Ozoda Bekmurodova (1974)

Ozoda Bekmurodova 1974 yil 12 iyunda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan (2006). “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida musahhih, muxbir, “O‘zteleradiokompaniya “Toshkent” bosh muharririyati muharriri, “Yoshlar” telekanali muharriri, katta muharriri, “Inson va qonun” huquqiy gazetasi tahririyati muharriri, O‘zteleradiokompaniya Bosh direktsiyasi muharriri bo‘lib ishlagan. 2006 yildan “O‘zbekiston” telekanali madaniy-ma’rifiy va badiiy dam olish dasturlar bosh muharririyati katta muharriri.

* * *

Sensiz ham imkonlar yulduzlarday sha’n,
Sensiz ham qo‘lini uzatar quyosh,
Sensiz ham bag‘riga chorlaydi Vatan,
Sensiz ham ko‘ksimda cho‘g‘lanar otash.

Sensiz ham yo‘llarim oydin va shaffof,
Charog‘on bekatlar tutadi gullar.
Kechalar men uchun ichadi gulob,
Nigoron kutguchi moviy manzillar.

Sensiz ham, sensiz ham barchasi aniq,
Ko‘kka poyondozdir otajak tonglar,
Sensiz ham borlig‘im cheksiz va yoniq,
Yuragida olib uchar dovonlar.

Sensiz ham iqbolim oyday kuladi,
Kamalak yog‘duli go‘shanga bezab,
Dunyoni beshikday tebratsam, agar,
Samo dengizida parilar suzar.

Sensiz ham ilojim chaman va chaman,
Peshonam ko‘kida porlaydi quyosh,
Tillarimda takror duoday Vatan,
Ko‘ksimda yonmokda xaloskor otash.

* * *

Tong atri ko‘nglingni yuvadi,
Kengayib borasan cheksizlik kabi.
Umiding ko‘nglingga muvofiq,
Kunduzlaring borar uzayib
Yashash iforini chindan tuyasan,
Qanotlaring uzra qanoting o‘sar!
Yorug‘ olamlarga parvoz qilasan,
Mayda maqsadlaring xazonday to‘zar
Ozodlik shavqini ichganda diling!
Balandlab ketasan insonligingdan,
Kezasan samovot yo‘laklarida.
Tobora abadga singib borasan,
Ko‘nmaysan vujudning tilaklariga.
Ozodlik totiga qonganda ruhing!
Shundaylar yayraysan, yashnab borasan,
Qushlar qo‘shig‘ida oqar hayoting.
Ovozing, bor kuching-la hayqirasan;
Ozodlik umrimning yashil qanoti!
Ozodlik daryosin kechganda umring…

* * *

Vatan sog‘inchlarda yashaydi,
Hech qachon to‘ymaysan pok diydoriga,
Dilning tub-tublarin o‘rtar bir hajr,
Bolaligim qolgan moviylik.
Umrimga berilgan eng buyuk ajr —
Oq ranglardan qamashgan osmon.
Ko‘ksiga pokdomon shamollar taqib,
Elib borayotgan so‘ngsizlik tomon…
Nimadir qolganday ortiga boqib
Toabad yurakni o‘rtagan hijron
Borlig‘ingni to‘lab haqning yo‘liga.
Bir lahza orqaga qaytarib bo‘lmas.
Bir marta berilgan ilohiy imkon!
Oppoq bayroqlarni qadab ruhingga,
Shaffof xayollarga ko‘mib yodingni.
Ul shabnam onlarning totini tuyib,
Yuvasan ko‘zlaring qa’riga cho‘kkan kirlarni.
Bolaligim — mening yorug‘ Vatanim,
Harir, mayin tonglar shodasi.
Yulduzlar ko‘z yoshin ichur xayolim,
Mening topinganim ko‘nglim yaktosi!

* * *

Mening kimligimni aytadigan so‘z,
Ajrim bayrog‘ida porlagan yulduz,
Umrim sahrosini guliston etgan,
Umidim ufqini yoritguvchi yuz,
O‘g‘lim, senga loyiq bo‘lishim kerak.

Nigohing tubida kuladi quyosh,
Izlaring sirida g‘unchalaydi tosh,
Tog‘lar o‘zi kelar osmoni bilan,
Men o‘lib tirildim ko‘ksimda otash,
O‘g‘lim, senga loyiq bo‘lishim kerak.

Sen o‘nta bolamsan, ko‘ksimda chiroq,
Shu otash sehrida ko‘kargin, o‘sgin,
Ko‘zimning gavhari yo‘lingda tuproq,
Shu aziz tuproqni ko‘zingga bosgin.
O‘g‘lim, senga loyiq bo‘lishiim kerak.

Duolarim senga narvon bo‘lgusi,
G‘urbat vodiysiga karvon bo‘lgusi,
Ruhim arshga qadar yuksaldi, sezdim,
Haqning o‘zi senga sarbon bo‘lgusi,
O‘g‘lim, senga loyiq bo‘lishim kerak.

***

Siz uchun faqat men yashnab yuraman,
Faqat men yashayman g‘amingizni yeb.
Faqat men sevaman hammadan ortiq,
Faqat men so‘rayman “jonim” qani deb?
Faqat men qilaman bariga toqat,
Ko‘nglingizni aziz tutarman o‘zim.
Faqat men qolarman,
Siz bilan faqat!
Qorlar yog‘averar, bosilmas izim,

***

Men sog‘ingan onda,
Sen ham sog‘insang.
Duolar qilsayding diydorim so‘rab,
Qadamlaring nogoh ostonam o‘pib
Kelsa…
Yo‘llaringga o‘ltirsam qarab,
Bo‘g‘zimga yutgancha ko‘z yoshlarimni
To‘kilsam bag‘ringga oy nafasiday.
Orzular taftiga yurakni tutib,
Eritsak qismatning tosh qafasini,
Kelsa…
Qadamlaring ostonam o‘pib.

***

Qo‘llarimni ushlamang, o‘pmang,
Ko‘nglingizni bermang ko‘nglimga.
Ko‘zingizni ko‘zimga quymang,
Gulingizni bermang gulimga.
Titroqlarim — tuyg‘ularimning
borar-kelar manzili o‘zim.
Men o‘ziga-o‘zi asrandi
Hur saqlagan nazzora tuzim.
Ba’zan og‘ir botadi menga
Ashklarimni ayashlaringiz.
Chorasizlik kaftida turib,
Umidimni suyashlaringiz.
O, kelmangiz qoshimga boshqa,
Shafqatingiz bag‘rimni ezar.
Peshonamni ursamda toshga,
Kerak emas bundayin bozor.
Qo‘lingizni bermang qo‘limga,
Gullarimni yuling, so‘ldiring.
Hurlar kabi ozod ketayin,
Meni shunday baxtga to‘ldiring.

***

Nimadir
Yodimdan chiqqanday,
Nimanidir unutgandayman.
Siz dunyoda sobit turibsiz,
Bu dunyoda men foniydayman
Ortimda
Nimadir qolganday.
Tortadi umidvor nigohim.
Meni bugun saro-sar etdi
Muhabbatning qadim segohi.
Siz dunyoda g‘olib turibsiz,
Men borliqni unutgandayman,
Tushlarimda ko‘rgan jahonni
Hayotimda
Hech kutgandayman.

O‘ZIMGA MAKTUB

Cheksizlik borliqni o‘pgan yerlardan
Yuksak tog‘lar ruhi yotgan yerlardan,
Otam duosiday ulug‘ qirlardan
Maysalar shiviri o‘tgan yerlardan.
Ko‘klar yelkalarin tutgan yerlardan
Quyosh zardan naqsh bitgan yerlardan,
Onamning bag‘riday mushfiq, mushtipar
Yulduzlar shu’lasin to‘kkan yerlardan.
Fasllar hur kelib ketgan yerlardan
Oftobli, otashli, oyli nurlardan,
Yo‘l tortib kelgandim tongday umidvor.
Yashil olamlardan —
Keng adirlardan.

***

Shamollar qo‘shig‘in kelgandim tashlab,
U ma’yus yo‘llardan kuylab o‘tgandim.
Umrimning zangori fasllarida
Bu ulkan shahardan osmon kutgandim.
Bag‘rimga sig‘masdi moviy hislarim,
Qo‘limda orzular g‘unchasi ezgu.
Yuragimni tug‘day tikmoq istardim,
Meni chorlagandi qandayin Cho‘qqi.