Ramazon Ashur (1960)

Ramazon Ashur 1960 yilda Boysun tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan. Ayni paytda «Afrosiyob PRESS» gazetasining mas’ul kotibi. She’rlari, maqolalari respublika matbuotlarida muntazam chop etiladi.

SEVGI BEChORA

Men uni avaylab, asrab yurgandim,
Ne qilay, yo‘qotdim endi nachora.
Tomirsiz daraxtdek titrab turgandim,
Qo‘limda jon berdi sevgi bechora.

Yomg‘ir, shamollardan asragandim men,
Hadiklar qo‘ynimda, yurak dilpora.
Majnunlar kelganda bermagandim men,
Qo‘limda jon berdi sevgi bechora.

Quzg‘unlar ustimdan kuldilar bugun,
Ko‘ngil mag‘lub bo‘ldi, dushmanlar g‘olib.
Men endi qaylarga bo‘larman surgun,
Qo‘limda jon bergan sevgimni olib.

ASIRA

Sevgini asirga olishdi,
Vafoni tashlashdi zindonga.
Hijronni savashdi ayamay,
Ishonch taslim bo‘ldi bir onda.

Gumonlar qadahin ko‘tardi,
Xiyonatlar keldi yoniga.
Gumashta o‘ljani yutardi,
Sabrning botirib qoniga.

Umidlar mung‘ayib qolishdi,
Toqat ham tan berdi taqdirga.
Qadah so‘z aytishdi tinmayin,
«Sevgi-ishonch» bo‘lmaydi birga.

FARIShTAM

Ko‘ngillar ko‘ngilni izlaydi,
Yuragim yo‘lingda intizor.
Xayollar seni deb bo‘zlaydi,
Muhabbat uyg‘otar har nahor.

Visolni sog‘inchlar ezg‘ilar,
Hijronlar raqs tushar qo‘ynimda.
Sevgining dardini kim bilar,
Ko‘zlarim nigoron yo‘lingda.

Yuraklar talpinar tinmayin,
Tilaklar seni deb yashaydi.
Men senga intildim kun sayin,
Yuragim sevganga o‘xshaydi.

Ko‘zingga termulib o‘ltirsam,
Diydoring eng oliy orzudir.
Oy yuzing uzoqdan bir ko‘rsam,
Umidlar shunga ham rozidur.

Menga ayt, ne bo‘ldi bilmayman,
Tunlar ham qoshimda bosh egdi.
Bir bora qiyo boq ushbu dam,
Men seni sevaman, farishtam.

TO‘RTLIKLAR

Har tong sizni bir ko‘ray deb turgayman,
Kunlik holingizni ming bor so‘rgayman.
Gar bilsangiz jonim, bilmasangiz ham,
Bu dunyoda siz bor uchun yurgayman.

* * *

Ketmoqdaman, kim xafa, kim zor o‘ldi,
Dardim bisyor, muhabbatim tor o‘ldi.
Bir asrga asir bo‘lgan bu yurak,
Afsus, sening qo‘llaringda xor o‘ldi.

* * *

Mening so‘zlarimga toshlar eriydi,
Sening tosh bag‘ring erimadi hech.
Taqir ko‘zlarimda dengiz quriydi,
Qancha egilsam ham egilmading hech.

* * *

Ko‘zlarimdan uyqu qochdi seni o‘ylab,
Xayolimda uzoqdamas, bag‘rimdasan.
Muhabbating yog‘du sochdi tanam bo‘ylab,
Tanim titrar, jonim titrar, qaylardasan?

* * *

Nigohlaringga men singib ketayin,
Sokin to‘lqindayin tinib ketayin.
Bir bora bo‘lsa ham bag‘ringga bosgin,
Bu dunyo borligin bilib ketayin.