Sadriddin Ayniy (1878-1954)

Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yili Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951—54), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950).
Avval eski maktabda (1884—87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890—91), Olimxon (1892—93), Badalbek (1894—96), Hoji Zohid (1896-99), Ko‘kaldosh (1899-1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog‘iyning hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi.
1918—21 yillarda tojikcha, o‘zbekcha marsh, qo‘shiq va she’rlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mang‘it amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va o‘zbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi.
Ayniy 1927-29 yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa o‘zbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda o‘zbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda e’lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi», «Puling halol bo‘lsa, to‘y qil» (1924), «Mashrab bobo», «E, to‘nim» (1925), «Bilganim yo‘q», «Kengash» (1926) kabi o‘zbekcha feletonlari, hajviy she’r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo‘rning o‘limi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini ko‘rsatdi.
Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U to‘rt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949—54) Buxoroning o‘tmish hayoti va o‘sha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. A. adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xo‘jandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoye ul-vaqoye» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, G‘afur G‘ulom va Said Nazar haqidagi asarlari o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea bo‘ldi.
Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxo‘rning o‘limi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qo‘yilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).


BEHBUDIY RUHIG‘A ITHOF

(Shabi hijron havosig‘a)

Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu?
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu?

San, ey ustodi oliyshon, eding ajubai davron,
Otingni tilga har inson buyuk hurmat-la olmasmu?

Saning tarixiy davroning, saning osoru urfoning,
Saning noming, saning shoning jahon qoldiqcha qolmasmu?

Saning ko‘ksung cho‘kulganmu, saning beling bukulganmu?
Saning qoning to‘kulganmu? Muni(ng) hech kim so‘rolmasmu?

Boshingni kesduran qotil, u badtiynat, u sangin dil,
Xudodan gar esa g‘ofil, xaloyiqdan uyolmasmu?

Vatan avlodi yod etdi, sani hurmat-la shod etdi,
Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu?

Jahonda zulmdur zohir, jahon xunxo‘r, jahon jobir,
Jahondan bir zamon oxir sitamgarlik yo‘qolmasmu?

Behishtu hurii g‘ilmon sanga Haq aylasun ehson,
Sanga rahmat, sanga g‘afron Xudoyim yetkazolmasmu?!


BEHBUDIY AFANDINI ESGA TUShIRIB, QATL VA QATLGOHIGA XITOBAN

Ey madfuni insoniyat, ey maqtuli ahror!
Ey markazi vahshoniyat, ey mahmani ashror!

Minglarcha yigitlar boshini tandan ayuruding,
Minglarcha asoratzada o‘g‘lonlari qirding.

Qon to‘k, yana qon to‘k, yana qon to‘k!
Qon seli bilan oqibat-al-amr, yoril, cho‘k!

Qon to‘k-da, cho‘mul qong‘a! Yiqil qong‘a! Bo‘g‘ul, o‘l!
To qonga bulg‘anmasin ozoda biror qo‘l!

Ey devi jaholat uyi, ey, qon-la to‘lan g‘or!
Shod o‘l bu kun! Ammo bu kunning ertasi ham bor!

Bir dasti riyo, dasti jafo, dasti xiyonat
Mumkinmi sani aylasa ketdikcha siyonat?!…

Ey qotila, ey fojira, ey fitnai Turon!
Turon eli fitnang ila bo‘lsunmi parishon?!

Minglarcha yigit boshini kaltak bilan ezding,
Minglarcha yigit nash’ini sarjin kabi tizding.

Zindonlara minglarcha tiriklarni chirutding,
Tezob ila minglarcha o‘luklarni eritding.

Qur’onni, shariatni ayog‘ ostida bosting,
Behbudiy kabi dohiyi Turonni-da osting!

Bosh kes, yana bosh kes, necha kun kayfu safo sur!
Lekin ko‘zingni och! Kelasi kunlaringi ko‘r!

Bilgilki, bu ahmol emas! Ahmoli ilohi!
Bilgil, abadiy qolmayajak muncha malohi!

Bir kun kelur albat, kelur albat, kelur albat
Ey xoina! O‘ch olmag‘a ojizlara navbat!

Ey maqtuli ahror! Ey mamkini ashror!
Qon to‘k, yana qon to‘k!
Qon to‘k-da, yoril, cho‘k!
Bir dasti xiyonat
Aylarmi siyonat
Doim osor?
— Aslo! Bir kun kelur albat, ojizlara navbat
O‘ch olmag‘a sandan.
Ey manbai nakbat,
Ko‘rsam o‘sha kunni!

1920, IV, Samarqand.

VATAN YoDI

Ey vatan, boshimga mushkul tushdi hijroning sening!
Benavo boshim o‘laydi, kosh, qurboning sening!

Sandug‘ochlar o‘rniga joizmi qo‘nsun qarg‘alar?
Boq! Na bo‘ldi oqibat bog‘ing, gulistoning sening!

Qon yutarlar navniholoning bu kun suv o‘rniga,
Nahri xun afshona do‘ndimi Zarafshonning sening!

Gar suquldi xanjari bedod jismi pokinga,
Noxalaf o‘g‘lonlaring bo‘ynigadur qoning sening!

He, umeding uzma, Ayniy, davr istiqbolidin,
Har vatandoshing o‘lur bir kun hamafg‘oning sening.