1990 yilda tug‘ilgan. Sirdaryo viloyatidagi Guliston san’at kollejini tugatgan. She’rlari matbuotda e’lon qilingan. “Kimgadir yaxshiman” kitobi muallifi.
* * *
Yur, bizni bog‘larga chorlar muhabbat,
Biz yurgan yo‘llarga rayhonlar ekib.
Hijron azobida qiynama faqat,
Chinorday qaddimni qo‘ymagin bukib.
Yur, bizni tog‘larga chorlar muhabbat,
Dastalab tutadi qizg‘aldoqlarin.
Kelmasang, dilimda dardim qatma-qat,
Armonlar chalmasin qo‘ng‘iroqlarin.
Yur, o‘tli chog‘larga chorlar muhabbat,
Yo‘limiz yoritar ko‘kdagi hilol.
Yurak hislarimiz bog‘lar muhabbat,
Omadu baxtimiz kular, ehtimol?!
Yur, bizni sohilga chorlar muhabbat,
Anhorning bo‘yida xayol suraylik.
Yurakda yashasin sevgi toabad,
Erda ham, ko‘kda ham birga bo‘laylik.
* * *
Bu tun kirmoqchiman tushingizga, men,
Yo‘q demang, o‘tinchim qilmang e’tiroz.
Hech yo‘qsa, bo‘layin bo‘yningizda meng,
Iltimos haydamang,
Uyg‘onmang biroz.
Bu kun yurmoqchiman hushingizda men,
Olib aqlingizni, devona aylab.
Nahot, xayolingiz bo‘lsa shuncha keng,
Keling, xayolingiz qirg‘og‘i bo‘ylab?!
Mudom qolmoqchiman ko‘nglingizda men,
Muhabbat qasri ham nurga to‘ladi.
Qabul qilolsangiz dunyodagi eng
Baxtiyor bo‘lardim,
Baxtli bo‘lardim!
* * *
Ko‘zyoshim sanama, yo‘qdir adog‘i,
Uyqusiz nigohim yiqilgan azal.
Aslida oy dog‘i – yuragim dog‘i,
Sen sohta go‘zalsan, eng sohta go‘zal!..
Qalbingda nima bor, «orzu»dan bo‘lak,
Boringni qamragan sohta tuyg‘ular!
So‘rasang menda bor chin oshiq yurak,
Menda bor sevgidan sarmast kulgular!..
Yig‘la!..
Yig‘lavergin!..
To‘xtama!
Yig‘la!
Yig‘lasang yosharib boraman asti.
To‘xtama!
Kunduzga tunlarni bog‘la,
Shunda men olaman yuragim qasdin.
Qalbingni kuydirib «garmsel» yelsa
Ulgurgin kipriging olgani toblab!
Sabru-bardoshimni sinaging kelsa
Oysiz tunlarimni ko‘rgin hisoblab!..
* * *
VAQT nomli tulporim bormoqda yo‘rtib,
Qancha dovonlardan oshib boryapmiz.
Kun sayin tezligi bormoqda ortib…
… olislarda oppoq otni o‘ryapmiz!
Hali bor manzilga,
Manzil qiyomat,
Balki qolsammikan bir dam to‘xtatib.
Bizga yetolmaslik shamolga odat,
Uzangi oyoqqa bomoqda botib.
Bilmadim, qaylarda …balki bir ovloq,
Bo‘ron, dovul, balki yomg‘irdamikan?
Biroz tutqich bermas,
Biroz asovroq
BAXT nomli tulporim qaylarda ekan?!..
* * *
Qaniydi… shamolga uchsam qo‘shilib,
Qaniydi… dengizdek mavjlanib to‘lsam.
Jonimni tashlasam yo‘limga yulib,
Qaniydi… poyingga yiqilib o‘lsam.
Qor bo‘lib yog‘samu lahzada erib,
Lahzalik mehringga giriftor bo‘lsam.
Bergan bir umringga ko‘karib… qurib,
Qaniydi… xazondek to‘kilib o‘lsam.
Har kuni ko‘ksingga boshimni urib,
“Xo‘p” desang kaftingga sajdalar qilsam,
Muhammad ko‘rmagan yuzingni ko‘rib,
Qaniydi… ko‘zingga tikilib o‘lsam.
* * *
Dilimning toshqini ko‘zimga ko‘chdi,
Qalbimning mash’ali manguga o‘chdi.
Turnalar: – «Azizim alvido», deya
Qo‘l yetmas, ko‘z ko‘rmas olisga uchdi.
Osmon ham qovog‘in soldi butunlay,
Yig‘ladi bulutlar, yig‘ladi tinmay.
Zulmatga cho‘mildi kunduz men uchun,
Har kunim, har lahzam, o‘tmoqda yilday.
Suratga termulib o‘tirgancha jim,
Tasvirga ko‘chadi jon ila ruhim.
So‘ramang azizlar, so‘ramang mendan,
Men xayol surishga bo‘lganman mahkum.
NETARMAN
Gulzor-u, chamanzor armonda qolib,
Dala-yu, dashtlarga ketsam bosh olib,
Bu shirin jonimni qiynoqqa solib,
Sahrolar makonim bo‘lsa netarman.
Bevafo sevgidan yuragim kuysa,
Taqdirim baloni boshimga uysa,
Sabrimning kosasi limmo-lim to‘lsa,
Orzularim dog‘da, qolsa netarman.
Tomchi suvin bermay qizg‘onsa dengiz,
Dunyo aro o‘zim qolsam ham yolg‘iz,
Barmog‘im barg bo‘lsa bo‘lmasa ildiz,
Tanim oziqlanmay qo‘ysa netarman.
Jilmayib menga tosh otganda do‘stim,
Dushmanga sirlarim sotganda do‘stim,
Hiyonat sharobin totganda do‘stim,
Do‘stlarim do‘stlikdan tonsa netarman.
Xayolim daryoday oqmasa agar,
Yorimga izhorim yoqmasa agar,
Men tomon bir bora boqmasa agar,
Yuragim zardobga to‘lsa netarman.
Kunlarim, tunlarim o‘tsa oh urib,
Zuluklar to‘ymasa qonimni so‘rib,
Hormasam quvonchni anduhga qorib,
Qalbimda armonlar kulsa netarman.