Odil Hotamov (1950)

Odil Hotamov 1950 yili tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Uning “Umr shami”, “Nigohlar”, “Dala yo‘li”, “Nafas” kabi she’riy to‘plamlari hamda “Yuksakdagi daraxt” nasriy kitobi nashr etilgan.

* * *

…Sahfalarda chayqalar dunyo,
Dilga mezbon turfarang so‘zlar.
Vujud va ruh tentib, zim-ziyo,
Kechalardan ismingni izlar…

…Ellar ifor sochar, tuproq yo‘l,
Changdan ortiq ne berar tanga.
Sevilganga qadrdondir ul,
Undan yaqin sevilmaganga…

* * *

1. Shakllar surati, suratlar shakli,
Qahraton qahridan muzlagan, qotgan.
Hayotga tashnalab ildizlar shaksiz,
Ona-er bag‘riga chuqurroq botgan.

Suratlarga sig‘mas ko‘ngil sahrosi –
Yaldo kechasiday uzun ingroq, zor.
Qop-qora tuyg‘ular oshib safrosi,
Ranglarga yo‘l bermas, kutqu – nobakor…

…Tashnalab ildizday bag‘ringga botib,
Poklana olsaydim, ulug‘vor hayot.
Qahratonda qotgan gulni uyg‘otib,
Samoga o‘rlasa muzaffar bayot.

Ranglar qatlarida mo‘jiza bisyor –
Ruh ila payvasta bo‘lgani chog‘i.
Yam-yashil bong chalib uyg‘onar bahor,
Boshlanar boychechak, maysa to‘lg‘og‘i…

2. Shakllar surati, suratlar shakli.
Ma’no-mazmunidan fikr to‘qisam.
O‘smir Alisherday adashmay asli,
“Mantiq ut-tayr”ni yoddan o‘qisam.

Sindirib alamlar xarsangtoshini,
Bobur nigohida Tojmahal tarhi.
Sindirar g‘ofillik zilday loshini,
Aniq ayon bo‘lar fasllar sharhi.

Yaratgan ishqida Mashrabday kuysam,
Qayta tiriltirsa ismin nafasi.
Holim bayon etgach, qaytadan suysam,
Mavlono Rumiydan qolgan nay sasi.

Kurashlar, qiyoslar tinmagay aslo,
Bedor tafakkurga kelmagay malol.
Mangu jumboqlarni yechgaydir, ammo,
Odamzodning o‘zi eng ulkan savol…

* * *

Pastak kulba – uyimda,
O‘ylayman dunyolarni.
Haydayman zil o‘yimdan:
Saroblar, ro‘yolarni.

Kelar aylabon shukur,
Ulkan olam xam bo‘lib,
Tonggacha tushgay zikr –
Yurak jamuljam bo‘lib.

* * *

Qalbim aro o‘tli tug‘yonlar
O‘tga solar jonu jismimni.
Mensiz holdan toygan imkonlar
Najot bilib chorlar ismimni.

Yulduzlarin yoqadi oqshom,
Hilol – orzu qalami bilan.
Armonlarga umrlar osh-non,
Oshiq yonar alami bilan.

Uzun kecha. Soyalar dildosh,
Qo‘shiqlarim aytaveraman.
Ipak qurti – eng sodiq sirdosh,
O‘zligimga qaytaveraman.

* * *

Baxtdan ko‘zim yoshlayolmayman,
Sidirgancha ko‘lka, loshlarni.
Yo‘ldan olib tashlayolmayman,
Tovonimni tilgan toshlarni.

Bog‘langanman shunchalar ortiq,
Minoraday haqiqatlarga.
Yuragimni aylayman tortiq,
Nur ummoni – tariqatlarga.

Tinsiz chorlar yam-yashil epkin,
Yaqinlashar yursang gar quyosh.
Yuzlarimni yuvadi sekin,
Baxtdan ortgan bir tomchi ko‘zyosh.

* * *

Qirlar zinapoya osmon sari,
Tog‘lar mangulikka taxtiravondir.
Bog‘larda shamollar mashvaratlari,
Ming yillik balxtutlar hamon omondir.

Yursang, surilgaydir ufq ko‘zdan nari,
Qaytmagan izlarim qay yo‘lda yitmish.
Olis bolaligim qizg‘aldoqlari
Tomlardan dashtlarga arazlab ketmish.

* * *

Hayrat asli tilsimlangan rang,
Tushni o‘ngga yo‘ygaydir hilol.
Sir-sinoat sandig‘i-jarang,
Tafakkurdan topgaydir kamol.

Hayrat asli bedor, tinsiz jon,
Ruh suvratin musavviridir.
Kamalakka atalgan ehson,
Chechaklarning tasavvuridir.

Kishanlarga azal kushanda,
Zindonlarga sig‘magan shuur.
Unga noil bo‘lsin har banda,
Peshonasin silasin ishq, nur.

…Hayrat asli…