Rauf Parfi (1943-2005)

Rauf Parfi (Tursunali Parfiyev) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1999). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1960—65). Ijodi 60-yillardan boshlangan. Dastlabki she’rlar to‘plami — «Karvon yo‘li» (1968). «Aks-sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1974), «Ko‘zlar» (1976), «Qaytish» (1981), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1991), «Tavba» (2001), «So‘nggi vido» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli» kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2005 yilda Toshkent shahrida vafot ettan.

ABDULHAMID SULAYMON ChO‘LPON

Shu ojiz holimda shoirmanmi men?
Cho‘lpon

1. Ona tilim, sen ruchimning qanoti,
Abut-turk nafasi, Oltoy chechagi.
Xun davridan omon keldi G‘iroting,
Qutlug Enasoyning ezgu ertagi.

O‘rxun bo‘ylarida toshga aylanding,
Ko‘klarga sanchilding, Turon bo‘lding Sen.
Mangulik safarga qachon shaylanding,
Qachon bu alamga — kuchga to‘lding Sen.

Porloq osmoningda quzg‘unlar uchdi,
Evoh, yog‘iylaring soldi yag‘moni.
Yog‘iylaring jigar — qoningni ichdi.

Jigar — qon jaranggi tutdi jahonni,
Onasen. Kechirding. Qonidan kechding,
Biroq kechirmading aslo yolg‘onni.

2. Dunyo oq emasdir, yo‘q, qora bardosh,
Kuyib yodimizdan kechganlar aytsin.
So‘zlarida zahar, ko‘zlarida tosh,
Elidan, tilidan kechganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hasrati,
Kunlar gizli tug‘yon, bosib kelar she’r.
Nechuk qismat erur shoir qismati,
Tushlarimni buzar hazrat Alisher.

Yillar bahorimni uchirdi chalqib,
Muzlarga ko‘chirdi o‘tluq yozimni.
Axtardim muhitda xas kabi qalqib –

Men o‘z Yulduzimni, o‘z Quyoshimni.
Yulduz sen. Quyosh sen. Sen ona xalqim,
Sen uchun sindirdim sinmas sozimni.

3. Oh shoir qismati yarqiroq, gulgun,
Zavqlarga to‘lar u, Bir So‘zni izlar,
Dunyoda hech bir zot bilmas, ne uchun,
Ayricha kular u, ayricha bo‘zlar.

Yo‘lsizlik yo‘ldoshi, tolei nigun,
Hech qachon to‘yarmi axir yovuzlar.
Bu — xalq dushmani, deb tutsalar bir kun,
Baribir, u xalqning nomidan so‘zlar.

Boshida qora qish, oppoq bahorlar,
Yuragi yarimu butun iymoni,
Talotum olamni shivirlab chorlar.

Tani omonatdir, nakd erur joni,
Ko‘krak qafasida lovullab porlar
Buyuk muhabbatning qonli nishoni.

* * *

Men bilaman, vujuding bo‘zlar,
Bag‘ring yonar sayoq o‘g‘lingga.
Seni o‘rtar bir og‘ir so‘zlar,
Axtarib chiqarsan yo‘limga.

Ko‘chalarga qaraysan har zum,
Kechalarni oqlaysan, ona.
Gunohkorman yolg‘iz men o‘zim,
Yana meni oqlaysan, ona.

Ochiq yotar tokchada kitob,
Ochiq yotir mening daftarim,
Unda kezar mangu iztirob.

Tubanlikda yosuman jari.
Sho‘rlik o‘g‘ling bir umr betob,
Singan sozi, singan xanjari.

SENSIZ

1.

Sovuq. Atrof temir. Qo‘limni ochdim,
Elkamda chatnadi qaynoq qo‘rg‘oshin…
Vayrona qa’ridan ko‘klarga qochdim –
Arzonga oldilar Majnunning boshin.

Rahmsiz olomon, sizga ne kerak?
Angladim, jismimni ruhimni bog‘lar.
Vahiy keldi menga, chirpandi yurak,
Aks-sado berdi muqaddas tog‘lar.

Farog‘at zirvasi. Olam — bilgisiz,
Oxiri sen kelding. Xayolga tolding.
Vodiy og‘ushida so‘zsiz, belgisiz,
Asta od imlar-la ko‘zdan yo‘qolding.
Faqat k;ayga ketding, qaylarda qolding,
Oh, qanday yashayman sensiz — sevgisiz.

2.

Sohilda bir o‘zim. Dengiz qorong‘u,
Elkansiz kemaning ichinda shubham.
Vahima shiviri, bo‘g‘zimda og‘u.
Aqlim bir falokat sezadi mubham.

Rangi o‘~chgan osmon xunuk g‘uldirar,
Achchiq chirqillaydi noma’lum bir qush.
Va yonimda qonli buloq chuldirar,
Atirgullar, sening gullaring behush.

Feruza,. zumurrad gullaring payhon.
Oh, tupdtsing kemadan. Karnay chaldilar,
Va ko‘zga ko‘rinmas qo‘llar shu zamon
Ag‘dardilar meni, kishan soldilar.

Faryodim ichimda, otma gulingni…
Otma, slg‘izlikdan — baxtli qulingni.

3.

So‘ldirsha gulingni, ilohim, yonsin,
Eru osmon ko‘rsin ko‘z yummay bedor.
Vaqt — ulug‘ hakam. Ruhing uyg‘onsin,
Asriy umidim — Sen. Sen borsan. Sen — bor.
Roviylar ne uchun? Haq va Haqiqat!
Asirlik zanjirin parchalab tashla.

Vujudingni yoqsin alamli fikrat,
Ayon haqiqatga, haq yo‘lga boshla.
Fursat o‘tmaqdadir. Vaqt bu — beomon,
Omonat dunyoda omonat odam –
Vijdon shevasi bor, mehrobi iymon –
Asl insonlarin chorlaydi bu dam.

Falakka sanchilib qolgan so‘zim bor,
Olovlar, chamanlar ichra o‘zim bor.

TAVBA

1.

Dodimni eshitgil, qodir Allohim,
Ishq sensan, oshiq ham sen, men qulingman.
Loyiqman qahringta, do‘zaxim-bog‘im,
Omonat devorman, o‘tman, kulingaan.

Rub’i maskun ichra sayyod, o‘zim sayd,
Ortiq madorim yo‘q, voqifsan axir.
Manglayda yozilgan farmoningni ayt,
Da’vat qil, gunohkor bandangni chaqir.

Iymon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga.
Ojiz tomirimga pokiza qon ber,
Ravshan qil, qoramni oqlab ber menga.
Oxirat ilmidan qil meni ogoh,
Murodim sha’mini so‘ndirma, Alloh.

2.

Moziyga urilib sinar ovozim,
Umr o‘tib borar benaf’, benavo –
Nahotki bu — qo‘lim? Bu mening sozim?
Allohdan so‘rayman — Nechun bu jafo?!

Jami judoliklar jonimga yetdi,
Ol, deyman, Allohim, omonatingni.
«Tavba» qil, — dedi Ul, bir Kitob tutdi –
Muroding mustajob, mingil otingni,
Ummonlar yo‘lingda, jangal yo‘lingda,
Noma’lum har joyda qurilgan doring.
Olamning kalidi sening qo‘lingda,
Jafo habibingdir, xiyonat — yoring».

Allohim, lahza — men, sen ersa mangu,
Taskin berganingai, shafqatingmi, bu?!

3.

Semurg‘ qushim, podsho qushim, xush kelding,
Etti gumbaz, yetti vodiy sarvari.
Vasling ne’matidan bahravar qilding,
Intizor joningman, yo‘lsiz, sarsari.

Nola aylab Semurg‘ dedi: — Ey, bedor,
Chorlar seni bir uborim. Bor. Ishon!
Sen fano vodisi, Haq qoshiga bor,
Eru osmon cho‘kmakdadir benishon,
Vahshiy dunyo, qonxo‘r dunyo quturdi,
Inson faryodiga to‘ldi koinot.
Nabiylar, dohiylar, shoirlar turdi,
Chora, chora, deya so‘rdilar najot…

Allohim, bilursan qay sori ketdim,
Allohim… men o‘ldim… Men Senga yetdim…

* * *

Tong otmoqda. Tong o‘qlar otar,
Tong otmoqda, quyosh — zambarak.
Yaralangan Yer shari yotar,
Boshlarida yashil chambarak.

Tong otmoqda, musaffo tongga
Yuragini tutar odamlar,
Shu tong uchun kelgan jahonga,
Shu tong deya o‘tar odamlar.

Tong otmoqda…

* * *

I. Qor hidi dimoqqa urildi,
Uxlaydi shamolning qo‘ynida
Barglarini to‘kmagan rayhon.

II. Tong-sahardan o‘ltirasan daryo bo‘yida,
Bir fikrga kelmadingmi? Ayt. Ayt.
Yo‘qsa, kech bo‘ladi, quyosh so‘nadi hozir.

III. Yer o‘z o‘qidan ayrilar, inon,
Inon, osmonidan ayrilar quyosh,
Agar biz ayrilsak.

1966

MUNOJOT

Bag‘rimda g‘ildirar temirchil hayot,
Izg‘itqi chivg‘inda chidamdir boshim.
Faqat sen uyquchan tomirin uyg‘ot,
Qizimning qo‘liga kuch ber, Quyoshim.
Bag‘rida laqqacho‘g‘, aylanadi Yer,
Kulinchim, sevinchim, kuyuk ko‘z yoshim.
Faqat sen qizg‘onma, bir kaft mehr ber,
Ilinjim, sig‘inchim – buyuk Quyoshim.

1982

ADAShGAN RUH

I. Quyoshning yog‘dusi qoradir,
Yulduzlar muzlardir to‘kilgan.
Bu daryo uzangan yaradir,
Daraxtlar egilgan, bukilgan.
Yulduzlar muzlardir to‘kilgan,
Toshlardek qotmishdir tumanlar.
Erlarga tikanlar ekilgan,
Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar.
Bu daryo uzangan yaradir,
Hasratdir tinmagan hech qachon.
Jimirlab qaylarga boradir,
Boradir bezabon, bemakon.
Daraxtlar egilgan, bukilgan,
Er tishlab yotibdir yaproqlar.
Toshlarga mixlangan, chekilgan
Lochinlar, kaptarlar, chorloqlar.
Quyoshning yog‘dusi qoradir,
Quyoshning sochini o‘rgayman.
Nahotki, eng so‘nggi choradir,
Adashgan Ruhni men ko‘rgayman.

II. Toshlardek qotmishdir tumanlar,
Bulutlar – falakning ohlari.
Kechmakda eronlar, turonlar,
Tubanda qorong‘i chohlari.
Bulutlar falakning ohlari,
Ingrog‘i, singrog‘i uchadir.
Tubanda musibat tog‘lari,
Qora g‘or ichindan kechadir.
Kechmakda eronlar, turonlar,
Sudralib, paypaslab, itarib.
Kechmakda bo‘ronlar, suronlar,
Eng go‘zal, eng bag‘al, eng g‘arib.
Tubanda qorong‘i chohlari,
Qa’riga chaqirar, yaltirar.
Itlari, otlari, zog‘lari
Xarsangga aylanar, qaltirar.
Toshlardek qotmishdir tumanlar,
Bilgisiz ochunning asari.
Tubanda gunohlar, iymonlar,
Adashgan Ruh kezar sarsari.

III. Yerlarga tikanlar ekilgan,
Toshlarga, xarsangga sanchilar.
Turkiston tug‘lari tikilgan,
Betlashgan jonibor yanchilar.
Toshlarga, xarsangga sanchilar
Cheki yo‘q yo‘qlikning nolasi.
Diydalar tomchilar, qamchilar
Sabrning – Odamning bolasi.
Turkiston tug‘lari tikilgan,
Vatansiz kaslarning yo‘li berk.
Xo‘rlangan, zo‘rlangan, to‘kilgan,
Erkidan ayrilgan qutlug‘ Erk.
Betlashgan jonibor yanchilar,
Tuyoqlar ostinda bo‘zlaydir.
Jangchilar, pulchilar, tankchilar,
Yog‘iylar yolg‘onni so‘zlaydir.
Erlarga tikanlar ekilgan
Dov uchun, ov uchun, g‘ov uchun.
Turkiston tug‘lari tikilgan
Yov uchun, yov uchun, yov uchun.

IV. Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar,
Tarixning temirdan devori.
Aqqadlar, sumarlar, yunonlar,
Bilingiz, bu Turon Diyori.
Tarixning temirdan devori,
Yilt etgan bir ziyo ko‘rinmas.
Moziyning ko‘milgan mozori,
Atrofda tirik jon urinmas.
Aqqadlar, sumarlar, yunonlar,
Turkiylar, nahotki, kechmishdir,
Ketmishdir, yitmishdir jahonlar,
Yo‘qlikning zahrini ichmishdir.
Bilingiz, bu – Turon Diyori,
Qonlari ko‘klarga sochilgan.
Yo‘q erki, yo‘q do‘sti, Haq yori,
Boblari kenglikka ochilgan.
Ekilgan yolg‘onlar, gumonlar
Bergaydir, albatta, mevasin.
Bu tunlar, bu kunlar, bu tonglar
Men va Sen, Men va Sen, Men va Sen.

V. Hasratdir tinmagan hech qachon,
Manglayga yozilmish bu oyat.
Muhaqqaq yozmishdan kim qochg‘on,
Kim ko‘rgan? Kim bilgan, nihoyat?
Manglayga yozilmish bu oyat,
Hukmdir, muhrdir, o‘chmasdir.
Zulmatda yo‘q erur hidoyat,
Zimiston ranglari ko‘chmasdir.
Muhaqqaq yozmishdan kim qochg‘on?
Barini amriga olajak.
Tiriklik tilsimin kim ochg‘on?!
Qulfiga kim kalit solajak?
Kim ko‘rgan? Kim bilgan, nihoyat?
Qorayib yaltirar lojuvard.
Shoirda bormidir rioyat?
Ko‘zida, so‘zida achchiq dard.
Hasratdir tinmagan hech qachon,
Yilt etgan ziyodan yo‘q asar.
Ul mavjud, nomavjud, jon – bejon,
Adashgan Ruh kezar sarbasar.

1991

ABDURAUF FITRAT

Nega seni chulg‘ab oldi buncha tikonlar?
Nega chiqdi yuragingdan yuzga bu dog‘lar?
Abdurauf FITRAT

I. Ajab mudhish qaro tun kafan tutar,
Bir zamon tinmaydir, izg‘irar shamol.
Daryo ko‘piradir, odamni yutar,
Ul go‘zaldir, ul irganchdir, ul xayol.
Riyozat qamchisi kabi savaydir
Ulkan yomg‘ir buzg‘un tanizorimni…
Ulug‘ Turkistonni kimlar sevmaydir?!
Fir’avnlar sevmas mening borimni.
Firoqning nag‘masin chalar nay siniq,
Isrofning ichindan silqir bu navo,
Taralar huv cho‘kkan tog‘lardan tiniq.
Riyolar, rishvatlar… Zaharli havo.
Azon tovushini tinglayman og‘ir.
Turkiston. Qora tun. Shamol va yomg‘ir.

II. Aytadir oy dardin bulut qo‘ynida,
Bulutlar hurpaygan, na-da qoradir.
Dorlari muhaqqaq azlom bo‘ynida,
Unutilgan, xo‘rlangan xalq boradir.
Raqam qildi menga manfur jaholat,
Alam ortgan karvon borar mung‘ayib.
Urinadir, surinadir bu holat,
Faqat paydo bo‘lur va birdan g‘oyib.
Fasihalar ko‘rinar sochlari olov,
Ivirsir arvohlar ko‘zu qo‘li qon…
Turkiston, Turkiston, mukarram yalov…
Rad etdimmi seni, qoldimmi bejon?
Alamim shamlari so‘ndimi, ona?
Tilagim yulduzi to‘ndimi, ona?

III. Ayriliq shamshiri boshimda sindi,
Borlig‘im chopildi, ichdim qonimni,
Dunyo tarixini o‘qib yukindim,
Uyqudan uyg‘otdim Turkistonimni.
Rizqimizni, axir, kimlarga berdik?
Axir, odam edik, muhtoj, notavon.
Ular xirmon-xirmon, biz nishxo‘rd terdik,
Faryodimiz yetib bormas hech qachon.
Falokat ustiga falokat tutdi,
Intiqom, intiqom dedim, yugurdim…
Turkiston, Turkiston, Turkiston o‘tdi –
Razolat qabrinda bosh egib turdim.
Ay ulug‘ tog‘larim, ay shonli Turon,
Tokay uyg‘onmassan, ay qonli Turon?

1991

* * *

Xayrlashdik… o‘ynar kapalak…
Biz asir bo‘lmadik lahzaga.
Xayrlashdik beso‘z, beyurak,
Bu bog‘, bu gul keldi larzaga.

Shabnamning sof qadahi sindi…
Kulimizni sovurdi falak —
Sen mendan ayrilding, men sendan.
O‘yin tushar rangin kapalak.

O‘ynar, o‘ynar, o‘ynar kapalak.
Bir lahzaning farmoni qoldi.
Xayrlashdik. Beso‘z. Beyurak.
Buyuk sevgi armoni qoldi…

Qanday go‘zal, rangin kapalak…