Nastarin 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
* * *
Tilimni sukunat yedi beayov,
Dilimni qiymalab tunlarga berdim.
Shuncha ilhaq do‘st-u, shuncha ilhaq yov…
Sizni ko‘ngil aro keladi devdim…
Sochilib ketyapti tongning tushlari,
Bir esib sevdirgan shabbodalarga.
Ko‘z yoshlar – ko‘ngilning nolishlari,
Do‘st bo‘ldi biz kabi devonalarga…
Siz mudom sukunat liboslariga
O‘ranib kelasiz – qiynaladi Tun.
Yana bir subhidam ko‘zimdan o‘pdi,
Shunchaki… jimgina yonmoqlik uchun.
* * *
Bir kuni…
to‘lg‘onib ketasiz,
Daragim topmaysiz ovvora bo‘lib.
Men esa…
men esa shunda ham
yonginangizda
oqqan daryo bo‘laman
to‘lib…
Har bir to‘lqinimda sizga aytib roz,
Shovullab o‘taman hayotingizdan.
Bir qo‘shiq misoli bo‘lib sarafroz,
Aslo ketmagayman xayolingizdan…
Bir kuni…
* * *
Siz?!
Yana siz…
Ruhimni chulg‘aydi
hazin bir titroq,
Lablarim o‘padi ismingiz.
Bilmadim qancha vaqt yashab meningsiz,
Hissizlik dog‘ida kuydingiz…
Bu rashkning qo‘llari onqadar
Ruhimning ko‘ziga sanchilar.
Men sizni o‘ylasam har safar
Gumonlar ko‘nglimni yanchdilar…
Umidlar dilimda munaqqash
Armonning siyohi o‘zimdan.
Aybsitmang –
osonmas tik yashash,
Men yerdagi samo qiziman.
TO‘RTLIK
Dunyoni istadim – foniy dedilar,
Makoning, zamoning oniy dedilar.
Bu olam girdida charx urmoq nechun,
Ichingdagi Ishq asli oliy dedilar.