Muslim Mirzajonov 1984 yil 1 sentyabrda Farg‘ona viloyati Rishton tumani Usmonobod mahallasida tug‘ilgan. 1991-2001 tumandagi 39-o‘rta maktabda, 2004-2010 yillar O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida taqsil olgan. Turli mavzulardagi she’rlari, hikoyalari va maqolalari vaqtli matbuotda muntazam chop etiladi. 2007 yildan buyon “Yoshlar” teleradiokanalida muharrir va radioboshlovchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
KO‘ZLARINGNI SOG‘INIB…
Vaqt o‘tarmi yoki baxt,
Armonlardan og‘rinib.
Yuragimda yig‘lar axd,
Ko‘zlaringni sog‘inib.
Soddamidim, g‘o‘rmidim,
Yo g‘ururi zo‘rmidim?!
Eshik chertib bormadim,
Ko‘zlaringni sog‘inib..
Xijron—so‘qmoq so‘ngi yo‘q,
Armon tushdir, o‘nggi yo‘q.
Majnungman tenggi yo‘q,
Ko‘zlaringni sog‘inib…
Taqdir, asli tumandir,
Yozug‘i ham gumondir,
Sarson yurmoq yomondir,
Ko‘zlaringni sog‘inib…
Aytding, oxir “Bari xal,
Ayriliqqa yetdi gal”.
Netay, dil senga maqtal
Ko‘zlaringni sog‘inib…
Ko‘zingga to‘ymay ko‘zim,
Bo‘g‘zimda qoldi so‘zim.
Bugun Sog‘inchman o‘zim,
Ko‘zlaringni sog‘inib…
14.07.2012
***
Ko‘zimga dard to‘kildi turishlaringdan,
Yuragim qoq ustida yurishlaringdan.
Nozingga dil rozidir, so‘zlar hayratda,
Gulg‘uncha lablaringni burishlaringdan.
Men seni kim deb atay: Shirin yo Layli,
Ko‘nglima Ishq saroyin qurishlaringdan.
Xayolim xur qushlari tuzog‘ ichradur,
Sunbuling xo‘p maydalab o‘rishlaringdan.
Asirlik ham bitta baxt, ozoring rohat,
Ko‘ksima g‘am xanjarin urishlaringdan…
Yuraging darbozasin ochdim ko‘p chertib,
Mehrning bo‘yi kelar kulishlaringdan.
Sirdoshing—sarrin sabo etgay boxabar,
Muslimni har kecha tush ko‘rishlaringdan…
16.07.2012
SEVDIM…
Olis manzillardan olislab ketdim,
Izlab muhabbatning xaritasini…
O‘zib azoblardan, orzuga yetdim—
Bog‘lab dillar aro ishq rishtasini,
Sevdim suluvlarning farishtasini…
Qismat—hikmat ekan, hikmat—bu himmat,
Baxtning yo‘li uzun, bozori qimmat.
Ko‘nglim daftariga bitdim go‘zal xat:
Bog‘lab dillar aro ishq rishtasini,
Sevdim suluvlarning farishtasini…
Qo‘lim uzatmadim har yulduziga,
Bandi bo‘lmadim ham jodu ko‘ziga,
Vale iqrorim bor, yolg‘iz o‘ziga,
Bog‘lab dillar aro ishq rishtasini,
Sevdim suluvlarning farishtasini…
Majnun sahrolari—jannatdir asli,
Bunda xokim mudom umidlar fasli…
Ko‘rdim tushlardagi otash nafasli
Bog‘lab dillar aro ishq rishtasini—
Sevdim suluvlarning farishtasini…
Yorug‘ ko‘ngillarda yorug‘ istak mo‘l,
Yorug‘ manzillarga eltar o‘ngu so‘l.
Tangrim ne’matiga balki shudir yo‘l:
Oltin ko‘prik bo‘lib ishq rishtasi ham,
Sevdi suluvlarning farishtasi ham…
20.07.2012
YoMG‘IR…
Yomg‘ir – muhabbatning ko‘xna shiviri,
Sog‘inchni yetaklab kelgan bir surur.
Pasaymas hislarning bir dam hovuri,
Xovuri pasaymay to‘kilar g‘urur.
Yomg‘ir pichirlaydi.
Seni o‘ylayman.
Tomchilar – to‘kilib yotgan axdimiz…
Yomg‘irga qo‘shilib, unsiz kuylayman,
Tomchilar – to‘kilib yotgan baxtimiz.
Yomg‘ir sevalaydi.
Xayol sevalar.
O‘kinch yog‘ayotir zabtiga olib.
Xovlida begunoh gulni savalar,
Men telba qolib…
Yomg‘ir tomchilaydi.
Hislarim toshgan –
Yuzimga osmonning yuzi tegadi,
Ko‘ksimda peshonang iziga tushgan,
Tomchilar bug‘lanib ketar, negadir…
Yomg‘ir ezib yog‘ar.
Baxtsiz gullarning
bargiga ilinar ko‘kning jolasi.
Yomg‘ir – muhabbati armon dillarning,
Ko‘xna bir sururga do‘ngan nolasi..
KUN SAYIN…
Nigohing quchoqlab yotganim – tarix,
Mumtoz tabassuming ko‘zimdan nari.
Kun sayi ko‘ksimdan ulg‘aymoqda tig‘,
Senga yetayapman ketganim sari…
Men nima ham derdim. Dardlarim tinglab,
Agar omon bo‘lsa, devorlar aytsin…
Mehr quyoshida isinib, so‘ngra
Ko‘zlaringdan ketgan bahorlar aytsin.
Bulutlar…
Ko‘nglingdek oppoq bulutlar–
Labimda bug‘langan ko‘zlaring yoshi…
Ko‘ksimdan bosh olib ketgan yurakdir,
Ufqni qizartirgan shomning quyoshi…
QISMAT HUKMI
Sen ketding.
Men ketdim.
Qolgan – xotira,
To‘rt taraf yo‘l ochdi ketmog‘imizga.
Biz baxtning eliga yaqin edik, lek
Taqdir hech ko‘nmadi yetmog‘imizga…
Sen ketding ko‘nglingdan olis yerlarga,
Men ketdim yelkamga dardlarim ortib.
Muhabbat gullari to‘yomay nurlarga
Qismat bahorlarni oldi-ku, tortib.
Ko‘zingda armonli o‘ylar muzlaydi,
Qalbimda qaqshaydi hokim tilaklar…
Endi dil ne tilar, kimni izlaydi.
Nedan taskin topar g‘arib yuraklar?
To‘rt fasl—bahor, deb o‘ylardik go‘yo,
Yashardik zarracha qayg‘udan nari..
Mo‘ljalni noaniq olganmidik yo,
Nishondan adashdi orzu o‘qlari.
Singan sozning sasi zaif va nochor-
Ko‘nglidan chiqqani maxzun qo‘shiqlar.
Arosat cho‘liga bo‘ladi duchor,
Olisga ko‘z tikkan ne-ne oshiqlar…
Men ketdim.
Sen ketding.
Sodiq – faqat IShQ!!!
NAHOTKI…
Nahotki, sevgi ham erir bir shamdek,
Nahotki, xonishdan zada bo‘lar nay?
Ko‘nglimdan haydalib ketganim kamdek,
Sen ham “keting” deysan, o‘ylab-o‘ylamay.
Ko‘ksimga og‘riqlar yo‘l solar zumda,
Haybatli tog‘ misol o‘sar savollar…
Bir umr yomg‘irni tush ko‘rgan qumdan,
Bulutni qizg‘anib, haydar shamollar…
Ishqning taqvimida bayramlar unut,
Belgisiz kunlarning so‘nggi ko‘rinmas.
Sen, ishon, yo‘ldagi baxt karvonin kut,
Olisdan kelmoqda o‘sha qadim sas…
Nafsning qiyosi beburd chang ekan,
Baxt – asli, bir Toza Dilga yetganing.
Dardi yo‘q kesakdek xoli tang ekan,
Ko‘nglidan ko‘chaga chiqib ketganning….
GUL…
Gul, seni sevganim – go‘zal gunohim,
Nigohlaring dilim mangu mehmoni.
Lablaring iboning bo‘lsa panohi,
Qabog‘ing hayoning nafis tahmoni.
Endi halovatning ko‘ylagi yupun,
Ranglari turfa xil tuyg‘ularimning.
Endi sog‘inchlarning kuylari uzun,
So‘qmog‘i uzundir qayg‘ularimning.
Xijronlar – o‘zimni unutgan pallam,
Xayoling hasratlar gardin yuvadi.
Hatto yuragimni tashlab bersam ham,
Tushimda ko‘changdan itlar quvadi.
Xilolga ilgan sof tilaklarimni,
Guloblarga pishib, taqdim yetaymi?
Ishqdan gullab ketgan suyaklarimni,
Yo shartta sindirib, guldek tutaymi?
Gul, seni sevganim bir go‘zal gunoh,
Ko‘zlarim bariga so‘zsiz javobdir.
Bir kuni eng nafis bo‘ying yetgan chog‘,
Quvonchdan men o‘lib qolsam – savobdir!
* * *
Nolamdan visolgul undi bu kecha,
Ko‘ngilning burchida firoqlar yondi.
Yuragim tanamga sig‘maydi xecham,
Tushimda ko‘zingni o‘pib – uyg‘ondim.
Oyog‘im Oygacha yugurmoqqa shay,
Yuzimni shabnamning yuziga bosdim.
Gulning tikoniga – qonim qurimay,
Butun azoblarni azoblab osdim…
Yuragim sog‘inchdan ketganda tolib,
Ta’birini baxtga yo‘ygim keladi,
O‘sha oydin tushda bir umr qolib,
O‘ngimni unutib qo‘ygim keladi….
SOHIR TONGLAR
Xushbaxt makonlarda tiriklik toshar,
Dildan beiz tushdek yoyilar g‘amlar.
Bugundan barokot topmoqqa shoshar,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
Tog‘dan baland ko‘ksi osmonga tutash,
Lafzni yuksakda ko‘rgan odamlar!
G‘ayrat, shijoati xirmonga tutash,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
Bir naqli – bir kitob! So‘zi ozoda,
Muhabbatga mehrob ko‘zi ozoda,
Imoni, ham rizqu ro‘zi ozoda,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
Mehmoniga intiq to‘rda joyi taxt,
Yuzi kabi issiq nonu choyi taxt,
Qozonlarga sig‘mas oshi, moyi taxt,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
Sarishta hovliga tushmay gardu chang,
Darboza ovozi – yangi kunga bong!
G‘aflatni g‘aflatda qoldirar har tong,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
Ne topsa, barini to‘ylarga atar,
“Bolam” deb, boy bo‘lib yurgan odamlar!
Oftobni uyiga kuzatib, qaytar,
Oftobdan ilgari turgan Odamlar!
QAROKO‘Z FARIShTAM
Sabrlar eridi to‘zim tog‘ida,
Ko‘zlaring ko‘rar kun qachon aytasan?
Ming Majnun tug‘ildi DARD quchog‘ida
Qaroko‘z farishtam, qachon qaytasan?
Xolimni adashgan yo‘llardan so‘ra,
Vodiyu, vohayu cho‘llardan so‘ra,
Ko‘ksimga tig‘ urgan millardan so‘ra,
Qaroko‘z farishtam, qachon qaytasan?
Har yonda surating ko‘rinar nuqul:
Goh dilhun naydasan, goho maydasan.
Dard cho‘g‘i borimini kul ayladi, kul…
Qaroko‘z farishtam, qachon qaytasan?
Bir jonga ming jafo—jafoing go‘zal!
Ko‘zimga nur bo‘lgan safoing go‘zal!
Tushdami, o‘ngdami— vafoing go‘zal!
Qaroko‘z farishtam, qachon qaytasan?
Firoqning yo‘llari umrimdan uzun,
Erdami, ko‘kdami, aytgin, qaydasan?
O‘zimni o‘zimga qaytarmoq uchun,
Qaroko‘z farishtam, qachon qaytasan?
KETDI
Yorim bugun yonimga,
Keldiyu ketdi.
Azob qurib jonimga
Keldiyu ketdi.
Borim desam, jilmayib,
Yurakni qildi mayib,
Bilmam kimda, deb ayb,
Kuldiyu ketdi.
Qizmi bu ohangrabo,
Balki xurdan xur Xumo?!
Yo makoni yo‘q sabo
Eldiyu ketdi.
Xayol bo‘ldi bu chog‘lar,
Qoldim devor quchoqlab,
Xijron degan pichoq-la
Tildiyu ketdi…
O‘ngmi bu yo tush shirin?
Anglay olmadim sirin.
Dilga Ishqning zanjirin
Soldiyu ketdi…
Qiz beqaror so‘ziga,
Taslim bo‘ldi o‘ziga.
Mana, qaytib iziga,
Qoldiyu ketdi…
15.07.2012
KUZ
Zarrin mezonlarning karvoni o‘tar
Orzular qadimiy, azoblar yangi,
Yaproq xo‘rsinig‘i yurakka botar,
Ko‘ngilga ko‘chadi za’faron rangi.
O‘rindiq ustida tin olar shamol,
Eng so‘nggi yaproqni qulatmoq o‘yi,
Xazonlar ostida tunaydi xayol
Dunyo shovqinidan charchagan ko‘yi.
Samoda sovuqning qora izlari,
Faslning kunlari bitib qolgandek,
Mezonga ilinib, shaffof xislarim,
Shahardan qishloqqa ketib qolgandek…
Daraxtlar suratga aylangan to‘zim,
Biriga yurakni chirmab boyladim,
Xazonlar ostiga aza tutmay, jim
Marhum sog‘inchlarni dafn ayladim…
HADIK
1
Oydin kecha.
Hayhotdek hovli.
Xayollarim karvoni uzun,
Nima kechdi Uning ahvoli?
Nega buncha to‘lg‘onding uzum?
Devor, menga bo‘zarma ortiq,
Yuzing battar ko‘chib ketmasin.
Xilol , shoshil, ayvoniga chiq,
Va asta ayt, ortiq kutmasin.
G’uncha , qo‘ygin, burishtima lab,
Sanchma menga barging qiyoqgul!
Ta’na qilma nasim shivirlab,
Sog‘inchlarim omon ,hartugul.
Quloq qizir lov-lov o‘t bo‘lib,
Olislardan gulqarg‘ish uqdim,
Asli beayb ko‘zga termulib,
Gunoh qilib qo‘yishdan qo‘rqdim!!!
2
Hijron bizga judayam tanish,
Visol esa biroz begona,
Menga kerak yonish, o‘rtanish,
Senga nima kerak, yagonam?
Ey, kiprigi shabnam quchgan gul!
Men telbani sevib netarding?
Agar sog‘ga berganingda qo‘l,
Osmonlarga chiqib ketarding…
Mayli, meni qarg‘agin to‘yib,
Ortiq gunoh olgim kelmaydi,
Borsam, quchib, o‘ldirib qo‘yib,
Uvolingga qolgim kelmaydi!
DO‘STIMGA DEGANLARIM
Mayda-chuyda gaplar qursin, yurgin, do‘stim,
Qaylardadir g‘amdan xoli joy bo‘ladi.
Dardlaringni kelgin, menga bergin, do‘stim,
Ikki o‘n besh bir o‘ttiz bir oy bo‘ladi.
Ekkan urug‘ bo‘y cho‘zmasa hamalida,
Qonuniyat puch bo‘lgan tosh-tamalida,
Yozg‘irmoqdan ne naf, chunki amalidan
Kimning labi qon, kimniki moy bo‘ladi.
Demishlarki, xush kalomdan yo‘q osoni,
Shundan obod emish ko‘ngil xiyoboni.
So‘z-la olgan bordir Xitoy-Xurosonni,
Lek qalamga nish joylansa, yoy bo‘ladi.
Do‘stim, kulma, boshini soch tark etgan kal
Qancha taroq taqdirini etgandir hal.
Tuyoqlari shalviragan tulpor avval,
Erni changu to‘zon qilgan toy bo‘ladi.
Qish quyoshin aldoviga uchgan bodom,
Ertasidan erta judo bo‘lar mudom.
O‘z qavmini o‘zi g‘amga solgan odam
Lek maymunlar ahvoliga “voy” bo‘ladi.
Kapalakning Vatani Gul! Hammaga chin,
Yaproq tuproq, gar manguga olganda tin.
Kunlab, oylab, samolarda suzsin, lekin
G’oz, o‘rdaklar yurti ko‘lu soy bo‘ladi.
Qo‘limda bir piyola choy (ko‘nglimga teng)
Senga tutmay, to‘ksam yerga loy bo‘ladi
Dilida sof Ishqi bo‘lgan, dunyoda eng
Boy bo‘ladi, boy bo‘ladi, boy bo‘ladi!!!
BIR YO‘QSIL HAQIDA MITTI AFSONA
Qaylardadir bitta yo‘qsil o‘tgan ekan,
Laxm-go‘shtdan yotday bo‘lgan doshqozoni,
Tovonidan qo‘nim topgan hamma tikan,
Moyu oshni ko‘rmaganmish oshqozoni.
Bir soniya o‘z jonini o‘ylamapti,
Ming yil ishlab, oxir moyu oshga yetgan.
Lekin taqdir bechorani siylamapti,
Taomidan suyak chiqib, boshga yetgan…
MENI TUShUNMAYSIZ
Bilsangiz, oshiqlar bo‘lmaslar zolim,
Ayting, nechun mastman bir qultim maysiz?
Sira yulduzlarda emas xayolim,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Tun-kun nigohingiz ko‘zimdan oqar,
Mahzun siyratimni olovsiz yoqar.
Azoblar dilimga tosh bo‘lib yog‘ar
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Bilaman osmonday dimog‘ingizni,
Kapalakka bergan sabog‘ingizni
Bir zum ko‘tarmayin qabog‘ingizni,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Ko‘ksimda og‘riqlar qoyalar bo‘lgan,
Qoyalar qop-qora soyalar bo‘lgan,
Soyalar dardimga doyalar bo‘lgan
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz.
Kulguchingiz haqqi dilda ishq lim-lim.
Yovvoyi firoqqa emasman taslim,
Qandoq azob beray, axir, men Muslim,
Meni tushunmaysiz, meni bilmaysiz
Qaroni ko‘rganman, oqni taniyman,
Tekisda yurganman, chohni taniyman,
Sizni, o‘zimni va Haqni taniyman,
Qachon tushunasiz, qachon bilasiz?..
OYQIZ
Yirtilgandir xalovatning ko‘ylaklari,
Yulduzlar bu uning o‘tli bo‘laklari,
Ko‘pdir hali aytilmagan tilaklarim,
Xush ifori devoridan oshgan oyqiz,
Yuragini yuragimga qo‘shgan oyqiz.
Bo‘y-ku, mayli, nigoh yetmas devollari,
Saddi Chindek kelar bisyor zavollari.
Tutmaydimi sarson yurak uvollari,
Lablarida noz- firog‘i jo‘shgan oyqiz,
Yuragini yuragimga qo‘shgan oyqiz.
Sirdoshlari tunda yulduz, oylar emish,
Bellarida qirq kokili soylar emish,
Lablarini qaro xoli poylar emish,
Kulguchidan kulgulari toshgan oyqiz,
Yuragini yuragimga qo‘shgan oyqiz.
Ko‘chasidan o‘tsam, sirli handon otib,
Qo‘yar ko‘zim eshigiga bandi etib,
Devor ekan, osmon bo‘lsin, oshay tib,
Bir bo‘samsiz o‘n sakkizga shoshgan oyqiz,
Yuragini yuragimga qo‘shgan oyqiz.