Rustam Mirvohid (1987)

1987 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat sharqshunoslik institutining 2-bosqich magistranti. “Kelajak ovozi” tanlovining Toshkent shahar bosqichi g‘olibi. “Dil qushi”, “Bu – oshiq so‘zim” she’riy to‘plamlari muallifi.

Sohir tun

Kech tushdi…
Qaydadir qurbaqa sayrab,
Atrofga taratar ajib ovozin.
Qaysidir burchakda chigirtka yayrab,
Chertib-chertib qo‘yar qadimiy sozin.

Qaydadir sarin yel ko‘zi ilingan
Daraxtlar bargini shovillatadi.
To‘lin oy – dirijyor, yuragi to‘lgan
Itlarni qaydadir uvillatadi.

Qaydadir mushuklar oyoq uchida
Tomning qovurg‘asin qitig‘lab o‘tar.
Qaysidir jo‘mrakdan oqqan tomchilar
Chinni yostiqlarga singishib ketar.

Bu jozib, bu turfa, fusunkor saslar –
Sohir tun qizining taqinchog‘idir.
Yo ko‘kka sin solib yotgan yigitning
Subhi sodiqqacha ovunchog‘idir.

Ajab! Tun – shovqinli sukunatmikin
Va yo sukunatli shovqin, bilolmam?..

Cen…

Zarrot aro har zarraki — zikringga zokir,
Amtor aro har qatraki — hamdingga go‘yo.
Alisher Navoiy

Har bo‘yoqda sening ranging bor,
Har tovushdan keladi sasing.
Har uchqunda yaltiraydursan,
Har tomchida,oh, sening aksing.

Muhring bordir har bir zarrada,
Har qarichda namoyondirsan.
Sen – har nedan ko‘hnasan butkul,
Va har nedan navqirondirsan!

Qayon boqmay duch keldim senga,
Borliq sendan iboratmi yo ?
Bu dunyo ham sening g‘ishtingdan –
Bino bo‘lgan imoratmi yo ?!

Sendan qochib qayga ketaman,
Qochgan sari – senga yetaman!.

* * *

She’rlarim yurakning cho‘qqilaridan –
Qog‘ozning qa’riga o‘zin tashlaydi.
Qizig‘i, chilparchin bo‘lgandan keyin
Odamday o‘lmaydi. Yashay boshlaydi…

G‘azal

Eshit, ey, yor, dilim sozi
Chaman bo‘ylab jaranglaydur,
Qo‘shildi bulbul ovozi
Hamohanglikda yangraydur.
Necha yillar yugurmay men
Visolingga yetolmasman,
Desam: bois nadur? Ayding:
Sabab yozug‘i manglaydur.
Bahor abri kabi to‘kdim
Ko‘zimdan jolalar cheksiz,
Po‘latdek toqatim hatto
Aning ostida zanglaydur.
Ochib erdim dilim, do‘stim –
Tushunmay kuldi holimga,
Netay, devona ko‘nglimni
Faqat devona anglaydur.
Nigorim deb shahid bo‘lsam
mening-chun bu saodatdur,
Falak o‘z ufqini har kech
Mening qonim-la ranglaydur.
Visol oni kelur, Rustam,
Umid-la dilni pok tutgil,
Umidsizlik g‘uboridan
Diling ko‘zgusi changlaydur.

Dunyolarga bergisizim mening!

Ko‘nglim sarhadiga sarhading tutash,
Osmoning tajalliy etar ko‘zimda.
Quyoshing jonimga purkagan otash,
Hiloling o‘pichi qolgan yuzimda.

Boshingda parvona yulduzlarmi yo
Tangri taqib qo‘ygan bejirim munchoq?
Mushkin o‘tloqlaring bolishdir go‘yo
Men orom olgali yonboshlagan chog‘.

Qara, ko‘zim yumsam mushtoq kipriklar
Bir-birin vasliga yetar entikib.
Zum o‘tmay ko‘z ochsam, qoshim ustida –
Kapalak turardi qanot silkitib…

U ilkis qochdiyu men-da ortidan
Nafis gulzorlaring bag‘riga kirdim.
O, boshim aylandi bu yer atridan,
Shunda ham bir etak gulingdan terdim.

Mehrim kokilidan bir tola uzib,
Guldasta yasadim sen uchun, Vatan!
Ne tong, buni ko‘rib, samodan sizib
Sevinch yomg‘irlari to‘kilsa birdan…

Xalqim, “o‘zbek” degan shu oddiy isming
Ruhimga azonday soladi titroq.
Asli, seni maqtash, kuylashdan oldin
Lozimdir har kimga poklanib olmoq!

Sen-ku, maqom tutding muqaddaslikda
Allohdan keyinu ona bilan teng.
Ehtimol, tarxingni chizgan naqqosh ham
Astoydil, bel bog‘lab, shimargandir yeng?!

Ishon, senga loyiq so‘zni – gavharni
Dilim ummonidan tera olmadim.
Hali u mo‘jiziy, naqshin kitobni
Umrim tokchasidan topa qolmadim…

Valekin, kun kelib behad muzayyan
She’riy taxtim uzra o‘tqazsam seni
Ham mumtoz tashbehlar qadalgan tojni
Boshingga kiydirsam…
Kechirgil, meni!

Kechirgil, nedinki, sen bundan ortiq
Mukofotni kutgan, ko‘zi qaromsan .
Garchi sen dunyoga dohilsan, ammo
Dunyoga bergisiz, aziz ma’vomsan!
Intiqom!

Hijronning yuziga shapaloq tortib,
Bo‘g‘zidan olaman achchiq azobning.
Anduh yelkasiga quvonchni ortib,
Oyog‘dan chalaman jami sarobning.

Jonimning qadoqli barmoqlari-la,
Ezgin xayollarning sochin yulaman.
Ko‘nglimning ko‘kargan dudoqlari-la,
Jafolar ustidan bot-bot kulaman.

Yurakdan qalamning tig‘in sug‘urib,
Sanchaman yuraklar qoq o‘rtasiga.
So‘ng… Silqib oqqan u qonlarni ko‘rib,
Mehrim – tuz,sepaman. Ha, jo‘rttasiga!

To, majruh orzular qanotin yozib,
Samoga o‘rlasin yel ardog‘ida.
Toki, havo to‘lgan armonlar ozib,
Tazarru aylasin ishq sirtmog‘ida…