Rauf Subhon (1958)

Rauf Subhon 1958 yil 13 martda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. ToshDUning tarix fakultetini tamomlagan (1985). Shoirning «Afsonaning davomi» (1989), «Tadrij» (1993), «Alpomish» (nasriy bayon, 2004), «Salomatlik alifbosi» (2007) kabi kitoblari nashr etilgan. «Omon qaytgan tulporlar» (1995) nomli dostoni ham bor. A. Skopbialening «Yasha, shavvoz!», S. Sedovning «Geraklning o‘n ikki qahramonligi» qissalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

UMR
(«Hurriyat qo‘shig‘i» turkumidan)

Sen alqab payqamay qolgan bu dunyo
Payqamas so‘nishin yonguvchi sha’mning,
Ishqu munojotdan fasli almashar
Oyog‘ing ostida aylangan g‘amning…

Poyingta tashlansa lo‘ppi-lo‘ppi qor,
Izingdan lovullab yulqinsa gullar,
Bu dunyo daryoday sochsa hamki zar,
Ajrini olgaydir talpingan qo‘llar.

Biz yondik, deganda bo‘lgan sabrsiz,
Qadrsiz ilinjdan madad kutganlar,
Sevib-sevilmagan tun-ku qadrsiz,
Kunduz ham ne’matdir og‘riq yutganlar!

Gunohkorning umri shaylanib o‘tar,
Senga yorug‘ amal tilayman Sabr!
Har kim aytib o‘tsin Mangulik so‘zin,
Dunyo bu nafs emas, emasdir qabr…

Bongtim bo‘l, ichimda jim otgan tonggim,
Nigoh so‘zim bo‘lgin, saqlagan to‘zim.
Men ba’zan shoshsam ham, shoshmaydi ko‘zim,
Mangulik – o‘zligim, o‘tkinchi o‘zim.

KUChLI ODAM
Farhod Fayz o‘g‘liga

1. Tilimni yettiga bo‘lgan xudoyim,
Etti xil o‘yinga tushaman har kun.
Til uchi achchiqni sezadi doim,
Tanglay shirinlikni qiladi talqin.
Til qisqa masofa – nafs va halollik,
Achchiq va chuchukning yo‘li ham bir xil.
Sinamay chaynasang, achchiq – malollik
Shirin ko‘p bo‘lsa, u qiladi bir hol…
Ettiga bo‘lingan balki umr ham,
Etti yo‘l, yetti baxt, yetti g‘am kelar.
Umr boshi shirin va yo intiho –
Buni yaratganning bir o‘zi bilar…
Lekin shukr qilgum, garmdorini
Tanglayda sinamoq to‘gri kelmaydi.
Aqlimga solgandir yo‘g‘u borimni,
Buni birov bilib, birov bilmaydi.

2. Mehrimni avvalo Allohga bergum
Va keyin ochunga teng taqsim qilgum…

3. Yoshlik davrim o‘tar, suronim o‘tar,
Halollik istagan bo‘ronim o‘tar.
Qayerga keldimu, qayoqqa ketgum,
Ko‘ksimga ko‘milgan armonim o‘tar.
Buzilgan ko‘prikka o‘xshaydi dunyo.
Kim buzib o‘taru, kim yamab qo‘yar…
Ko‘prikning holiga tushaman go‘yo,
Bilmayman, ko‘rganim tushmi yo ro‘yo…

4. Oyning oydinida shukr va imon,
Quyoshsiz bo‘y cho‘zmas bironta yaproq.
Tongning zarrasidan umidim, umrim,
Har bir nafasimga guvohdir tuproq.
Taassub sololmaymiz hech bir narsaga
Aslida inson ham taassubga loyiq.
Payg‘om keltirganga imon barchada,
Yaratgan oldida har kim ham suyuk.
Buyuklar ham o‘tgan dunyodan ko‘plab,
Ruhin yog‘dusidan jismu tan bardam.
Yong‘oq po‘chog‘iday razolat singan,
Lek hayot mag‘izin asrashgan har dam.
Mening ham zirqirar jismu tavonim,
Bas, omon bo‘lsin bu ruhi ravonim…

* * *

Bu qaro ko‘zlarni o‘ynatib ketding,
Bog‘im bulbullarin sayratib ketding.
Atirgullarimni yayratib ketding,
Mudragan yo‘llarni uyg‘otib ketding.

Bog‘larimning tongda to‘qding yoshini,
Rauf Subhon yengdi cho‘ng bardoshini.
Uying qayda, aytgin, rangin kapalak,
Yo‘llar ostonangga ko‘yar boshini…

* * *

Kimning so‘ragani kimgadir javob,
Hayotim u qadar falsafa emas.
Kimga pul keragu, kimgadir savob,
Istagim savobdir, nafs-balo demas.

Nurdan-da ingichka ishqning tolasi,
Haq – ishqim topinchi, tilovatimdir.
So‘zlarimni qarzlarimga sarflayman,
Umrim mening qarzim – ibodatimdir.

* * *

Sen hali yalpizi ketmagan uvat,
Har tong aylanarding shabnam – sadafga.
Sen hali otingni bilolmasdan bot,
Qarab qo‘yar eding ko‘klam tarafga.

Hamma takrorlardi… seni takrorlar,
Yana termularding, jisming gul – quloq.
Anglash oson emas, fursat qaramas,
Endi.. bahormassan, yoz bo‘lding ko‘proq.

* * *

Ko‘qda muallaqman,
tuning yetar menga,
Yo‘qda najotimsan,
unim yetar senga.

Men betob emasman,
tobing yetar menga,
Benishon shon topgum,
ko‘nglim yetar senga.

BAXShIYoNA

«… Quyosh bilan Oyni ajdaho yutib yuboradi. Uni bir botir qutqaradi…»
Ertakdan

Gul bargi tomchilaydi,
Tol bargi qamchilaydi,
O‘lan ayting, baxshilar,
Kuy bilan g‘am chiroyli.

Yurt qorong‘u tor bo‘lsa,
Botir ko‘ksi yer bo‘lar,
Quyosh yutgan, Oy yutgan
Ajdaho bedor bo‘lar.

Tun uxlaydi, kun uxlar,
El bo‘g‘zida un uxlar.
El-yurt ajdar og‘zida,
Bu qorong‘u dun uxlar.

Bu ertakmi, ermakmi,
Bir o‘lib so‘ng turmoqmi,
Barcha yaxshi-yomonni
O‘z-o‘zidan so‘rmoqmi…

Harna ko‘kdan sir bo‘lar,
Botir ko‘ksi or bo‘lar,
Oy, Quyoshni qutqargan
El og‘zida zo‘r bo‘lar.

Gul bargi tomchilaydi,
Tol bargi qamchilaydi,
O‘lan ayting, baxshilar,
Kuy bilan g‘am chiroyli.

* * *

Sevgilim,
Qor bo‘roni
Qadamlarni sekinlatdi-da,
Yur, g‘orga kiramiz,
Ajdaholar uxlab yotgan asriy jimlikda
Muhabbat haqida suhbatlashamiz…

OHU

Tog‘lardan termildi, bog‘dan kuzatdi,
Botqoqlik ortida to‘kislik, ko‘klik…
Haydasa o‘tmaydi agar yuz otni…
Orin bermaganday bironta haqli…

Hayotda boshqa bir qoida yo‘qday,
Bir sakrasa go‘yo to‘lardek bag‘ri,
Botqoqlik ortida hayvonlar to‘qday
O‘tib olsa yasharmi ishonchi, ori?!

Ortiga qaraydi, odamlar o‘qday,
Poylaydi, sayyodlar kun ko‘rsatmaydi.
Hech bir jon tinch o‘tmas, botqoqlik yutgay,
Bu hududda bo‘lmas ko‘ngilning mayli…

Ko‘ziga ko‘rindi rohat, farog‘at,
O‘zimcha yashayman, dedimi ohu?..
Bir joyga kelganda yutdi-ku botqoq,
Ko‘zida jim ketdi xayoli, ohi!..


AROSATDAGI ODAMGA

Aslida ichingda chiroq yonmaydi –
Yoritgin, hammabop bo‘lmog‘ing uchun…
Fe’lingga-ku, oqu qaro ko‘nmaydi,
Birovga ko‘rsatma bu kibr-kuching…

Arosat bosgansan, axir yoshmassan,
Er yutmas ko‘lmakday, parcha osmonsan!..


RIZQ HIKMATI

Bu bog‘ juda erta gullaydi,
Mevasi ham pishib-pishmaydi.
Er sohibi har yil pullaydi,
Qo‘lga tushar, yerga tushmaydi…

Bolalari to‘yib-to‘ymaydi,
Kelgan pul g‘isht yo og‘och bo‘lar.
Sohib shu kasbini qo‘ymaydi,
Rizq bermasa tog‘ ham och qolar…

Ish rohatin ko‘rmoq bo‘lsangiz,
Kuchga to‘ling, bog‘day yetiling,
Bog‘ qolibdi, desin o‘lsangiz,
Baxt degani mehnat betinim.

Hay-hay zamon yaxshi, albatta,
Har bir onning o‘z hikmati bor.
Shukronasiz qolar g‘urbatda,
Kelajakka bugun poydevor!..


SO‘NAYoTGAN KO‘Z XASRATI

1

Qullik
Qilgan bilan
Daraxt ko‘karmas,
Doimo egilib turasan banda!
Pullik
Ado etgan
Ibodat bo‘lmas,
Yuzingni ko‘rishga shubha bor menda!

Tullik
Qildingmikan
Yuzing burasan,
Seni do‘st ko‘rsatmas bu yolg‘on xanda!

Yillikmisan,
Asrlikmi, bilmadim,
Qiliqlaring nishonlatding amallab,
Qanday tik boqasan VATANga!

2

Ko‘zlaringni
Chorlab turgan
Rishtalar-da, uzilsa,
O‘rtalikda
Kimdir qurgan
Ko‘prik, devor buzilsa,
Qadamingga
Intizordir
Qaytar yo‘lda xas yo cho‘p…
Atrofingda uchmay qo‘ysa
Qushlar g‘ujg‘on, tala-to‘p…
Seni bir zum tark etmagan
NAFAS — O‘LIM yashaydi,
Qurgan bo‘lsang hayot yo‘ling,
Ekkan guling yashaydi!..

* * *

“Oynai jahon” ishqi
Farhodu Shirindandur,
Bu dunyoning kam-ko‘sti
Fosh qilgan siringdandur…

* * *

Ey do‘st, jimligimdan
Senga ne foyda?
Aql ta’ma bilmas
Kuylanar joyda.

Tobora yer quchar:
Tun cho‘kar, qo‘nar…
Toqqa boshin qo‘ygan
Ufq-chi, yonar!..

Jim, deysan, boqaman
Yana tong otar,
Qadim tuproq gullar,
Bearmon boqar!..

Bearmon gullaydi
Bosgan qadamlar,
Qay qatlam qorong‘u
Bilmas odamlar…

Quyosh tortqilaydi
Er qulog‘idan,
Qushlar potirlaydi
O‘z qo‘nog‘ida…

Sukunatni tinglash
Naqadar og‘ir!..
Ko‘rdim, tosh ham gullar –
Bag‘r… toshbag‘r…

Ey do‘st, jimligimdan
Senga ne foyda?
Aql ta’ma bilmas
Kuylanar joyda…

* * *

Qismat har xil
Qadr har xil
Rang har xil

Rang ko‘ru
Hol so‘r demoq
Emas bekor

Illo bir rang
Farq talab
Turfa xildir

Yaxshi yomon
Ajrim-ajrim
Tarxi bor
Bir kimsaning
Necha yuzlab
Sharhi bor

Kimda chehra
Kimlarningdur
Turqi bor

Odob har xil
Sabr har xil
Fe’l har xil

Kimlar ahil
Kimlar yolg‘iz
Kim baxil

Dunyo borki
Oqning oqdan
Farqi bor

Ilm olmoq
Shu sababmi
Madad yor

Yaxshilikning
Turi ko‘pdir
O‘ng ishda

Yaxshilikdan
Nishona bor
Ong ishda

Shundoq bo‘lmas
Jaholat ham
Ot minar

Har yaxshida
Bir yomonlik
Yot minar

Qismat har xil
Qadr har xil
Rang har xil