Qandilat Yusupova (1986)

Qandilat Yusupova 1986 yil, 8 dekabrda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida tug‘ilgan. 2008 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili fakultetini tamomlagan. “Ko‘zlaringdan qo‘rqaman, she’rim”, “Tor sehri”, “Yorug‘ kunlar xumori”, “Ohu faryodi” nomli she’riy kitoblari chop etilgan. Jahon adabiyotidan tarjimalari, ijodiy ishlari matbuotda tez-tez chop etilib turadi.

Elegiya

…Ohanglarga ko‘nglingni topshir…
Va eslama g‘amlarni…
…dardni…
Eng go‘zal hislarni qalbingga yashir,
Unut vafosiz “mard”ni.

Jim-m…
Tingla kuylarning sarrin navosin,
Ko‘zingda yosh bilan jilmay, erkalan…
Kuyma, bir nomardning eslab jafosin,
Chiqar yuragingdan bitta-bittalab –
Garchi ular diling yotar nimtalab!..

Sen bir gadosanki, shohlardan ustun,
Sen bir atirgulsan…
Ajab? – Tikonsiz?..
Bu dunyoda yo‘q bir Layliga Majnun,
Va baxtli bo‘lish yo‘q izhor, imkonsiz…

Ont ich!
–    Yaralgansan faqat ishq uchun!
Anduhli xatolar bag‘ridan berkin.
Olamdagi eng pok qo‘shiq haqqi-chun
Nokaslarga  “Vafo ber!” deya yalin!
Va unut mayliga, beishq qilmishin…

…Ohanglarga … g‘amgin… ko‘nglingni … topshir…

*   *   *

Yuragim, sen “Charchadim!” dema,
Qo‘llarim, yozishdan to‘xtamang.
Ki, men o‘lgumdir aksi bo‘lsa,
Aksi bo‘lsa… Tamom bo‘laman!..

Men xursand bo‘lgumdir
Yonsa qalbim,
Dardim alanga olsa…
Dilga o‘t solsa!

Ba-a-archani masrur qilgumdur…
Baxtli qilgumdur…
Yuragim yonsa…
YuRAGIM YoNSA!..

Xanjar

Mana, yuragimga urilgan xanjar,
Uni ochganimcha kulib turibman.
Mening g‘animlarim misoli ajdar,
Ko‘zlariga battar baxtli yuribman.

Ana, ko‘zlarida chaqnab ketib o‘t,
Menga tashlanishdi butun bir gala.
O, mening mehrimga bormikan hudud,
Kulyapman, ko‘zimdan yog‘sa-da jala.

Yana yo‘llarimga ko‘z tikishib  jim,
Qadam-qadamimni yurishar o‘lchab.
Men talab qilolmam hurmatim, haqqim,
Olisha-olisha qolaman charchab.

Tana jonsarakdir ruhdan battarroq,
Ro‘shnolik kutmasman aslo ulardan.
Qizil qon o‘rniga oqayapti oq,
Ajdar g‘animlarim urgan xanjardan.

Ona, meni buncha tuqqansan oppoq!..
Oqarib ketyapman qora dardlardan…

*    *    *

“Bechora” deyilgan kimsaga
Tosh otmang ortiq.
Hech tosh otmang!
Hey, mazlum ustidan kulganlar,
Bekorga gunohga siz botmang…
Bu yolg‘on dunyoda
Uning ham –
Umidi bisyordir, orzumand.
Siz baland tog‘larda yursangiz,
Uning ham ehtimol
Xayoli baland.

Be Chora deyilgan kimsaga
Tosh otmang ortiq,
Hech tosh otmang!

Men nola qilgumdur Xudoga,
Muhtaram etgin-a qulingni.
Buncha xor qilursan sen nega,
Dushmanlar ichinda do‘stingni!

Be Chora deyilgan kimsaga
Siz toshlar otmang hech,
Tosh otmang!

Bu g‘alat dunyoni topshirib,
Erta biz ketsak ham qup-quruq.
G‘ariblar bo‘larmish beayb,
U dunyo ko‘shkida tabarruk.
Shunda…

Siz nolalar qilgaysiz –
Hey, mazlum ustidan kulganlar.
Ojizlar holiga parvosiz –
Hashamga parvoli bo‘lganlar –
Boylikning ustida o‘lganlar!

Biz…
Bu dunyo ichida jamuljam,
O‘ylashib ko‘raylik insofni,
Ko‘plashib topaylik savobni…
Insondek bo‘laylik mukarram –
O‘ynashib yurmasdan bema’ni.

…Qaniydi Chorasiz Odamning
Ustidan kulmasak…
Kulmasak…


Farzand nidosi

Onamning ohlari yetsaydi Ollohga,
Mahzunvash nigohi bo‘lib charog‘on.
Duolar etgayman ulug‘ panohga –
Qolmasa edi-ya dilimda armon –
Onamning ohlari yetsaydi Ollohga…

Qarang, qarang, o‘tda kuymas jonim bor ekan,
Bor ekanu Dunyo unga tor ekan,
Bu jonga birgina onam zor ekan,
Valek men parvosiz bu zor nigohga –
Eh! Onam ohlari yetsaydi Ollohga!

Men yig‘lab ko‘tarsam dunyo bir toshin,
Faryodlar urgayman tebratib boshim,
Onam-chi indamay yutiblar yoshin,
Bardoshlar bersa-ya men bilmas ohga,
Onamning ohlari yetsaydi Ollohga…

Gunohim ko‘-o‘p ekan, bilsam, gunohim,
Onamning duosi asrarkan jonim,
Ey, yuzlari oydin, beg‘ubor mohim,
Nahot siz onasiz menday gumrohga,
Sizning ohlaringiz yetsaydi Ollohga!

Ona, men ham dardim yo‘lidan ketyapman,
Sizdayim yo‘q ekan, illo ko‘ryapman,
Mayli, mayli, telba ruhim aldar, bilyapman:
Men dardim aytmayman bunda hech sog‘g‘a,
Sizning ohlaringiz yetsa Ollohga…

Voh, jonim og‘ritib yolvordim Ilohga,
Onamning ohlari yetsin Ollohga!!!

O‘lmog‘imiz bor

Qadimdan boshlangan asli bu ertak,
Faqat ayri bunda ayol-la erkak,
Goho inson bo‘lib, goh bo‘lib go‘dak –
Yurmog‘imiz bor.

Dunyo misoli bu turfa kamalak,
Kim baxtdan karaxtu kim g‘amdan sarak,
Biz ham dilni goho shod qilib birdek –
Kulmog‘imiz bor.

Kimnidir ustidan mazaxlab kulsak,
Biz kimmiz o‘zimiz bir o‘ylab ko‘rsak,
Sarg‘ayadi hatto yoshgina kurtak –
So‘lmog‘imiz bor.

Yaproqlarni uzar yellar jonsarak,
Daraxt bargin olib qololmay halak,
Balkim, bir kun kelib kimgadir kerak –
Bo‘lmog‘imiz bor.

Boqiy emas bizga bu charxi falak,
Urib-urib oxir tinar ham yurak,
Odam farzandiga taqdir shu, demak –
O‘lmog‘imiz bor.

Tazarru

Bila turib gunoh qildim,
Nomardlarni panoh qildim,
Bilmay, o‘zni gumroh qildim,
Xudoyim,
Xudoyim,
Xudoyim!

Bekorga bulbul ham “oh” qilmas,
Har kimsa o‘zgani sher bilmas,
Afsus, endi kechirilmas…
Gunohim,
gunohim,
gunohim…

Kimga  dildan ozor chekdim,
Xatolarimga yosh to‘kdim,
Tag‘in men o‘zingga bosh egdim…
Panohim,
panohim,
panohim.

E-voh! Men qandayin insonman?!
Qay dilga sanchganman tig‘, tikan?!
Biror dilga yetib borarmikan?!
Har ohim,
har ohim,
har ohim!

Endi tamom!
G‘am foydasiz…
Bir o‘zim gungman, chorasiz,
Xudodan bu menga adog‘siz
Jazoyim,
jazoyim,
jazoyim!

*    *   *

Yugurib ketyapman,
Olam qorong‘u,
Hech kim tushunmagan dunyo zimiston.
G‘aflatda odamzod yotar beqayg‘u,
Yugurib ketyapman, yurak-bag‘rim qon.

Daraxtlar shovullar.
Shovullaydi soy.
Dardimga sherikday bag‘rin ochar yer.
Samodan holimga g‘amgin boqar oy,
Dilimda g‘alati, qofiyasiz she’r.

Olamni chulg‘agan shu bir so‘z haqqi,
Odamzod, yotmagin zimiston ichra!
Yuragimga botar shu so‘z titrog‘i,
Sen uyg‘on, madad bo‘l, faqat sal picha.

Azobli dunyoda qadamlarim sust,
Gohi oshgandirman men ham sal haddan,
Achchiq yoshga to‘la ko‘zlarim ma’yus,
Yugurib ketyapman tor yo‘lakchadan.

Kun kelar bu yo‘llar bo‘lar nurafshon,
Hali baxt ushalar manglayi porloq.
Bu dunyoda faqat orzumand inson –
G‘aflatga yo‘liqmay, yashagay uyg‘oq!
Yugurib ketyapman…

Arz

Yosh to‘kib  ko‘zimdan, ko‘zimdan,
Toshlarga qoqildim, toshlarga.
Neki ayb o‘tsa bu –  o‘zimdan,
Boqmadim egilmas boshlarga.

Quyosh, sen nurliroq charaqla,
O‘xshama osmonning makriga.
Kulmagin uchragan har zoqqa,
Tushunmas yurakning dardiga.

Bulutlar, sizlardan ko‘nglim to‘q,
Ozmi-ko‘p nayrangni bilasiz.
Nogahon otsalar sizga o‘q,
Dod solib, bag‘ringiz tilasiz.

Tog‘dagi kiyiklar bechora,
–    Dunyoda shunchalar sayyod ko‘p.
Sizning-ku dardga hech yo‘q chora,
Kuyinmang dod bilmas bedod ko‘p.

Endi ne uchun bu yurmagim,
She’r, sen ham ko‘rlarga talanding.
Men seni nimaga tiladim?!
Bunchalar g‘amlarga bulanding!

Eh! Mening yuragim, yuragim,
Zor qilib, zo‘rlarga yalinding!

Boryapman

Yoniq-yoniq orzu ichra
Yonib-yonib boryapman.
Og‘riq-og‘riq tuyg‘u ichra
Qonib-qonib boryapman.

Bu hayotda eng odil so‘z
Senmiding-a, muhabbat?
Yo‘llaringga nigoron ko‘z –
Yoshga to‘lib boryapman.

Yurak urdi har yon o‘zin,
Dardiga topmay najot.
Tinmadi hech kim so‘zim,
Mehrin kutib boryapman.

Etar endi bu ko‘rgulik!
Qoldim endi beqanot.
Do‘stim, mening dilim o‘ksik,
O‘ksib-o‘ksib boryapman.

She’rlarim, dil erkalarim,
Siz ham mendek notavon.
Bu hayotdan etaklarim
Silkib-silkib boryapman.

So‘ng unutdim bari-barin,
Sergak tortdim qay zamon.
Ko‘rganlarim oqqa sekin
To‘kib-to‘kib boryapman.

Yoniq-yoniq orzu ichra
Yonib-yonib boryapman.