Adib, murabbiy, muharrir, ma’rifatparvar, jamoat arbobi Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘li 1878 yilda Toshkent shahrining Shayx Xovand Tohur dahasi Darxon mahallasida mudarris oilasida tug‘ildi. Toshkentdagi Yunusxon madrasasida o‘qidi, so‘ngra tahsilini Buxoroda davom ettirdi, Toshkentga qaytgach, Darxon masjidida imomlik vazifasini bajaradi.
Munavvar qori XIX asrning oxiridan boshlab jadidchilik harakatlarida faol ishtirok eta boshladi. 1901 yilda o‘z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida jadid maktablarini ochadi. Bu maktablar uchun 1907-yilda “Adibi avval”, “Adibi soniy” darsliklarini yaratadi. “Tajvid al-Qur’on”, “Er yuzi” singari qo‘llanmalarni tuzib, nashr etadi. Bolalar uchun qator she’riy va nasriy hikoyalar yozadi.
U 1909 yili Toshkentda “Jamiyati xayriya” uyushmasini tuzadi va “Turon” nomli jamiyatni ochadi. Munavvar qori 1906 yilda dastlabki o‘zbek matbuoti namunalaridan biri “Xurshid” gazetasini nashr etdi. Keyinchalik “Najot”, “Kengash” gazetalarida bosh muharrir, “Sadoyi Turkiston”da esa bo‘lim muharriri bo‘lib xizmat qiladi.
Munavvar qori 1917 yil fevral inqilobidan keyin Turkistonda demokratik milliy davlatchilikni tuzish g‘oyasini ilgari surdi. U Qo‘qonda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyatini qo‘llab-quvvatladi.
Sho‘ro davrida u o‘zining ochiq ma’rifiy ishlarini va yashirin siyosiy harakatlarini davom ettirdi. 1918 yilning aprelida Turkiston xalq dorilfununining asoschisi va rektori etib saylanadi. Uning sa’y-harakati bilan 1918 yil 2 iyunda dorilmuallimin ish boshlaydi. U 1918 yilda “Turk o‘chog‘i” ilmiy-ma’rifiy jamiyatini tashkil qiladi.
Munavvar qori 20-yillarda o‘zbek yurtining mustaqilligi uchun kurash vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan “Milliy ittihod” va “Milliy istiqlol” yashirin tashkilotlariga rahbarlik qilgan.
20-yillarning o‘rtalarida milliy ziyolilarni ta’qib qilish kuchayishi natijasida Munavvar qori hamma lavozimlardan chetlashtiriladi. Biroq hatto qatag‘on ham Munavvar qori Abdurashidxon o‘g‘lini istiqlol g‘oyalaridan qaytara olmadi.
U 1929 yilda qamoqqa olinadi va 1931 yilda otib o‘ldiriladi. Uning xoki Moskvadagi Vagankovo qabristonidadir.
ORZU
Ko‘klamning iskab sunbulin,
Uzgim kelar nozik gulin,
Tovshi yoqimli bulbulin
Bir lahza sayratgim kelar.
Ko‘rgim kelar gulbog‘ini,
Yozgim kelar dil dog‘ini,
Vasling-la ko‘klam chog‘ini
Bir-birga o‘xshatgim kelar.
KUZ
Kuzning sovuq yeli esib,
Sarg‘aytirdi yoz yuzini.
O‘simliklar titrab, qaqshab,
Tutolmay qoldi o‘zini.
Ko‘k yuzin bulut qoplab,
Qishloq elin siqishtirdi.
Ekinchilar shoshib-pishib,
Ekinlarin yig‘ishtirdi.
Kuz askari keldi bosib,
Qirildi yaprog‘lar, o‘tlar.
Go‘yo buning motamida
Ko‘z yoshin to‘kdi bulutlar.
Gullarning rangi sarg‘aydi,
To‘kildi yerga yaprog‘lar.
Qarg‘alarga makon bo‘ldi
Bulbuldan ayrilib bog‘lar.
Ertalab ko‘rsang, qirovlar.
Oqartirgan yer yuzini.
Kechqurun bulut qoplagan
Ko‘kning oy ham yulduzini.
Sevingandan olaqarg‘a
Qag‘illaydi bo‘ynin cho‘zib.
Qo‘rqqanidan bog‘chachilar,
Uzumlarin oldi uzib.
Ey kuz! Sening ishlaringdan
Bir yaxshisi esga keldi:
Yoz bo‘yicha yopiq turgan
Maktablar senda ochildi.
QISh
Qish qilichin olib kelib,
Chopdi chamanning gullarin.
G‘unchalarin xazon etib,
Ko‘kka sovurdi kullarin.
Bitdi tiriklik olami,
Qotdi hama o‘lik kabi.
Qor kafaniga chulg‘adi
Bog‘ bilan tog‘u cho‘llarin.
Qishning o‘zi kabi sovuq
Qarg‘alar qag‘illashar.
Yomg‘ir va qor aralashib,
Loyga to‘latdi yo‘llarin.
Uyida yo‘q o‘tin, ko‘mir
Qish kuni kambag‘allarning,
Titrashadi dirillashib,
Ishqalab oyoq, qo‘llarin.
Ishlayotibdir ishchilar
Qishning sovuq shamolida,
Qor bilan muz orasida
O‘ylamay o‘ng va so‘llarin.
Chilla tuni, sovuq havo,
Masjid ichida bir gado
Kiygali to‘n topolmadi,
Ustiga yopdi jullarin.
Bor kishilar ravomidir
Kiysa o‘zi qavat-qavat!
Holiga shafqat etmasa
Yurtning beva va tullarin!
O‘ZI HAM TOR EDI
Bir kun bir kishining to‘ppisi suvga
Tushib oqib ketdi, boshyalang qoldi.
Tutmoqqa suv bo‘ylab yugurdi, yeldi,
Oxirda charchadi, oyog‘i toldi.
Yotib qo‘l uzatgan edi, tirg‘onib
Yiqildi, ho‘l bo‘ldi boshdan-oyog‘i.
Ariq bo‘yidagi tol to‘nkasiga
Tegib ketdi, bir oz qirildi chog‘i.
Ololmay do‘ppidan umidin uzdi,
Qaytib keldi do‘stlarining qoshiga,
O‘rtoqlari so‘zlashdilar o‘zaro,
Kulishdilar qarab oyog‘-boshiga.
Biri so‘rdi: «Hormang, o‘rtoq, ov qalay?
Katta-katta baliq suvda bormidi?»
Uyalgandan dedi: «Ketsa mayliga,
Boshimga o‘zi ham bir oz tor edi».
YaLQOVLIK YoVIMIZDIR
Qo‘zg‘olingiz, ey o‘rtoqlar! Keldi bizga ishlash chog‘i,
Biz barchamiz yosh ishchimiz, ishxonamiz —maktab bog‘i.
Turing, tezroq ish boshlaylik,
Yalqovlikni biz tashlaylik!
Ko‘kdan bulut yomg‘ir sochar, suvlar oqar, o‘tlar o‘sar,
Qushlar uchar, oziq izlar, butun dunyo tinmay ishlar.
Siz ham turing, ey o‘rtoqlar,
Yurt obro‘sin yoshlar saqlar.
Tanballikdir bizga dushman, ishlamoqning zamonidir,
Tinib turmas «yoshman» degan, ish insonning bir jonidir.
Tirik bo‘lsang, qo‘zg‘ol, o‘rtoq!
Qo‘lga ishni tez ol, o‘rtoq!
Jannat kabi go‘zal yurting yig‘lab, sendan ish kutadir,
Senda ko‘rgach ishsizlikni, hasrat chekib, qon yutadir.
Tur o‘rningdan, och ko‘zingni,
Ayt yovingga so‘ng so‘zingni.
Yoving kimdir, bilasanmi? Nodonlikdir, yalqovlikdir,
Yovga qarshi kurashmaslik — qo‘rqoqlikdir, anqovlikdir.
Ish qilichin, tur, qo‘lga ol!
Yovga qarshi chindan qo‘zg‘ol!
HAR KIM EKKANIN O‘RAR
Bir kishining otasi
Ko‘p yashamish, qartaymish.
Soch-soqoli oqarmish,
Bellari kuchdan qolmish.
Non yeganda lablari
Burni bilan so‘zlashur.
Choy ichganda qo‘llari
Qaltirashib, titrashur.
Beli ikki bukilgan,
Yuray desa, yurolmas.
Bir o‘tirsa, o‘rnidan
Ko‘tarmasang, turolmas.
O‘g‘il, kelin, nevara
Zeriqdilar bu holdan.
Qutulmoqchi bo‘ldilar
Bir ish qilib u choldan.
Kirib bir xilvat uyga,
So‘zlashdilar uchovlon;
O‘g‘il bilan nevara
Qildi o‘z fikrin bayon.
So‘zlar bir oz cho‘zildi,
Majlis uzoqqa ketdi.
Navbat keldi kelinga,
U ham o‘z fikrin aytdi.
Kelin dedi: «Sizlarning
To‘g‘ri emas o‘yingiz,
Eng yaxshisi, sahroga
Olib chiqib qo‘yingiz!
Birov ko‘mar o‘ligin,
Ko‘rmas bizning ko‘zimiz.
Mashaqqatsiz bu g‘amdan
Qutulgaymiz o‘zimiz».
O‘z fikrini so‘zlashda
Kelin usta yo‘l tutdi.
Bir og‘izdan majlisda
Kelinning fikri o‘tdi.
O‘g‘il bilan nevara
Kun kech bo‘lgach, turdilar;
Ko‘tardilar u cholni,
Sahro sari yurdilar.
Bir o‘ringa yetganda,
So‘zga kirdi o‘sha chol.
Dedi: «O‘g‘lim! So‘zimga
Bir oz endi quloq sol:
Man otamni bir zamon
Bu o‘ringa keltirib,
Tashlab ketgan chog‘imda
Qolgan edi telmurib.
Navbat keldi o‘zimga,
Sen ham meni keltirding,
Men otamga na qilsam,
Emdi menga sen qilding.
Menga yarar shul o‘rin
Bir kun senga ham yarar.
El aro bor bir matal:
«Har kim ekkanin o‘rar!»
Bu so‘zlarni eshitgach,
O‘g‘il ho‘ngrab yig‘ladi.
Otasiga uzr aytib,
Xizmatga bel bog‘ladi.
HIMMATLI FAQIR
Bir zamonda chiqmish ekan saxovatli bir kishi,
Faqirlarga shafqat ekan kecha-kunduz qilmishi.
Har kun qilib bir qozon osh, muhtojlarga berardi,
Siylar edi miskinlarni, ochlarni to‘ydirardi.
Qayda ko‘rsa kambag‘alni, yetimlarni, tullarni,
Pul berardi, qutqazardi asirlarni, qullarni
O‘z ko‘nglida o‘ylar edi: ko‘b yaxshidir bu ishi,
Topilmaydi hech o‘rinda bunday himmatli kishi.
Muhtojlarni izlab bir kun kezdi ko‘cha-ko‘ylarda,
Masjidlarda, mozorlarda, eski-tuski uylarda.
Bir buzuq uy: devor, tomi har tomonga yiqilgan,
Burchagida bir kambag‘al o‘ltiribdir siqilgan.
Qo‘lga olgan tol novdani, tinmay savat to‘qiydur,
Lablarini pichirlatib bir narsani o‘qiydur.
Hech tomonga qaramaydir, peshonasi terlagan,
Kiyimlari yirtiq-yirtiq, yuz-qo‘llari kirlagan.
Oltmish-etmish yoshga yetgan, yaxshigina qartaygan,
Kambag‘allik, ish mehnatda rangi-ro‘yi sarg‘aygan.
Buni ko‘rgach, ul saxiyning yuraklari ezildi,
Ko‘zlaridan chiqqan yoshlar yuzlariga tizildi.
Borib aytdi: «Ey otajon, bu o‘rinni qo‘yingiz!
Tayin qilay bir yaxshi joy, ul yer bo‘lsin uyingiz.
Rohat qiling, qartayibsiz, kiyim, taom berayin,
Qanday narsa istasangiz, uni tamom berayin!»
Bu so‘zlarga quloq soldi u kambag‘al ishchi chol,
Kulib dedi: «Rahmat, ammo menda bordir bir xayol:
O‘zgalarning tekin nonin och qolsam ham olmasman,
O‘z kuchim-la bir parcha non topib, uni tishlarman,
To tanimda jonim bordir, o‘z kasbimdan qolmasman,
Hozir mening ko‘zim ko‘rar, qo‘lim tutar, ishlarman,
Shul sababli taklifingiz manga to‘g‘ri kelmaydir,
Tekin nonga kim o‘rgansa, himmat nadir bilmaydir».
Eng himmatli manman degan saxiy buni tingladi,
Kambag‘al chol himmatining ortig‘lig‘in angladi.
TO‘G‘RI JAVOB
Otasi o‘lub, bir o‘g‘il bo‘ldi boy,
Ki qoldi anga molu mulku saroy.
Aning oldiga bir faqir kelib,
Salom ayladi, tavoze’ qilib.
Dedi: Men senga tug‘ma qardoshman,
Bu molu manolingga yo‘ldoshman.
Otangdin qoldi senga bu necha mol,
Bo‘lub ber menga yarmini ushbu hol.
Ul odam dedi hayrat ila ango:
«Nechuk sen qarindosh o‘lursan mango?»
Faqir aydi: «Ey mehribonim, eshit,
Quloq solib, bu arz nihonim eshit.
Sanu man hama olam insonlari
Emasmizmi, bir odam o‘g‘lonlari?»
Bu so‘zni eshitgach, tabassum qilib,
Bir oltun chiqardi, dedi: «Ol kelib».
Ul aydi: «Birodar, bu qanday suxan?
Mango shulmidur hissa merosdan?»
Javobida ul mardi shirin kalom
Dedi: «Sokit o‘l, bilmasun xosu om.
Eshitsalar gar o‘zga qarindoshlar,
Uzog‘u yaqindan, yoru yo‘ldoshlar
Bo‘lub olsalar molu mulkni tamom,
Sanga tegmagay bir tiyin, vassalom!»