Rahimjon Rahmat (1961)

Rahimjon Rahmat 1961 yilda tug‘ilgan. Shoir, yozuvchi va adabiyotshunos. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Dala gullari”, “Xastalik daftari” adabiy maqolalar, kuzatishlar va she’riy asarlarni o‘zida jam etgan to‘plamlar muallifi.


Sog‘indim

Bu o‘tkinchi dunyoga
Kelishimning sababi –
Ko‘zlaringni sog‘indim.

Oyga boqib: “Oh” tortib,
Dard chekishim sababi –
Yuzlaringni sog‘indim.

Kecha-kunduz gung bo‘lib
Yurishimning sababi –
So‘zlaringni sog‘indim.

Har ko‘chada it kabi
Daydishimning sababi –
Izlaringni sog‘indim.


Oshiqona

Haridor bo‘l, o‘zimni
Qul bozorda sotaman.
O‘pqon bo‘lsang jonimni
Quchog‘ingga otaman.

Jallod bo‘lgin, boshimni
Senga qilaman tortiq.
O‘tkir bo‘lsin qiliching,
Baxt bormi bundan ortiq?!.

Shamol bo‘lsang, sham bo‘lay,
Bir lahzada o‘chirgin.
Yoki nozik niholman –
Ildizimdan ko‘chirgin.

Kamon bo‘lsang, nishoning
Mana mening yuragim.
O‘q otarda mo‘ljaldan
Adashmagin, malagim.

Sendan kelgan jafolar
Jannatdan ming a’lodir.
Muhabbatsiz bu hayot
Boshga bitgan balodir.

O‘zingsan

Olov yoqqan o‘zingsan,
Endi sira o‘chmayman.
Kuyib kul bo‘lsam, hatto,
Jonon, sendan kechmayman.

Olov yoqqan o‘zingsan,
Endi rosa kuyaman.
Kuyishimga kuyinma,
Kuysam, qattiq suyaman.

Qara, menga qo‘shilib:
Yulduz yonar, oy yonar.
Chin rohatim o‘zingsan,
Jannat degan joy yonar.

Olov yoqqan o‘zingsan,
Olovga bir to‘yaman.
Hech kimga yo‘q omonlik,
Dunyoga o‘t qo‘yaman.

Ishq olovi oftobdir,
Bahor bo‘ling kuz, qishlar.
Ishq, asli, bir kimyodir,
Tillo bo‘ling kumushlar.

Malika

Malikaga oshiq bo‘libman,
Ol, Malikam, qalbim seniki.
Tuproqqa teng gadodirman, men,
Jisming emas, isming meniki.

Shahzodangning yoniga borgin,
Erda qolgan izing meniki.
Shahzodalar bari bevafo,
Ko‘zyoshlaring – ko‘zing meniki.

Senga nisor aylayin desam,
Boyligim yo‘q jonimdan boshqa.
Ol, Malikam, jonimni olgin,
Arziydimi bir boqishingga.

Soching bilan bog‘la bo‘ynimdan,
Sening sodiq iting bo‘layin.
Jallod bo‘lib jonimni olgin,
Faqat yuzing ko‘rib o‘layin.

Shabbodaga aylanib xushbo‘y,
Sochlaringni taray olaman.
Yulduz bo‘lib, baland osmondan
Yotog‘ingga qaray olaman.

Bog‘ aylanib ko‘ngling shod bo‘lar,
Sochlaringga qo‘nar kapalak.
“Malikaning baxti ochilsin”,
Bulbul senga tilaydi tilak.

Gullar seni ko‘riboq, deydi:
“Malikamiz muncha ham ko‘rkam?”
Bu bog‘ mening qalbimdir, jonim,
Ishonmaysan, o‘zim aytsam ham.

Malikaga oshiq bo‘libman,
Ol, Malikam, qalbim seniki.
Tuproqqa teng gadodirman, men,
Jisming emas, isming meniki.

Ishq

Poyingga tiz cho‘karman,
Bundan ulug‘ tavob yo‘q.
Jannat eshik ochadi,
Bundan a’lo savob yo‘q.

Visolingga yetay, deb,
Er ostiga ketyapman.
Jon berarda ismingni
Ming bor takror aytyapman.

Qabrim ichin yoritgan
Oyimsan, oftobimsan.
Mashharda berilajak
Savolga javobimsan.

Dunyo mening ichimda
O‘zga bir dunyo ko‘rdi,
Bo‘stonidan quvladi,
Sahroni ravo ko‘rdi.

Dunyo mening ichimda
Ishq degan bir gul ko‘rdi,
Rashki kelib, ayamay
Ko‘ksimga xanjar urdi.

Sen, deb, chekkan azobim
Boshga yoqqan rahmatdir,
Borligingni his etib,
Jonim sezgan lazzatdir.

Bir gunohim ishq edi,
Ko‘rdim ming tur jafoni.
Jannatda siylagaysan
Mendek joni fidoni.

Poyingga tiz cho‘karman,
Bundan ulug‘ tavob yo‘q.
Izlang, ikki dunyoda
Ishqdan a’lo oftob yo‘q.


Istasang

Meni qo‘rmoq istasang, gulim,
Endi meni o‘zingdan so‘ra.
Uxlayotib o‘zing ham sezmay,
Aytgan gaping, so‘zingdan so‘ra.

Meni ko‘rmoq istasang, gulim,
O‘tib ketgan yillardan so‘ra.
Gala qumlar ostida qolgan
Cho‘llardagi yo‘llardan so‘ra.

Meni ko‘rmoq istasang, gulim,
Suv oqizgan tuproqdan so‘ra.
Erning o‘yib olingan ko‘zi –
Qurib qolgan buloqdan so‘ra.

Meni ko‘rmoq istasang, gulim,
Tomda o‘sgan maysadan so‘ra.
Qaydaligim ko‘rib turibdi,
Ko‘zi ojiz kimsadan so‘ra.

Men yo‘qdirman: na tuproq, na suv,
Na quyoshu na yulduz, oyda.
Balki meni topib olarsan
Er va osmon qo‘shilgan joyda.


Jonimni ol

Jonimni ol, jonona, senga hadya etaman,
Jononasiz jonlarni itlar yesin, netaman.

Noz qilasan ming turli, so‘zlaring shirin, sirli,
Senga bersam jonimni, men o‘zimga yetaman.

Kelgin, deyman, yonimga, orom bergin jonimga,
Kelmasang ham mayliga, kelmaydi, deb, kutaman.

Mendan nari tur, desang, yiroqlarda yur, desang,
Ketmon olib, go‘r kovlab, o‘sha yerda yotaman.

Sensiz dardga davo yo‘q, bu shaharda ma’no yo‘q,
Men o‘zimni qul qilib, lo‘lilarga sotaman.

O‘ldirsa, yor o‘ldirsin, paymonimni to‘ldirsin,
Lahadning devoriga ishqiy she’rlar bitaman.


Ma’no yo‘q

Hayotimda ma’no yo‘q, ko‘ngil sira to‘lmaydi,
Yulduz kular, oy kular, nega baxtim kulmaydi?

Umr faqat ayriliq, hijron dilga urar tig‘,
Yor visoli lazzatin ko‘nglim hali bilmaydi.

Yorsiz hayot kulfatdir, dunyo quriq tuhmatdir,
Yorsiz zotni kesak deng, odam desa bo‘lmaydi.

Dunyo hayoti ozdir, boqiy dunyo ho‘b sozdir,
Ishqsiz bo‘lsang, u dunyo pisandiga ilmaydi.

Bu dunyoda kamim ko‘p, katta-kichik g‘amim ko‘p,
Eng katta kamim ushbu, jonondan xat kelmaydi.