Nurilloh (Nurilla Narzullayev) 1974 yilning 16 avgust kuni Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. 12 yoshidan boshlab she’rlar bita boshlagan. 1993 yilda Samarqand Zooveterinariya texnikumini, 2003 yilda esa O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Ayni paytda Nurilloh “O‘zbekiston” teleradiokanalida faoliyat ko‘rsatmoqda. She’rlari respublika vaqtli matbuotida muntazam chop etilib turadi. Shoirning “Fano yomg‘iri” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
Quyida siz ushbu to‘plamga kiritilgan she’rlar bilan tanishishingiz mumkin.
***
Hayot – dengiz.
To‘lqin – vaqt. Unda badar,
Suzib borayotgan nomsiz kema – jon.
Shamol – taqdir.
Yo‘lchi-yulduzlar – xabar,
Chayqalib-chayqalib suzar kemajon.
Po‘rtana jahdidan emishman ogoh,
Armonlar girdobi tutmoqda meni.
Na o‘tkinchi kema, va na bandargoh,
Bir nomsiz orolcha kutmoqda meni.
MUHABBAT
Men shahzoda edim, men shahzod edim,
Jannatiy ma’vomda jannatiy nasim.
Ko‘zim chamaniga kuzak yot edi,
Panohsiz emasdim, mahjur emasdim.
Shahzod edim oltin qasrida yotgan,
Zanjirband aylading meni beayov.
Muhabbat, xobimdan nogoh uyg‘otgan,
Mening ko‘zlarimni ochgan, ey olov!
Ne tong, farishtamni yashirmish falak,
Shafaqda, bulutlar aro dil Sami:
Alvon otash ichra ko‘ringan malak,
Olovda o‘ynagan raqqosam qani?!
Qani, ayt-da endi, qayda sevgilim?
Qayda, tuproqlarga tashlab ketgan yor?
Hijron og‘ochiga osildi dilim,
Mening osilganim, ey vujudsiz dor,
Muhabbat! Osmonlar dod soldi, ne sir?..
Yomg‘irlar yurtida asriy mardudman.
Telbaman – bepanoh, gadoman – basr,
Chaqmoqni sog‘inib yotgan vujudman.
To borman chalajon, to borman xasta,
Dardim tuprog‘ida ko‘rsat loshimni.
Quyoshning nuridan bir qilich yasab,
Oydin tunda uzib tashla boshimni.
BOLALIK SOG‘INChI
Ufqqa singib ketdi matlabim,
Shomni tutdi chirildoq uni.
Ko‘nglim ochilmadi sen kabi,
Nomozshomgul, o‘tdimi kunim.
Yitdimi gullamoq xayoli,
Bo‘m-bo‘sh qoldi aftoda hujra,
Qari-qartang shayton misoli,
Jim yig‘ladim changalzor ichra.
O, sarin yel, adashsang gohi,
Daryoga qay yo‘ldan qaytasan?
Moviy poklik, xaloskor sohil,
She’rim, ko‘nglim qushi, qaydasan?!
Daryo edi qachondir sodiq,
Meni nilufardek asradi.
Endi kelar to‘fon ovozi,
Va guldirak – osmon nafrati…
Tun bo‘yidan o‘tarman qanday?!
Qalb ko‘rindi, uniqib zohir.
Jannatdagi go‘zal ilonday,
Er bag‘irlab qolmishman oxir.
Ko‘nglim kabi to‘kildi necha
Maqtul chechak ko‘shkimda hayron.
Ming yildirki, bir oydin kecha,
Bir go‘zal tong armondir… Armon.
***
Ko‘klamni sog‘indim. Yosh sizib dildan,
Sog‘indim yomg‘irli, yam-yashil kunni.
Oppoq qishlarida ruhim qafasband,
Qanday yashiraman jarohatimni.
Ey, ozod kabutar, ko‘ngil so‘ragin,
Tutqunning qoshiga kel, ko‘klardan tush.
Yaralangan bo‘lsa mening yuragim,
Nima deb iltijo qilay senga, qush?
Sog‘indim, ul ko‘klam – shaddod qiz qayda?
Bunda ruhimga qor yog‘ar har kecha.
Ko‘rdim-ku, yaxshilik kelmaydi oydan,
Bir sendan qo‘ymasin meni, boychechak.
Qorlarni sidirib izladim, ey jon,
Sog‘indim men seni, oshno gulimni.
Qoraygan osmonni oqartganda tong,
Qaniydi bag‘ringga olsang dilimni.
Shudgorzorlar ichra izg‘idim tunda,
Olamga sig‘madim za’far oh bilan.
Kapalak umrini bersaydi menga,
Shu ko‘klam ketardim qizg‘aldoq bilan.
SAN’AT
Zamin tug‘yon uyqusida yotar behush,
Dengiz – xayol. Ummon – orzu, olis sarob.
Qatlgohning osmonida uchar Oqqush,
Uchar bedod azob bulutlari aro.
Derdilarki, Oqqush ulug‘laydi Haqni,
Mangulikning shiddatini tuyib uchar.
Bot-bot olovlarda kuygan kabi qaqnus,
Ishq o‘tida qanotlari kuyib uchar…
Derdilarki, jon savdosi tutmas uni,
O‘tdek so‘nmas, yo gul kabi so‘lmagaydir.
Ko‘klar yorilgunga qadar bitmas kuni,
Mahshargacha paymonasi to‘lmagaydir…
Ammo bugun Oqqush yerda yotar, ne tong…
Silkitmoqchi bo‘lar singan qanotlarin.
Cho‘kayotgan ko‘zlariga cho‘kmish osmon,
To‘shlari qon, to‘zg‘ib yotar bolu pari.
Tog‘ yanglig‘ bir dard ostida yotar endi,
Dard tog‘ bo‘lsa qalqardi ko‘z yoshi uzra.
Qanotlari tun bag‘riga botar endi,
Jonsarak oy aylanadi boshi uzra.
Illo yaqin kelolmaydi qush yoniga,
Unsiz nola chekar mudom, unsiz yonar.
Kuyib, har tong qatlgohning osmonida,
Oppoq kulga aylanadi go‘zal qamar.
Bahru barda – qotil asr qo‘llarida
Jon berar qush, unsizgina uzilar u.
Nigohlari so‘nar somon yo‘llarida,
Xayollari dengizlarga cho‘kar mangu.
***
Ul oydin kechalardan qolgan mung ko‘zimdami,
Ilg‘adingmi navbahorning bo‘ylarini sochimda.
Jim to‘kilgan qizg‘aldoqning dog‘lari izimdami,
Hijron otliq tig‘ning izi bormi bag‘ri chokimda.
Qo‘llarimda g‘ijimlayman ro‘molini bir qizning,
Men to‘ymagan nur u, tashna ko‘zlarimni tark etgan.
Makru afsunlari oshkor bo‘ldi shabgun kunduzning,
Oftob o‘sha, men kuyganda yuzlarini berkitgan…
Hajri mosuvo ko‘nglimni bir daryo etdi ezgin,
Dardi hijron tog‘laridan lolalar terdi menga.
Bu tog‘larda musibatning sirtloniga yo‘q tizgin,
Yara qalbga chang soldi boz, boz qayg‘u berdi menga.
Xayol yetmas uzlatlarda bir ma’suma qiz ko‘rdim,
Uni g‘uborsiz tonglarning yodi bilan ko‘mganman.
Endi tanimga ham sarkash shamollardan xok so‘rdim,
Yuragimni ayriliqning dodi bilan ko‘mganman.
…Ul oydin kechalardan qolgan mung ko‘zimdami,
Ilg‘adingmi navbahorning bo‘ylarini sochimda.
Jim to‘kilgan qizg‘aldoqning dog‘lari izimdami,
Izi bormi qiz ko‘ksining mening bag‘ri chokimda.
***
O, sohibim, ko‘tarmassan bosh,
Bag‘ring nihon qotil chiroydan.
Ko‘hna qasr toqida naqqosh,
Qaramassan oqargan oyga.
Endi bo‘m-bo‘sh quchoqlaringda,
Idramagay sabuhiy dog‘lar.
Fig‘on qilgan nigohlaringdan
O‘rtanmaydi kulto‘da tog‘lar.
Bitdi umring – jon yuki – sarob,
Sen o‘tganlar xaylidan ortib,
Ajab fasli malomat aro,
Sudramassan o‘zingni ortiq.
Endi seni o‘rtamas qalam…
O, hargiz aytilmas bu bardosh.
Hargiz aytilmagay bu alam,
Va hargiz sharh qilolmas ko‘z yosh.
Faqat Haqning hijroni – o‘ti,
Seni xasta etmishdi boshdan.
Joningdanmi, chaqmoqday o‘tib,
Mahkum etgan edi yashashga.
ODAM
I.
Nedir mehr?
Nedir sevgi?
Nedir ko‘ngilga tavajjuh?
Toki odam mudom yolg‘iz…
Shamolga qul xazon yanglig‘,
Sudraladi hovlilarda.
………………………………………..
Kulbadan kulbaga yo‘l bor.
II.
O, nechun hujralar bo‘m-bo‘sh,
Nechun bo‘m-bo‘shdir saroylar?
Ul kimsasiz hujralardan
Odamni izlaydi odam.
Huvillagan saroylarda
Kutib yashaydi odamni.
Tong otadi, kun botadi, odam yolg‘iz.
Odamni izlar Majnundek
Tog‘-toshlardan tog‘-toshlarga
O‘tib, chorlaydi bearmon…
Bu ne dard, ko‘ngli qontalash,
Yo‘l tutadi yobonlarga…
………………………………………
Qayg‘udan qayg‘uga yo‘l bor.
III.
Kun kuydirgan biyobonda
Bir qultum suv istamaydi,
Istamaydi bir burda non.
Odamni izlaydi odam…
… Qay tong, horg‘in biyobondan
Ko‘z yoshiga cho‘kib ketgan
Odamni topar odamlar…
Bilmaslar, ne kechgan holi,
Nechun qashqirlar tegmagan?
Nechun yemagan quzg‘unlar?
Uning ochiq ko‘zlarini
Qumdan tozalab, ohista
Yopib qo‘yadilar, keyin…
Keyin boshlarida tutib,
Olib ketadilar uni…
……………………………………
Fanodan baqoga yo‘l bor.
IV
Yolg‘izlikda ajin bosgan
Peshonasi – tun daftari.
Odam odamni topolmay,
Unsiz ketar Olloh sari.
…………………………..
Ulug‘ Olloh sari yo‘l bor.
…………………………..
Ko‘ngildan ko‘ngilga yo‘l yo‘q.
***
Nayson abri ko‘kka uyilar qat-qat,
Tomchilab-tomchilab boshlanar yomg‘ir.
Shu ko‘yi o‘t tushar menga beshafqat,
Jonu jahonimda boshlanar yong‘in.
Yo Rab!.. O‘tu-suving ichra ko‘p qiyin,
Sovrildim… o‘zimni tutarman qanday?!
Neki bori bo‘lsa, kuyganu, keyin
Toshqin olib ketgan eski qo‘rg‘onday
Oqdim, zohirida shomu saharning,
Botinida sinib oqadi sozim.
Meni asrayolmas binafshalarning
Qirdan kelayotgan go‘zal ovozi.
Yo Rab! Bu toshqinda men bir jonsarak.
Maysaday bo‘ylolmam kamalaklarga,
Jim o‘ltirmasman gul yuziga qarab,
To‘yib boqolmasman kapalaklarga.
Beomon shiddatda omon qolmasman,
Ma’nisiz hayotim yitadi mutloq,
Bildim, yomg‘irchalik yashay olmasman,
Bildim, bir mendan ko‘p yashar qizg‘aldoq.
Faqat bilolmasman, oxir shom enib,
Xokim uzra xaslar uchgay bebayot.
Ne uchun bahordan ayirgay meni,
Nechun halok etgay meni bu hayot?!
KEMA
Ko‘rmay qoldi shimol va na sharq bildi,
Ul foje kechadan g‘arb ogoh emas.
Shiddatli to‘lqinda yitdi, g‘arq bo‘ldi,
Dengizning tubiga cho‘kdi bir kema.
Hijron dengizida oh urib mungli,
Oppoq yelkanlarga urgancha to‘shlar.
Oppoq qanotlari qorayib tundek,
Manguga kuzatdi uni oqqushlar.
Kema qay zamonda topmishdi zavol?
U qaysi dengizda yitdi, ey Xudo!
Nilufargullarga suyanib behol,
Ul nomsiz kemani eslayman mudom.
Kun – dengiz, tun esa dengizning qa’ri,
Vido kechasida yutdimmi qonlar.
Orzum oqqushlari qoldi muztarib,
Qalbim cho‘kib ketmish allaqachonlar.
Sohilga chiqmoqqa yetmaydi holim,
Tun qa’rida qolgan ozurda xasman.
Dengiz tubidagi kema misoli,
Bir umr Ollohga yetmasman.
KULBA
G‘amzadadir ko‘ngil singari,
Tun qo‘ynida qop-qora siyrat.
Ichida sir – bu kulba g‘arib,
Ichida sir – bu kulba tiyra.
Asrlarki, mahluqot mudroq,
Asrlarki, zanjiman hamon.
Kechmishimni bo‘z kabi sudrab,
Aylanaman kulbani nolon.
Ko‘kda dunyo aylanib sarson,
Oy o‘rtangan kabi besamar.
Shu kulba girdida bemakon,
Ruhim – yerda bulg‘angan qamar.
To bu kulba mangu bebayot,
Zillat va jaholat shohidi.
Bunda yashar eng oliy jonzot,
Oy nuriga qo‘shilgan hidi.
Mudom yig‘lab yolvordim Haqqa,
Ustimdan kulmasin Azozil.
O, koinot sarvari haqqi.
Meni bu kulbadan xalos qil.
Ketay, faqat ketayin badar,
Hur tongdan o‘zga tong ovutmas.
Qaytmayin to qiyomat qadar,
Meni bu kulbaga yovutma.
Kulba tiyra dil azasidan,
G‘am keltirmish dil topgan o‘lim.
Uning qonli derazasida,
Titrar oliy jonzodning qo‘li.
Tamug‘ sari eltguchi g‘ammi,
Kulba g‘ami – so‘nggi yo‘q hasrat.
Rabbim!.. Mendan asra odamni!
Rabbim!.. Meni odamdan asra!
KECh KUZ
Ne ko‘ngil bu ko‘ngil, kuz kabi siniq,
Ne kuz bu, ko‘ngilga o‘xshagan kuzdir.
Umidim kuz suvi singari tiniq,
Kuz suvi singari harakatsizdir.
Na quyosh xush botar endi, na hilol,
Na kuy xush keladi endi va na so‘z.
Ko‘nglim cho‘kmish kuzak daryosi misol,
Ozurda ko‘nglimning haramidir kuz.
Ko‘zimday qizargan chinorlar bargi,
Adirlar siyratim yanglig‘ za’faron.
Tiyrak ko‘zli dunyo ko‘rmagan dardim –
Ruhim ufq buluti singari alvon.
Havoga osilgan mezonday o‘ksik,
Xayolim pobasta, uchmas ko‘k sari.
Jayronlar adashgan yobondir ko‘ksim,
Qo‘lim – unutilgan so‘qmoqday g‘arib.
Mening-da, tanimga qirovdan ehrom,
Holsiz xazonlarim munojot qildi.
Yolg‘iz yuragimni ayladim mehrob,
Majnuntol singari ibodat qildim.
Toat aro shabnam istamas labim,
Qatra qo‘r istamam gavhardan – toshdan.
Qishga qolayotgan qashqargul kabi,
Yig‘lasam, ne ma’ni qari quyoshga?
Tiyra bulut tutgan tunim behuddir,
Bequtdir sovrilgan kuz – xonumonim.
Gumbirlaydi osmon, yomg‘ir… O, xuddi
Bir qat’la faryodim, ming qatra qonim.
Malomat qilarlar qarg‘alar haydab,
Qarg‘anar boshimda, erta kun-kech kun…
Olamga ayonman, manzilim qayda?
Biroq manzilimni bilmaydi hech kim.
Qalbimday ochilgan qabrlar unsiz,
Shovullar qoraytib osmon etagin.
Daryo misol oqib borayotir kuz,
Oqib borayapman kuz kabi…
IZSIZ QATL
Kim u shafqatsiz sayyod, ko‘nglimga qilich soldi,
Qatl etdi sevgimni – soldi qora o‘limga.
Boshimda charaqlagan osmon qorayib qoldi,
Qo‘limda qoldi hilol – qoq ikkiga bo‘lingan.
Ko‘rmay qoldim, bilmadim – kun edimi yo tunmi,
Faqat ilg‘adim elas, hurlar tushdi falakdan.
Ko‘kning baxtsiz yomg‘iri bilan yuvdi sevgimni,
Kafan qildilar unga oqargan kamalakdan.
Yig‘lamadim u lahza, chekmadim ohu faryod,
Faqat g‘avg‘o ko‘tardi jinlar sadrga tushib.
Yotar edim chalajon, yotar edim bemurod,
Bilmas edim bu qatl qaysi dunyoning ishi.
Tan bundoq qolarmish jon baqoga qilsa hijrat,
Bilmasdim – shahid ko‘nglim butmi endi yo nobud?
Hayhot, vido singari og‘ir ul shafaq uzra,
Kemaday suzib ketdi guldan yasalgan tobut.
Sezmas edi ona yer, osmonning yarasidan
Zardob tomardi chak-chak – izsiz qatl izlari.
Yotar edim bemurod, sayyodlar orasida,
Boshim kesilgan edi, hayron edi ko‘zlarim.
***
Asru asrlar zorin chekar ozurda dunyo,
Ko‘hna dunyo qismati kechadi hur yoshimdan.
Shom bu, quyosh qatlida bag‘rim qoni chimildiq,
Jayhuncha nadomat bor har qatra ko‘z yoshimda.
Ey, aziz, har zarrai xarobga uraymi bosh,
Va yo ul cho‘ng tog‘larni urayinmi boshimga?!
Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman.
Sarg‘aygan tavonimda kuyar sayri kun dog‘i,
G‘amnok ustixonimda chatnaydi za’faron oy.
Tegramda yotar nurdan yaralgan soz sinig‘i,
Osiy kiprigim uzra titrar ustunsiz saroy.
Gar ko‘kragimga yetsa, chaqmoq topar halokat,
Nurab yotgan yelkamda yig‘lar yarador humoy.
Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman.
Ko‘yim ko‘kni kuydirgan, kuylanmagay bu ko‘yim,
Itlar darbadar bunda, qushlar ayrilgan hushdan.
Beor qichqiriqlarda, buzilgan raqslarda,
Chechaklar tuprog‘iga botar nur ham, fahsh ham.
Bazm bu – farishtalar la’natlab ketgan bazm,
Men – shaytonlar masxara qilgan bazm ichra sham.
Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman.
Do‘zax faryodi har tong nafasi bilan kelar,
Har yaproq tomiridan keladi xokning bo‘yi.
Har xilqat to‘zon bo‘lib yitar rub’i maskunda.
Juvonmarg qo‘lim qani, qayda sarg‘aygan ro‘yim.
Davron yetti qat yerdan shafaq qadar otashin,
Davron dabdabasida sarg‘ayib borar o‘yim.
Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman.
Odam zahmimga singib ketar yomg‘irlar, qorlar,
Etsa nomsiz uzlatga yetgaydir loshim mening.
Yulduzlar yonar hanuz, daryolar oqar hamon,
Charaqlaydi sohibi zarra – quyoshim mening.
Illo falak nolasi jonimga tushar mudom,
Bot-bot bosh tutarmanu, bag‘rimda boshim mening—
Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman.
QIZ PARI
(Lutfiy g‘azallarini o‘qib)
So‘z istadim go‘zal so‘zlardan go‘zal,
Har go‘zal so‘zdan-da, o‘zing sohira.
Senga ko‘z tikkanlar eng avval sezar,
Ki, sevib qolurlar oxiri.
Vujudi ruhsan sen, sening yuzingda
Bokira subhning havaslari bor.
Ohu najot istab yurar ko‘zingdan,
Sabo yanog‘ingda sezar: nadir bol.
Sendan bo‘sa tilab uchar bolu par,
Har sang nafasingdan istab yotar jon.
Qumrilar ilkingga yukinmoq istar,
Belingga o‘ranmoq istar oq ilon.
Shaffof tovoningni o‘par sochlaring,
Kipriklaring ishqi qoshingga tushgan.
Tong emas, xor bo‘lsa ko‘zi yoshlaring,
Shamsu hilollari kelmasa hushga.
Sen – nur ichidagi bokira xayol,
Libosing nurdir, nur esa-da, sitam.
Kelmasmikin deydi egningga malol,
Senga rahmi kelar kapalakning ham.
Ozurdaman she’rim chamani aro,
Kelsang bu vodiyga, Lutfiy bilan kel.
Seni tutolmayman, ey nozik ado,
Tong chog‘ida ko‘kka olib uchsa yel!
***
ONAMGA
Yurak – navolardan qolgan adoyim,
Unsiz nidolardan qolgan adoyim.
Ming bir adolardan qolgan adoyim,
Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket.
Endi oqqush bo‘lib uchgim kelmaydi,
She’r istab, shafaqni quchgim kelmaydi.
Ne kechmish, kechirgim, kechgim kelmaydi,
Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket.
Totsam lazzat, cheksam jabr topilgay,
Har ne dard zug‘miga sabr topilgay.
Qabr so‘ramayman, qabr topilgay,
Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket.
Dunyo odamlardir, dunyo o‘zimman,
Istasam, yulduzlar chaqnar so‘zimda.
Ul cheksiz osimon mening ko‘zimda,
Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket.
***
Deb: “Gar sevsang, yoqangni chok et…”
Layli da’vo qilmagan hatto.
Sen egil, gar yor sindirsa, ket!
Qolsang, bu bir musibat, xato.
Mayli, ketmas bo‘lsa ketmasin,
Shu alamli sevgining dog‘i.
Layli shavqi qilmasa nasib
Unga, malol kelmoq ko‘p og‘ir.
Hijron, visol… aslida qismat,
Tadbir qilma vasli qasdida.
Boshingnimi silar, jon istab
Qolsang oyoqlari ostida.
Bu achinish! Yo‘q, bu ishq emas!
Agar sevsa, aylamagay xor.
Ayrilmagay, o‘zdan ayirmas,
Ayirmasa gar charxi davvor.
Ko‘ngil, ko‘ngil, so‘ngan axtarsan,
Yor haqqiga qoldimi xunim?
Garchi endi mehr istarsan,
Biroq sendan istarlar junun.
To o‘rtasin sen chekkan firoq
Yot yor qolib, olam xaylini.
Sendan junun istarlar, biroq
Hech biri eslatmas Laylini.
Men – tahqirdan ozurda banda,
Ayon mehr istaysan nechun.
Eshiklarga qo‘ymading tanda,
Yo kuymading bir malak uchun.
Ko‘ngil, ko‘ngil, axtari baqo,
Jim yig‘lading, bu dunyo eski.
Sen hech kimga qilmading vafo,
Axir, seni sevmadi hech kim.
***
Yo‘qdir fano ummonida hech bir qayiqning panohi,
Gar tog‘ bo‘lsam, boshdan-oyoq sovurgay yillar sipohi.
Bir zum kelib-ketdi bahor, dog‘ida abad zor qildi,
Bir zum kechdi layli-nahor, bir umr gunohkor qildi.
Endi g‘aflat vodiysiga oy kabi botarman har tong,
Bevaqt uzilganday jonim, bosh tutmay yotarman har tong.
Qaydan kelar o‘qlar menga, nechun ingroqlarim unsiz,
Nechun tinsiz?.. O, onajon, bu ne lashkar, yarog‘i yo‘q?
Qochay deymanu na kundan, na tundan bir panoh derlar,
Na Dashti Karbalo va na Sayhundan bir panoh derlar.
Shafaq ichra gar jim yotay desam, shomga begonaman,
Mo‘‘jizalar xayli aro nurga, tongga begonaman.
Ming yil qaynatsa qo‘shilmas bul pok Jayhunga ko‘z yoshim,
Ming yil porlab ham kulbamni yoritmas olam quyoshi.
Asrab qolmoq istab o‘zni, ayladim ko‘ngilga hijrat,
Ne xilqat bu?.. O, onajon, bu ne hujra, chirog‘i yo‘q?
Xatolarning vayron bo‘lgan xonumoni edim azal,
Bu dunyoning gunohkori, pushaymoni edim azal.
Ko‘ngilbog‘da qaytib o‘smas, uchgaydir chechaklar ruhi,
Yuzimga tupurgay zohid, oyog‘imdan osar so‘fi.
Yomg‘ir istayurman mangu, nigohimdan abr qochar,
Meni ta’qib qilar kirlik, kadar, qayg‘u – qabrgacha.
Yo Rab, komron bo‘lmasmidim, kitob bo‘lsa agar taqdir,
O‘qib bo‘lsa?.. O, onajon, bu ne hayot, sabog‘i yo‘q?
Ey kuz, ko‘nglimdek olamni butkul unutmoq istarman,
Va yo olamda ko‘nglimdek butkul unut bog‘ istarman.
O‘zga har bog‘ki, bir olam — tuproqqa yetguncha yolg‘on,
Go‘zallik asragay derlar olamni, ay, buncha yolg‘on?!
Rost bu – nafsim xayolidan bir zum bo‘lolmadim xalos,
Toshdek mardud qoldim mudom, kapalakdek o‘ldim, xolos.
Qay tong, sevgidan ayrilsam, yitarman derdim begumon,
Ne hasrat bu?.. O, onajon, ne ayriliq, firog‘i yo‘q?
Rabbim, Sening rayhoningdan umidimning bo‘yi kelar,
Har o‘ydan ko‘ngilga ikki oqibatning o‘yi kelar.
Vaqt yulduzin malagi oy – so‘lim, qayda qolgay oxir?!
Somon yo‘liga tutashgan yo‘lim qayda qolgay oxir?!
Mayli, bugun yashirgayman, dilni – g‘animni ko‘rmaslar,
Erta… qabr devoriga bosh urganimni ko‘rmaslar.
Qayda qolgay cho‘ng savdolar, o‘lim qayda qolgay oxir?!
Ne savdo bu?.. O, onajon, bu ne umr, adog‘i yo‘q?
KUZ
Bir ko‘klam kelmadi bog‘imga,
Quyoshning nurlari enmadi.
Mening bul ozurda ruhimda,
Xazonrez – hazin kuy tinmadi.
O, zo‘rdir falakning qudrati,
Ko‘rdim sovurguchi qo‘llarin.
Telbavash shamollar sudradi,
Sochimga yetmadi qo‘llarim.
Kuyarman shaklsiz jabrdan,
Xazonlar uliydi bag‘ri qon.
Vo ajab, bebaqo umrda,
Bir fasl uchratdim – jovidon.
Baxt asli fojea, fasli kuz –
Ko‘klamdir, u yo‘qsil, u g‘aniy.
Siyratim shaklidir fasli kuz,
Fasli kuz – ko‘nglimga mug‘anniy.
***
…Uxlaydi parivash, bul hurni izlab,
Olis ma’volardan keladi hilol.
Vasli umidida yonar yulduzlar,
Ko‘klardan qoshiga qaytadi xayol.
Uxlaydi parivash. Sokin bu oqshom,
Zug‘mini qilichga evirgan qotil.
Hech shak yo‘q, kurbonlik bo‘ladi shu tong,
Qilichning damidan bo‘sa olgan dil.
Ko‘kayim kesilgan, ozurda har dam,
Bosgan izlariga yuz bosdim bedor.
Yog‘du sharsharasi ostida shabnam,
Uxlar kun bog‘idan chiqqan gulruxsor.
Tong emas, bu kecha sovrilsa qamar,
Tong emas, rashk qilib bag‘rimga botsa.
Sehriga g‘izosan, ey jon, qo‘rqaman,
Uxlaydi olovdan chiqqan raqqosa.
Kul bo‘lar ekansan, ko‘ngil, qo‘y, yonma…
Zulflariga yetmay sen o‘t ol, qo‘lim!
Uxlar qiz, to xushim uchgay, uyg‘onmas,
Qumrol sochlarida uxlaydi zulm.
Qismatim ne bo‘lur? Aytmas maxliqo,
Hargiz eshitmagay, kuygan so‘zim – tun.
Bir bor, faqat bir bor o‘larman, ammo
O‘zim – o‘zim uchun.
KAPALAK
Moviy go‘zallikka ajal chang soldi,
Uni ko‘p ko‘rdi gul bargida falak.
Bechora, o‘zini tutolmay qoldi,
Ohista-ohista bitdi kapalak.
Tindi chamanzorda tovlangan o‘lan,
Alvon gullar aza ochdilar behol.
Kapalakni nafis vujudi bilan,
Tosh yo‘lga supurib tashladi shamol.
Bilsam, kapalakning jonini uzgan
Gardunda behuda chekarman nola.
Ki, odamga qandoq mehr ko‘rguzgay,
Kapalakka shafqat qilmagan olam.
O‘YINChI
To‘yxonani cho‘g‘dek taning kuydirar,
Bo‘z yigitlarningmi, buzilgan tinchi.
Oh urarlar sarxush, sarxush qiyqirar:
Bo‘sa, der, bir shirin bo‘sa, o‘yinchi!
Sochilib necha oy, necha kun oshib,
Hilolni tamanno qilarsan qizdek.
Shavqingga belanar ichgan to‘yboshi,
Raqs osmonida porloq yulduz, deb.
O‘yna, garchi raqs nima bilmaysan,
Sarv qadding telbarar alam izmida.
Xummora ko‘zlaring qizargan maydan,
Sochlaring to‘zg‘igan…
Siynangda sinadi kuyning jarangi,
Qizil yonoqlaring shafqatsiz la’ma.
Qabog‘ingda zangi malomat – rangin,
Marjon u – bo‘yningga osilgan la’nat.
Qizigan to‘yxona, alast ahli er,
Seni-da, bag‘riga tortar bemalol.
Azob to‘dasiga chang ufurar yer,
Qon purkaydi sening yuzingga shamol.
O‘yna, garchi g‘am… ey, badbaxt iloha!
Garchi yosumanning qismati senda.
Tunday qoraysa ham mangulik ohi,
Arosatning bo‘yi kelsa ham sendan.
Sen hursan, kun sayin sarg‘aygan osiy…
Yig‘ladim… qalamdan emas qiylu-qol.
Million yil ilgari o‘lganman balki,
Seni sevgandirman ehtimol.
***
Bani mardumga choh olam, jilvakorsan,
Iddaosi ko‘kni yorguchi dildorsan.
Ne ko‘zgusan, Haq yodidan adashtirgan,
Bir bag‘ritosh kerak senga yovuz yorsan.
Xastai giryonman, menga bardosh kerak.
Shamsga yotman bir noyob nuri tolam deb,
Yotman dengizlarga qatrai jolam deb.
Na o‘tda ayonman, na suvda, nedir so‘z?
Men ham olam ichra olamman olamdek.
Mening ham tiyra ko‘nglimga quyosh kerak.
Kerakmas, nursiz shon bo‘lsa umrim mening,
Bu ko‘yi jovidon bo‘lsa umrim mening.
O‘ngingda olamdek komron bo‘lsamu,
Kishi bilmas xazon bo‘lsa umrim mening.
Bu ayyom ichra na taxt va na toj kerak.
Bir dard bordir, mudom senga malol kelar,
Odam izidan odam – xastahol kelar.
Xas qolmagay behudud gulxan ichinda,
Sendan kelsa, oxir, o‘ti zavol kelar.
Oqibat haq shamolidan farrosh kerak.
Senkim, azal makri bedod charx bo‘lasan,
O‘qib bilsam, alamimga sharh bo‘lasan.
Ko‘nglim to‘fonida suzar Nuh kemasi,
Ko‘nglim kabi ko‘z yosh to‘ksam, g‘arq bo‘lasan.
Seni butkul g‘arq etmakka ko‘z yosh kerak.
***
Oy sayri… Na osmon sayri u,
Na tun, na kahkashon sayri u.
Oy sayri – umrlik qasdi jon,
Umrlik zimiston sayri u.
Meni kun-kunida o‘ldirma,
Meni oy sayrida qurbon qil.
Oydinda hilolday bir dildor,
Tikmish oy nuridan go‘zal dor.
O‘shal dor hajrida yotibman,
Shams tig‘i ostida yarador.
Meni kun-kunida o‘ldirma,
Meni oy sayrida qurbon qil.
Bori dun g‘animga o‘xshaydi,
Otash hamdamimga o‘xshaydi.
Hilolni uch kunlik, dedim, u
Ming yillik g‘amimga o‘xshaydi.
Meni kun-kunida o‘ldirma,
Meni oy sayrida qurbon qil.
Dil yerda, dil ofat ustida,
Dil yig‘lar qabohat ustida.
Men osmon ostida yotibman,
Peshonam jarohat ustida.
Meni kun-kunida o‘ldirma,
Meni oy sayrida qurbon qil.
***
Fasli kuz, fasli kuz, benavo, behud,
Ko‘zlarida zardob kilkib turgan jon.
Qoyaga bag‘rini bosar qay burgut,
Shafaqqa tikilar qay xasta jayron.
Cho‘kadi tiniq suv tubiga vola,
Cho‘kar mung, dunyoviy tug‘yonlarga yot.
Shu tong yaralganday bebadal olam,
O‘zi shunday ma’yus yaralgan go‘yo.
Ay kuz, fasli xazon, xassos, xastahol,
Ay, jarlar labida istagan najot.
Sen azobi yomg‘ir, fig‘oni shamol,
O‘zing yolg‘iz xazon, o‘zing munojot.
Haqdan o‘zga iloh yo‘qdir bilguchi,
Yo‘qsa hilol badr bo‘lmas – to‘lmagay.
Sening zavolingni bita bilguchi
Bir shoir o‘tmagan. Yo‘qdir. Kelmagay.
Fasli kuz, fasli kuz, dil – xokisorim,
Axir sevguchiman, axir, mubtalo.
Ruhimga vatansan, she’r – jon nisorim,
Hajringda bitarman… bitarman, xolos.
Mening hayotimdan qolar uzun iz,
Qalbingga yetmagan so‘qmoqday nigun.
Sen menga yaqinsan, men sendan olis,
Sendan tashqarida yashayman, nechun?!
MEN
Yaraldim. To‘zimsiz vulqonlar uygan,
Kulto‘da ichinda yaraldim – gumroh.
Halok bo‘ldim quyosh qulagan ko‘yda,
Faqat halok bo‘ldim, o‘lmadim illo.
Qahrabo zavolim tutgan borliqda
Bir dod ketmas subhi shomimdan yiroq.
Men yo‘qotilganman, so‘ngsiz xorlikdan
Na osmon asraydi meni, na tuproq.
Charx urarman charxi davvorday zor-zor,
Eru ko‘k o‘qida men behimoya.
Bori jismim to‘zon chekar xokisor,
Hasrat yoboniga solarman soya.
Bir oh makon topmas, toki gumrohning
Yo‘qdir mangulikda oydin qazosi.
Men – manzilsiz banda, qodir Ollohning
Ul Odam Atoga bergan jazosi.
Ey shamol, ma’no top, uvla, ma’no soch!
To‘zg‘it, telba kulgu – hilol – to‘lmagan.
Har sari yuz burdim, kuldim yalang‘och,
Qadrimga yig‘lamam, qadrim bo‘lmagan.
Haydalishim hasrat, hasratdir takror,
U xato lazzati Odam Atoda.
Men tongni ko‘rmagan zindon yanglig‘ xor,
Faryodkim, men og‘ir keldim baqodan.
***
Bu sokin haramda qiynalar jonim,
Umrim sensiz kechsa, kechar bebayot.
To abad o‘rtaydi meni hijroning,
Bir nafas umrida aylarmisan yod?
Meni eslarmisan?!
Shu oshiq dilimga qasam keltirib,
Hijroning tog‘ini yiqa olmayman.
Eng baland cho‘qqimdan yiqilayverib,
Eng chuqur chohimdan chiqa olmayman.
Jabrlaring zahmi ko‘nglimni suyar,
Ming qayta turaman – mudom senga zor.
Nigoron ko‘zlarim ming qayta kuyar,
Yuz tuban tanimda qolmaydi mador.
Ey najot, ko‘klardan chorlayman seni,
Yulduzlar chiqmaydi xobxonasidan.
Malomat itlari talaydi meni,
Bir qatra mehrning ostonasida.
Umrim o‘ta qolmas suv kabi oqib,
Toshlarni quchoqlab yotaman afgor.
Tanda na jon qolar, na u besohib,
Ey, meni notavon aylagan dildor!..
Agar gunoh bo‘lsa, menda u gunoh,
O‘zim sevib qoldim eng go‘zal tunda.
Bo‘ynimga dor ilsin, ilkimga pichoq
Bersin, boshimni ham qo‘ymoqqa kunda.
Men faqat ketmakka qodirman, zero,
Falak quzg‘unlari g‘amimni yemas.
Ketarman, hargiz qol, demaydi dunyo,
Ketarman, abrlar yashayver, demas.
Ammo ketgim kelmas, garchi dilafgor,
Bir orom topmagan sargashta dilman.
Meni xayoliga bog‘lagan gulnor,
Na mahjur, na miskin – eng baxtli qulman.
Yashasam bo‘lurmi?
***
Asli boru yo‘g‘ing bir achchiq boda,
Hech kimning chekiga tushmagansan, bas.
Hech kim qolmaydigan yorug‘ dunyoda
Hech qachon, ketaman, dema qasdma-qasd.
Ketma, ey, umidvor ketguchi, ketma,
Ketsang, ketmoq bo‘lsa agar matlabing –
Ketolsang, ortingga qarama, kutma,
Faqat kuz kabi ket, faqat kuz kabi.
Kuz ketar, hech kimga aytmaydi ammo,
U chorlov dog‘ida qarab turmaydi.
Kuzning kelganini ko‘radi hamma,
Kuzning ketganini hech kim ko‘rmaydi.
***
Eshigim oldidan ketmadi nari,
Shovullab o‘rtandi azaliy g‘ussa.
Dunyodan hech narsa topmagan g‘arib,
Gayga ham eltardi agar qo‘l cho‘zsam.
Yotardim – g‘arq etmish edi ashk seli,
Yotardim, ko‘nglimda yo‘q edi sharor.
Shu kecha tonggacha chorladi meni,
Eshigim oldidan ketmadi shamol.
***
Ortiq qayg‘urmagay mendan bezorlar,
Kechar oson ki, qay ko‘ngilda ozorman.
Mendan sir ko‘rmaydi mushfiq g‘amxorlar,
Men-da, sir ko‘rmasman ahli bozordan.
Qo‘limdan tutguncha uzlatga yorlar,
Baloman o‘zimga, ham giriftorman,
O‘zimdan bezorman!
Bir surud ko‘nglimda o‘rtanar holo,
Tordir tomirlarim – bag‘ri qon vola,
Nurdan muzrob aylab, kuy chalar olam,
Jonim pardasidan chiqar bu nola:
O‘zim sening bshing bog‘langan dorman…
O‘zimdan bezorman!
To‘qqiz qatdir osmon, yer yetti qatdir,
Har qat har qatra yosh uchun shafqatdir.
Va lekin jon uchun tong mashaqqatdir,
Odamman – o‘zimni sevarman qattiq.
Dard kulbasida tinch yotar bemorlar,
Armon hujrasidan chiqqan bemorman.
O‘zimdan bezorman!
Mangulik tog‘larni aylaydi g‘orat,
Vafosiz jismimga bu bir ishora.
Garchi hayot – janggoh, men – jigarpora,
Mangulik eng ulug‘ shiddatku, yo Rab!
Shafaq har shom meni bag‘riga chorlar,
Azal shahid ketgan tan ichra xorman.
O‘zimdan bezorman!
Dil yonar, yolini yuzimda o‘ynar,
Soyai azmi yer yuzinda o‘ynar.
Bu na balo bazmi, ko‘zimda o‘ynar!
Xudoyim! O‘zimni o‘zimga qo‘yma,
O‘zingdan ayroman, o‘zingga zorman.
O‘zimdan bezorman!
***
Sozim – yolg‘iz yupanchim sindi,
Kirmay ketdi kulbamga bahor.
Tingan yomg‘ir singari tindim
(To‘kilmadim aslida bir bor).
Kuy ko‘yida mungli, benavo,
Darz ketgan tosh yanglig‘ o‘ksingan.
Yorishmaydi ko‘nglim ne ma’vo,
Hilol qo‘nganda ham ko‘ksimga.
Kuylolmasman. Ne tong, gar shafaq
Umrim shomin yodimga solsa?
(Kuysa dardim kuygaydir faqat
Agar chaqmoq ostida qolsam.)
Kuylolmasman… tomirimda qon –
Kuy qatlidan qolgan alvon iz.
Garchi kechar umrlik to‘fon,
Lekin umrim kechadi unsiz.
Kuylolmasman… mung qirg‘og‘ida,
Kech kuz yanglig‘ xayol surgayman.
Fano bog‘larida oqibat,
G‘aflat hujrasiga kirgayman…
Va sezmasman – xabarchi yo‘qlar…
… Chaqaloqday uxlaydi qo‘lim.
Men uxlarman. Yuragim uxlar,
Na tiriklik o‘rtar, na o‘lim.
HAMMOL
Demishlarki, yara zahrini,
Vaqt aylarmish odamdan yiroq.
Gar vaqt olsa yurak zahmini,
Keksayishni istar u tezroq.
Axir hilol ketdi qoshidan,
Sevgani yo‘l boshida ketdi.
O‘tmay turib o‘ttiz yoshidan,
Qari dunyo boshidan o‘tdi.
G‘addor davr dam urar har dam,
G‘ami kechar ezilgan dilda.
Hatto joni tinch bo‘lmasa ham,
Yotmoq istar ul tinch manzilda.
Unga begonadir gul, qo‘shiq,
Shafaq yotdir – jigari emas.
U tiriklik bilan olishib,
Yashar tiriklikka qasdma-qasd.
U na sayoq, va na-da darvesh,
Xor, shunchaki, tuproqning tengi.
Rohat nima bilmaydi hargiz,
Ey shoir! U shoh emas sendek.
Tunmi, peshonasi aslimi?
Tongmi, uning orzusimi yo?
U bilmaydi oyning shaklini.
Bilmas, qanday go‘zal bu hayot.
Yillar o‘tar, tin olmas, beun,
Tizigacha qaddini bukib,
Aravada yuk tortar mazlum,
Bu yuk – ko‘hna dunyoning yuki.
***
Og‘ir yuki – hasratlari, armonlari,
Bejo kezinadi gumroh sarbonlari
Bu yo‘llarda… izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
O‘tib borar oxiratning karvonlari.
Emirilgan, bir purviqor tog‘ qolmagan,
Baqo bog‘bonlari ketgan… bog‘ qolmagan.
Bu yo‘llarda izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
Qizil, sorig‘ gulxanlardan dog‘ qolmagan.
Suv qa’riga cho‘kib ketgan kabi olam,
Ummonga bosh qo‘yib ufq chekar nola.
Bu yo‘llarda izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
Izg‘ir hasrat, izg‘ir o‘kinch, izg‘ir vola.
Zulmat ichra qolur goh vayrona saroy,
Yulduz so‘nar unga bermak istab oroy.
Bu yo‘llarda izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
Olis-olislarga botib ketadi oy.
Badbaxt ko‘ngil zindoniga boqmay qiyo,
Xaslar aro yerga singib ketar ziyo.
Bu yo‘llarda izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
Zeriktirar, biram xunuk kular quyosh.
Bag‘rda bahr to‘foni – dog‘i – g‘amdir,
Moviy osmon – rub’i maskun ohi – g‘amdir.
Bu yo‘llarda izg‘ir shamol, izg‘ir shamol…
Kun uzra tun chekar faryod, dog‘i g‘amdir.
***
Deydilarki, chigaldir hayot,
Qayg‘u baxtdir va og‘udir bol.
Dildor yig‘lar, sevinchdanmi, yo
Qayg‘udanmi, nima farqi bor?
Yog‘ar yig‘layotgan dildorning
Shuurida olov yondirib –
Shodlik to‘la erta bahorning
Cho‘x hasratli kechki yomg‘iri.
Garchi yori ketmas yonidan,
Mag‘rur qalbi kuymagay o‘tda.
Ammo ayon, uning jonidan
Qachonlardir, nimadir o‘tgan.
U unutgan kuzni… barini,
Nogoh ko‘rgan kabi, bu – bahor!
Boz qattiqroq quchib yorini,
Ko‘ziga yosh oladi dildor.
Falaklardan oy boqar balqib,
Oyning shirin kulgusi qayda?
O‘tkinchidir muhabbat balki,
O, ehtimol mangudir, qaydam?!
Dildorni bir Olloh tushungay,
O‘rtarmi orziqish ozori…
Hayhot, mening mungli tushimda
Jilmayadi dildorning yori.
Yori kular, neni yod etgan?
Kular masrur, kular baxtiyor…
Hargiz bilmas – nechun shodlikdan
Ko‘ziga yosh oladi dildor?!
Taqdir siylar yor bo‘lib baxti,
Kulganlarni, sevinganlarni.
Sevganlarku, hamisha baxtli,
Xudo sevsin sevilganlarni.
***
Quyosh nuri gulni garchi qilichdek
Kesmas, lekin uni kuydirgay oxir.
Butun yaralmishda mavhum tiriklik
Va o‘limdan boshqa hodis yo‘q, axir.
Ko‘klam tuni edi, tonggacha qolib,
Kapalak umricha ko‘rdim yoshimni.
O‘lim chaqmog‘ini bo‘ynimga olib,
Hayot iforiga tikdim boshimni.
***
Oxir ne bo‘lurman? O‘zimga ayon,
Bilaman, bu tunlar ne etar oxir.
Ko‘nglimning behishtiy chamani payhon,
G‘amzada qushlarning qanoti og‘ir.
Dunyoga tikildim, qorachug‘da yosh,
Iztirobda sezdim abadiyatni.
Bu shom ham yiqildi yarador quyosh,
Bag‘ri yara ekan bashariyatning.
Oxir ne bo‘lurman – o‘zimga ayon,
Titrayverdi mening qarshimda og‘och.
Eng go‘zal xayollar qildilar isyon,
Eng go‘zal yolg‘onlar bo‘ldi yalang‘och.
Ne umid?.. ketsam ham bo‘lardi ammo,
Qatra shahd qolmadi dil bisotida.
Munojot tunida men bo‘ldim yag‘mo,
Achindim bu kecha odam zotiga.
Faqat og‘riq ekan siyratim – qurim,
Nurga tutolmayman bag‘rimni o‘yib.
Menga halal bermang – o‘lmasdan burun,
Yig‘lasam, tuproqqa boshimni qo‘yib.
“LISONUT-TAYR”NI O‘QIB
Hurmat bilan ustoz Mavlono XUMIYga
Gar o‘ngimda qalb yanglig‘ bir cho‘ng tosh uyg‘onsa, boqqim yo‘q,
Bu olam aro boshqa bir quyosh uyg‘onsa, boqqim yo‘q.
Ko‘rdim-ku, yor o‘shal bedod, do‘st kun sayin begonadir,
Iso tongida to‘rt qibla nurga chulg‘onsa, boqqim yo‘q.
Qachon yerga oyoq qo‘ydim, hanuzki, ko‘kka muhtojman.
Osmon na shams, va na kavkab, va na moh uchun yaralgan,
Zamin na-da ummon uchun, na-da tog‘ uchun yaralgan.
Qat-qat sinoat yaralmish – olis sayyoralar qadar,
Qalb uchun yaralgan bari, lek qalb dog‘ uchun yaralgan,
Men shu qalbni kuydirguchi bebadal o‘tga muhtojman.
Koshki yitmasa bahorim, sinmasa boshimdagi toj,
Xazon bo‘lsam gulshanga ko‘m, gar gul bo‘lsam gulxanga soch.
Ochiq oyat, deb osmonni, shamsni, hilolni ko‘rsatma,
Asli hayrat vodiysida bo‘lmadim hayratga muhtoj.
Javzoga ehtiyojim yo‘q, va na-da hutga muhtojman.
Bas, koyima, qush tiliga havas qilma, – deb. – Ey bashar!..
Qop-qora parda ichinda asli ofiyat so‘z yashar.
Qirda qolgan qizg‘aldoqni kuydirar samum jununi,
To tiriklik shami bilan qismat shamoli o‘ynashar.
Netay, chorasizman bunda, o‘shal Hudhudga muhtojman.
***
Olam yaralgandan buyon ketmas tun,
Kimnidir kutadi, kutadi hanuz.
Va hamon shovullar – shamol olmas tin,
Va hanuz miltirar – so‘nmas bir yulduz.
Olam yaralgandan buyon mahkumman,
Ollohdan ayrilgan nurman – bekamol.
Hanuz umidvorman… Men o‘sha tunman…
Men o‘sha yulduzman… Men o‘sha shamol…
AZALIY MUHIT
Azaliy muhitdir bu, chaqinlar topgay zavol,
Titrar so‘nggi binafsha – Zahhokning qo‘ynidadir.
Devmi – g‘orida shafqat, ilonmi – tishida bol,
Men tush ko‘rgan javohir iblisning bo‘ynidadir.
Tig‘larini yashirdi botil, suronli saroy,
Mangu kun zulumoti ko‘zlarimga qasd qilar.
Har tong g‘am vodiysiga to‘kiladi hazin oy,
Har shom zabun quyoshni sudraydi alvastilar.
O‘lik toshlar bag‘rida mezonlarim uzildi,
Boshimdan to‘kildi boz xokning za’faron fasli.
Ey sayyod, mening telba xayolimda buzildi,
Bashar ustixonidan tiklangan umid qasri.
Shohbozlar sarobini ko‘zlarimga surtdim zor,
Oqqushlar loshi uzra jilva qildi-ku o‘lim.
Qonadi sevgi guli – it tekkanday yarador.
O, jallod kundasidan o‘sgan gul kabi so‘lim.
Xo‘rlaydi surudi mung, tuproqqa belar meni,
Dayriga nisormanam, ruh qatlidan alomon!
Ey dil, ko‘z yosh shomida qaydan toparlar seni,
Jinlar to‘zoni ichra yo‘qolib ketsang yomon.
Azaliy muhitdir bu…
***
Oy sovrilgan kabi quyosh izida,
O‘rlar alvon-alvon o‘tinchim – talosh.
Nur yog‘ilar mohi tobon yuzidan,
Mening ko‘zlarimdan esa yosh…
Gar diydor qiyomat bo‘lsa, beray jon,
Oshiqni to mahshar o‘rtar firog‘ing.
Axir yetib bo‘lmas Senga hech qachon,
Bu olamda yo‘qdir vasl bulog‘i.
Faqat some’ bo‘ldim Sendan ayrilib,
Bir Seni tinglamoq istar jon qushi.
Men uchun tuganmas qismat – ayriliq,
Hayot – mangulikdan uzilgan qo‘shiq.