Otashnafas shoir Rafiq Mo‘min 1900 yilda jannatmakon Namanganda kosib oilasida tug‘ildi. Voyaga yetgach, ikki inqilobni ko‘rdi. «Oq»-u, «qizil»larning dahshatli janglariga guvoh bo‘ldi. Hamshahri va do‘sti O‘g‘izxonning bosmachilar zulmi haqidagi «Yosh qurbonlar» dramasini birgalikda sahnaga qo‘ydi. O‘zi bolalarga atab xalq ertagi asosida «Yoriltosh», «Gulyor» pesalarini yozib sahnalashtirdi. Shoir Cho‘lponning sadoqatli shogirdi sifatida uni himoya qildi.
Qizil askarlar, dashnoqlar,o‘ziga to‘q mujiklar to‘dasi farg‘onaliklar boshiga solgan kulfatlardan faryod chekdi:
Ko‘zingda g‘amli nurni ko‘rganda,
Ma’sumona bir hol bilan yig‘ladim…
…Kichikkina, eziluvchan Farg‘onam,
Yovuz ahli bosh kesganda yig‘ladim.
Haqiqat yuziga tik boqqan shoirning adolatli so‘zlariga stalinizm jodikashlari toqat qila olmay qatag‘on etdilar.
Rafiq Mo‘min 1946 yilda ajalxonalardan tirik qaytib kelgan bo‘lsa-da, biroq oqlanmagan edi. Jismoniy-ma’naviy ezilgan shoir 1951 yilda vafot etdi.
NOZLI TEGILISh
(Farg‘onalik shoirimiz Cho‘lponga)
Oh yuzg‘utmoq, voh alamlar,
Dod, faryodlar yana ketmadi.
Aytdiku senga! Bu korong‘uning dahshat qir yo‘li,
Bizdan ketmaydi.
Yana o‘z to‘lqinlari bilan fortunalar yasab,
Go‘zal tog‘larni, bog‘larni
Buzar.
Bu vayronalik, bu xarobalik ustida
Yana boyqushlar, qarg‘alar
Kezar.
Uzoqdan kelgan kutsiz yellar.
Jonsiz, ma’sum yaproqlarni—
Tilagan, istaganlaricha,
Kuchsiz topib yanchalar.
Ezarlar.
Ko‘nglim yurtining hoqoni qayg‘um!
Turma! Shoshil!
Oshiq!
Istaging istab kuch!
Ro‘zg‘orlarga karshi to‘fonlar yasa!
To‘lqunlarga qarshi
Karbalolar yasa!
Ket! To‘g‘ri ket!
Arshga qadar ket-da,
Faryodlarga yet!
Vayronaliq qayg‘ularin tort!
Buzg‘unlik, tengsizlikni egangga
Bittalab, bittalab ayt!
Qoshingda Cho‘lpon uchun umid tonglarin olib qayt!
Ay, qanotsiz qarg‘alar, siz,
Boyqushlar do‘sti, qora devlarsiz.
Manim sevgan do‘stimni nechun quvdingiz?
Quvdingiz-da, quvdingiz, o‘zingiz ham bitarsiz.
Ho‘qand, 23 fevral 1923 yil.
TONG YeLI
(…kelishiga)
Hanuz baxting sochin yozmagan ekan,
Bulbuling sayrashdan tolmagan ekan,
Dushmanlar suyukli, yashil gulingni…
Zaharli qo‘lida uzmagan ekan.
Ko‘kdagi yulduzlar, baxting guliga
Salomlar yubordi malaklaridan.
Uzoqdan «esgan» «tong onam» yeli —
Orqali ruhingni solmish yo‘liga…
Yaproqlar o‘ynashib bir-birlariga
Sirlarin aytishib ham qitig‘lashdi.
Tong yeli kelurda harir ko‘rungan —
Go‘zallik timsoli kulub yayrashdi.
Xo‘qand, 18 iyun 1923 yil.
TO‘G‘RI KETAMIZ
Tog‘liq-toshliq kizg‘in qumlar ustida,
Sahrosidan ham cho‘lidan, dashtidan
Chopa-chopa qiziqishib ketamiz
Qo‘l ushlashib, o‘ynoqlashib ketamiz.
Daryolarin, dengizlarin, ko‘llarin
Biz bosmasdan qo‘ymaydurmiz yo‘llarin.
O‘rmonlardan, to‘qaylardan ketamiz,
Sherlar bilan so‘roqlashib ketamiz.
Xarobalar, vayronalar ko‘kidan,
Hayqirishgan boyqushlarning o‘qidan
Qo‘lda yaroq-yoylar bilan ketamiz,
Tikka jarning soyi bilan ketamiz.
Devlar yanglig‘ cho‘zilishgan tog‘larning
Qor ham do‘li bosgan go‘zal bog‘larning
Qayg‘usidan ucha-ucha ketamiz,
Bir yo‘l qo‘ymay ko‘cha-ko‘cha ketamiz.
Suvsizlikdan so‘lgan yashil yaproqlar,
Er ostida churub qolg‘on yaroqlar.
«To‘g‘ri yo‘l» deb yangi yo‘lga ketamiz,
Yurtimiz deb jang yo‘liga ketamiz.
19 fevral 1923 yil.
BORLIQDA BIR G‘ASh
Ko‘k yuzida yulduz o‘ynar porpirashib,
Ko‘klam bilan qayg‘ulashib, «Cho‘lpon» yig‘lar.
Ko‘rkam yurtning dev, qushlari hayqirishgan,
Borliq ko‘zi yoshga to‘lgan, «Vulqon» yig‘lar.
Qanot rostlab g‘ozlar ketdi o‘z yurtiga,
Shuning uchun hamma daryo, to‘fon yig‘lar.
Suvlar oqmay bo‘ldi cho‘ling bu yurtimiz,
Go‘dak kabi el yoshlari qon-qon yig‘lar.
Suv bo‘yida og‘lar sizram to‘lqunidan,
Hamma mahzun, hama g‘arib, «Cho‘lpon» yig‘lar.
Zo‘r tog‘larning ko‘kragida oppoq soqol,
Bobom yanglig‘ miskinlashib «Hoqon» yig‘lar.
«G‘arib» ko‘ngli qarigan yurt g‘amida,
Balki yoshlik hasratida «Turon» yig‘lar.
Qir ostida kimsasizlik o‘ti birlan,
Ohlar tortib, kuyub yongan «O‘g‘lon» yig‘lar.
11 mart 1923 y.