Ozod Xushnazarzoda 1951 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) tarix fakultetini tugatgan. “Soat chiqillaydi”, “Qarshingizga keldim”, “Millatim, dardingga darmonman” nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.
* * *
Ba’zan daydi shamol kirsa-da uyga,
Odamlar eshikni berkitar ildam.
Izg‘iydi bu shamol, tushar har ko‘yga.
Baribir, hech kimsa joy bermas shu dam.
Daydi shamol, sarson uvlaydi so‘ngsiz,
Ba’zida to‘fondek quturar hatto.
Shu xilda kechmishi, u mudom yolg‘iz,
Oxiri yo‘q bo‘lib ketmaguncha to.
* * *
Umr ham o‘tdi sokin, shiddatli,
Umid bilan kunlarim o‘tdi.
Bir kun tinch, bir kun ziddiyatli,
Shodu afsus umrimni yutdi.
Endi esa, hammasi bekor,
Manzil yaqin, ortimda yo‘l yo‘q.
Kunlar o‘tar, tunlarim dushvor,
Tun bag‘riga sochiladi o‘q.
Inson umri oddiy nimarsa,
Buni oldin o‘yladikmi hech?
Ota-onam uchun hech narsa,
Armon, anduh, endi bari kech.
* * *
Uchqur otday tinmay yugurmoqda vaqt,
Nogahon, chaqmoqday o‘tmoqda umrim.
Bisyor anduh ichra ketmoqdadir vaqt,
Jilovlab tashlagim keladi uni.
Voajab, uyquga ko‘zlar to‘ymaydi,
G‘aroyib tunlarim o‘tmoqda bekor.
Bunchalik uzun tunlar bo‘lmasaydi:
Qancha soat uyqu, qanchasi bedor?..
…Sog‘inib yashadim uchrashuv onni,
Aziz sinfdoshim – do‘stu yoronni.
Bu dunyo g‘animat – ne’mati ham shu,
Ey, do‘stim, hayotning hikmati ham shu.
Bir ajib, bir sirli quyulmoqda shom,
Olamdan to‘kildi ajoyib mezon.
Necha kun qalbimga bermagan orom,
So‘ngsiz xayolimni ko‘mvordi xazon.
* * *
Shovullaydi dengiz, nechuk olmas tin,
To‘lqinlar sohilni o‘padi zimdan?
Lojuvard palmaning ostida sekin
Sog‘inaman seni olis sohilda.
Shovullaydi dengiz, nechuk olmas tin,
Xo‘rsinadi yurak, orom bilmayman?
Oy yuzli chehrangni sog‘inib sekin
Sha’ningga munosib so‘zlar izlayman.
Shovullaydi dengiz, nechuk olmas tin,
To‘lqinlar keladi ko‘zyosh yuvishga?
Agar qayta kelsak, dunyoga bir kun,
Va’da berasanmi birga bo‘lishga?
Dengiz shovullaydi, ko‘ngil-ko‘ngilda,
Men seni o‘yladim olis sohilda.
* * *
Bo‘larmikin hayotimdan o‘chirib,
Ahd qildim o‘zimcha ko‘rmasam, deyman?
Gul yuzingni xayolimdan ko‘chirib,
Mahzun xayol bilan yurmasam, deyman.
Sho‘rlik yurakkinam bo‘ysunmay menga,
Sabrimni g‘alvirdan elayveradi.
Telefon go‘shagin g‘ijimlab nega
Raqamingni tergim kelaveradi?
Kuz keldi… Ko‘nglimga yog‘ilar xazon,
Derazam yonida xomush o‘tirib,
O‘sha kunlarimni eslab, nogahon,
So‘ng ketdim yoningga, o‘rnimdan turib.
* * *
Necha yillar o‘tdi, seni ko‘rmadim,
Sen yurgan yo‘llardan, aslo, yurmadim.
Seni ko‘chalarda uchratmay, derdim,
Ko‘nglim mahzun, o‘zim hayrona erdim.
Seni tushlarimda ko‘rardim, nogoh,
O‘ylardimki, meni eslaysan goh-goh.
Bugun pushaymonda ikkalamiz ham,
Yoshlarimiz esa chopyapti ildam.
Endi yo‘llar yo‘qdir. Mening orzuim –
Shahlo ko‘zlaringda ko‘ray tabassum.
Senga baxt tilayman, ko‘p, benihoya,
Tushlarimga kirsang, shudir kifoya.
Meni qo‘yavergin peshonam sho‘rman,
Seni topolmadim, umrbod ko‘rman.
* * *
Kecha qishlog‘imga bordim atayin,
Bolaligim o‘tgan yo‘llardan yurdim.
Oqtosh tog‘larida ketganim sayin,
Chashma bo‘ylarini intizor ko‘rdim.
Nihoyat, bolalik izimni topdim,
Jin ko‘chalar bo‘ylab kechardik tuproq.
Tuproq ichra shodon quvlashib chopdim,
O‘shanda hammadan baxtliydim ko‘proq.
Kimdir chaqirganday bo‘ldi, nogahon,
Ortimda jovdirab turar bolakay.
Ha, bu o‘sha – menman! O‘zim begumon!
O‘zimni topvoldim yo‘lma-yo‘lakay!
Bolaligim savol beradi sekin:
– Aytgin, ne ishlarni qilding ulgurib,
Vatan, eling uchun nimalar berding
Yo yurdingmi o‘zing uchun yugurib?..
Ba’zan savob qilding, ba’zida gunoh,
Doimo yo‘lingda bo‘lardim hamroh.
Ha, o‘sha – men edim quvonchga to‘lib,
Bulutli kunlarda, qayg‘ungga kuyib.
Endi, endi… Omon bo‘lsin endi bosh,
Oldinda manziling ko‘rinib qoldi…
…Ortimga tikildim, ko‘zda jiqqa yosh,
Bolaligim mahzun, qo‘l siltab qoldi…