Orif Hoji (1966)

Orif Hoji 1966 yilning 22 martida tavallud topgan. O‘n yetti yoshdan bugungi kungacha Samarqand shahrida  yashaydi. Uning “Bandi ruh” (1994y.), “Ozod ruh” (1994y.), “Yangi ohanglar” (2001y.), “Samarqand sayqali” (2007y.), “Qirq hadis va bir rivoyat” (2008y.),  “Onalar oyog‘i ostida jannat” (2011y.),  “Ishq yo‘li” (2012 y.) nomli she’riy, “Oppoqqina qushginam” (2009y.), “Oq tulpor” (2010y.) nomli  hikoyalar to‘plamlari chop etilgan.
“Belыy skakun” nomli hikoyalar to‘plami, “Chto ostavim drugim” nomli she’riy to‘plami rus tilida nashrga tayyorlanmoqda.
Orif Hoji badiiy tarjima bilan ham  shug‘ullanadi. Teodor Drayzer, Lui Vilkens Frimen, Aleksandr Bondar kabi jahon adabiyotining taniqli namoyandalari hikoyalarini rus tilidan, Bolta Ortiqzodaning “Samarqand Yusufi”  qissasini,  Asadullo Shukurovning “Taqdir tegirmoni” hikoyalar to‘plamini tojik tilidan, Kenesboy Karimovning bir qator she’rlarini qoraqalpoq tilidan tarjima qilib,  nashr ettirdi.

O‘ZBEK

O‘zbekcha so‘ylash bilan o‘zbek bo‘lmaydi odam,
O‘zbekka bag‘rikenglik meros Odam Atodan.

O‘zbekning o‘zbekligi adlu adolatdadir,
O‘zbekning o‘zbekligi xayru saxovatdadir.

Mehru oqibat bilan o‘zbek o‘zbek bo‘ladi,
Urf bilan, odat bilan o‘zbek o‘zbek bo‘ladi.

O‘zbek orini sotmas, sotsa, sotar otini,
Besh barmog‘iday bilar o‘zbek yetti zotini.

Ardoqlar ajdodini, pirim der ustodini,
Qorday musaffo bo‘lar asl o‘zbek botini.

Non deb yashamas o‘zbek, o‘zbek shon deb yashaydi,
Etti yashar o‘g‘lini xon-sulton deb yashaydi.

Kamsitmaydi bir-birin ulug‘laydi hamisha,
O‘zbek yaxshi biladi: kishining ko‘ngli shisha.

Ardoqlar Navro‘zini, ayamas, non-tuzini,
Otasining so‘zini farmon deb yashar o‘zbek.

O‘zbek yot-yog‘iyga ham yaxshilik sog‘inadi,
Zaminni  onam, deydi, Xudoga sig‘inadi.

O‘ziga tilamasdan, el-yurtga tilar o‘zbek,
Qo‘shnisidan qarz olib, xudoyi qilar o‘zbek.

Bunyodkorlik qonida, misoldir Sohibqiron,
Qo‘lidan obod bo‘ldi, arabu hindu eron.

Ishonmasang, Agraga borib ko‘r Tojmahalni,
Binolardan xalqiga qo‘yib ketgan haykalni.

Shohruh eron-turonni qirq yil obod ayladi,
Ulug‘bek osimonni «Zich»lab mahkam boyladi.

Xayru hasanot qilgan o‘zbekning bobolari,
Hirotni Hirot qilgan, o‘zbekning bobolari.

Navoiyning himmati bir davlatdan boy edi,
O‘ngida Xurosonu so‘lida Xitoy edi.

Eru ko‘k orasida  nek niyatdir o‘zbegim,
Yomonlikni o‘ylamoq ayb-uyat, der o‘zbegim.

Qancha yomonlik ko‘rsa, o‘zbek ichga yutadi,
Hattoki dushmandan ham bir ezgulik kutadi.

Sanab bir-bir barchasin vaqtingizni olmayman,
O‘zbek bunyodkor bo‘lar, degan so‘zdan qolmayman.

Kimki buzmakor bo‘lsa, o‘zbek emasdir mutloq,
O‘zbekman, deb aldagan Ultontozday besiyoq.

O‘zbekning o‘ng qo‘lida saxovat kafgiri bor,
Uning Yalong‘och ota – nazarkarda piri bor.

Gar Iskandar bo‘lsa ham hech pirsiz yurmas o‘zbek,
Yiqilganni tepmaydi, yetimni  urmas o‘zbek.

Uch yuz oltmish tomiri haq deb urar o‘zbekning,
O‘g‘lonlari kunduzi yulduz ko‘rar o‘zbekning.


SAMARQAND

Falakka tirgagingdurlar minorlar,
Qadimdan-da qadim bunda chinorlar,

Shifobaxsh suvlaringga tashnalablar,
Etishsam, deb kezar qancha diyorlar.

Azizlar xokidin bunyod zamining,
Ko‘ziga to‘tiyo aylar bemorlar.

Tikarlar molu holu jismu jonin,
Sanga tufroq bo‘lay deb shahriyorlar.

Samarqandim, samar, qandim, Samar, Qand –
Vafoga jonfido vafoli yorlar.

HAYKAL

Xivada Feruzga haykal qo‘ymishlar,
Oyoq-yo‘q, qo‘l yo‘g‘-u yelka – bor, bosh – bor.
To‘rtburchak paqirga solib qo‘ymishday,
Nochor xayol surib turar hukmdor.

Uzoq qarab tursang rahming keladi,
Go‘yoki chirpanar yo‘rgakda go‘dak.
Muhammad Rahimning shaxti bor edi,
Dunyoni yo‘rgakka o‘rab qo‘yguday.

Vaqtning hukmi bilan buni qarangki,
To‘rtburchak tosh ichra qo‘li oyog‘i.
Avliyoday yerga yonbosh qaraydi,
Ko‘klarni ko‘zlagan shoir siyog‘i.

Nechundir joyi ham o‘z ko‘shkidamas,
Saroyida turar Nurulla boyning
O‘lim bir qilarmi, oxir qiymatin
Zamonlar o‘tkazib shohning gadoyning.

Ey, zamon qo‘l kelib uning zaylida,
Kichik bir mansabga ilashgan jo‘ra
Shohlarning xokini ziyorat qilgin,
Osmonlarni shoxlab yurgandan ko‘ra.

***

Samarqandning oppoq oqshomlarida,
Sayr etsam, ulug‘lar tushar yodimga.
Sohibqiron, yetti pir yonlarida,
Tirikday uyg‘onar xotirotimda.

Tirik shoh dahmasi – Shohizindada,
Kezinar jannati azizlar ruhi.
Niliy koshinlarda jilolanadi,
O‘tmishu bugunning oliy shukuhi.

Ko‘k saroy maydoni – ishq ma’vosida,
Dur sochar billuriy favvoralari.
Hovuchlab suv tutar o‘z laylosiga,
Bugunning Majnunu ovvoralari.

Bunda hazil-huzul avjiga chiqar,
Dunyoning barcha xil lahjalarida.
Etti yot ham dilga yaqin tuyular,
Umrning so‘lim bu lahzalarida.

Registonda gilam qalpoq kiygancha,
Xorijlik bir sayyoh angrayib tutar,
Aftidan minorlar kungurasida,
Ulug‘ bobolarning qudratin ko‘rar.

Neon chiroqlarda durday yaltirar,
Komillik ramzidan tomgan tomchilar.
Uch oyda yaralgan yashil maydoncha,
Sayyohlar didini imtihon qilar.

SamDU xiyoboni – bolaligimning
Sehrli onlari kechgan so‘lim bog‘.
Juftlangan yoshlarning shivirlashidan,
Bu joylar tuyular yana sirliroq.

Samarqandning oppoq oqshomlarida,
Sayr etsam, ulug‘lar tushar yodimga…

TILIM

Mening ona tilim,muzayyan tilim,
Maqomi manguga muayyan tilim.
Senda Navoiyning daho nafasi,
Ozar bulbulining xushilxon sasi.
Sen bois yurtimning zaki o‘g‘loni,
Tarjimasiz o‘qir Yunus Emroni.
“Devoni lug‘at”ning sarchashmasidan,
Suv ichgan pors-arablar chashmasidan.
“Qutadg‘u bilik”dan qut olgan bu til,
Bobur yuragidan o‘t olgan bu til.
Bunda Mashrab pok ishq mayin simurdi,
Dillarni mast qildi Turdining durdi.
Bu tilda kuyladi So‘fi, Huvaydo,
Munisu Ogohlar bo‘ldilar paydo.
Har neki san’atga imkoni bor til,
Amiriy, Feruz bor sultonivor til.
Bugun chin tantana muborak bo‘lgay,
Muqaddas an’ana muborak bo‘lgay.

YO‘QLOV

Oqtov bilan Qoratovning darasi,
Yashab yotir o‘zbeklarning sarasi,
Tinmagaydir alplarining na’rasi.
Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
Yaxshi kunda eliga darkormisiz?

So‘z aytganda lol aylagan nechani,
Olov bo‘lib yoqqan qaro kechani,
O‘zi biyron, izi Jayron chechanning,
Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,
Bu tovlarga yarashgan shunqormisiz?

Go‘ro‘g‘lidan qirq dostonni kuylagan,
Qo‘ng‘ir yerni, ko‘k osmonni kuylagan,
Dinu iymon, qirq chiltonni kuylagan,
Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
Erksizga erk, ori yo‘qqa ormisiz,

Faqirlarni maqtab, chimdib kiborni,
El ichida topgan zo‘r e’tiborni,
Qorajondan ortiq bilgan Chiborni,
Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,
Chohlarda ham egilmagan ormisiz?

Yomonini yaxshi qilgan bir elni,
Aytib-aytib baxshi qilgan bir elni,
Boychiborni Raxshi qilgan bir elning,
Ergash bobo, bulbul bobo bormisiz,
Zo‘r shoirlar qatorida normisiz?

Topganini bo‘lib bergan ochlarga,
Terma aytgan toshlarga, og‘ochlarga,
Og‘a bo‘lgan mungli qarindoshlarga,
Baxshi bobo, bulbul bobo bormisiz,
Qaldirg‘ochni asragan tumormisiz?


ONA VATAN

Ona Vatan! Sanjog‘ingni sanchib yuray jig‘aday,
Ko‘ngil ko‘shkin g‘ayr yetolmas, Kundek baland toqiga.
Sen haqingda yozgan eng zo‘r she’rlarimni ko‘chiray,
Daftargamas, ko‘ngil bilan ko‘zlarimning oqiga.

Ona Vatan! Sen mag‘rur bo‘l, sen obod bo‘l, barkamol,
Senga tonglar peshvoz chiqsin peshkash qilib Quyoshni!
Farzandlaring fido qilsin, fido qilsin bemalol,
Kerak bo‘lsa, sening uchun achinmay aziz boshni.

Ona Vatan! Nasib etsin, mendek shoir o‘g‘lingga,
Istiqloling kuylagandek istiqboling kuylamoq.
Atrofini o‘raganda baxtiyor nabiralar,
Bu kunning tashvishlarin ertak kabi so‘ylamoq.

Ona Vatan! Qomusing bor – nomusimiz kitobi,
Baxtimizga kafolatdir uning har bir varog‘i.
Abadiy jaranglagay senda tinchlik xitobi,
Marsga ham qadalgaydur O‘zbekiston bayrog‘i!

Ona Vatan! Adolat deb asrlarki chekding jon,
Muhrlarga o‘ydirgan sen “Rosti – rusti” kalomin.
Jaloliddin, Temurmalik, shavkatli Sohibqiron,
Ruhlari yo‘llagaydur senga qutlug‘ salomin:

“Ona Vatan! Sen mag‘rur bo‘l, sen obod bo‘l, barkamol,
Senga tonglar peshvoz chiqsin peshkash qilib Quyoshni!”

***

Bahor hidi urib, qor erimoqda,
Musofir yuribman yurtdan yiroqda.
Ona diyorimda ko‘klam barqurar,
Qalb qo‘msar bahorni yonib firoqda.

Boychechak tergani chiqqan ukajon,
Uzmagin beayov chechakni nimjon,
Avayla, hidla, o‘p akang uchun ham,
Unda ham yashamoq ishqi bir jahon

Irimni bilmasman undan yiroqman,
Ammo ona yerga juda yiroqdan,
Qarasang, shu qadar mu’jaz ko‘rinar,
Tashvishga tushasan oan tuproqdan.