildor,
Unda bir juft yulduz mo‘ltirab bedor –
Uying tepasida boqib turar jim,
U senga termilgan intizor ko‘zim.

TERAK

Tog‘ ustida novcha bir terak,
Oy yonadi uning uchida.
Tunda bir sham yonadi
Tog‘ ustida novcha bir terak
Yaltirayda quyosh nurida.
Tongda puf deb,
o‘chirilgan sham.
Tog‘ ustida novcha bir terak.

YO‘LLAR OLIS

Yo‘llar olis,
Yo‘llar bepoyon,
Ufqni ufqqa bog‘laydi yo‘llar.
Yo‘l yurgan daryodir, bu haq begumon,
Yo‘llar
odamlarni odamga yo‘llar.

Yo‘llarda odamni topadi odam…
Men ham do‘st orttirdim yo‘l yurgan chog‘im.
Yurtimda
qaygaki qo‘ymadim qadam –
Ochiq quchoqlarga ochdim quchog‘im.

Qancha daryolarning suvini ichdim,
Qancha dengizlarda yurdim horimay.
Qancha yo‘llar yurdim,
qancha qum kechdim,
Yurtim xizmatini qildim og‘rinmay.

Yo‘l yurdim,
tog‘u tosh poyimda qoldi,
Ellarga xalqimning mehrini sochdim.
Erimning toshlari soyimda qoldi,
Suvini do‘stlarga oqizdim, ochdim.

Choy ichdim,
tuz totdim qancha ellarda,
Endi uzoqlardan salom beraman.
Gullarini terdim har gal kelarda,
Do‘stga deb, yurtimda chechak teraman.

Kunduz quyoshi bor,
tunida hilol,
Qalbimda mehmondir
mehmonim mening.
Elimni chorlayman,
suvlarim zilol,
Go‘zal O‘zbekiston – makonim mening.

* * *

Isming gul bo‘lgani…
Gulni xush ko‘rdim,
Gul degan tovushdan titrab ketaman.
Tunda
yana gulni tush ko‘rdim,
Demak,
diydoringga yetaman.

Gullar turli:
tusi,
isi
va rangi,
Ammoki,
hammasi seni eslatar.
Tongda taralganday kuyning ohanggi,
Kun bo‘yi havoga atir islatar.

Gul deyman,
Gul ko‘rib quvonganim haq,
Biroq,
begonasin bo‘yin sezmayman.
Yo‘llarda yuraman gulimga ilhaq,
Tikoning sanchsang ham, aslo, bezmayman.

Unib-o‘sgan bo‘lar tilak-duoim,
Husningdan rang olsin beri-narilar.
Lekin,
keltiradi rashkimni doim
Gulga qo‘ngan asalarilar…