Oydin Hojiyeva 1942 yil 22 aprelda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Xojayi Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1960—65). Birinchi she’riy kitobi — «Shabnam» (1971). «Manzillar» (1971), «Onam sevgan qo‘shiq» (1972), «Orzu guli» (1974), «Tarovat» (1976), «Dostonlar» (1980), «Mushfiq onajon», «Xushxabar» (1983), «Chashmalarni izlayman» (1986), «Tamal toshi» (1988), «Ishonch yulduzlari» (1989), «Ko‘zimning oqu qorasi» (1996), «Panohim» (1998) kabi asarlar muallifi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan (1999). Oydin Hojiyeva 2023 yil 14 may kuni vafot etgan.
SEN BILAN
Chekkan mashaqqatim, ko‘rgan rohatim,
Ko‘rgan-kechirganim sen bilan bog‘liq.
Xudo bergan rizqim, topgan davlatim,
Sening bilan totliq, sen bilan yog‘liq!
Sensiz cho‘lda to‘zib yurgan kavrakman,
Ildizsiz, mevasiz, sarosar,
Farqim yo‘q bir tovoq kepakdan,
Sen bilan ko‘ksimda yetilar gavhar.
Kitobin oldirgan pariday hayron —
Sensiz so‘zim, ishim kirmas amalga.
Sensiz men to‘pidan ayrilgan jayron,
Sensiz ko‘rgan kunim zahmat, jamalg‘a.
Sensiz chumolicha rag‘batim yo‘qdir,
Sen bilan tog‘ni ham qilarman talqon.
Sendan ayirmasin o‘lguncha taqdir,
Sen o‘zing ko‘ksimga po‘latdan qalqon,
Vatan, onajon!
* * *
Asqad Muxtor xayol surar tunlari,
Chirog‘iga uriladi parvona.
Tong nasimi, saharning xush unlari
Jarangiga to‘lib ketadi xona.
Shovullaydi rivoyatgo‘y chinorlar,
Bo‘ronlardan enar dilga halovat.
So‘z gullaydi, har satrida bahorlar,
«Tundaliklar» nafasida harorat.
Yosumangul bargida nur yigirib,
O‘z sozidan mast sayraydi chirildoq.
Fikratidan uning chaqmoq yugurib,
Piligiga o‘t ketadi ko‘kning, oh!
Vulqon bo‘lar so‘zdan uchgan alanga,
Part bo‘ladi osmonning bo‘z ko‘ylagi.
Har tong shunday vulqon bo‘lib olamga
Chiqib kelar Asqad Muxtor yuragi!
O‘YIN BOG‘I
O‘yin bog‘i. Sho‘x bolalar bo‘lar jam.
Erga ursa, sapchishadi osmonga.
Jonlanadi mitti haykalchalar ham,
Bekinmachoq o‘ynab tushar maydonga.
Mohir qo‘llar yeng shimarib, ishlaydi,
«Shaharcha»lar qad ko‘tarar qumloqda.
Qay bir qo‘lda «quluncha»lar kishnaydi,
Moychechaklar «ochiladi» o‘tloqda.
Halinchaklar qanotlanib, uchadi,
Farishtaga aylanadi go‘daklar.
Ko‘k toqida bulutlarni quchadi
«Kokillarin» selkillatib varraklar.
Karusellar bolalikni opichlab,
Joni qizib, aylanadi falakda.
Zavqi jo‘shib, bulutlarni o‘pichlab,
Qiyqiradi g‘iz-g‘izon charxpalak-da!
Kech kiradi. Bolakaylar dikirlab,
Tarqab ketar shoshib hovli-bog‘larga.
Dovdir shamol osiladi qiqirlab,
Jannat isi qolgan arg‘imchoqlarga!
LOLALAR YuRTI
Bunda quyosh juda kech botar,
Kechalari sut kabi oydin.
Tonglari ham barvaqt otar,
Ipak kabi xushhavo Layden.
Zog‘ uchmaydi tunlar ko‘chada,
Porlab yotar g‘uj-g‘uj chiroqlar.
Dengizlardan salqin ichadi
Zilol chodra kiygan qishloqlar.
Devorlarga chirmashib ketgan
«Qirq og‘ayni» gullarda huzur.
O‘tloqlarda xonqizi bitgan
Insholardan «duv» to‘kilar sir.
Elkasini toblab salqinga,
Chuqur nafas oladi yo‘llar.
Charxpalaklar jo‘r bo‘lib tunga,
Kosasida ekadi gullar.
Tushin aytar majnuna tollar,
Qoraqushday qayiqlar mudrak.
Yuguradi saharhez chollar,
Gul ayvonda momolar sergak.
Suv tegirmon sukutni buzib,
Shopiradi kanalni sutday.
Tong nurini emib qo‘y-qo‘zi,
Yaylovlarda ag‘nar bulutday.
Tong otadi kunni orqalab,
Nurga belar maysa-giyohni.
Yuraklarga yangi o‘t qalab,
Kun tug‘ilar yorqin, maroqli!
* * *
Uyqu qochar ko‘zimdan
Xayollar qilar talosh,
Qocholmayman o‘zimdan,
Oyoqqa bog‘langan tosh.
Uyqusirab inida
Qushlar qo‘yar chirqillab,
Tomoshabin bo‘lar tun
Mingta ko‘z bilan qarab.
Yo‘lni bolg‘alab yotar
Vagonlarning «taq-tuq»i.
Ilohiy sirga botar
Chashmalar oyat o‘qib.
Depsinar shamol-shotir
Daraxtlarga qoqilar.
Yuragimda xavotir
Chaqmoq chaqib, yoqilar.
“Katta ayiq” cho‘michi
Asta ufqqa og‘adi.
Olis “Somon yo‘li”dan
Erga kumush yog‘adi.
Qichqirar jarchi xo‘roz,
Yulduzlar bir-bir so‘nar.
Xayol ko‘lida qiyg‘os
Marvaridgullar unar…
MO‘’JIZA LAHZALARI
Umrim bo‘g‘otiga qor tushdi necha,
Laylak qorlar yog‘di afsona aytib.
Hayotimga yangi yil kirgan kecha
Har gal bolaligim uchratdim qaytib.
Kumush teraklarning qir uchlarida
Tilla isirg‘aday qolgan varraklar,
Bir hovuch nur o‘ynab kulgichlarida
O‘smirligim kelar har yil daraklab.
Allohdan mo‘jiza kutgan go‘dakday
Tutsam ona taqdir etaklaridan,
Qor bosgan tog‘lardan sayrab kaklikday
Yillarim chiqar qish ertaklaridan.
Ko‘zim-la erkalab g‘uncha qizlarni,
Dilbar singillarim manglayin o‘pdim.
Shamolday aylanib dala-tuzlarni,
Gullar yaprog‘iga shudringlar sepdim.
Qorxat olib kelgan kemshik bolakay –
Ostonamda turar shoshqaloq elchi.
Anhor sukutida chalib oqar nay
Vaqt degan g‘animat g‘aroyib yo‘lchi.
Yog‘och darchalarning zulfinlarida
Murg‘ak qo‘llarimning tafti tovlanar.
Ko‘kka o‘rlagan tut ajinlarida
O‘n to‘rt kunlik oy o‘tovlanar.
Qiziydi gap-gashtak, hangoma, gurung,
Tanchada biqirlab qaynaydi qumg‘on.
Kimdir «Kuntug‘mish»dan o‘qiy boshlar so‘ng,
Erning ildiziga tutashadi jon.
Borliqni chulg‘aydi jannatiy ifor,
Oppoq kamalakdan qamashadi ko‘z.
Zamin sukutida guvlaydi bedor
Yurak – kul ichida tirilgan Qaqnus.
NAVRO‘Z
O‘riklar shoxida yondi ming chiroq,
Pushti kapalaklar qo‘ndi bodomga.
Oftob bir qizdirsa, ko‘zlari qora
Lolaqizg‘aldoqqiz chiqvolar tomga.
Jilovsiz toychokday yugurar kishnab,
Qish bo‘yi esnagan erinchoq soylar.
Bahor bisotidan ketadi yashnab,
Kelinchak uyiday ko‘hna saroylar.
Sumalak boshida kelinlar chechan
Lutfida dunyo ishq, sirga aylanar.
Yomg‘ir qo‘bizini chaladi sho‘xchan,
Somonlar tilloga, durga aylanar.
Tarnovda pat tarab oshiq musicha
Sho‘x-sho‘x muchchilashib baxshi bo‘lodir.
Kavrak ildiziyu cho‘l andizicha
Bol kirib chechaqdan yaxshi bo‘lodir.
Xazin mozoriston daraxtlari-da
Armon gullarini to‘zg‘itib porlar.
Qabrtoshning vido dastxatlarida
Xotira shu’lasin o‘qir bahorlar.
Hayot abadiydir. Hayot – g‘animat.
Dovul qoqar jarchi, bong urar Navro‘z.
Ne chog‘ sehrgarsan, ona tabiat,
Har bir hujayrada yoqasan yulduz.
Ming torli soz kabi saslanar Inson
Navro‘ziy sabolar ohangida mast.
Tongtacha bahoriy zavq ichra jahon
Bir quchoq guldasta bo‘lsa ajabmas.
* * *
Bog‘larda yosuman gullay boshladi,
Qumrilar mastona «hu-hu»lay boshladi,
Oftob yuraklarni yog‘dulay boshladi,
Yozning shamollari xush yoqar jonga.
Qulfinay bargida qizil marjonlar,
Oq tut og‘izlarda navvot-darmonlar,
Bug‘doy boshoq tortib sut to‘lar onlar
Yozning xayollari g‘unchalar jonda.
Urushqoq mayna ham xayolparastdir,
Kabutar raqslari ishqqa payvastdir,
Qirqog‘ayni gullar bir folparastdir…
Suvlar guldiraydi qo‘sh tegirmonda…
Jannat O‘zbekistonda…
* * *
Bir so‘nib, boz yonmoq na xushdir,
Tiriklikda bashorat tushdir.
Gulga kirgan bir chog‘imdaydi,
Ishq shiddati qarog‘imdaydi.
Yondim, ustixonim-da yondi,
Tomirlarda qonim-da yondi.
O‘t ketdi – ho‘l-quruq aralash
Yonaverdi to‘rt taraf yakkash.
Ajdaho o‘t nafasi tindi,
Ko‘ksim aro nasimlar indi.
Kul ostida qolgan cho‘g‘ edim,
Mulki borliq aro yo‘q edim.
Bir qatra suv, bir tomchi shabnam
Bahrul najotmidi o‘sha dam?
Chag‘ir-chug‘ur qushlarim qaytdi,
Ma’suma, xur tushlarim qaytdi.
Men qovrilgan do‘zaxni kechib,
Qaldirg‘ochim, xush kelding uchib!
O‘YLAR
Bu dunyodan azizlar ketdi,
Fikratida yulduzlar ketdi.
O‘tdi necha avliyo zotlar,
Duosida qaqnuslar ketdi.
O‘tdi Alloh ishqida Majnun,
Payg‘ambarga egizlar ketdi.
Oh urganda, nolasi quyun,
Kulgusida kunduzlar ketdi.
Torlarida bulbul sayragan,
Elga darmon hofizlar ketdi.
Chimildiqqa kirmagan necha
Sor yigitlar, hur qizlar ketdi.
Chumolidek tog‘larda kezgan
Xazinasi qomuslar ketdi.
Maysalari salovat aytgan
Bahor-bog‘li andizlar ketdi.
Qa’rlarida sadaflar tuqqan
Necha baxrul dengizlar ketdi.
Er yuzini shamolday kezgan
Qadamlarda sha’n izlar ketdi.
Vatan qadrin nomus bilganlar
Ibratida non-tuzlar ketdi.
Ajdodlarning shukuh-shonidan
Chaqnab fido vorislar ketdi.
Munkillagan donishmand yillar
Kiprigida qor kezlar ketdi.
Dor ostida Erk-iymonida
Bukilmagan qad, tizlar ketdi.
Tiriklikning tegirmonida
Yanchilib ne to‘kislar ketdi.
Molu davlat girdoblarida
Necha ahli tamizlar ketdi.
Shonu shuhrat saroblarida
Qancha do‘stu nodo‘stlar ketdi.
Toshbaqaday imillab kimdir,
Porlab vaqti tig‘izlar ketdi.