Sa’dulla Hakim (1951-2020)

Ca’dulla Hakim 1951 yil 25 martda Jizzax viloyati, Forish tumanidagi Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2002). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1977). «Hamal tonglari» (1981), «Sen kutgan bahor» (1986), «Yoz oqshomi» (1996), «Ona so‘z» (2000), «Saylanma» (2001), «Ko‘ngil yuzi» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Publitsistik asarlari ham bor («Esimda qolgan kunlar», «Atom qa’riga sayohat»). A. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov, S. Yesenin, Gyote kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2020 yil 11 oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

VATANGA MANSUBLIK

Banogoh cho‘qqidan qulasa bir tosh
Tog‘ poyiga tushar, togni tark etmas.
Et bilan tirnokdek bir jonu bir tan
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Quyoshga intilgan havoyi bug‘lar
Baland parvozlarni qilsa ham havas
Bir kun qaytib kelar o‘kirib-yig‘lab,
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Shashmaqom – ming yillik navo muattar,
Ochsam ko‘kayimni yangrar qadim sas.
Avlodlar tug‘ilar, ajdodlar o‘tar,
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Ulug‘lar yuksalar yer ostida ham,
Haykal bo‘lib o‘sar, eli unutmas.
Shahidlar bog‘idan kuylab o‘taman:
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Toshdan uchgan uchqun yalt etib o‘char,
O‘chgan cho‘g‘ qayta o‘z holiga kelmas.
Choponing silkisang g‘ubori ko‘char,
Vatandan to‘qilgan Vatandan emas!

EY, KO‘NGIL

Nopisand bosma xazon yaprog‘ini,
Boshing uzra esla soya chog‘ini.

Tanfi hukmiga azal bir chora yo‘q,
Bandasi bilmas kelib-ketmog‘ini.

Istasa bergay shifo bemoriga,
Dard berib solg‘ay sinovga sog‘ini.

Umr o‘tar daryo kabi qalqib-oqib,
Aylagil taqdir nasib qirg‘og‘ini.

Rabbano qodir o‘zi, g‘ofir o‘zi,
Har nafas tortib turar qarmog‘ini.

Boq, quyoshni qon etib har ro‘zi shom
Na uchun ko‘z-ko‘z etar o‘rog‘ini?

Bilmasa me’yorini oftob ham
Quvratar bog‘i chaman har yog‘ini.

Ey ko‘ngal, bu hodisot ibrat senga,
El aro fasona et kelmog‘ini.

Olmoq ersang, bir g‘arib ko‘nglini ol,
Ayro etsang, ayro et dil dog‘ini.

Sa’di olloga yetar qirmochi ham,
Yori jonga tuhfa qil qaymog‘ini.

Shon desa, yo‘l oldi deb Toshkanni ayt,
Sha’n desa, ko‘rsat Nurota tog‘ini!

IZLAR

Ikki cheti orasta,
Yolg‘izoyoq chambil yo‘l.
Ketib boraman asta,
Har yonda giyohlar mo‘l.

Qurib qoraygan yantoq,
Cho‘kir shuvoq. Ko‘k barra.
Uzokda kungura tog‘,
Osmonga tortar arra.

Shu birgina so‘qmoqda
Ot izi, qulon izi.
Eshak izi, it izi,
Kush izi, ilon izi.

Shu birgina so‘qmoqda
Don izi, bug‘doy izi.
Yuzib o‘tar ohista
Quyosh izi, oy izi.

Balki bunda bir chog‘lar
Ozod qo‘yib chavkarin,
Elib o‘tgan quyunday
Amir Temur navkari.

Balki… Mashrab so‘zona
Navolar qilib o‘tgan.
Tushgancha yo‘l uzala
Oyoqlarini o‘pgan.
Shu yo‘lda bobom izi,
Otam izlari poydor.
Qor o‘tgan, yomg‘ir o‘tgan,
Shamol o‘tgan necha bor.

Shu so‘qmoqda mening ham
Izim qolar ekilib.
Bug‘doy donasi kabi
So‘zim qolar to‘kilib.

…Qay bir zamon, begona
Yo‘lovchi qo‘ysa qadam,
Ma’yus bir sog‘inch ila
Eslarmikan meni ham?

ChOShTEPADA YoZ

Yo‘lim tushib, yoz chog‘i
Choshtepada to‘xtadim.
Osmon sariq, yer sariq,
Sap-sariq qiru adir.

Salqin joy qidirib suv
Qochmish quduq tubiga.
Har yerda to‘p-to‘p suruv,
Chashma kirar tushiga.

Esadi iliq-iliq
Yalqov shabboda ovush.
Tumshug‘in cho‘mich qilib
Hansirab nur ichar qush.

Loysuvoq imoratlar
Bog‘ ichiga bosh suqib
Sokin soyalab yotar,
Sukutga cho‘mgan sukut.

Ko‘lanka quyuq, qalin,
Baxmal ko‘rpacha monand.
Soyasining soyasi
Kabi rangsiz dov-daraxt.

Zardoli tanasida
Mudrab yotgan o‘t-otash
Shoxlarda yonar sachrab,
Bamisli kahrabo tosh.

Ishkom osti supada
Ko‘zga chalinar xiyol.
Ko‘krak tutib, beshikka
Suyangan so‘lim ayol.

Bari yurakka yaqin,
Kelmas odam ketkisi.
Nur qanotida oqib,
Mast qilar shuvoq isi.

…Bo‘liq tuproq – etigim,
Quyosh qalpog‘im mening, –
O‘tib ketar yonimdan
Bolalik chog‘im mening!

NAY

–    Ohanglaring munglar nahrimi,
Nay, bunchalar ma’yussan nega?
–    Aytolmagan hasratlarini
So‘zlashadi odamlar menga!

O‘RMONChILAR

O‘rmonchilar haqida hangomaga bu bir gap,
Ko‘rgan-eshitgan hayron: o‘rmonchilar netdilar?
Egri-bugri qayrag‘och soyasida soyalab,
To‘g‘ri o‘sgan terakni shartta kesib ketdilar…

ALDARKO‘SA

–    Aldarko‘sa, nega aldaysan?
–    Aldamasam yashay olmayman.
–    Aldarko‘sa, nega o‘lmaysan?
–    Yashamasam alday olmayman…

BEDILONA
Bahodirjonga

Havoyi so‘z emas sukut, andisha,
Toysa tildan toyar odam hamisha.
Bo‘shatib bir chetga otmas edilar
Og‘zini ochmasa may to‘la shisha.