Oybek (1905-1968)

Oybek (Muso Toshmuhammad o‘g‘li) 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1965), O‘zbekiston FA akademigi (1943). Toshkent universitetining ijtimoiy fanlar fakultetida (1925—27), Leningrad xalq, xo‘jaligi institutida (1927—29) o‘qigan va og‘ir xastalikka chalingani sababli yana Toshkentga k,aytib, Toshkent universitetida o‘kishni tugatgan (1930). «Tuyg‘ular» (1926), «Ko‘ngil naylari» (1929), «Mash’al» (1932) she’riy to‘plamlari, «Dilbar — davr qizi» (1932), «O‘ch» (1933), «Baxtigul va Sog‘indiq» (1934), «Qahramon qiz» (1936), «Gulnoz», «Kamonchi», «Navoiy» (1937) singari dostonlar yozgan. Nasriy merosi 5 roman («Kutlug‘ qon», 1940; «Navoiy», 1942; «Quyosh qoraymas», 1943—59; «Ulug‘ yo‘l», 1967; «Oltin vodiydan shabadalar», 1949), 4 qissa («Shonli yo‘l», «Nur qidirib», «Bolalik xotiralarim» va «Bola Alisher») hamda bir qancha hikoya va ocherklardan iborat. A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» she’riy romani, M. Yu. Lermontovning «Maskarad», Molerning «Tartyuf» dramalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1968 yil 1 iyulda Toshkentda vafot etgan. Vafotidan so‘ng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan (2001).


NA’MATAK

Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o‘shshaygan qoya labida,
Nafis chayqaladi bir tup na’matak…

Mayin raqsiga hech qoniqmas ko‘ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun.
So‘nmaydi yuzida yorqin tabassum,
Yanoqlarni tutib oltin bo‘sa-chun,
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!

Poyida yig‘laydi kumush qor yum-yum…
Nafis chayqaladi bir tup na’matak…
Shamol injularni separ chashmadek
Boshida bir savat oq yulduz – chechak,
Nozik salomlari naqadar ma’sum!

Tog‘lar havosining firuzasidan
Mayin tovlanatsi butun niholi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksaqda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!

SOZIM

Uyg‘ongach umrning ilk bahori,
Soz bo‘ldi ko‘nglim samimiy yori.
Hamshira kabi yaqin va dilbar,
Tong yulduzidek umidga undar.

Soz bilmadi hech mahal arazni,
Nurlatdi yurakni jonli bazmi.
Ul qo‘rqmadi duch kelsa tikanzor,
Ofatli bo‘ron, qutursa sel, qor…

Gar egsa qaddimni cho‘ng mashaqqat,
Bir onda uchirdi – misli ul pat.
Qishlarni bahor aylagan ul,
Udir bog‘imda xilma-xil gul.

Gullarning tusi bag‘ir qonimdan,
Mast nozi sevgining tongidan.
Men u bilan ayladim tarannum,
Har so‘zda quyosh qilur tabassum.

Dillarda chaman ochar bu so‘zlar,
Sof his bilan yashnamasmi ko‘zlar?
Nur, haqqa chaqirdi xalqni sozim,
Xalqimnikidir so‘zim – ovozim!

* * *

Oy nurining mavjlari yoyilar mayin,
Jimjitgina soyalar qochar panaga.
Ko‘qda yulduz gullari ochilgan qalin,
Yozning yelpug‘ichini tindirmas kecha.

Uyqusi yo‘q barglarning chuchuk yallasi
Qalblarimizga tegib, hislarni yoqar.
Yonar ko‘zlarimizda yoshlik nash’asi,
Yaltirar boshimizda kumush olmalar…

Atlasday tovlanadi ranglar chamanda,
Oltin yomg‘ir yuvadi gullar tojini.
Jaranglab tin havoda nozli bir xanda,
Qalbga bog‘laydi tunning ipak sochini.

* * *

Tun. Shamollar kezar betinim
Goh ishkomda, goh derazada.
Cho‘miladi bir to‘p yulduz jim
Jildiragan bir ariqchada…

Suqtoy kuchuk izg‘iydi tanho –
Suyak tishlab sakrar paxsadan.
Nurlanadi bir chetda samo:
Oy – o‘rtada singan zar lagan.

O‘tiradi shoir ayvonda,
Xayollari tushlarda sarson.
Qayg‘uradi o‘tgan har onga,
Oqar daryo – oqadi zamon!..

DENGIZDA OQShOM

Suvlarda sekin o‘ynar,
Oltin qayiqchalardek,
Quyosh alangalari…

G‘urub yong‘ini qoplar,
Samo yuzi anordek,
Bulutlar atlas kabi…

Ufqlar quchog‘iga
Sig‘magan buyuk dengiz
Chayqalar sekingina.
Suvlar quyosh sochiga
O‘ralishib tinimsiz,
O‘par qirg‘oqni asta…

* * *

Shamol, bir ertak o‘qi!
O‘zganda tog‘ ustidan.
Ichib buloq boshidan,
Shamol, bir ertak o‘qi!

Archalar shoxidan tush!
Ko‘k ipakda qil jilva,
Sochlarimda g‘ivilla,
Kel, qalbimga shivilla!

Tog‘lar ro‘yosini ayt,
Yulduz salomini ayt,
Shivilla hayot kuyin,
Sevgi maqomini ayt!

* * *

Yor ketdi, ko‘zim bulog‘i qoldi,
Siynamda tirik firoqi qoldi.
Ishq xotirasi kabi sochimning
Yoshlikda ko‘paygan oqi qoldi…

Har lahza dilu xayol parishon,
Bir xo‘rsinishimda dardlar ummon.
Yulduz kabi tunda yarqirar jon.
Tundek sochi ishtiyoqi qoldi…