Salim Ashur (1964)

Salim Ashur 1964 yil, 16 dekabrda Tojikiston Respublikasining Ko‘rg‘ontepa viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1989). Dastlabki she’rlar to‘plami — «Yashil giyoh» (1994). Shundan so‘ng shoirning «Atirgul» (1994), «Siz ertaga kelasiz» (1999), «Kechikkan tong» (2002), «Atalgan kunlar» (2004), «Darz» (2006) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan. A. Blok, I. Bunin, A. Fet she’rlaridan namunalar hamda J. P. Sartr, K. Paustovskiyning qissa va ba’zi hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

* * *

Qo‘zilarim irg‘ishlagan sayhonlar,
Yurakkacha ifor sochgan rayhonlar,
Manglayiga quyosh qo‘ngan ayvonlar,
Ufqlardan zarlar tergan yo‘llarim,
Sizga sog‘inch degan maktub yo‘lladim.

Qishloq cheti, sopol singan tepalik,
Saharlarda shudring ingan tepalik,
Bolaligim eshak mingan tepalik,
Boychechakka nurlar tutgan qo‘llarim,
Tepaliklar otam kabi qo‘lladi.

Gullarida gulxan tutgan yantoqlar,
Cho‘l qushiga soya solgan shuvoqlar,
Kaftlarimda qavargansiz, o‘roqlar,
Yuragimga olov bergan cho‘llarim,
Bolalikda qo‘y boqqandek cho‘lladim.

Ta’riflasam erib ketar qalamlar:
Manglayi keng, ko‘zi qadoq odamlar,
Sochi qora, yuragi oq odamlar,
Tomingizga yetarmikan bo‘ylarim,
Dardingizga dardlarimni bo‘yladim.

Qamishlari shamollardek shovullar,
Shamollari olovlardek lovullar,
Saksovullar kirib kelgan ovullar,
Yulg‘unlardek bi-ir gullagan o‘ylarim,
Ortga boqib shul yerlarni o‘yladim.

Suvga issiq non botirib yeganmiz,
Ona, sizni men boqaman, deganmiz,
O‘shanda biz chin baxtiyor ekanmiz,
To‘rg‘aylarga kulgi bo‘ldi kuylarim,
Ko‘rganimcha, bilganimcha kuyladim…

* * *

Bu yerlar yuragim mulkidir,
Ko‘zlarim mulkidir dala, qir.
Bu yerlar jannatdan ulgidir,
Har toshda o‘tirar bitta pir.

Bu yerlar yopingan ko‘rpamdir,
Dumalab-dumalab o‘sganman.
Bu yerlar jigarim, o‘pkamdir,
Sovuqdan, issiqdan to‘sganman.

Issig‘i… ay, uni aytmayman,
Bilasiz, qaynaydi qumda choy.
Borsam-chi, kuymasam qaytmayman,
Qalbimdan ketmaydi oppoq oy.

Ay… aziz oftobda kilkillab,
Dengizdek to‘shalgan qumim shu.
Boshimni har qadoq kaft silab,
Mehnatsiz o‘tmagan kunim shu.

Yo‘limga ko‘z tikkan onamdek,
Eshikka suyangan yo‘llarim.
O‘zini tanigan bolamdek,
Ilk bora titradi qo‘llarim.

Ketaman, ortimdan emaklab,
Onamdek ergashgan shamollar.
Ro‘moli chetini tishlagan
Opam, xolam, ammam… Ayollar…

Ko‘zlari og‘riydi kurakda,
Uxlasam yurakka botadi.
Ko‘z ochsam tug‘ilgan to‘shakda,
Umrimda moviy tong otadi.

* * *

Oq kunlar imillab cho‘zilar,
Kapalak soyasin quvadi.
Dalada tug‘ilgan qo‘zilar
Hidini yomg‘irlar yuvadi.

Shalobbo bo‘ladi ust-boshim,
Atirdan gurkirar hamma joy.
Men bilan tortishib, talashib,
Uygacha kiradi saqich loy.

Bu yomg‘ir, bu loylar meniki,
Meniki atirli qiyoqlar.
Yastangan bu joylar meniki,
Meniki ko‘kargan bayroqlar!..

* * *

Qalbimga havolar kiradi,
Ko‘zimda porlaydi navolar.
Ko‘ksimda odimlar yuradi,
Izimga ergashar ma’volar.

Men kimman, ne uchun bu tuproq,
Bu osmon bunchalar suyumli,
Bu qozon bunchalar yarqiroq,
Bu kosov bunchalar ko‘rimli.

Yulduzdek terilgan giloslar.
Dilimni qitiqlar shaftoli.
Gullarda atlasday liboslar.
Qizlarning chiroyli savoli…

Bobolar choy ho‘plab mudraydi,
Momolar qo‘lida urchug‘i.
Nabira teraklar titraydi,
Sandalda qishlarning qo‘r – cho‘g‘i.

Chanqovuz dilimdek dirillar,
Kashtalar hayotga chirmashgan.
Qaldirg‘och qaboqda pirillar,
Ignalar ip bilan sirlashgan…

Xas-xashak, har kesak, har toshni
Taniyman, ular ham taniydi.
Yuzimga rang bergan quyoshni,
Ko‘ksimdan qo‘ymasam qaniydi.

Ana, ko‘r, zovurning bo‘yida
Bir sigir sudraydi arqonni.
Bolakay so‘zlarning ko‘yida,
Ilk bora taniydi armonni.

Ey, sen-ey, tilimga bezavol,
Tomchilar tomizgan sharshara.
Atrofda qanchalar ko‘rk, jamol,
Hayot deb atalgan manzara.

Men nega bunchalar bog‘landim,
To‘xtamas ko‘zimda sevgilar.
Qayoqqa, qayoqqa chog‘landim,
Voh, boshim shu sho‘rga egilar.

Otamni shu yerdan topaman,
Onamni topaman shu yerdan.
Shu yerdan uyimga chopaman…
Shu yerdan, shu yerdan, shu yerdan.

Shu yerdan!..

* * *

Etishmaydi ba’zan olov,
Ba’zan gugurt, ba’zan o‘tin.
Suv izlaydi ba’zan birov,
Ulov izlar kimdir, lekin…

Ba’zan yo‘llar o‘ydim-chuqur,
O‘zgaradi turmush sekin.
Hali kimdir qilmas huzur,
Kimdir kamroq kular, lekin…

Tushunmaydi ba’zan havo,
Ba’zan tushunmaydi ekin.
Ba’zan suvga oqar davo,
Kechikadi darmon, lekin…

Lekin hali ufqlarda
Jannat kabi kunlar kutar.
Gullar kular sovuqlarda,
Qushlar hali tilla yutar.

Farzandlarim bol yeydilar,
Gulda suzar qora yerlar.
Buni aziz yurt deydilar,
Buni aziz Vatan derlar.

VATAN

Onam kabi suykalsam sizga,
O‘g‘lim kabi erkalasaydim.

Qizim kabi suysaydim sizni,
Otam kabi suyansam sizga.

Jimjilog‘im yoki qulog‘im,
Goh sirdoshim, goho o‘rtog‘im.

Guldan yaproq to‘kilar, sizdan
To‘kiladi xushbo‘y-xushbo‘y gul.

Jamolini bitta ko‘ray deb
Yuragimni teshadi bulbul.

SIZ ERTAGA KELASIZ

Siz ertaga kelasiz,
Hozir
Xabarini yetkazdi simlar.
Bu xatarnok yo‘lda karvonni
yutgan vabo –
ohangdor qumlar. Siz ertaga kelasiz –
Salimga ham guloblar quydi.
Ko‘zingizdan o‘pdim.
Lablarim
Yulduzlarga tekkanday kuydi.
Labingizda – beshikda jahon,
Jahonlarni suydim mastona.
Siz ertaga kelasiz,
Bugun
Yangi ranglar kiyar ostona.
Siz ertaga kelasiz
«1»day, Odamlarga noma’lum sirday.
Ko‘rasiz –
Sevgimni ilib qo‘yibman –
Yakshanbada yuvib
yoyilgan kirday.
Siz ertaga kelasiz,
Hozir
Yuragimni qo‘ydim o‘rtaga.
Agar tuzlar yutib olsalar,
Topolmaysiz meni ertaga.
Siz ertaga kelasiz, qochib
Ta’qib etgan farangi kuydan.
Siz kelasiz shoshib, ammo men
Chiqib ketgan bo‘laman uydan.
Siz ertaga kelasiz…
Boqqa
Liboslarni xazonday tashlab.
Bugun mening cho‘llik qishloqqa
Ketgam kelar
ko‘zimni yoshlab.
Siz ertaga kelasiz,
Biroq
Bugun tushub qoldim men asir.
Bu dunyoda nima bo‘lsayam,
Menga hozir kerakdir,
hozir.
Siz ertaga kelasiz,
Bugun
Oy nuriga lim-lim to‘laman.
Siz ertaga kelasiz,
Ammo
Ertaga men o‘lgan bo‘laman…

* * *

Ishoning, bir umr sodiq qolaman,
Sizni avaylayman men cho‘kayotib.
Men sizdan og‘ushlar sotib olaman,
Sizni qutqaraman o‘zimni otib, –
Men sizga bir umr sodiq qolaman.
Tursangaz – men sizga panoh bo‘lgumdir.
Yursangaz – men sizga bo‘lgum posbon.
Sizni sevib o‘lmoq – go‘zal udumdir,
Sizni sevmay yashash – o‘lim begumon, –
Men sizga bir umr sodiq qolaman.
Askarning darg‘aga sadoqatidek,
Siddiqligi kabi tomchining toshga,
Oftobning har kungi sayohatidek,
Tayyorliga kabi ko‘zimni yoshga,
Nega bundoq, nima, nechun demasdan,
Bog‘liqligi kabi kiyikning toqqa,
Men sizni har kuni yonib sevaman,
Men sizni har kuni sevaman boshqa.
Falak egalari qilmasdan amr,
Farmonlar chiqarmay hali podshoh,
Qalbim siniqlarin etmasdan ta’mir,
Hali tuzalmasdan buzilgan dunyo,
To‘g‘ri yo‘lga kirmay toki odamzot,
Toki tarqaguncha hayotdan tuman…
Bir umr, bir umr itingaz kabi
Sizga xizmat qilay sadoqat bilan.

* * *

Yodga soldi o‘pichlaringiz
Sizdan oldin o‘pgan ayolni.
U ham sizga o‘xshab berardi
«Sevasizmi?» degan savolni.

Kecha uni sevganligim rost,
Bugun sizni sevganim ham chin.
Unutaman sizni ertaga,
O‘zga uchun ertaga sevgim.

Siz-da xuddi shundoqsiz,
biroq O‘zgalarni eslaysiz.
Shundan Joningizga kiradi titroq.
Titroq emas, aldoq bu, jonim,

Men sizdan ishq qilmayman talab.
Ko‘pdan buyon unutdi mehr –
Muhabbatni mendagi bu qalb.
Bizni nima bog‘laydi, bilmam,

Ehtimolki, siz-da bilmaysiz.
Sizga fido bo‘lolmam, siz ham
Menga jonni fido qilmaysiz.
Tunda ikki yokdan keldik va

Quyildik bir olov ummonga.
Tongda xayr deymiz shivirlab
Va ketamiz ikki tomonga.
Yodga soldi o‘pichlaringiz

Sizdan oldin o‘pgan ayolni.
U ham sizga o‘xshab berardi
«Sevasizmi?» degan savolni.

* * *

Mana gugurt, mana tosh, mana
Bitta zarb. Va tugaydi umr.
Faqat chaqmoq – cho‘g‘ oshiqona –
Faqat chaqmoq olovni emar.

Faqat chaqmoq gapiradi rost,
Faqat chaqmoq kesadi to‘gri.
Dil, o‘zingni o‘z doringga os,
Dil, xayr de to‘lg‘onib, og‘rib.

Dil, o‘prilgan qirg‘oqlaringga
Izlarini otdi nilufar.
Dil, chayqalgan charchoqlaringdan
Baxtsizlikning isi ufurar.

Dildaraxtning shoxlaridan
Bosh ko‘tarar hurkovich firoq.
Dilni chaqmoq yoqalarida
Chaqmoq, chaqmoq va yana chaqmoq.

Dil, nilufar kaftlari bo‘ylab
Anor kabi tilgil, sitilgil.
Sochlarining har torin kuylab,
Qaro, qaro to‘kilgil, ey dil.

Qoshi – osmon. Osmon ostida
Bir juft qarg‘a. Qop-qora, chaqnoq.
Qarg‘a qarg‘ar. Qarg‘ish dastidan
Kiprigida tirilar titroq.

Men ham qadim osmon tagida
Ming bir toshga urib to‘zimni,
Xayr degan qir etagida
Chinor yanglig‘ yoqdim o‘zimni.

Bu dunyoga bo‘lolmadim en,
Daryo kabi quridi diydam.
Senga bo‘y ham bo‘lolmadim men,
O‘qlar tegib yiqildim men ham.

Men ham kirib chikdim olamning
Bor ko‘chasi, xilvatlariga.
Yuragimni kesib berdim men
Yuragimning ulfatlariga.

Chaqmoq faqat gapiradi rost,
Dil, danakday chaqilgil, chaqna.
Dil, o‘zingni o‘z doringga os,
Mana gugurt, mana tosh, mana…