Ne’mat Dushayev (1963)

Ne’mat Dushayev 1963 yilda Toshkent viloyati Angren shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutini tugatgan. «Ohangaron», «Angren haqiqati», «Dovon», «Ulug‘ yo‘l» gazetalarida, O‘zbekiston Milliy axboroti agentligi — O‘zAda faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda «O‘zbekko‘mir» AJ bosh direktorining axborot siyosati masalalalari bo‘yicha maslahatchi — matbuot kotibi vazifasida xizmat qilmoqda.

“Saxiy xayolparast” (“Navro‘z” nashriyoti, 1993), “G‘alati bo‘taloq” (“Yulduzcha”, 1995), “Sehrli tayoqcha” (“Navro‘z”, 1997),  “Kim zo‘r?” (“Navro‘z”, 2004), “Ular dovon yo‘lini qurgan edilar” (A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010), “Inson va dovon” (Toshkent, 2011), “Gurumdagi gurunglar (“Navro‘z”, 2011), “Ari chaqdi Nabini” (Navro‘z, 2018), “Ikki dumli fil” (G‘.G‘ulom NMIU, 2020), “Umr daraxti” (Navro‘z”, 2020) nomli kitoblari chop etilgan.  2005 yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

ONAJON

Mehringizni bildim, onajon,
Yurakdan his qildim, onajon.
Boshimizda quyoshsiz-oysiz,
Faqat bizni-bizni o‘ylaysiz.

Ko‘zga surib siz bosgan izni,
Joyga quyay hurmatingizni
Deyman-u eh, afsus, men nodon
O‘ksitaman tag‘in, onajon.

Keyin-keyin esa ovloqda,
Sizdan sal-da olisroq yoqda,
Qo‘msab qolib otash mehringiz,
Pushaymonlar chekar o‘g‘lingiz.

Nechun bag‘rim tilay, onajon?
Aytganingiz qilay, onajon.
Mehringizni bergaysiz, axir,
Odam bo‘l deb, tergaysiz, axir.

Endi Sizga solmasam quloq,
Yuzlarimga torting shapaloq!

IZTIROB

Nima bo‘ldi bilmayman,
Menga o‘zi netyapti.
Negadir oyoq-qo‘lim
Bo‘shashibroq ketyapti.
Hatto-ki bo‘yinbog‘im
Meni buqqandek bo‘lar,
Nurlarini ko‘zimga
Quyosh suqqandek bo‘lar.
Xafa bo‘lib ketyapman
Men o‘zimdan ilk bora.
Ko‘z o‘ngimda uzunsoch
Yuzi g‘amgin Dildora…
Bugun uni maktabda
Xafa qilib qaytdim men.
O‘zim ham bilmay qoldim,
“Etimsan” deb aytdim men.
Jahli chiqdi Dildorning,
Qo‘li tayoqqa bordi.
Lek urmadi .. piqillab
Birdan yig‘lab yubordi.
Mayus ko‘zli Dildora
A’lochi, chiroyli qiz.
Afsus, ota-onasi
Tashlab ketgan-da, esiz…
Shunga xo‘rligi kelib
Yig‘layverdi yum-yum.
Turar edim tosh qotib
Men misoli bir buyum.
Endi esa o‘zimdan
Xafa bo‘lib ketyapman.
Kechir Dildora, deya
Iltijolar etyapman.

ARMON

Singilcham sal narsaga
Xarxashasin boshlardi.
Qo‘ya qolgin desak ham
Ko‘zlarini yoshlardi.
Bir kuni kelib mehmon
Pichog‘ini ko‘rsatdi.
Va uyalmay singlimga
Vahimali so‘z qotdi:
– Bas qil! O‘chir! Yig‘lama!
Tuzat u-bu yog‘ingni.
Agar tovush chiqarsang
Kesaman qulog‘ingni.
Sho‘rlik singlimning dami
Ichiga tushib ketdi…
Shu-shu yig‘lash odatin
Butunlayin tark etdi.
Indamas bo‘lib qoldi,
Gapiradi kamdan-kam.
Ko‘rpaga kirib olar
Kelsa begona odam.
Jon, singlim, qo‘rma, deymiz,
Qo‘rqma, “tog‘a”, “pochcha” u.
Yo‘q, ishonmay bekinar,
Ko‘nglida yashab qo‘rquv.
O‘sha yomon mehmonni,
Va pichoqni eslaydi.
Kechalar alahsirab,
Quloqlarin ushlaydi.

PUShAYMON

Maktabdan kelib Adash
Papkasin to‘rga otdi.
Endi o‘qimayman, deb
To‘shakka ag‘nab yotdi.
Tinchlikmi, deb so‘rarsiz,
Nechun xafa, nechun g‘ash?
Muallimdan bugun ham
Koyish eshitdi Adash.
Shunga xafa, gapirmas,
Dardin yormas hech kimga.
Yotaverdi kechgacha
Qasd qilib mualimga.
Yotaverdi ko‘ngliga
Araz urug‘in ekib.
O‘z-o‘zicha g‘udranib,
O‘z-o‘zicha entikib.
Yotaverdi choy ichmay,
Chetga surdi nonini…
Nahotki biron kimsa
So‘ramasa holini.
Yotaverib sho‘rlikning
Qorni ochar, zerikar,
Yurak chopib qo‘chaga
Derazadan ko‘z tikar.
Tengqurlari to‘p surib
O‘ynashar ekan shodon,
Chuqur husinib qo‘ydi:
“Qasd qilish yomon, yomon!”

MIX HAQIDA BALLADA

– Teshib o‘tdi yog‘ochni,
Temir uchrab mayishdi.
– Shu ekan ahvoli?
– Yo‘q,
U qavmiga qayishdi.

KIM QANAQA?

Darrozman deb jirafa
O‘zidan bo‘lar xafa.

Mittiman deb chumoli
Juda o‘ylanib qoldi.

Semizman deya cho‘chqa
Ovqat yemadi boshqa.

Qo‘rqoqman, deb quyoncha
Ko‘z yoshi qildi ancha.

Bo‘ri qilib vaxshiy ish,
Endi ko‘zlar yaxshi ish.

Shum-da, iqror bo‘p tulki,
Ilk bor o‘zidan kuldi.

Faqat eshak nishho‘rd yeb,
Xangrar “aqlliman” deb.


SAXIY XAYoLPARAST

Er aylandi,
Qish payti chaqdi chaqmoq.
Va yog‘di gupillatib
Qor o‘rniga… muzqaymoq.

Zum o‘tmay muzqaymoqqa
Ko‘cha-ko‘y to‘lib ketdi.
Dala-yu qir, bog‘-u tom
Muzqaymoq bo‘lib ketdi.

Hamma yalar muzqaymoq,
U yetadi bariga.
Ko‘plar to‘ldirib oldi
Hatto papkalariga.

Muzqaymoq yog‘averdi,
Go‘yo yorda hali kam.
Muzqaymoqni sevishib
Qoldi mushukchalar ham.

Kuchuklar ham totinar,
Mayli yesin, yetadi.
Ertaga quyosh chiqsa
Bekor erib ketadi.

FALSAFA

It mushukni ko‘rgan dam
Eb qo‘ygudek tashlanar.
Adovat bor ming yillik,
Qaydam, ko‘ngli g‘ashlanar.

Mushuk esa erta-kech
Kun bermaydi sichqonga.
Sichqonvoy ko‘z olaytar
Qopdagi bug‘doy-donga.

Bu hayot – kurash derlar,
Umr qorishiq jangga.
Alam qilar, kun bermasa
Har kim kuchi yetganga.

SO‘Z O‘YINI

Kim zo‘r?

Chiranaverma, Botir,
Agar bo‘lsang zo‘r, botir.
Ana, qaynagan suvga
Qo‘lingni bitta botir.

Hayvonot bog‘ida maymun

Konfet otdik bittalab,
Cho‘chaytirdi bitta lab.
Qashinib ho‘p kuldirdi:
– Qo‘ymayapti bit talab.

Nima yoqadi o‘zi?

– Sen yaxshisan! Aytgandim shunigina,
Ketdi qoldi, qilgancha shuni gina.
Qiz bolaga”yomonsan, demayman-ku,
Sizga aytsam, g‘alati shu Nigina.

Bu qaysi fasl?

Bir pasda sochlarim ketdi oqarib,
Bobomdek qoldimmi men ham , o, qarib?
Yaxshiyam uy issiq, chopib kirdimu,
Bir pasda yoshardim, boshdan oq arib.

Kimga qanday?

Bahor yomg‘ir yoqqani
Maysaga eng yoqqani.
Chumoli der:
– Bas, oftob
Chirog‘ingni yoq, qani…

Ustoz va shogird

Bu doira, bu rubob, bunisi nay, dedi,
Changni ham ko‘tar (ustoz buni sinay dedi).
Mashshoq bo‘lish oson emas ekan, dod der shogird,
“Voy, belim, (qayerga qo‘yay buni) sinay dedi.

Yomg‘ir yoqqanda

Shiftdan sizib tomchilar,
Chak-chak etib tomchilar.
Xona hovuz bo‘p ketdi
Qayerdasiz  “tomchi”lar.

MEHNAT QUROLLARI BAHSI
(Bolalarga)

BOLG‘A

Dangasa demang meni,
Men har ishda chaqqonman.
Bultur bir qop yong‘oqni
Bitta o‘zim chaqqanman.
Bir qop yong‘oqqa, e-he,
Qancha odam to‘ymoqda.
Mix deysizmi, boltavoy
O‘zi qoqib qo‘ymoqda.

OMBUR

Xato qilsa bolg‘avoy,
Xatosin tuzataman.
Qiyshiq mixni sug‘urib,
To‘g‘rilab uzataman.
Ikki jag‘im – boyligim,
Ish ko‘p, ulgurish kerak.
Yordamlashib yuboring,
Mixni sug‘urish kerak.

ChO‘KICh

Menga qattiq yer bering,
Toshloq bo‘lsa ham mayli.
Ko‘p narsaga qodirman
Muguzlarim tufayli.
Ammo o‘ksib ketaman,
Xayolga kelmas nelar.
Nega qo‘limdan faqat
Buzish, qo‘porish kelar.

PANShAHA

Xashak o‘rsa o‘roqvoy,
Yig‘ib, g‘aram qilaman.
Bundan tashqari sabzi
Qazishniyam bilaman.
Uy-ro‘zg‘orlarga qarashib,
Yozu qish ishim “besh”da.
Buyog‘in so‘rasangiz
Barmoqlarim ham beshta.

BELKURAK

Sopimdan mahkam ushlab,
O‘ng oyoqda bosasiz.
Erni bellab, belingiz
Chigilin ham yozasiz.
Ishdan qochgan nomarddir,
Ammo toshlarga urmang.
Sindirib qo‘yib meni
Qo‘shnidan so‘rab yurmang.

KETMON

Ekinlarni yumshatib,
Hattoki loy qaraman.
Bekor turmay ovulga
Hasharga ham boraman.
Men dehqonga madadkorman,
Mehnat qilib tolmangiz.
Yuzimga oyoq bosib,
Peshonangiz yormangiz.

ARRA

Shoxmi, daraxt yo taxta
Shart-shurt arralagayman.
Hushyor bo‘ling, qo‘lingiz
Yo‘q-sa yaralagayman.
Usta duradgor bilan
Hali ko‘pdir ishlarim.
Tishlarimmi, temirdan
Og‘rimaydi tishlarim.

O‘ROQ

Nimaga qiyos etding,
O‘xshaymanmi so‘roqqa.
Gap-so‘zni qo‘y, yoz keldi,
Qani ketdik o‘roqqa.
Hozir hashak o‘rmasak,
Zanglab chekaman azob.
O‘shanda savolimga
Ne deb qilasan javob?

BU QANAQA QUROL?

Hoy, supurgi, chelakvoy,
Nuqta qo‘ying bahsga.
Boshga suvlatta o‘rab,
Tushib beraman raqsga.
Suv, supurgi ko‘rmasdan,
Rosa o‘chibdi rangi.
Bahonada polning ham
Artilib qolar changi!
Har ishni o‘ynab-o‘ynab,
Bajarsa bo‘lar, biling.
Qani, o‘ynab suv tashib,
O‘ynab-o‘ynab supuring.

QOShIQ

Men ovqatga yaraldim,
Ovqat bo‘lsa, yaxshiman.
Kosa bilan og‘izning
O‘rtasida taksiman.
Osh-sho‘rvadan chiqmas bosh,
So‘zlamangiz odobdan.
Shu desangiz, hech tatib
Ko‘rmadim-da kabobdan.

RANDA

Silliq qildim deraza
Romiga mos taxtani.
Qo‘ysam bo‘ladi endi
Tilim bilan maqtanib.
Duradgor tinim bilmas,
Ishga qo‘shib ilmni.
Men ham dovrug‘ qozondim
Mahkam tutib tilimni.

TEShA

Qarindoshman ketmonga
Bolta yaqin og‘aynim.
Cho‘kich pochcham, belkurak
Mening eng novcha qaynim.
Ish ko‘p, yo‘naman yog‘och,
Yumshataman ekinnni.
Ishlamasang, yo‘ldan qoch,
Yoqtirmayman tekinni.

QAYChI

Tikuvchidan roziman,
Avaylab ishlatadi.
Bolasiga o‘rgan deb
Dastamdan ushlatadi.
Meni ko‘rsa bolalar
Chimiradi ko‘zuqosh.
Noroziman, ishlatmay
Qo‘ysa meni sartarosh.

ChELAK

Ilhom kelsa childirma
Qilib chalsang bo‘laman.
Yomg‘ir yog‘sa boshingga
Yopib olsang bo‘ladi.
Ammo kasbim boshqacha,
Men ro‘zg‘orga kerakman.
Suv tashiyman erta-kech,
Teshilsam ‒ suv elakman.

OBDASTA

Boshimda do‘ppiyu
Tilim bir qarich.
Bir qo‘lim belimda,
Ko‘krak keraman.
Va lekin mehmonga ,
Ming qulluq qilib,
Qo‘liga quyib suv
Mehrim beraman.

OTAShKURAK

Yozda qishlab, qish payti
Pech yonida ishlayman.
Lovullab turgan cho‘g‘ni
Barmog‘imda ushlayman.
Pech pensiyaga chiqsa ham
Qadrim baland va tengsiz.
Kabobpazlar kabobni
Pishira olmas mensiz.

XOKANDOZ

Otashkurak akamdir,
Asli hasan-husanmiz.
Vatandir ‒o‘choqboshi,
Naf keltirsak hursandmiz.
Otash bilan yonma-yon
O‘ynayman, kulolaman.
Akam qo‘rqmay o‘t yoqsa
Erinmay kul olaman.

LOM

Men darrozman, uchliman,
Bilsang, meni lom derlar.
Qattiq yerga ustunni
Chuqurroqqa ko‘m derlar.
Betonlarni teshaman
Tilim ‒ o‘tkir uch bilan.
Bir, ikki, uch… Siz, qani
Meni uring kuch bilan.