Munavvara (1965)

1965 yilda tug‘ilgan.  Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan.
Ayni kunda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi vazifasida xizmat qiladi.
Uning “Oila omonligi til bilan”, “Qizlarjon!”, nomli publitsistik risolalari; “Diydor”, “Sizga o‘xshasin”, “Sog‘inch manzili” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Quyosh

Nihol edim, undim,
sening taftingdan,
Ruxsoring chizgisi
mening kaftimda.
Suyaman, tashnaman,
senga yetish yo‘q,
Kuydi qanotlarim,
endi ketish yo‘q.
Tunning siyohidan
yozaman ertak,
Oydan kulcha tilab,
tutaman etak,
Butun koinotga
bo‘lsam ham ermak,
Yo‘q, tark etish yo‘q,
sendan ketish yo‘q.
Kamalak jilosi
keltirar rashkim,
Chaqindek yonadi
ko‘kingda ishqim.
Sen borsan, yashaysan,
toki, qiyomat,
Mening bo‘g‘zimdagi
jonim omonat.
Intizor tongingni
kutganlar qancha,
Vaslingga yetolmay,
o‘tganlar qancha?!
Senga yetmoq, kuymoq,
yiqilmoq, o‘lmoq,
Bag‘ri otash, bag‘ri tosh –
quyosh…
Nega, otashlarda
qovjirasa jon,
Munavvar atading
meni Xudojon?!.

* * *

Umrimning yarmini vaqtga yedirdim,
Yarmisin qismatga etganman tortiq.
Hayot, mendan nima istaysan yana,
Boshqa bisotim yo‘q, shulardan ortiq.

Men – ulkan chinordan uzilgan yaproq,
Hayot sohilida kezgan darbadar.
Nadomat yoyidan qochib, yugurgan,
Nuh to‘fonidan, Havvoga qadar…

Ey, hayot hukmingga egdim boshimni,
Mag‘firat etar deb mahshar tongida.
Umrim zahmat bilan yo‘g‘rildi, zora,
Boshim tik tutolsam, Haqning oldida.

* * *

Endi seni avaylashim kerak yuragim,
Huzuringga ziyoratga boraman har kun.
Senga atab gul o‘stirar ko‘zga avharim,
Kiprigimni ayvonimgga qilaman ustun.

Endi seni, sen deyishga bormaydi tilim,
Men ne qilsam, seni asrar bu ruh qafasi.
Hol so‘raydi: tongda ko‘ngil, oqshomda dilim,
Senga orom berib turar olam nafasi.

Ko‘kni shafaq to‘lg‘og‘idan tutsa ham bezgak,
Aslo, senga yo‘latmayman qayg‘u-motamni.
Ne bo‘lsa ham, sen qiblamda qolishing kerak,
Yurakkinam, axir, senga ko‘mdim otamni.

* * *

Seni ko‘rmay, sevish osonroq,
Seni bilmoq naqadar og‘ir.
Sevish uchun ketayin yiroq,
Faqat mening tushlarimga kir.

Olis bo‘ldim, bilganim sayin,
Tushunganda tun bo‘ldi dilim.
Dalli ishqning jazosi tayin,
Endi yurak bo‘ladi tilim.

Seni ko‘rmay, sevish osonroq,
Mayli, ishqsiz otashda yonsam.
O‘rtanasan, tushingda ko‘rib,
Yulduzlarga aylanib qolsam.

* * *

Yuragimda bir ko‘chki bor
ko‘chib turar,
Ozor topsam, bir chetidan
uchib turar,
Jon yurakning titrog‘idan
cho‘chib turar,
O‘z-o‘zimdan hol so‘rashga
qo‘rqaman.

Gar mavjlansa bo‘g‘zimdagi
tug‘yonim,
Nurab bitar tog‘dan baland
qo‘rg‘onim,
Kimga kerak, so‘ng, beyurak
fig‘onim,
O‘z jonimni nimtalashga
qo‘rqaman.

Qayg‘u-hasrat bag‘rimni
o‘rtagan jon,
Topmay omon, qizil
yuzim za’faron,
Ko‘chsa yurak, ruhim
qolsa beimon,
Ul egamdan kun tilashga
qo‘rqaman.

Keksa daraxt

Bir daraxt quladi, ulkan edi u,
Qancha avlodlarni ko‘rgan edi u.
Shamolu bo‘ronga ko‘ksini tutib,
Fidoyi mardondek turgan edi u.

Bag‘riga olardi, kelsa qari-yosh,
Gardanin tutardi uchib kelsa tosh.
Shoxiga arg‘imchoq solib uchganlar
Bugun vujudini etdi nimtalosh.

Chug‘urlab qoldilar bein qushchalar,
Tumshug‘ida xaslar tishlab qushchalar.
Holi vayron, endi borarlar qayga,
Qurgan inlarini tashlab qushchalar?

Ko‘rki – salobati kimgadir malol,
Bo‘lmasa yashardi yuz yil, ehtimol.
Go‘yo o‘zi qurgan uyiga sig‘may,
Qabriston yonida yig‘layotgan chol.

Daraxtni kesdilar, ingrab quladi…