Qurbon Muhammadrizo (1938)

Qurbon Muhammadrizo 1938 yilda tug‘ilgan. Xorazm Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. Adibning ikki jilddan iborat “Saylanma”si, “Maxtumquli” tarixiy romani nashr qilingan. “To‘y”,  “Qasam va vijdon”, “Aybdorlar” kabi pesalari Respublika televideniyesi va radiosi orqali namoyish etilgan.

BO‘LMAG‘AY

Gul yuzingga mendin o‘zga men kabi zor bo‘lmag‘ay,
Ko‘zlaringga ko‘zlarimdin o‘zga xummor bo‘lmag‘ay.

Dilbarim, gulgun yuzingni tengladimmi gulga men,
Rohati vaslingdin ortiq balki gulzor bo‘lmag‘ay.

Boshlasam baxt bog‘iga ushlab qo‘lingdin yonma-yon,
O‘rtamizda o‘zga bir dil ishqi devor bo‘lmag‘ay.

Dilginangni bevafoliq shevasidin qil yiroq,
Ajralib sendin, ko‘zimga keng jahon tor bo‘lmag‘ay.

Gulyuzim, rashku xusumat qilmagay qalblarni muz,
O‘rtada ig‘vo tashuvchi balki ag‘yor bo‘lmag‘ay.

Uchrashib qolganda ko‘zlar, ko‘z yumib o‘tsang magar,
Hech kishi mendek na sog‘u hamki bemor bo‘lmag‘ay.

Istagi Qurbonning, ishqi kezmagay hech darbadar,
O‘zgaga sen dil berib, bu tashna qalb xor bo‘lmag‘ay.

MENDAN QOChIB

Ko‘rgizib xudroylig‘, yor ketdiku mendan qochib,
Ergashib, voh, soyasiga ketdi jon tandan qochib.

Endi jonim o‘ziga jononni rom qilmas esa,
Ketmog‘im afzal emasmu jonu jonondan qochib?

Yo‘l to‘sib jonim izimdadir chekdim afg‘on va der:
“Afsus, odam ham ketarmi shakkaristondan qochib?”

Bir umr diydoriga maftunliging yetmasmidi,
Topg‘aysen baxtni bu yanglig‘ qayda, sen ondan qochib?

Senchi, ushshoqlar amri Qaysni ko‘r, Farhodni ko‘r,
Yorga yetmoqlik dog‘i bo‘lg‘onmi hijrondan qochib?

Anglagil, malhamdurur azobi yor dil dardiga,
Sen – oshiq, sabr etu ketma rohatijondan qochib.

Vohki, Qurbon, ketmog‘ing mumkin, vale, jondan kechib,
Lek, boshni qayga urarsan ofatijondan qochib?

MAShRAB G‘AZALIGA MUXAMMAS

Tinglangiz so‘zim, bo‘lib chin sevgiga iqror siz,
Qay oshiq aylar bardosh ko‘zlari xummorsiz,
Sayramas tanbur, axir, bulbul bo‘lib, gar yorsiz,
Men nechuk yurgum bu g‘urbatxonada dildorsiz,
Umr ermasdur oshiqing bir lahza bo‘lsa yorsiz.

Suvsiz ul jilg‘a qaqrab qolg‘usi, toqqa qarang,
Oftobsiz bo‘lmag‘ay ul bog‘i firdavs lolarang,
Ishtiyoqi bo‘lmag‘on odami go‘yo gung-garang,
Mehnatu rohatga ho‘ qilgan kishilardin so‘rang,
Ham ilme siynaga jo bo‘lmadi takrorsiz.

Bir tasodif birla tosh ko‘ngilga dilni bog‘ladim,
Ishqdin qalbim qatiga mehrigiyoh joyladim,
Boshima yog‘di jafo, lek ondin “voy-voy”ladim,
Darbadar bo‘ldim jahonni ko‘p tomosha ayladim,
Hech gulni ko‘rmadim olamda bo‘lg‘ay xorsiz.

Sevdimu bilmay, do‘stlar, endi qoldim ne kuna,
Ishq kelib o‘z xanjarini bosdi, naylay, ko‘ksima,
Qayg‘urib bul holatimg‘a, oshnolar der, o‘ksima,
Ko‘ngil oldirg‘on kishilardin savolotim muna,
Dedi har kim ko‘ngil oldi, ul emas ozorsiz.

Ishq o‘ti tag‘i olovlandi desam, bir kun o‘tar,
Kun sori girdobi otash bor vujudimni quchar,
Oh, Olloh, qalbdagi bul muddaoni kim yechar,
Kimyoni tolibi bo‘lgan kishi jondan kechar,
Hech ganje ko‘rmadim olamda bo‘lg‘ay morsiz.

Bog‘ima kelmasmikin mehrin sochib ul gul, desam,
Hajr o‘tig‘a bor nihoya, yig‘lama bulbul, desam,
Zor etib qo‘ymas seni ul sochlari sunbul, desam,
Uchramay ketdi o‘shal mahvashga rozi dil, desam,
Topmadim dildorimi yolg‘uz dame ag‘yorsiz.

Yor azobiga sabr-bardosh  berguvchi tosh sar qani,
Mehringga mehri bilan bergan javob dildor qani,
Bir kuni o‘ldirg‘usi bul javrlar, Qurbon sani,
Mashrabo, vaqti nadomatdur, birodarlar qani,
Istiqomat qilma  dunyoda  pari ruxsorsiz.

KOMIL XORAZMIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Ashk emas ul to‘kkani ishq hajrida durdona sham’,
Bo‘lmadi hushyor dame, kim bor hayot mastona sham’,
O‘t olib oqmishki yerga bag‘ri dona-dona sham’,
Bo‘lmasa gar bir parining ishqida devona sham’,
Nega har tun o‘rtanur to subh yona-yona sham’?

Kimga aytsin dardin, izlab topmasa sirdoshini,
Lol turib, yongan tili birla yalar ko‘zyoshini,
Og‘alar, fahm aylangizkim, siz oning bardoshini,
Baski, ishq ichra erur sobitqadamkim, boshini –
Kessalar har necha tebranmay turar mardona sham’.

Ming xayollar birla bedor axtarurmen kulbasin,
Go‘iyo ma’shuq bo‘lib moh, aylanar yer tegrasin,
Ammo ul sangdil nazar ilmas yoniq bul telbasin,
Ko‘rsa har mahfil aro ko‘nglim jamoli shu’lasin,
Aylanur parvoz etib ko‘rgan kabi parvona sham’.

Ahli ishqqa yaxshilikni ixtiyor etmoq uchun,
Biz kabi mastonani bir bor xumor etmoq uchun,
Xizmatin aylab ko‘ngilni baxtiyor etmoq uchun,
Kelsa gar majlisg‘a, boshig‘a nisor etmoq uchun,
Oqizur har tun duri ashkini dona-dona sham’.

Mayli, yonsin jismim o‘tqa, mayli, ishq zor aylasin,
Mayli, ahbob aylasin or, mayli, ag‘yor so‘ylasin,
Mayli, Qurbon bu jahonni etsin inkor, ko‘rmasin,
Ravshani etmas mash’ali xurshid Komil kulbasin,
Topmasa gar orazingdin bu qaro vayrona sham’.