Rustam Nazar (1949-2012)

She’r yozishni bolaligidan boshlagan Rustam Nazar (Jumanazarov) 1949 yilning 8 sentyabrida Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi Otaliq qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilgan. Otasi Jumanazar Avaz o‘g‘li oddiy kasb egasi bo‘lsa ham adabiyot va musiqaga ixlosi baland, shoirtabiat odam edi. O‘rta maktabni tamomlagach, Rustam 1969-1974 yillarda Respublika rus tili va adabiyoti institutida tahsil oldi. Keyin bir yil o‘rta maktabda o‘qituvchilik qildi. 1975 yildan to shu kungacha „Hazoraspnoma“ tuman gazetasi tahririyatida ishlab kelmoqda.
Uning „Yashasin quyoshli kun“, „Rangli favvora“, „Mo‘jiza“ nomli she’riy to‘plamlari bosilib chiqqan. 1989 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

O‘RIMDAN SO‘NG

Quyosh botdi, shom cho‘kib
Bug‘doyzorni yashirdi.
— Uyga qayting! — deb otam
Bizni qistab, shoshirdi.
Eshakda kim jo‘naydi? —
Boisa hamki u yuvvosh —
Nimagadir xo‘mrayib,
Akam keskin tortdi bosh.
Darrov mindim eshakka,
Yo‘q uyatli bir joyi.
Ovul tomon yo‘rttirdim
Qilganimcha xirgoyi.
Akam qoldi orqada,
Qadamlari edi sust.
Yayov yurgandan ko‘ra,
Eshak mingan ham durust!

VATAN TUYG‘USI

Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Emas mavhum tushuncha.
Ma’nosini anglaymiz,
No‘noqmasmiz biz uncha!
Muallimning qoiida
Gazeta-yu kitoblar.
— Yurtni sevmoq iymondan! —
Deb qiladi xitoblar.
Misollarni keltirgay
Goh hadis, goh Qur’ondan.
So‘zlar buyuk zotlaming
Dilidagi surondan!
Har ibora — hikmatli,
Har ibora — murakkab.
Ba’zan mag‘zin chaqolmay
G‘ulu tushar yurakka.
Kimdir aytgan mashhur gap
Darsda kelmas xotirga —
O‘xshamaymiz yurtparvar
Va fidoyi botirga!
Muallimga qaraymiz
Javdiragan ko‘z bilan.
Qoniqmaydi gapirsak
O‘zimizning so‘z bilan!
Nedir Vatan tuyg‘usi? —
Xayollarga tolarmiz.
O‘zgalarning fikrini
Aytib maqtov olarmiz!…

ERDAGI QUYoSh

Jingalak soch qizaloq,
Dilda ortib jur’ati —
Asfalt yo‘lka yuziga
Chizdi quyosh suratin!
Mamnun edi ishidan,
Ko‘zlarida zavq, surur,
Qanday yaxshi, yerda ham
Tursa quyosh sochib nur!
Shoshiladi qaygadir
Ola-bula xaloyiq.
Boqmas oyoq ostiga:
Yuki og‘ir, vaqti ziq!
Yomon ekan loqaydlik,
Sodir bo‘ldi ayanch hol —
Uning jajji quyoshin
Toptashmoqda bemalol!
Xafa edi qizaloq,
Jim turardi bir yonda.
Yaxshi hamki odamlar
Yurishmaydi osmonda!
Yo‘qsa, shoshib beparvo,
To‘rxalta-yu qop tashib —
O‘tishardi haqiqiy
Quyoshni ham toptashib!…

GULLAGAN OLChA

Olcha sevar gullashni,
Yashnab erta bahorda —
Ziynatini olamga
Ko‘z-ko‘zladi nahorda!
Shamol esa qasdlashib,
Bilgani yo‘q haddini —
To‘kdi uning gullarin,
Egib zaif qaddini!
Zabun edi ahvoli,
Ko‘rgan afsus etardi.
Axir, asray olmasa,
Olcha gullab netardi?!

QALTIS O‘YIN

Bu dunyoda eng ashaddiy
Ikki rang bor — qora va oq.
Ular raqib azaldan ham,
Orasida yo‘q ittifoq.
Jang qilishar bemurosa
Ta’qib aylab, rahna solib —
Bir-birini ayashmaydi
Chiqish uchun mutlaq g‘oIib.
Boshqa ranglar — tomoshabin,
Qaltis o‘yin ishqibozi.
Gij-gijlashar ikkovini
Durangga hech bo‘lmay rozi!

DANGASA

Maqsadiga erishgay
Intilsa kim, chopsa kim.
Hatto qorni yondirar,
Qalovini
Topsa kim.

Jon koyitmas dangasa,
Izlash tugul qalovni –
O‘chiradi, erinib,
Yonib turgan
Olovni!

ChAQALOQ

Oilada eng kenja
Ukam hali chaqaloq.
Beshikda jim yotmaydi,
Tinchimaydi baqaloq.

U nimadan bezovta,
Nega hadeb yig‘laydi?
Tushuniksiz holati
Bag‘rimizni tig‘laydi.

Bu serg‘alva dunyoda
Ko‘pdir to‘siq va g‘ovlar.
Cho‘chitarmi uni yo
Oldidagi sinovlar?

DUNYo VA MEN

Qoldim ancha ulg‘ayib,
To‘ldim sakkiz yoshimga.
“Burningni art!” deb endi
Teginmaydi g‘ashimga.

Qora nima? Oq nima?
Fahmiga tez yetaman.
Boqib rangin olamga
Sirlarin kashf etaman.

Ba’zilar-chi, qo‘l siltar,
Dunyo juda qarimish.
Uning yoshi million
Yillardan ham narimish.

Ko‘zoynakli olimlar
So‘zlashadi lof bizga.
Dunyo – mening tengdoshim,
Endi kirdi sakkizga!

VARRAKLAR

Parvoz etar varraklar
Osmon ishqi bilan mast.
Qay birining avji zo‘r,
Qay birining mashqi past.

Ey, o‘g‘lon! Sen havoyi
Orzulardan yonma hech.
Quvon yursang ham yerda,
O‘zligingdan tonma hech.

Varraklarning qismati
Erksizlikdan dog‘liqdir.
Parvoz umri ipidan
Tutganlarga bog‘liqdir.

TARBIYa

Mening otam ajoyib,
Tarbiyasi qiziqdir.
Har tarafim – chegara,
Har tarafim chiziqdir.

Bundan xafa emasman,
Qilar aqlu hushim jam.
Ular borki, maqsaddan
Chalg‘imayman sira ham.

Otam belgi qo‘yishni
Etganmikin faromush –
Uchrar ochiq manzillar,
To‘xtarman jim va xomush.

Hayotning zil yukini
Men yelkamga ortarman.
Chegara yo‘q yo‘limga,
O‘zim chiziq tortarman!

JASORAT

Jasoratdan ba’zilar
Lof urishar valdirab.
Ammo xatar tug‘ilsa,
Zir qochishar qaltirab.

Yo‘lashga ham cho‘chishar
Biror yirtqich yoniga.
Qaysi ahmoq qasd etgay,
Axir, shirin joniga?

Alamzada musht tugib,
Shum xayolga tolgaylar.
Yo‘lbarslarning o‘chini
Mushuklardan olgaylar.

BUVAMNING NAQLI

Oshsa hamki yetmishdan,
Buvam chaqqon va tetik.
Ishlar uzzukun bog‘da,
Oyog‘ida zil etik.

Mehr berib, yashnatib,
Ardoqlar har daraxtni.
Jini suymas landovur,
Vujudi shol, karaxtni.

Ba’zan horib-charchasa,
Yostig‘ini tuzatib –
Deymiz: “Endi yoting-da
Siz ham oyoq uzatib”.

Buvam kular: “Tirik jon
Lozim mehnat etmog‘i.
O‘zi qarib, zaminni
Yashartirib ketmog‘i!..”

KEKSA ChAVANDOZ

Unga harif yo‘q edi
Bir zamonlar uloqda.
Xaloyiqning olqishi
Yangrar hamon quloqda.

Qarilikka egdi bosh,
Tanida yo‘q kuch, darmon.
Unga endi ot tugul,
Eshak minish ham armon.

Bolaligin eslab goh,
Ko‘zida mung zorlanar.
Hassasini ot qilib,
Chopay desa… orlanar!