Qadam Said Murod (1951-2013)

Qadam Said Murod 1951 yilda tug‘ilgan. Urganch Davlat pedagogika institutini tamomlagan. Uning “Oltin belanchak”, “Eshik”, “Bir tilda gaplashamiz” va “Boychechak” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan. Ijodkor 2013 yilda vafot etdi.

KELADI

Fevral ketar,
Mart keladi,
Qaro qishga band keladi.
Tun-kechalar qadr o‘libon,
Navro‘zlar no‘shhand keladi.

Yaxlab yotgan nihollarga,
Bir xushxabar nihonlarga,
Visollarga, misollarga
Shakar, asal, qand keladi.

Goh lol qolar sanamlar ham,
Titrab ketar qalamlar ham,
Aldamaydi alamlar ham,
Dardlar doim mard keladi.

Ol rang kelar lolalarga,
Tog‘u-tosh durdonalarga,
Hatto ko‘ngli olalarga
Girdi balo gard keladi.

Kimlar zulmat aro bo‘lsa,
Dillarda dog‘ — yaro bo‘lsa,
Kimning baxti qaro bo‘lsa,
Dard ustiga dard keladi.

Qutilsang qish qafasidan,
Chechaklarning nafasidan,
Qaldirg‘ochlar orqasidan,
She’r, qo‘shiq hamdard keladi.

TASKIN

Ey dil —
Dardi bedavo,
Bu dard davodan o‘tgan.
Momo Havodan xato,
Odam Atodan o‘tgan.

Sabrdan sukut —
Jimlik,
Shaytondan hiyla-shumlik
Kayfu safo, besh kunlik,
Kibru havodan o‘tgan.

Gunohmi,
Savob — siring,
Ayon bo‘lgay oxiring,
Qarg‘ish duodan, biring
Olqish duodan o‘tgan.

Goh olov,
Muz qonlarda,
Qaro yer, osmonlarda,
Neki o‘tsa jonlardan,
Jabru jafodan o‘tgan.

Qadam, har kun,
Har bir tun,
Bo‘laverma jigar xun,
Bu dunyoyi dahri dun
Doim xatodan o‘tgan…

KO‘RAMAN

Tun-kechalar, kunduzlar ham
Bir daryo — sur’at ko‘raman.
Boshlari xam,
diydasi nam,
Siynada siyrat ko‘raman.

Qora boshda qor gunohim,
Jismi jonim — dudi ohim,
Do‘sti yorlar,
Sizda gohi
Shaytoniy surat ko‘raman.

Chiroq, yog‘da ham pilikda,
Har bitta qo‘l, har ilikda,
Goh salomu
Goh alikda
Bir dunyo minnat ko‘raman.

Bandasiga bandadir kim,
Gulshanmas, gulxandadir kim,
Zamini jim,
Falagi jim,
Erlarda illat ko‘raman.

Erta bahor, turnalarda,
Hurlar surgan surmalarda,
Tavba, duo,
Suralarda
Bir olam ziynat ko‘raman.

Lola, rayhon, gullarda man,
Yo, Haq degan dillarda man,
Turkiy zabon —
Tillarda man
Bir buyuk millat ko‘raman.

TAVBA

Na gunoh,
Nadir savob,
Haqni bilmaysiz nega?
Tangani aylab tavof,
Tavba qilmaysiz nega?

Mard yigit maydon aro,
Naylasin shayton aro,
Baxtli kim,
Baxti qaro,
Tavba qilmaysiz nega.

Topsangiz davlat tekin,
Bir umr g‘aflat tekin,
Yo‘qdir ammo,
Yo‘q lekin,
Tavba qilmaysiz nega?

Na tilingizda duo,
Na dilingizda Xudo,
Siz bakovul,
Katxudo,
Tavba qilmaysiz nega?

Shoir ayladi xitob,
Bo‘lmasidan sarhisob,
Sizlar, ey,
Ahli kitob,
Tavba qilmaysiz nega?

ChAMAN IChRA, BOG‘ IChRA

Tazmin

Ko‘ngil, ko‘rding kun, Oyda —
Dog‘ ichra, ming dog‘ ichra.
Sen qaydasan, ul qayda —
Chaman ichra,
bog‘ ichra.

Jonim deding, jon axir,
Ko‘z ichra — qarog‘ ichra.
Xas bo‘lg‘usi baribir
Chaman ichra,
Bog‘ ichra.

Ishq asari — dardi yo‘q
Sog‘lar ichra, sog‘ ichra.
O‘t naylasin, netar cho‘g‘
Chaman ichra,
Bog‘ ichra.

Dengizlar-ku — ashki yer,
Dur netar tosh-tog‘ ichra.
Qo‘shiq qayda, qayda she’r
Chaman ichra,
Bog‘ ichra.

Qadam, xoli xatardan
Toza bir tuproq ichra,
Shu kun, erta yotarsan
Chaman ichra,
Bog‘ ichra…