Rustam Musurmon (1963)

Rustam Musurmon 1963 yil 26 avgustda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumaniga qarashli Yakkatut qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan (1989). «Ruhimning tovushi» (1995), «Xirgoyi» (1997) she’rlar va dostonlar to‘plamlari nashr etilgan. A.Faynberg («Chig‘ir», 2007), B.Genjamurod («O‘kuzdaryo bitiklari», 2006) kabi shoirlarning she’riy to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

YuRAK

Yurak – mening duldulim,
Ko‘kragimda qozig‘i.
Beda emas, yem emas,
Mehrdandir ozig‘i.

Pishqiradi depsinib,
Qon quyilar ko‘ziga.
Mendan boshqa odamning
Ko‘rinmaydi ko‘ziga.

O‘zim bersam yemaydi,
Emishlarning gulidan.
Oziqlanib o‘rgangan
Suluvlarning ko‘lidan.

Ko‘zlar oyu yulduzli
Arg‘amchining dastidan.
Ko‘pchib ketti ko‘kragim
Tuyoqlari ostida.

Oxiri bir parini
Olib qochar yugurib.
Meni sudrab ketadi
Qozig‘ini sug‘urib…

BOZBARAK

Inson yer sharini ko‘tarolmasmish,
Tayanch nuqtasini topmasmish…
Biroq
mening bir qo‘limda zamin chirparak
Barmog‘im uchida aylanar falak –
Bozbarak, bozbarak, bozbarak…

Tugma qadab bo‘lmas emish shamolga,
Qo‘lga tushmas emish hech qachon…
Biroq
Men esa shamolning ikki betiga
Tortib yuborgaiman ikki shapaloq –
Bozbarak, bozbarak, bozbarak…

Hech kim ucholmasmish oyog‘i bilan,
Parvoz qilolmasmish osmonga…
Biroq
Mening oyog‘imda tolmas qanot bor,
Mening oyog‘imga joylangan yurak –
Bozbarak, bozbarak, bozbarak…

Umr daryosidan kechdi bolalik,
Shul daryo girdida qolgan charxialak,
Qamishday bo‘ynimga qo‘ngan ninachi,
Gulday hayotimdan uchgan kapalak –
Bozbarak, bozbarak, bozbarak…

QO‘RIQChI

Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…
Karkas keldi bir gala-aaa…
Mening bog‘im kichkina-a,
Katta bog‘larni tala-aaa…
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Uzumzor orasinda
Tunu kun poylab yottim.
Yurakni palaxmonga
Tosh qilib joylab ottim.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Kiygizdim vujudimni
To‘rt tayoqning ustiga.
Boyladim jon rishtasin
To‘rt-t-a-yo-g‘i – dastiga.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Cho‘p chayla – usti jonsiz,
Pasti jonli ustunlar.
Olib qochar chaylani
Birin-birin ustunlar.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Bir kafan so‘ngaklarim
Ishkom ostiga ildim…
Haydash-chun karkaslarni
Shaqurr-shuqqurrdoqq qildim.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…

Qalbimdan qaqnus qushi
Uchib chiqar bir gala.
Bog‘ ichra ming ko‘ngilga
Tuxum qo‘yar ming gala.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa…
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa!!!

OShI HALOL

Poda qaytdi,
Qirda yonadi gulxan.
Podachi gulxanga yotib biryonbosh
Xurjundan chiqardi bitta ko‘pgannon –
Ufqqa yonboshlab mudraydi quyosh…
Oshi halol,
Podachi,
Oshi halol!

Sovliqlar sog‘ildi,
Qo‘zilar yotdi.
Eshiklarni yopdi qo‘rayu qo‘rg‘on.
Ovloq daralarning ko‘zlari yondi –
Tosho‘choqda qaynar bir qora qumg‘on.
Oshi halol,
Podachi,
Oshi halol!

Rizqu ro‘z beradi buloq, tog‘u tosh,
Odamning mol boqib topgan noni bol!
Osmonda porlaydi yulduzlar bosh-bosh,
Ko‘kda poda boqib yuribdi hilol!
Oshi halol,
Podachi,
Oshi halol!

YaNGI UYLAR

Shaharga tenglashmoqda qishloq bo‘ylari bilan,
Bugungi qishloqlarda o‘zgacha chiroy, ohor.
Zamonaviy binolar, ko‘rkam uylari bilan
Orasta qishloqlarga ko‘chib chiqqanday shahar.

Shinam, qulay, chiroyli, poydevori mustahkam
Yangi imoratlarga Yevropa boqadi lol.
O‘zbekiston Vatanim — chamanim, go‘zal o‘lkam,
Qudratli davlatimning bunyodkori Istiqlol.

Qishloqlarni oralab Xizr bobo kezmoqda,
Ko‘chalarda ajib fayz, qasrlar paydo bo‘ldi.
Yurtboshi odamlarning tilagini sezmoqda,
Qishloqlarda betimsol shaharlar barpo bo‘ldi.

 ER YIGIT

El egasi er yigit,
Er egasi sher yigit.
Er qadrini el bilur,
Elim-yurtim der yigit.
Elning baxti erkakdir,
Erkak elga tirgakdir.
El-yurt uchun er yigit
Kecha-kunduz sergakdir.

Yuragida yoli bor,
Yurganda shamoli bor.
Arslonim, deya suygan
Yori bor, ayoli bor.

Nasl javhari erkak,
Millat gavhari erkak.
Zamona tinch, yurt obod,
Hayot sarvari erkak.

POLVON

Chorlar davra, chorlar qur,
Polvon chiqar zo‘rdan zo‘r.
Alp yo‘lida g‘ov qolmas,
Zo‘r polvonlar to‘kar qo‘r.

Sher savlati yolida,
Er davlati elida.
Polvonlarning quvvati
Bilagida, belida.

Qora tuya nor bo‘lar,
Qora buqa shor bo‘lar.
Olishmasa or uchun,
Polvon zoti xor bo‘lar.

Chechan bo‘lsa dovga qo‘y,
Mergan bo‘lsa ovga qo‘y.
Yigitlarning sarasi
Polvon bo‘lsa yovga qo‘y.

Baland tog‘dan qor ketmas,
Burgut ketmas, sor ketmas.
Polvonlarning ko‘ksidan
G‘urur ketmas, or ketmas.

Siri chiqmas sirtiga,
Sira qaytmas ortiga.
Qo‘rg‘on bo‘lar polvonlar
Millatiga, yurtiga.

ONAMNI ESLAB

Daraxt kabi gullab-yashnaydi odam,
Ota bilan ona baxsh etur umr.
Unib-o‘sib farzand ko‘rgay daraxt ham,
Odam ham tuproqqa otgaydir tomir.

Daraxtni yiqolmas shamol, sel, bo‘ron,
Shoxlari bo‘y cho‘zib yuksalar ko‘kka.
Er ostiga kirar tomiri teran,
Daraxtni ildizi ushlaydi tikka.

Bahorda daraxtim gullar, ko‘nglim to‘q,
Shirin mevalarim o‘g‘lim va qizim.
Faqat bir armonim – endi onam yo‘q,
Tuproqqa ko‘mildi mening ildizim.

XALQARO HAKAM

FIFA referisi Ravshan Ermatov,
Chempion bo‘lishga da’vogarlar ko‘p.
Biroq sovrin bitta, bittadir, axir,
Er shari misoli yum-yumaloq to‘p.

FIFA referisi Ravshan Ermatov,
Muxlislar guvillar: “Gol ur, to‘pni tep!”
Yurtimiz bayrog‘i hilpiraganda
Hayqiramiz: “Olg‘a, O‘zbekiston!” deb.

Bu futbol o‘yini — bu xolis maydon,
Kim kimga muxlisu kim kimga raqib.
G‘irromlik bo‘lganda butun stadion
Adolat kutadi hakamga boqib.

FIFA referisi Ravshan Ermatov,
Jazo tayinlaysiz bunday holatda.
Aks-sado beradi yuragingizda
Amir Temur so‘zi: “Kuch – adolatda!”

SEVGI

Hayotda ochlikka chidashim mumkin,
Chidashim mumkindir suvsizlikka ham.
Sensizlikka chiday olmayman lekin,
Aslo sensiz yashay olmayman, erkam.

Chidayman tunlari uyqusizlikka,
Tinimsiz mehnatga chidayman kunduz.
Biroq chidolmayman tuyg‘usizlikka,
Jonim, sensiz yashay olmayman yolg‘iz.

Soyabonsiz chiday olaman yozda,
O‘tga ham, muzga ham chidayman, ishon.
Kiyimsiz yashashim mumkin ayozda,
Faqat yasholmayman sensiz hech qachon.
 
NILUFAR

Bir ko‘rib ayrildim aqlu hushimdan,
Gul chiroy, gul ruxsor, gul ifor –
Tunlari ketmaysan aslo tushimdan,
Nilufar!

Boladek xayolim oydek yuzingdan
Gul uzar, gul hidlar, gul o‘par –
Qarayman ko‘zimni uzmay ko‘zingdan,
Nilufar!

So‘z – sifat izlayman go‘zal husningga –
Guljamol, gulchehra, gulbahor…
Munosib yaralgan isming jismingga,
Nilufar!

Bahor, yoz, kuzda ham, qishda ham ko‘ngil
Gul tilar, gul istar, gul sevar.
Ko‘nglimni umrbod rom aylagan gul –
Nilufar!

Mehru muhabbatning izhori goho –
Guldasta, gulbargak, gulchambar.
Ilohiy muhabbat timsoli tanho –
Nilufar!

USTOZ ABDULLA ORIPOVNING HAZILI

“– Oting Rustam Musurmon,
Buncha qon qilgaydirsan, –
Dedi ustoz: – ayt, qachon
Musurmon bo‘lgaydirsan?!”

ODAM

Nimani yaratsa odamning qo‘li,
Odamning o‘ziga o‘xshaydi fe’li.
Qozonning og‘zi bor, kapgirning kafti,
Kalitning tishi bor, qulfning tili.

TOHIR MISOL

Jamoling munavvar ko‘kdagi kundan,
Visoling mukarram jondagi xundan.
Oqib borsam Tohir misol sandiqda,
Tutarmisan soching bilan Jayhundan?

GUL VA BULBUL

Oshiq-ma’shuq emish gul bilan bulbul,
Nahotki, bizning ham taqdirimiz shul.
Ishqingda bulbuldek sayrayveraman,
G‘uncha lablaringni ochmaysan, ey gul.

QIRMIZI OLMA

Kuz olma bog‘iga borgandi boshlab,
Bog‘ aytdi: “Bitta ham olma qolmadi…”
Sen esa yuksakda turarding yashnab,
Oltin barglar ichra qirmiz olmadek.
 
IQROR

Sen uchun qilichman, sen uchun qalqon,
Bir umr askarman, bir umr posbon,
Senga jonim fido, senga jon qurbon,
Vatan va ozodlik, ayol, muhabbat!