Orif Tolib (1987)

Orif Tolib 1987 yilda Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi Qumbosti qishlog‘ida tug‘ilgan.
2009 yilda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tugatgan.
“Gulxan” jurnali va “Iste’molchi” gazetalarida ishlagan. Hozirda “Movarounnahr” nashriyotida bo‘lim muharriri lavozimida faoliyat yuritadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Uchrashuv” nomli she’riy kitobchasi chop etilgan.

OG‘RIQ NUQTA

Suvsiz sahrolarday o‘rtanar jonim,
Ko‘nglim tashna bo‘lib, yonib sevaman.
Sevgiga ishonib, baxtga ishonib,
Mayda tuyg‘ulardan tonib sevaman.

Sen-chi, sog‘intirib qiynaysan atay,
Men esa alamim she’rdan olaman.
Dardimni bo‘lishmay, hech kimga aytmay,
Kuygan dil zorini kuyga solaman.

O‘zing ayt, dard bormi bundan ziyoda –
Tilsiz baliqlarday so‘zsiz oh ursam.
Sen bahorday yashnab yurgan dunyoda
Hijronga qofiya izlab o‘tirsam!..

Asli odat emas menga shoirlik,
Barin unutaman sen kelganing choq.
Bilsang, malol kelar ortiqcha yukdek
Oshiqlikni qo‘yib shoirlik qilmoq.

2009

OSMONIMDA KULMASMISAN

Havolab-havolab tiniq tortgan oy,
Olislagan sayin husni ortgan oy,
Shirin-shirin xayol surib yotgan oy,
Mening osmonimda kulmasmisan, ayt?

Ko‘z yumdimu bosdim tikonni shartta,
Jon-jahonim yondi ishq degan dardda,
Menga desa, kuysin yana ming marta,
Telba yuragimni bilmasmisan, ayt?

Yiroqsan, yomon-da yorning firog‘i,
Qo‘l cho‘zsam yetkuday yaqinsan gohi,
Yo‘lingga ko‘z tikib kutganim chog‘i
Nur sochib, dil ochib kelmasmisan, ayt?

O‘n besh kun yuksakdan joy berar falak,
O‘n besh kun poyingda intizor, halak,
Ko‘ksimda bir umr qolgin, ey tilak,
Dilni izlayotgan dilmasmisan, ayt?

2007

SAVOL

Shabboda gul bilan o‘ynar erinchak,
Egasiz chayqalar ma’yus halinchak…
Belanchak tebratgan gulyuz kelinchak,
Unsiz yig‘i seni bedor etdimi?

Yo‘qotganim bir sen, topganim bisyor:
Bir dunyo armonu qanchalar ozor,
Dardlarim – ishqimning bolalari bor,
Sevinchim ko‘zimga yoshlar eltdimi?

Netay, qo‘shiqlarim mahzun to‘qildi,
So‘zlarim ko‘zyoshday bir-bir to‘kildi,
Hasratimni tinglab hilol bukildi…
Ohlarim sengayam borib yetdimi?

Bugun men ko‘nglini yo‘qotgan odam,
Shuurimda so‘ngsiz iztiroblar jam,
Ayt, gulim, bizlarga baxt ulashgan dam
Faqat xayollarda qolib ketdimi?

2007


TARJIMAI HOL

Xayollarga ergashib,
Tog‘lar oshib, qir oshib,
Hijron bilan kurashib
Yoqavayron bo‘lganman.

Gul bermadim, dil berdim,
Dilmas, sodiq qul berdim,
Shahar berdim, yo‘l berdim –
Men sen tomon bo‘lganman.

O‘ylar meni qiynadi,
To‘ylar meni qiynadi…
Aldov – qizlar ziynati,
Boshda hayron bo‘lganman.

Shoirlik emas ilm,
Shunga ovunar dilim,
Ishq bilan chiqdi tilim,
Darddan biyron bo‘lganman.

So‘zlarga ishongandim,
Ko‘zlarga ishongandim,
Qizlarga ishongandim…
Rosa nodon bo‘lganman.

Ishqning qo‘liga tushdim –
Go‘yo keliga tushdim,
Bilib turib adashdim,
Rasvoi jon bo‘lganman.

2007

TAQDIR

Ayb mendamas, gulim,
hislarim yondi,
Sizni chindan sevdim, gunohim yo‘qdir.
Boshimga tushganin ko‘z ko‘rar endi,
Ko‘zimni yo‘llarga bog‘ladi taqdir.

Bunchalar go‘zalsiz, bunchalar nafis,
Dod deymi, oh deymi, yolvoray – netay?!
Ko‘nglimning tubida ochilgan nargis,
Sizga zilol suvday qo‘shiqlar aytay.

Balki sezmassiz ham, bu munis nigoh
Jonimga qanchalar lazizligini.
Momoguldurakday yuragim shu choq
Bir titroq oldida ojizligini.

Bilaman, o‘y ko‘p-u, yo‘qdir imkonim,
Sizga yetmoq qayda, siz oyday olis.
Jonim, o‘rtanadi endi bu jonim,
Jonimni maydalab yoqib borar his.

Netay, o‘z ko‘nglimga yetmaydi kuchim,
Ortga qaytay desam endi yo‘l yo‘qdir.
Umrimni siz bilan bog‘lamasa ham,
Ko‘zimni yo‘llarga bog‘ladi taqdir.

2010

KEYIN…

Sen baxtingni – yo‘lni o‘zing tanlading,
Men-chi, qo‘l silkidim dutor chalganday.
Bir yomon qiynaldim, nomus qildim so‘ng
Bunday qismat faqat menga kelganday.

Aslida, kim sevib baxtiga yetgan,
Qancha birga bo‘lgan sevgi va visol?
Barcha chin oshiqlar omadsiz o‘tgan,
Tolening kulgani xayoldir, xayol.

Senda ham, menda ham yo‘q edi ayb,
Shu sabab dardimni ichga yutaman:
Oldin seni so‘kib olaman to‘yib,
Keyin… Keyin seni o‘ylab yotaman.

2011

GARChI

Bahorday tez kelib-ketding sen,
Garchi menga tutqazding armon.
Garchi alam g‘olib kelgan kun
Ko‘zlarimga ko‘rinding yomon.

Garchi ko‘nglim zardobga to‘lib,
Sendan butkul yuzim bursam ham,
Sen baribir go‘zalsan, gulim,
Sen baribir yaxshisan, erkam.

2011

ORZU

Dardli she’rlar me’damga tegdi,
Shodon-shodon qo‘shiqlar aytsam.
Uchqur qanot bog‘lab, qaniydi,
O‘sha yorug‘ kunlarga qaytsam.

Meni ortiq ezmasa alam,
Ko‘tarmasam ayriliq yukin.
Butun umr bilmasdan o‘tsam
Sog‘inch degan azob borligin.

Men Yer kabi bir izdan yursam,
Yo‘llarimiz har kun tutashsa.
Har kun oyday yuzingni ko‘rsam,
Ko‘zlaringdan ko‘zim qamashsa.

O‘ngga do‘nib bu shirin ertak,
Sen bilan soz-suhbatlar qursam.
Oldingidek do‘stu yor bo‘lsak,
Sevishimni bilmasang sen ham.

2011