Nosirjon Jo‘rayev 1984 yili Namangan viloyatining Namangan tumaniga qarashli Sho‘rqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan. 2001-2007 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining bakalavr, magistratura bosqichlarida tahsil olgan. “Ulg‘ayish kunlari”, “Muhabbatdan so‘ng…”, “Eng qudratli zarra” kabi she’riy kitoblari, “Noyabr kuyi” va “Kibor” nomli qissasi e’lon qilingan. Hozirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Adib” nashriyoti bosh muharriri.
BAHOR EShIK QOQOLMAYDI JIM…
Bahor eshik qoqolmaydi jim
Ostonamda turar boladay .
Uyda esa bir issiq kiyim,
Atay chiqib ketmas xonadan.
Qo‘llarimga chirmashar sharf,
Kunduz yoqa suykalar yuzga.
Va der –Meni sevishingiz shart,
Tupurdim shu bahoringizga.
Oh, ayozning ovozi o‘ktam,
Ul ayozki, mening zo‘r xatom.
To‘rt devorni naryog‘i ko‘klam,
Faqat uyim to‘la qahraton.
Bahor kirar, mo‘ltiraydi jim,
Aldangandek xuddi boladay.
Axir. Axir…bir issiq kiyim
Menga joy solyapti xonada.
NAMANGAN
Har gal qaytganimda bu qora yerga,
Shahar oq yaktakda qoshimga chiqar.
Chuqur sin oladi menga bildirmay ,
Boshimdan o‘tganin ko‘zimdan uqar.
Men esa zil ketib boraman, ya’ni ,
Ko‘ksimga qo‘rg‘oshin quyulyotganday .
Sog‘indim deganim ,keldim deganim
Unga minnat bo‘lib tuyilyotganday .
Namangan onamga o‘xshagan shahar,
Onamdek yshirib o‘tding dardingni .
O‘g‘ling kelyapti deb eshitgan mahal ,
Ro‘moling uchiga yoshing artdingmi ?
Boqsam ,yuzingdagi quyuq ajindan ,
Bo‘lak –bo‘lak bo‘lib ilg‘anar tarix .
Jangda arqon uchun kesgan sochingday ,
Qoradaryo bo‘lib to‘lg‘onar tarix .
Patqalamda qo‘yib gajakdor imzo ,
Fitnalar tuzganda Ahmad Tanballar
Axis qirlaridan Umarshayx Mirzo
Har kun qulab tushar yurak changallab .
Mulla Bozor Ohund – ko‘hna pirhona,
Qancha avliyoga mudarris ,ustoz.
Shikoyatxonamas ,shoir ,she’rxona
Bo‘lgan kunlaringda yayraganing rost .
Qaysi bir muazzam ,qutlug‘ saharda
Xudo ixlos bilan qorgan zuvala .
Shundanmi ,har kuni Eski shahardan –
Bomdoddan qaytadi Mashrab buvalar .
Bugun ikki qadam biz bilan sibir’ ,
Borib –qaytish mumkin bir kun ichida .
Ammo hanuz Usmon yo‘l qarar dilgir ,
Tuynukdan termulib oyoq uchida .
Hayot qayta –qayta yasharar ekan ,
Takror –takror orzu to‘larkan dilga .
Bugun oliygohga qatnagan ukam
Ibrat domla bo‘lib ko‘rinar menga .
Namangan –men uchun bir umrlik yo‘l ,
Namangan ,men uchun barhayot gulsan .
Onajon ,men endi ulg‘aygan o‘g‘il ,
Ko‘zyoshing yashirma yoninga kelsam .
BIR SAHAR UYG‘ONDIK …
Bir sahar uyg‘ondik ulkan qalb bilan ,
Huddi avliyolar kirgandek tushga .
Buyuk bir iqrorni aytdik zarb bilan ,
Sabrimiz etmadi kuzni kutishga .
Bizning quvonchlarga yo‘q edi tashbih ,
Boshimmizga baxtlar yog‘di ustma –ust .
Hammani uniutdik !
Bermasdan tanbeh ,
Jimgina uyiga jo‘nadi avgust .
Kuz keldi .Etigin loyini qoqdi .
Xazonrez kunlarga ochdim quchog‘im .
Sening ko‘zlaringa bu rang ham yoqdi ,
Sarg‘aydi dunyoning milyonta bog‘I .
So‘ng uch oy aldadi bizni bu fasl ,
Uch oy boshimizda aylandi to‘zon.
Senga za’faron rang qilmadi ta’sir ,
Menga ma’qul keldi bir dunyo xazon …
Bir sahar uyg‘ondik .
Hammayoq oppoq .
Lol qoldik –bu olam shuncha bo‘m –bo‘shmi !
Va birdan tushundik ,qilmadik oh – voh ,
Eslab o‘tirmadik hech qaysi tushni .
Bo‘yningni o‘rading oppoq sharf bilan ,
Etigimni kiydim .
(Qayga shoshamiz !)
Tongni kutayapmiz bitta shart bilan :
Ertaga abadiy xaerlashamiz .
* * *
Bodom gullaridek hilviroq va oq
Yurak bilan shamollarga yuzlandim .
Musht tugsam –kurtagdir kaft yozsam –
yaproq,
Bahor bo‘lib chamanlarga yuzlandim .
Har bir hujayramga nur qadab quyosh ,
Kiyin o‘zimni ham nur atab quyosh ,
Qoshimda o‘ltirar boadab quyosh ,
Men shu yorug‘ tomonlarga yuzlandim .
Bodom gullaridek bisyor va bir hil
Kunlarga rang bermoq bo‘lmaydi engil .
Ey Xudo ,tilimni dilimga bir qil ,
Najot so‘rab osmonlarga yuzlandim .
Hayot –Odam Ato nom qo‘ygan maydon ,
Balki bu maydonda qadamim mayda.
Lek o‘tmishim dilda ,ertam manglayda ,
Bugun hamma zamonlarga yuzlandim .
HIJRONNING HAR KUNI …
Taqvim –hijron uchun tuzilgan jadval ,
Qatma –qat uyilib borar sensiz kun ,
Bilmadim , kim edim sevmasdan avval ,
Odamga aylandim muhabbatdan so‘ng .
Hijronni har kuni qonga yuqarkan ,
Alvon rangga kirdi o‘n ikki oyim .
Mening o‘tmishimni yo‘qqa chiqargan
Taqvimga la’natlar bo‘lsin iloyim !
Kuzning xazonini ko‘rmadim birga ,
Elkamni qor bossa ,o‘zim qoqindim .
Xudo azob qilib har kuni bergan
Har gulning hidida seni sog‘indim .
Nihoyat ,ko‘z yumdi eng so‘ngi uchqun ,
Umidlar tirilmas xato haqqiga .
Vaqtidan kechikkan to‘g‘ri so‘z uchun
Qasam ichmay qo‘ydim xudo haqqiga .
Yolg‘iz bormoqdaman oppoq tumanda ,
Kaftim orqasiga ko‘z yoshim artib .
Eslash ,sog‘inishdan bezgan zamonda
Mening o‘tmishimni kim tushunardi …
ME’YoR
Tortibroq bog‘lasam odatdagidan ,
Sirtmoqqa aylanib qolar bo‘yinbog‘ .
Hatto me’yor saqlab choyning rangida
Ichmasam, tusharmish jigarimga dog‘ .
Qara har narsada o‘lchov bor shaksiz ,
Haddidan oshmaydi hayot degani .
Ammo nega sening qiynog‘ing cheksiz ,
Nega me’yor bilmay sevaman seni .