Munavvara Qurbonboyeva (1971)

Munavvara Qurbonboyeva 1971 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining rus filologiyasi fakultetini tamomlagan. “Keldingmi, bahor”, “Jayhun chechagi”, “Zangori shamollar” she’riy kitoblari chop etilgan.

TA’ZIM

Odam yerni makon tutgandan buyon
Olgan ustozlarning xo‘p ta’limini.
Oy, quyosh mudarris, murabbiy jahon,
Kun va tun eng ko‘hna dorilfununi.
Shaksiz shams va qamar buyuk murabbiy,
Lek g‘amxo‘r bo‘lolmas ular siz kabi.

Bepoyon cho‘llaru sahroda yitib
Ketmoqlik dahshatin karvonlar bilar.
Yilt etgan yulduzning yog‘dusin kutib,
Ilhaq inson baxti yulduzdek kular.
Zuhro ham odamga shaksiz muallim,
Lek sizdek mehrdan berolmas ta’lim.

Fasllar almashar berishib saboq,
Jazirama, sovuq, yomg‘irdan, qordan.
Kulgu mavsumidan g‘am fasli uzoq,
Ko‘ngil vodiysida hayot — bahordan.
Fasllar anjuman qurgaylar — bazm,
Qishda nasr darsi, Bahorda nazm.

Yillar zalvoridan chehralarda iz,
Sinovlar orqali olar imtihon.
Ezgulik bukilar, lekin bukmas tiz,
Yillarga tolibdur oshufta bu jon.
Umr ham ustozdir turfa fanlardan,
Yaxshilikni sizdan o‘rganar odam.

Maysa va qushlardan uqqanlarim bor,
Sadoqat, vafoni, muhabbatni ham.
Kapalak emasdir sizdek g‘amgusor,
Eng oliy tuyg‘ular faqat sizda jam.
Tabiat odamga ustoz azaldan,
Lek sizdek jonnisor bo‘lolmas u ham.

Ustozlar, tog‘lar – tog‘, buyuklar – sizsiz,
Dunyo minbarida sohibi bilim.
Hayotim siz yoqqan yorug‘, nurli iz,
Uzolmasman balki bir umr qarzim.
Qarshingizda tolib bashar ham hamon,
Boqiylikni sizdan o‘rganar jahon!

KIMDIR

Men bahorga entikdim,
Yuragimga gul tikdim.
Qachon kelar ekan deb,
Har kun manglayda kaftim.

Har barmog‘im bukkanda
To‘kilibdi kunlarim.
Men kimnidir kutganda
Unutibdi kimlarim.

Hayot o‘zi shu ekan –
Kimni deb umring o‘tar.
Kimdir bukib barmog‘in
Umrbod seni kutar…

RIShTA

Sen uchun sovurdim boyligim – vaqtni,
Yo‘lingga kunlarim to‘shadim bir-bir.
Qurbonlik atadim lahzamni – naqdni,
Umrimdan bir bora so‘ramay uzr.

Kunlarga ko‘rsatdim turfa nag‘malar,
Uning diydorisiz ketmaysiz, dedim.
Kuzdan talab qildim inja g‘unchalar,
Bahorda sokin kuz hajrini yedim.

Firoq qozoniga yillar masalliq,
Mo‘l qilib qovurdim ayamay-netmay.
Hijron kapgirining bandin, aqalli
Qo‘ymadim qo‘llarim qavarib ketmay.

Yuragim selini dog‘ladim yog‘dek,
Tanovul qilsang, deb, jigar “jiz”ini.
Ziravor – ko‘nglimning zahmi – kamroqdek,
Rostladim ko‘zyoshim bilan tuzini.

Ko‘nglim ko‘chasini aylab sarishta,
Vafo guli bilan qo‘ydim supurib.
Qalbim uyin saqlar misli farishta:
Sadoqat va sog‘inch soqchidek turib.

Kunlarni shu tarzda ayladim qatl,
Yillarga ham rahm qilmadim shunday.
Fidolik ilmiga tolib bo‘ldi dil,
Ishqdan o‘zga oyat uchdi tutunday.

Lek bugun hayronman: sengami yoki
O‘zimga, umrimga qildimmi jabr?
Ammo ishonchim cho‘ng – baxtliman, toki,
Menga hamroz ekan shu buyuk sabr.

Mumkin senga qiyo boqmasligim ham,
Isming o‘girsam-da tasbehlar misol.
Hijronlar sen tomon qo‘yilgan qadam,
Senga bog‘liq ekan: firoq ham visol!

BILSAM

Xayolimga torlik qilmoqda kunlar,
Lahzaga quvonchim bo‘lganidek tor,
Fasllar zarbidan qilichim sinar,
Yillar bosqinidan qalqonim abgor.

Ruhimning g‘ilofi – vujudim o‘ngib
Bormoqda soatning “chiq-chiq”i bilan.
Rang berayapman xotir upadonida
Qolgan yoshligimning gul yuqi bilan.

Asbob-anjomimni itqitdim oxir –
Hayot qonuni bu to‘zimoq, yitmoq.
Gulgun ranglar mensiz qoldilar sag‘ir,
Gal keldi kuzlarning changini yutmoq.

Rangdonimni oldi sohir musavvir,
Bahorning suratin chizarkan faqat.
Yuragimga o‘ydi mangu yosh tasvir,
Bilsam, uning ismi ekan muhabbat…

DARS

Ayriliq ilmining qoidalari
Menga juda-juda keladi malol.
Ayriliq mashqini qilganim sari,
So‘ngaklarim sinib, quriydi majol.

Bu fanni o‘qitib mohir ustozim,
Qulfi diling borar kun-kun ochilib.
Savodsiz tolibdan bo‘lib norozi,
Bexos dil daftaring ketar sochilib.

Sochilgan sahfalar qilishib isyon,
Senga xoinona ko‘tararlar bosh.
Aziz sirlaringni olib men tomon
Ucharlar, yuraging bo‘ladi odosh.

Ha, endi zabunsan, sohir ustozim,
Ilmu amaling ham ketib borar darz.
Go‘zal bitik ekan uchgan qog‘ozing –
Muhabbat fanidan berayotir dars.

KUZGI BOG‘DA

Mungli bog‘, turibsan nechun mung‘ayib,
Daraxtlaring ma’yus, yupun va g‘arib.
Barglaring borarlar so‘lib, sarg‘arib,
Kelmayotir qushing seni axtarib –
Shu uchunmi, bog‘im, qolding mung‘ayib?

Bog‘im, sen sarg‘arding, ko‘zim qoraydi,
Qorayib-qorayib yo‘lga qaraydi.
Ko‘nglimdan ne araz, ko‘zimdan ne arz –
Dunyo meni qisdi, olam toraydi –
Ichimda bir yomon g‘am tentiraydi.

Sen – bir bog‘, men – taqir, kimsasiz yobon,
Gullaring – chamanzor, gulzorim – armon,
Senga bahor bordir, meniki – gumon,
Senga najot bordir, men unga zorman,
Mening holim yomon, kulfatim omon.

Bog‘im, mung‘aymagil, turgil chayqalib,
Kuzlarning ustidan bo‘lolgin g‘olib.
Ichimda bir hasrat yotar uzalib,
Bo‘g‘zimda dardlarim ko‘ksimni chalib,
Qovurg‘am chanqovuz qilar andalib.

Chanqovuzni chalib senga qo‘nadi,
Barglaring yam-yashil kuyga do‘nadi,
Ana shunda bahor…
Bahor unadi!